Sigirlarni sog‘ish va uning gigiyenasi - Sutni hosil bo‘lishi ovqat hazm qilish, nafas olish, qon va yurak - tomir sistemalarini kuchli ishlashi ishtirokida bo‘ladi. Bir litr sutni hosil bo‘lishi uchun sigir elinidan 400-500 l qon o‘tishi zarur. V.N.Nikitin, G.I.Azimovlar ma’lumotiga ko‘ra 15 l sut beradigan sigirni elinidan kuniga 6000 l qon o‘tadi.
Sigirlarni sut berishi buzoq tug‘ilganidan bir oy o‘tgandan keyin eng yuqori darajasiga etadi va keyin asta-sekin kamayib boradi. Sog‘ish davri 270 - 300 kun davom etadi. Agar sog‘ish davrini cho‘zib yoki tezlashtirib kamaytirsa umumiy sut berishi 15% ga kamayadi hamda kelgusi nasl olishni yomonlashtiradi. Sog‘ish kunining uzoq yaqinligi, sutni ko‘payishi organizmni holatiga, ozuqa va asrash sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Sog‘ish holati, modda almashinish va fiziologik holati ya’ni hammasi bir–biriga bog‘liq bo‘ladi. YUqori mahsuldorli hayvonlarda modda almashish o‘rtacha mahsulotli hayvonlarga nisbatan 15 – 30% ga yuqori bo‘ladi.
Sog‘iladigan yuqori mahsuldorli hayvonlarda fermadagi kun tartibiga maxsus fiziologik reflekslar paydo bo‘ladi, agar shularga rioya qilinmasa kunlik sut mikdori kamayib boradi. Bunga quyidagilarga: sog‘uvchilar tez–tez almashtirilsa, tajribasiz bo‘lsa, ozuqalar to‘yimli bo‘lmasa, vaqtida sug‘orilmasa, yayratilmasa, ventilyasiya yomon ishlasa, noto‘g‘ri sutdan chiqarilsa, terini parvarish qilmasa, to‘liq – oxirigacha sog‘ib olinmasa, elinga qaramasa, qupol muomala qilinsa, ichki tartib bo‘zilsa, mutaxassislar nazorat qilmasa va hokazolar.
Sog‘ish gigiyenasi. Sigirlarning sut berish davri sog‘ishga bog‘liqdir. G.I.Azimov fikricha «Sog‘ish murakkab reflektor jarayon bo‘lib, unda markaziy nerv sistemasi, ichki sekretsiya bezlari (gipofiz, qalqonsimon), mioepiteliyalar, sut bezlarini muskullari va boshqa organlar ishtirok etadi». Sog‘in sigirlarda sog‘uvchilarni ko‘rinishi, sog‘ish idishlarining taraq–turug‘idan ularda shartli refleks hosil bo‘ladi, ya’ni sut berishga tayyorlanadi. Bunda elin alveolalari qisiladi, elin sisternasini silliq muskullari gipofizni oksitotsin garmoni ta’sirida bo‘shashadi.
Sut berish refleksini buzilmasligi uchun kun tartibiga oziqlantirish va sog‘ish rejimiga qat’iy rioya qilish zarur. Birinchi tug‘adigan sigirlarni to‘g‘riqxonaga kelguncha sog‘ishga tayyorlash kerak. Bu esa xo‘jaliklarga juda qulay bulib, ya’ni to‘g‘riqxonadan chiqqanidan keyin to‘g‘ridan–to‘g‘ri guruhga qo‘shilib, sog‘ish maydoniga yoki xonasiga o‘tkazilib sog‘ilaveradi.
Bug‘oz g‘unajinlar tug‘ushidan 2 – 3 oy oldin tajribali sog‘uvchilarga berkitilib quyiladi. Ular elinni, elin surg‘ichlarini massaj qiladi, yuvadi, qashlaydi va asta–sekin sog‘ishga o‘rgatib boriladi. Bu davrda sog‘uvchilar sut bezlarini o‘sishiga va ularni oziqlanishiga ahamiyat berib boradi.
Mashina bilan sog‘ishga elini yaxshi rivojlangan, surg‘ichlari to‘g‘ri joylashgan, uzunligi 8 – 9 sm va yugonlik diametri 2 – 3 sm bo‘lgan sigirlar tanlanadi. Uzun va ingichka yoki yug‘onva kalta surg‘ichli, elin kasali bilan kasallangan sigirlarni mashina bilan sog‘ib bo‘lmaydi. Sigirlarni sog‘ish vaqtida sut berish tezligiga qarab guruhlarga ajratiladi. Sog‘ish apparati elin yaxshilab yuvilgach sochiq bilan quruq qilib artilib, 1-2 daqiqa massaj qilingandan keyin surg‘ichlarga kiygiziladi. Sog‘ish davri 6 – 7 daqiqa, yaxshi uyushtirilgan xo‘jaliklarda esa 4 – 5 daqiqa davom etadi. Mashinaga o‘rgangan sigirlar sutni juda tez, ya’ni daqiqada 1,5 – 2 litrgacha beradi. Sigir sog‘ilgandan keyin tezda mashinani surg‘ichlardan ajratish kerak. Agar vaqtida olinmasa surg‘ichlar og‘riqni sezadi, hatto sutga qon aralashib chiqardi va asta–sekin kasalliklar paydo bo‘ladi, sut kamayadi, sigirlar sog‘ishga qo‘ymaydi.
Qo‘l bilan sog‘ish yaxshi usul bo‘lib, bunda asosan elinga mushtlab sog‘iladi. Surg‘ichi ingichka, kalta, kichik bo‘lsa barmoq bilan bosilib sog‘iladi. Bunday sigirlarga tajribali sog‘uvchilar berkitiladi. Qo‘l bilan sog‘ilganda toki sut tugaguncha tez harakat qilish kerak, ya’ni bir daqiqada 80 – 90 marta surg‘ichni qisishga to‘g‘ri keladi.
Sog‘ish xonasi juda toza bo‘lishi, sutni chang, go‘ng bo‘laklari va mikroorganizmlar bilan ifloslanishidan saqlash lozim. Agar sutga 1 gr go‘ng tushsa, sutning har bir millillitrida 100 mingtagacha mikroorganizm bo‘ladi. SHuning uchun tozalikka, sog‘ish asboblarini zararsiz bo‘lishiga, sog‘uvchilarni shaxsiy gigiyenasiga alohida ahamiyat berish lozim.
Bir laktatsiyada 3 – 4 ming kg sut beradigan sigirlar kuniga 2 marta, yuqori mahsuldor sigirlar esa 3 - 4 marta sog‘ish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Sutchilik xo‘jaliklarida sigirlar sog‘ligiga, sut bezlarini o‘sishiga va sersutligiga qarab baholanadi. Sut bezlarida juda ko‘p alveolalar, sut yo‘llari bir–biriga qo‘shilib, elin sesternasiga tushadi. Elinda juda ko‘p nerv va qon tomirlari bo‘lib, ularning soni, ko‘pligi sut mahsuldorligiga bog‘liq bo‘ladi. A.K. Skoroxodko ma’lumotiga ko‘ra sersut sigirlarning sut bezini og‘irligi 15 – 18 kg va aylanasi 1,5 – 1,87 m gacha bo‘ladi. Sut bezlarida qon almashishi ayniqsa sog‘ish davrida juda kuchli kechadi. Mexanik va termik ta’sirlariga juda sezgir bo‘lib, ko‘pincha terisi yoriladi, tilinadi, yara bo‘ladi, surg‘ichlar yallig‘lanadi mastit va boshqa kasalliklarga uchraydi. Sog‘ishda gigiyena–sanitariya talablariga rioya qilinmasa yuqumli masti kelib chiqadi. SHuning uchun sut bezlarini kasal bo‘lmasligi uchun doimo muntazam ravishda parvarish qilish, ya’ni har kuni asta iliq suv bilan yuvib, tozalab, massaj qilinadi. Sog‘ish joylari toza, quruq, issiq, hamda quruq, yumshoq to‘shama bilan ta’minlanishi kerak.
Sog‘in sigirlar turadigan molxonalar keng, yorug‘, toza, quruq, havosi yaxshi almashadigan va elvizak bo‘lmasligi zarur. Ayniqsa mikroiqlim ko‘rsatkichlaridan harorat va namlikka alohida e’tibor beriladi. Zoogigienik me’yor buyicha xonaning harorati +3 +16oS, havoning harakati 0,25 m/sek, nisbiy namlik 70 – 75%, havodagi gazlar me’yordan oshmasligi kerak. Masalan, havoning harorati 0oS yoki +25oS dan yuqori bo‘lsa, nisbiy namlik 85% dan ko‘paysa sigirlarni sut mahsuldorligi 30% gacha kamayadi.
Sutdan chiqarish davri (suxostoy) - Sigirlarni sog‘ish davri tugagan-dan keyin tuqqangacha bo‘lgan oraliq vaqti sutdan chiqish davri deb yuritiladi. U 45 – 60 kun bo‘ladi. Sog‘ish davrini oxirlariga kelib sut sezilarli darajada kamayib boradi. Ammo tug‘ishi yaqinlashgan sari yana sut kuniga 2 – 3 litr ko‘payadi. U holda darrov sog‘masdan, ko‘yib yuborish kerak. Agar suti ko‘p bo‘lsa 10 – 15 kun davomida asta–sekin chiqarilishi lozim. Bu vaqtda ozuqa me’yori, sog‘ish soni kamaytiralid, 2 – 3 kunda bir sog‘ib tanaffus beriladi. Sigirlardan olinadigan buzoqlarni sog‘lomligi, tug‘ishni osonligi beriladigan ozuqalar sifati, tarkibi, miqdori va sigirlarni parvarish qilishga bog‘liq bo‘ladi.
Qoramollarni bo‘rdoqiga boqish gigiyenasi - Qoramollarni burdoqiga boqishning asosiy maqsadi, hayvonlarni go‘sht mahsulorligini ko‘paytirish. Xo‘jalikning joylashishi, tabiiy iqlim sharoitiga qarab hayvonlarni bir joyda saqlab, silos, jom, barda, sheluxa, kunjara, shrot va boshqa ozuqalar bilan boqish mumkin yoki yaylovda erkin holida boqilib em ozuqalar ham berib boriladi.
Ixtisoslashgan xo‘jaliklarda go‘sht etishtirish uchun buzoqlar 2 oyligidan boshlab bo‘rdoqiga qo‘yiladi. Bular maxsus binolarda saqlanib, oxur, sug‘orish qurilmasi, quruq pol, to‘shama va go‘ngni yig‘ishtirish mexanizatsiyalashtiriladi. YAyrash maydoni bo‘lishi shart. Oxurlarni bino ichida ham, yayrash maydonida ham mexanizatsiyaga muljallab qurish lozim. Boshqa xo‘jaliklardan keltirilgan buzoqlar doimo zoovetmutaxassislar nazoratida bo‘ladi. Ularni oziqlanishi, yangi sharoitga moslashishi ko‘zatiladi. Suvli ozuqalardan - jom, barda, ko‘k o‘t va boshqalarni berishga birdaniga o‘tkazilsa, oshqozon-ichak faoliyati ishi buziladi.
Yaylovda boqiladigan bo‘rdoqi hayvonlar bir xil turdagi, yoshdagi va tirik vazndagilari alohida guruh qilinadi. Buzoqlar 2 oyligidan boshlab o‘stirishga va 10-12 oyligidan bo‘rdoqiga ajratiladi. O‘stirishga ajratilgan buzoqlarni vazni 70-75 kg bo‘lsa, 300 kundan keyin 220-240 kg ga etadi, bo‘rdoqilashda esa 300 kg bo‘ladi. So‘qimga boqiladigan buzoqlarni tirik vazni kamida 300 kg bo‘lishi, kuniga 800-1000 gr semirishi va 90 kunda esa 350-400 kg ga etishi lozim. O‘stirilayotgan buzoqlar 6 oyligigacha sut, obrat va sutni o‘rnini almashtiradigan ozuqalar bilan boqiladi. Bundan tashqari kuniga 1-1,2 kg em va 1 kg gacha shirali ozuqa beriladi, 6 oyligidan boshlab jom, barda, va boshqa sanoat chiqindilariga o‘rgatib boriladi. YOsh mollar 70 kun boqiladi. Qoramolchilikda qari va puchak sigirlar va ishdan chiqqan naslli buqalar ham bo‘rdoqiga boqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |