Qo‘shimcha adabiyotlar.
1. Medvedskiy V.I. «Soderjanie, kormlenie i uxod za
jivotnыmi». Minsk, 2007
Kochish I.I., Kalyujnыy N.S., Volchkova L.A., Nesterov V.V.
«Zoogigiyena», Moskva, 2008
3. YUsupov S.YU. - Ovsы i kozы Uzbekistana. Tashkent- 2002
4. Mahmudov M.M. va boshqalar. - Qorako‘lchilik yaylovlari va
ulardan samarali foydalanishga oid amaliy qo‘llanma.
Samarqand. 2001
Tayanch iboralar:
Qo‘yxona, qo‘ton, otar, suruv, saqmon, yaylov, yil davomida yaylov, jun qirqish, sog‘ish, sug‘orish, oziqlantirish, sun’iy qochirish, qo‘zilatish.
Qo‘ychilik chorvachilikning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, xalqimizga go‘sht, jun, teri, sut va boshqa mahsulotlar etkaazib beradi. Sobiq ittifoqda 150 mln bosh qo‘y bo‘lib, shundan 12 millioni qorakul qo‘y bo‘lgan, O‘zbekistonda esa 6,5 mln qo‘y bo‘lgan. Hozirgi kunda mustaqil davlatimizda 12,5 mln bosh qo‘y-echki bo‘lib, 20 ming tonna jun etkaziladi hamda go‘shtni 20 % ko‘paytirish kuzda tutilgan. Bundan tashqari dunyo bo‘yicha 7-8 mln bosh qo‘y sog‘iladi. Jumladan Fransiyada 670 ming, Bolgariyada 300 ming, Italiyada 500 ming, Ruminiyada 400 ming bosh qo‘y sog‘ilib, Bolgariyada 15 ming tonna pishloq tayyorlanadi. SHundan ko‘rinib turibdiki, qo‘ychilikni rivojlantirish, mahsuldorligini ko‘paytirish yo‘llarini izlash hozirgi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
Qo‘ychilik fermalari texnologiyani loyihalash me’yorlari (TLM) 5-85 asosida quriladi. Qo‘yxonalar katta yoshdagi qo‘chqorlar, sovliqlar, onasidan ajratilgan erkak va urg‘ochi qo‘zilar, bichilgan qo‘zilar, qari qo‘chqor va sovliqlar, katta yoshdagi erkak va urg‘ochi qo‘zilar (tusok va dag‘al) uchun va boshqalarga moslab quriladi.
Iqlim sharoiti, keladigan foyda va tabiiy yaylovlardan foydalanish yo‘liga qarab qo‘ylar yaylov, yaylov – qo‘yxona, qo‘yxona-yaylov, qo‘yxona va yil davomida yaylov usullarida boqiladi. Qo‘yxona - yaylov usulidan asosan shimoliy hududlarda, bizda esa yaylov - qo‘yxona va yil davomida yaylov usulida boqilib, bunda qo‘ylar ko‘proq yaylovda boqilib, qishning sovuq va namgarchilik paytlari qo‘tonlarga qamaladi. YOzning issiq paytlari issiqdan, qon - parazitar kasalliklaridan saqlash, yaxshi ozuqalardan foydalanish maqsadida tog‘li yaylovlarda boqiladi.
YOzgi yaylovlarda cho‘ponlar uchun vaqtinchalik binolar, chaylalar, ayvrnlar, qo‘ylarni sug‘orish va oziqlantirish maydonlari tayyorlanadi. Qishki yaylovlarda esa sovliq va qo‘zilar uchun qo‘tonlar, qo‘zilatish uchun issiqxona, qo‘chqorlar uchun alohida joylar qilinadi.
Qo‘ychilik o‘zining yo‘nalishiga qarab naslchilik va tovar xo‘jaliklariga bo‘linadi. Jun va jun - go‘sht etishtiradigan tovar fermalarda 3 - 15 ming, yarim mayin junli fermada 2 - 8 ming, mayin junli fermada 2-10 ming, po‘stinbop teri fermalari 0,5 - 3 ming boshga, go‘sht – sut - jun etkazadigan fermalar esa 0,5 - 8 ming boshga muljallab quriladi.
Hozirgi vaqtda qo‘ychilik fermalari maxsus binolarda joylashtirilib, unda qishki va erta bahorda qo‘zilaydigan sovliqlar uchun joy issiqxonasi bilan, dagar va to‘qlilar uchun, naslli qo‘chqorlar uchun joy, har xil yoshdagi va jinsdagi qo‘ylar uchun qo‘tonlar, sun’iy qochirish punkti, jun qirqish joyi, veterinariya punkti, kanalizatsiya, isitish jihozlari, sanitariya so‘yish punkti, sog‘ish punkti, terixona, emxona, to‘shama uchun xona, tarozixona, xo‘jalik uskunalarini saqlash joyi, yuvish va cho‘miltirish joylari, maishiy xizmat xonasi, boshqaruv va boshqa binolar bo‘ladi.
Janubiy mintaqalarda arzon mahalliy qurilish materiallari - tosh, paxsa, somon, buyra, chim, xom g‘isht va boshqalardan foydalanib engil qo‘yxonalar quriladi. Qirg‘izistonda N.I.Ferapontov tavsiya etgan ko‘chma qo‘tonlar ko‘p ishlatiladi. Bu qo‘ton 600-700 bosh qo‘yga muljallangan bo‘lib, uzunligi 32 m va eni 8 m bo‘ladi. Qo‘tonning ustunlari temir trubadan usti taxta, atrofi zichlangan poxol yoki yontoq bilan uralgan, usti poxol bilan yopiladi. Bu qo‘tonni 2 kishi 2 ta yuk avtomashinasi bilan bir joydan ikkinchi joyga 8 soatda ko‘chirishi mumkin.
Qo‘yxonalar 500 - 1000 boshga muljallanib G, P-simon va aylanma qo‘ton shaklida quriladi. Qo‘yxonada jami 20% sovliqqa mo‘ljallangan issiqxona ajratiladi. Har bir qo‘yga o‘rtacha 0,8 - 1,0 m2, qo‘ziga 0,5 m2 joy hisoblanadi. Har xil turdagi qo‘ylar uchun qo‘yxonalarda qo‘yidagicha joy ajratiladi ya’ni sovliqlar uchun 1 - 1,2 m2, alohida saqlansa 3 - 4 m2, bir yoshgacha bo‘lgan qo‘zilarga 0,7 - 0,8 m2 joy ajratiladi. Poli er bo‘lib, kanalizatsiya bo‘lmaydi, Qo‘yxonada 2 - 4 bosh sovliq sig‘adigan 2,5 x 1,75 m o‘lchamda izolyator qilinadi. Sun’iy qochirish punkti TLM № 0715 loyihasi asosida qurilib, 16 m2 manej, 7,6 m2 laboratoriya, 8 m2 qo‘chqorlar uchun joy, qochirilgan va qochirilmagan sovliqlar uchun 16,2 m2 dan 2 xona ajratiladi.
Qo‘ylarni cho‘miltirish uchun 8 - 10 suruv hisobiga bir vanna qurilib, uning uzunligi 15-20m, yuqori eni 0,9 va pastki eni 0,6 m, kirish tomon chuqurligi 1,25 m va chiqish tomon chuqurligi 0,95m va chekka tomon devori 25-30 sm balandlikda quriladi. Teri va qon parazitar kasalliklariga qarshi cho‘miltirishda ko‘chma dezinfeksiyalovchi ustanovkalar, vanna va dush qurilmalaridan ham foydalaniladi.
Qo‘ylarni oziqlantirish va sug‘orish gigiyenasi - Qo‘ylarni sifatli to‘la qiymatli ozuqalar bilan ta’minlash ularni tirik vaznini oshishiga, qo‘zi olish, sut va go‘sht mahsulotlarini ko‘paytirishda asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Qo‘ylarga tabiiy o‘tlar pichani, beda, pichan, somon, qand lavlagi, kunjara, kepak va boshqalar berilsa qo‘ylar yaxshi semirib, sog‘ligi mustahkamlanadi va tuyoq sonini ko‘payishining asosiy manbaidir. Masalan: V.Golovin ma’lumotiga ko‘ra merinos qo‘ylarni semizligi o‘rtacha bo‘lganda 2,8 %, o‘rtachadan past bo‘lganda 9 % i qisir qolgan yoki semiz qo‘ylardan tug‘ilgan qo‘zilardan 3 oylik yoshida 7 %, orriq qo‘y qo‘zilaridan 35 % i nobud bo‘lgan.
«Askaniya-nova» ilmiy tadqiqot institutining ilmiy tekshirishlar yakuniga asosan, ozuqa tarkibida protein etishmasa jun 20-25% ga kamaygan, zich tekis saqlansa jun tolalari 20% ingichkalashib, 10% ga kalta bo‘lgan. Ratsionda protein tarkibidagi aminokislotalarni ko‘paytirsak (sistin, metionin, lizin) bir yoshlik qo‘zilarda junning qalinligi 15-24% ga ortgan. SHuning uchun qo‘zilarga 6 oyligidan boshlab proteinga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida har bir boshiga 13-16 g karbamid berib boriladi. Bug‘oz qo‘ylar organizmida bug‘ozlikning birinchi yarmida mineral moddalardan kunlik talab kalsiyga - 0,2 va fosforga 0,02 g bo‘lsa, bug‘ozlikning 2 - yarmida esa kalsiy - 3,8 g (19 marta), fosfor 1,46 g (73 marta) ga ortadi. Ozuqa tarkibida kalsiy, fosfor, vitamin A, D va boshqalar etishmasa qo‘zilar nochor va kam yashovchan bo‘lib tug‘iladi, onasini suti kam bo‘ladi. SHirali ozuqalar bug‘oz sovliqlarga berib borilsa sovliqlarning suti 15-20 % ga, juni 22 % ga ko‘payadi.
Qo‘ylarni oziqlanishi uchun 0,3 m kenglikdagi oxurlarni orasi 3,5 m qilib joylashtiriladi. YOz paytlari 2 marta va qishda 1 marta sug‘oriladi. Qo‘ylarga mog‘orlagan, muzlagan, chirigan va ifloslangan ozuqalar berish tavsiya etilmaydi. CHunki bular ta’sirida sovliqlar bola tashlaydi va oshqozon-ichak kasalliklariga yo‘liqishi mumkin. Qo‘yxonalarda qish payti havo harorati +50S dan past va nisbiy namlik 80% dan oshmasligi kerak. Pustinbop Romanov zotli qo‘ylar uchun havo harorati - 50S ham xavfli emas. Sovliqlar tug‘ishga 3-4 hafta qolganda vaqtinchalik guruhlarga egiz tug‘adigan qo‘ylar 5-10 va boshqalari 15-20 boshdan issiqxonaga qo‘yiladi. Tug‘ishga bir hafta qolganda dag‘al ozuqa miqdori 1/3 ga kamaytirilib, silos berilmaydi, kuchli em ozuqa ko‘paytiriladi. Bu esa ovqat hazm qilish organlari faoliyatini engillashtirib, tug‘ishni osonlashtiradi, mastit kasalligini oldini oladi. Qo‘ylar tuqqandan keyin 1-3 kun yaxshi pichan, keyinchalik shirali va em ozuqalar asta-sekin berilib boriladi. Sovliqlar oziqasi doimo nazorat qilib boriladi, qorda, sovuq erda yotib qolmasligi va tuyog‘i o‘sgan bo‘lsa tozalanib kesib qo‘yiladi.
Qo‘ylarni junini qirqish va sog‘ish gigiyenasi – Qo‘ylar juni yiliga ikki marta ya’ni bahor va kuzda qirqiladi. Mayin junli qo‘ylarni juni esa yiliga bir marotaba bahorda qirqiladi. Qo‘ylarning juni vaqtida olinmasa havoning issiq paytlari oziqa is’temol qilishi buziladi, orriqlaydi va suti kamayadi.
Jun qirqish maxsus binolarda, ayvon tagida o‘tkaziladi, Agar juni juda kir bo‘lsa qirqishdan 7 - 8 kun oldin cho‘miltiriladi. Qirqishdan oldin qo‘ylar yog‘in sochindan xullanmasligi uchun usti yopiq binolarda saqlanadi, Jun qirqimini tez, uyushgan holda, issiq paytlariiga qolmasdan tugatish lozim. CHunki terisi kesilsa yod nastoykasi bilan davolanadi. Jun qo‘lda va mashinada qirqiladi. Qo‘ylarni qo‘lda qirqilganda bir qo‘yga 20-25 daqiqa, mashinada esa 3-8 daqiqa vaqt ketadi hamda jun chiqimi 10-13% ga (100-200 gr) ko‘payadi. Jun qirqish joyi yorug‘, toza, dizenfeksiya qilingan, quruq bo‘lishi va elvizak bo‘lmasligi kerak. Qirqimda birinchi navbatda dag‘al junli, keyin aralash va oxirida mayin junli qo‘ylar qirqiladi. Ranggiga qarab esa eng avvalo oq junli qo‘ylar keyin boshqalari qirqiladi.
Jun qirqishda maxsus kengligi 1,2 - 1,4m, balandligi 0,4 - 0,6m va uzunligi 1,7 - 2 m bo‘lgan stollardan foydalaniladi. Mashinada qirqishda ESA-12, ESA-22, ESA - 36 va ESA - 60 elektr agregatlari va MAP - 4 mexanik agregatlar ishlatiladi. Fermada 10-25 ming bosh qo‘y qirqilsa 36 mashinali ESA - 36, 25 ming boshdan ko‘p bo‘lsa 60 mashinali ESA-60 agregati ishlatiladi. Qirqimda tajribali chorvadorlar, mutaxassislar qatnashib qirqimni nazorat qiladi. Jun qirqish agregatini bir yurgizgan joyga 2 - marta yurgizmaslik kerak. CHunki ikkinchi yurgizishda qirqilgan kalta junlar yaroqsiz hisoblanadi. Qo‘ylarni biron joyi kesilsa darhol 5% li yod eritmasi surtiladi va naftalin uni sepiladi.
Kasal qo‘ylar (qichima, brutsellez) hamma vaqt eng oxirida qirqilib, juni alohida saqlanadi va fabrikaga jo‘natilishda junning yorligiga kasallikning nomi yoziladi. Qirqim tugagandan keyin ham joy tozalanib, yaxshilab dizenfeksiya qilinadi. Qirqimdan keyin 5 - 7 kun davomida qo‘ylar terisida gipotermiya (tanani haroratini 1 - 20 pasayishi) holati bo‘lib, ozuqaga bo‘lgan talab 50 % ga ortadi. Organizmni chidamliligi pasayadi, yuqumli va shamollash kasalliklariga chidamsiz bo‘ladi. SHuning qo‘ylar ayniqsa birinchi marta juni olingan qo‘zilar qo‘tonlar yaqinida boqiladi. Havo sovisa yoki yomg‘ir - qor yog‘sa tezda binolarga qamaladi.
Qo‘ylarni sog‘ish.Dag‘al junli qo‘ylarning hammasi sog‘iladi. Bizda asosan qorako‘l qo‘ylar sog‘iladi. Sersut sovliqlar mavsumda 100 litrgacha, Ost-friz zotli qo‘ylar 500-600 litrgacha sut beradi. Qo‘zili sovliq 2-2,5 oy, qo‘zisi bo‘lmasa 3,5-4,5 oy sog‘iladi yoki qo‘zisi bo‘lsa ertalab bir marta, qo‘zisi bo‘lmasa ertalab va kechqurun sog‘iladi. Sovliqlarni qochirishga 1 oy qolganda sog‘ish to‘xtatiladi. Sog‘iladigan qo‘ylarga yaxshi, sero‘t yaylovlar tanlanib, sog‘ish punktidan 2 - 3 km dan uzoq bo‘lmasligi zarur. Sog‘ish vaqtida qo‘zilar 3 - 4 soatga ajratiladi va sovliqlarga har xil rangdagi belgilar qo‘yiladi. Sog‘uvchilar shaxsiy gigiyena qoidasiga qattiq rioya qilishlari lozim. Ular oyiga bir marotaba meditsina kurigidan o‘tkazilib turiladi. Qo‘ylar yonidan(kavkazcha) va orqasidan moldavancha sog‘iladi. Gigiyena nuqtai nazaridan orqasidan sog‘ish maqsadga muvofikdir. Ba’zi qo‘ylar sog‘ish davomida tezak ajratishi yoki siyib yuborishi mumkin.
Rivojlangan davlatlarda qo‘ylar DZO-8, DZO-16 (8 yoki 16 qo‘yga muljallangan) sog‘ish mashinalari yordamida sog‘ilib, bir soatda 8-likda 200 bosh, 16-likda esa 400 bosh sovliqni sog‘ish mumkin.
Sog‘ish joylari havftasiga bir marta yaxshilab tozalanadi, axlat va jun bo‘laklari yig‘ishtirilib 1-2 % li uyuvchi natriy bilan dizenfeksiya qilinadi. Hamma sog‘ish idishlar va apparatlar har kuni sog‘im tugagandan keyin, avval sovuq suv bilan chayqalib, keyin 55-600 S li iliq suv 0,5% li soda eritmasi bilan yuviladi. Oxiri yana issiq suv bilan chayqalib, shiypon tagiga chang tushmaydigan qilib qo‘yiladi.
Qo‘zilarni o‘stirish, qo‘chqorlarni saqlash va burdoqiga boqish gigiyenasi - Qo‘ychilik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qo‘zilatish mavsumini qishda yoki erta bahorda o‘tkazish, qo‘zilarni yaxshi o‘sishiga, nobud bo‘lishini kamayishiga olib keladi. Hatto ba’zi xo‘jaliklarda qo‘zi olish 15% ga, jun esa 30-35 % ga ko‘paygan.
O‘zbekiston sharoitida qochirish mavsumi sentyabr, oktyabr oylarida o‘tkazilib, kochirish punktlari oldindan tayyorlanadi. Bug‘ozlik davri 150-155 kun bo‘lib, sovliqlarda tug‘ish belgilari ko‘rinsa darrov issiqxonaga utkaziladi. Birinchi tug‘adigan sovliqlar ancha notinch, bezovta bo‘ladi. SHuning uchun ular alohida saqlanib katagiga 1-2 ta qo‘zi qo‘shib qo‘yiladi (o‘z bolasidan hurkmasligi uchun). Qo‘zi elin surg‘ichlarini topishi va emishi oson bo‘lishi uchun sovliqlar elini atrofi va chotidagi junlari qirqilib, tozalanib qo‘yiladi. Sovliqni suti kam yoki yo‘q bo‘lsa, qo‘zisi boshqa sersut bolali qo‘yga o‘tkaziladi. Ugay ona sovliq bilmasligi uchun qo‘zining bo‘yni, elkasi, beliga embirion suyuqligi yoki qo‘yiladigan sovliqni sutidan surtiladi.
Yangi tuqqan sovliqlar 3-5 boshdan, keyinchallik 10-20 boshdan va 1 oyligida 80-120 boshdan guruhlarda boqiladi. Qo‘zilar hayotini birinchi kunlarida ular uchun eng qimmatli ozuqa og‘iz suti hisoblanadi. SHu davrda qo‘zilarni 1 kg vaznini oshishiga 5-6 kg sut sarf bo‘ladi. SHuning uchun qo‘zilar 2-3 soatda emiziladi. Kechalari esa navbatchi cho‘pon tomonidan sovliqlar qo‘zg‘atilib qo‘zilar emdiriladi. Qo‘zilarga qo‘shimcha ozuqa tariqasida sun’iy sut (ZSM) kuniga 1,5 litr hisobidan 6 marta bo‘lib beriladi.
Qo‘zilar 7-10 kunligida dag‘al ozuqa, emga o‘rgatilib boriladi. Ular ratsionida pichan uni, pichan, sabzi, kunjara, kepak, tuz, bo‘r, suyak uni va boshqalar bo‘lishi kerak. Qo‘zilar onasidan ajratib boqilsa birinchi 10- kunligida 5 - 6 marta, 1 oylikkacha 4 marta, 2 - oyligida esa kuniga 3 marta emishga qo‘yiladi. Dumli qo‘ylarni dumi 5-7 kunligida kesiladi, erkak qo‘zilar 2 - 3 haftaligida bichiladi.
Qo‘zilar onasidan 3-4 oyligida ajratilib, urg‘ochi qo‘zilar 700-900 bosh, qo‘chqorchalar 600-700 , bichilganlar 900-1200 boshdan suruv qilinadi. Nochor va kam quvvat qo‘zilar alohida ajratilib qo‘shimcha ozuqalar bilan boqiladi. Onasidan ajratilgan qo‘zilar onalaridan 5-10 kundan uzoqda boqilishi, ularni tovushini eshitmasligi kerak. Qo‘zilar suruviga 1-2 boshdan qari bichilgan qo‘chqorlar yoki sarkalar qo‘shib qo‘yiladi.
Qo‘chqorlar gigiyenasi - Nasl olish uchun qo‘zilarni embrion davridan boshlab sovliqlarga yaxshi qarash, oziqlantirish, yayratish va parvarish qilishning ahamiyati katta. Qo‘zilar onasidan 4 oyligida ajratilib, voyaga etguncha (1,5-2 yosh) yaxshi boqiladi va kelgusida nasl olishga ishlatiladi. Qochirish mavsumiga 1-2 oy qolganda qo‘chqorlar kecha-kunduz yaxshi boqilib urug‘ olishga tayyorlanadi. Ulardan foydalanishda birinchi yillari zo‘riqtirmaslik, charchatmaslik zarur. Nasllik qo‘chqorlarni 1,5-2 yoshga etgandan keyin ishlatish kerak. Agar vaqti o‘tib ketsa jinsiy aktivligi pasayadi, impotensiyaga uchraydi. Ortiqcha semirish yoki oriqlik urug‘ sifatini, jinsiy aktivlikni pasaytirib, ko‘pgina sovliqlarni qisir qolishiga sabab bo‘ladi. Qo‘chqorlarga beriladigan ozuqa ratsionida protein, aminakislotalar, mineral moddalar, mikroelementlar va vitaminlar talab darajasida bo‘lishi lozim. Qochirish davrida doimo yayratilib, sug‘orilib, sifatli, to‘yimli ozuqalarga qo‘shib sabzi tuxum qo‘shib beriladi. Qo‘chqorlar doimo mutaxassislar nazoratida bo‘ladi.
Qo‘ylarni bo‘rdoqiga boqish - Odatda qo‘ylar yaylovda va qo‘yxonada bo‘rdoqiga boqiladi. Bo‘rdoqiga puchak qilingan sovliq, qo‘chqor, bichilgan qo‘chqorlar va o‘tgan yilgi erkak qo‘zilar boqiladi. Qo‘ylar bo‘rdoqiga 60 - 90 kun jadal usulda boqiladi. Utkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki qo‘ylarni uzoq vaqt bo‘rdoqiga boqqancha jadal usulda boqilsa iqtisodiy tomondan samarali bo‘ladi. Ular bir kunda 4 marta oziqlantirilib 2 marta sug‘oriladi, em ozuqalar miqdori ko‘paytiriladi. Qo‘zilar 5-6 oyligida 40 kg ga etganda bo‘rdoqiga qo‘yiladi. Bo‘rdoqi qo‘ylar ratsionida dukkakli ekinlar pichani, ildiz mevali, shirali va boshqa ozuqalar bo‘lishi kerak. Bo‘rdoqilanayotgan qo‘ylar quruq binolarda, qalin to‘shamada saqlanib havo harorati +3 +50S, nisbiy namlik 60-70 %, yorug‘lik koeffitsienti 1:25 bo‘lgan binolarda boqilib semirgandan so‘ng go‘shtga jo‘natiladi.
Nazorat savollari:
Qo‘ylarni saqlash usullarini ayting.
Qo‘yxonalar qanday quriladi.
Qo‘ylarni oziqlantirishni tushintiring.
Qo‘ylarni junini qirqishni ayting.
Qo‘ylar qanday usullarda sog‘iladi.
Qo‘zilarni o‘stirishni tushintiring.
Nasllik qo‘chqorlardan foydalanishni ayting.
Do'stlaringiz bilan baham: |