Sifatsiz oziqalar tufayli kelib chiqadigan kasalliklar-hayvonlarni ichki yuqumsiz kasalliklari orasida sifatsiz oziqalardan kasallanish ko‘p uchraydi. CHorva mollarini sifatsiz oziqalar bilan oziqlantirishdan zaharlanish va boshqa kasalliklar kelib chiqadi. Ko‘pincha dag‘al, don, unsimon va boshqa oziqalarda tuproq, qum, mayda toshchalar va balchiq qismlari topiladi. Bular oziqa sifatini juda pasaytiradi va ba’zan butunlay yaroqsiz qiladi. Bunday oziqalar hayvonlarning ovqat hazm qilish yo‘llariga tiqiladi va og‘ir kasalliklarni chaqiradi. Qum va tuproq bilan ifloslangan oziqalar ko‘proq qoramollar, qo‘y, ot, cho‘chqa kamroq va parrandalar uchun xavflidir. Masalan, qoramolda ishtaha yo‘koladi, kavsh qaytarishi buziladi, qorni damlaydi, sut berishi kamayadi va ba’zan o‘lishgacha olib keladi. Otlarda tuproq va qum ko‘p miqdorda ichakda ya’ni ayniqsa ko‘r ichakda yig‘iladi. Yo‘g‘on ichakning qorinsimon kengaygan qismida, kam mikdorda oshqozon, o‘n ikki barmoqli va ingichka aylanma ichakda yig‘iladi. Natijada ich qotish, sanchiq, ichak parezi, shilliq pardalar nekrozi kasalliklari kelib chiqadi va oxirida ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Oziqalarni tayyorlash, tashish va yomon saqlash natijasida har xil metall bo‘laklari (mix, sim bo‘laklari, temir siniqlari va boshqalar) va oyna siniqlari bilan ham ifloslanadi. Ko‘pincha zichlangan dag‘al oziqalardan sim va sun’iy iplar topiladi. Kunjara tarkibida metall parchalar va mix ko‘p uchraydi. O‘tkir metall parchalari, mix va oyna siniqlari oshqozon-ichak yo‘llarini yallig‘laydi, yara qiladi, sanchiladi va iifeksiya kirishiga yo‘l ochiladi. Qoramollarda o‘tkir metall va mixlar to‘r qorin devorlari va diafragmani teshib, travmatik yallig‘lanishni chaqiradi (travmatik retikulo - perikardit) va oqibatda ko‘pincha hayvonlar halok bo‘ladi.
Oziqalar tarkibida har xil mexanik aralashmalar bo‘lmasligi uchun ularni yig‘ish, tashish, saqlash va berish vaqtlarida doim nazorat talab etiladi.
Hayvonlarni ba’zan yangi sifatli oziqalar ham zaharlash mumkin. Bunda oziqalar tarkibida har xil zaharli moddalar yoki oziqalarni tarkibidagi zaharsiz moddalar noto‘g‘ri saqlanishi va ishlatilishi tufayli zaharli moddalarga aylanishi sabab bo‘ladi.
Paxta kunjarasi va shrotida ko‘pincha erkin yoki birikkan holidagi glyukozid gossipol bo‘lib, erkin holidagi gossipol zaharli ta’sirga egadir. Uning miqdori kunjara tarkibida 0,04 - 0,26% bo‘ladi. Moy zavodlarini ekstraksiyalash usuliga o‘tkazilgandan keyin yog‘sizlangan shrot tarkibida gossipol juda kam qoladi yoki termik yo‘l bilan ishlov berilsa butunlay yo‘qoladi. SHrot tarkibida erkin holidagi gossipol miqdori 0,01% dan oshmasa hayvonlarni bemalol oziqlantirish mumkin. O‘tkir zaharlanishning belgilari: ishtaha yo‘qolishi, sanchiq, damlash, ich qotish yoki ich ketish, puls 80 - 100 marta minutiga va nafas olishni tezlashishi, shilliq pardalarni sarg‘ayishi, bo‘yin va ko‘krakda shish, gemoturiya, hamda nerv-muskul apparatlarining harakatini buzilishi, fibrillyar muskullarni uchishi, qattiq qo‘zg‘aluvchanlik, muskullarni tortilishi, yurish koordinatsiyasini buzilishi va boshqa hollar kuzatiladi. Bunday paytlarda hayvon 2 - 3 kunda halok bo‘ladi. Surunkali zaharlanishda esa davomli ich ketish, tez oriqlash va boshqalar yaqqol seziladi.
Paxta kunjarasi va shrotidan hayvonlarni zaharlanishining oldini olishning yagona yo‘li ularni oz miqdorda, boshqa oziqalar bilan birga berilishidir. Qoramollarga kuniga 3 kg gacha, otlarga 1,5 - 2 kg, cho‘chkalarga 0,3 - 0,55 kg, qo‘ylarga to 0,2 kg gacha berish mumkin. Buzoqlarga 4 oyligidan kuniga 100 gr dan berib, bir yoshligida 1 kg ga etkaziladi.
Kartoshka poyasi, po‘sti va o‘sgan kurtaklari tarkibida solanin glyukozid-alkoloidi bo‘ladi. U kartoshkani gullagangacha bo‘lgan poyasida juda ko‘p, saqlagan joyida o‘sib ketgan kartoshkalarda 4,76% gacha uchraydi.
Solanin bilan zaharlanish ko‘pincha cho‘chqalarda uchraydi. CHunki o‘sib ketgan kartoshkadan ko‘p miqdorda oziqlantirilsa kartoshka chiqindilari berilsa, oshqozon-ichak yo‘llarini yallig‘lanishi, so‘lak oqishi, qusish, damlash, sanchiq, ich qotish va keyin ich ketish hollari kuzatiladi. YUrak faoliyati sustlashadi, harorati sal oshishi mumkin. Bunday hollarda hayvon 2 - 3 kunda halok bo‘ladi. Surunkali zaharlanishda ko‘pincha ovqat hazm qilish a’zolarining buzilishi kuzatilib, nerv holatini o‘zgarishi sezilmaydi. Qoramol terisining har xil joylarida ekzema yoki toshma va oyoqning pastki qismlarida vezikulyar yallig‘lanish hollari bo‘ladi. Teridagi toshmalar ko‘pincha elin, tuxum xaltasi, choti va dumining tagida yaqqol ko‘rinadi. Mollarni ishtahasi pasayib, yurishi o‘zgaradi.
Solanin bilan zaharlanmasligi uchun kartoshka tozalanishi, o‘sgan nishlari olib tashlanishi, suvda pishirilishi lozim (pishirilganda solanin parchalanib yo‘qoladi). Xom holdagi kartoshka va poyasi hayvonlar ratsioniga oz miqdorda qo‘shilib, boshqa oziqalar bilan qo‘shib beriladi. Hayvonlar bo‘g‘ozligining oxirgi oylarida xom kartoshka va poyasi mutlaqo berilmaydi.
Lavlagi va poyasini bug‘langani yoki pishirilgani ko‘pincha cho‘chqalarni kuchli zaharlaydi. Bug‘langan yoki pishirilgan lavlagilar 5 - 6 soatdan keyin zaharli bo‘ladi. Zaharlash xususiyati tobora ortib borib, 12 soatdan keyin juda ham zaharlash kuchiga etadi. Azot kislotasi tuzlarining (nitritlar) zaharlash xususiyati qondagi oksigemoglobinni metgemoglobinga aylantirib, to‘qimalarga kislorod borishini to‘xtatadi va hayvon nobud bo‘ladi. CHo‘chqalar lavlagi bilan zaharlansa 30 - 60 minut ichida o‘ladi. Engil zaharlansa bir kun ichida tuzalib ketadi. Zaharlangan hayvonlarda charchash holati, so‘lak oqish, qusish yoki qusishga harakat, terini va shilliq pardalarni oqarishi, tuyoq va qulog‘ini ko‘karishi kuzatiladi. Kasal hayvonlar yotadi, turolmaydi, o‘lishdan oldin hansirash va kuchli bezovtalanish, qaltirab tortishish kuzatiladi.
Qand lavlagi tarkibida engil hazm bo‘ladigan karbonsuvlar ko‘p ya’ni 20% gacha shakar bo‘ladi. Qand lavlagini siloslangan oziqalar bilan birga berish katta ahamiyatga ega. U organik kislotalardan foydalanishni oshiradi va atsidoz kasalligining oldini oladi. Tajribalar Shuni ko‘rsatadiki, o‘rtacha miqdorda lavlagini boshqa hamma turdagi oziqalar bilan birga me’yor asosida berilsa hayvonlarning maxsuldorligi oshadi.
Kavshovchi hayvonlarni zaharlanmasligi uchun ozroq miqdorda lavlagi beriladi. Sog‘in sigirlarga kuniga uch mahal: 5 kg dan 15 kg gacha, qo‘ylarga 2 kg gacha beriladi.
Karbamid (sintetik mochevina) - sigirlar ratsionidagi proteinning o‘rnini qoplash maqsadida beriladi, u hidsiz, achchiq-sho‘rroq ta’mli, suvda yaxshi eriydi, tarkibida 46 % azot bor. 1 g karbamid 2,6 g hazm bo‘ladigan proteinga ekvivalentdir. Quruq oziqalar tarkibida mochevina miqdori 4% dan oshmasligi kerak. Siloslar bilan oziqlantirnlganda suvda eritilgan mochevina kuchsiz eritma shaklida silosga sepiladi. Kavshovchi hayvonlar ratsionidagi proteinlarning 25 – 30% ini mochevinaga almashtirish mumkin, ayniqsa, silos tipidagi engil hazm bo‘ladigan karbonsuvli oziqalar bilan ta’minlanganda, karbamiddan foydalanishning yaxshi va xavfsiz usuli silos va omuxta emlarga qo‘shishdir. Hayvonlarga ortiqcha karbamid berilsa ular zaharlanadi. Zaharlanish belgilari 30 - 60 minutdan keyin yaqqol bilinadi. Hayvon oziqa emaydi, terlaydi, charchash holati ko‘rinadi, og‘zidan ko‘piksimon suyuqlik ajraladi, fibrillyar ;muskullar qaltiraydi, yurish koordinatsiyasi buziladi, tana harorati +360 - 37°S gacha pasayadi, yuzaki nafas oladi va pulsi minutiga 100 - 150 martagacha tezlashadi. Ba’zibir hayvonlarda oshqozon atoniyasi va timpaniyasi bo‘ladi. Hayvon yotadi. Og‘ir hollarda 2 - 3 soatdan keyin halok bo‘ladi.
Karbamiddan zaharlanmaslik uchun bo‘g‘oz va sog‘in sigirlarga 80 – 100 g; 6 oydan katta buzoqlarga 50 - 70 g, katta qo‘ylarga 12 - 15 g, 6 oydan katta qo‘zilarga 8 - 12 g berish kerakdir. Hayvonlarni 10 kun davomida asta-sekin karbamidga o‘rgatish zarur. Ayniqsa karbamidni silos, jom, donador va don oziqalar bilan aralashtirib berish ma’qul. Karbamidni dukkakli o‘simliklar pichani va konsentratlar bilan birga berilmaydi. Bundan tashqari juda oriq va oshnozon-ichak kasalliklari bor hayvonlarga berish ma’n etiladi. Toza holdagi karbamid suyuq oziqa va suv bilan ham berilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |