Tayanch iboralar:
Quyon, sassiq ko‘zan, tulki, nutriya, suv kalamushi, katak, mikroiqlim ko‘rsatgichlari, oziqlantirish, saqlash usullari, sug‘orish, joy me’yori, yo‘nalishi, kanalizatsiya, ayvon, quyonxona va boshqalar
Quyon va mo‘ynali hayvonlar fermalari quriladigan joylar baland, yomg‘ir - qor suvlari oqib kirmaydigan joylardan tanlanishi lozim. Ferma atrofi shamol esishidan saqlaydigan 2 m balandlikdagi devor bilan o‘ralib daraxtlar ekiladi. Kirish - chiqish uchun bitta darvoza qilinib, dezobarer jihozlanadi, dezomat qilinadi va veterinariya sanitariya kuzatuv punkti quriladi. Ferma hududida isitish qurilmasi, kanalizatsiya, elektr tarmog‘i, vodoprovod bo‘ladi. Quyonchilik fermasi aholi yashash joylaridan 300 m uzoqlikda, yirik ixtisoslashgan fermalar esa 1,5 km uzoqlikda quriladi.
Quyon asosan kataklarda boqilib, asosiy ish jarayonlarida mexanizatsiyani keng joriy etish sohaning samaradorlik darajasini oshiradi. Quyonchilik fermalari 3 - 86 raqamli TLM buyicha qurilib, mo‘ynachilik ilmiy tekshirish institutining tavsiyasiga asosan 2 qatorli kataklar qilinib, quyosh nurlari va yog‘in-sochindan saqlash uchun ayvon tagiga joylashtiriladi.
Quyonlar uchun qilingan kataklar uzunligi 120 - 140 sm, kengligi 65-70 sm bo‘lib, katakning oldindan balandligi 55 sm, orqadan 40 sm qilinadi. Kataklar orasidan 120-140 sm kenglikda xizmat qilish yo‘li qilinadi. Agar yosh quyonlar guruh holida ham kataklarda saqlanadi. Kataklar ichida osib qo‘yilgan suv idishi bo‘ladi. Quyonxona poli sim to‘rdan yoki oraliq yorig‘i 2 sm bo‘lgan panjaradan qilinadi.
Quyonchilik fermasida asosiy binolardan tashqari xizmatchilar, asbob-uskunalar uchun bino, ozuqa sexi, ozuqa ombori, so‘yish va terini shilish, quritish xonasi bo‘lishi lozim. Kasallangan quyonlar uchun izolyator bo‘lib, u erda quyonlarni alohida-alohida saqlash uchun kataklar bo‘ladi. Kataklar doimo 10 % li issiq ishqor eritmasi yoki 1 % li formalin eritmasi bilan dezinfeksiya qilib turiladi. Kataklarni metaldan qilingan qismi olov yordamida zararsizlantiriladi.
Tug‘adigan ona quyonlar uchun kataklar mexanik tozalanib, dezinfeksiya qilib ichi moslashtiriladi. Katak ichiga uzunligi 50 sm, kengligi 40 sm va balandligi 25 sm lik yashikcha o‘rnatilib ichiga to‘shama solinadi. YAshikning bir devoridan diametri 25 sm lik teshikcha qo‘yiladi. YAshikni ichiga sug‘orish va oziqlantirish idishlari o‘rnatiladi. Quyonchilik xo‘jaliklarida yozda katakchalar ochiq havoda o‘rnatiladi. Qishda esa maxsus binolarga ko‘chirilib, quyonxonada haroratni +3 +60S da saqlash lozim.
YOsh quyonlar katagining pol yoriqlari 2 x 2 sm li zanglamaydigan sim to‘rdan qilinib, har 6 - 7 kunda to‘shamasi almashtirilib turiladi. Fermada o‘sishdagi quyonlar guruh holida uzunligi - 2,5 m, kengligi – 1 m, oldidan balandligi 60 - 80 sm, va orqadan balandligi 30 - 50 sm bo‘lgan kataklarda saqlanadi. Qo‘zg‘atilmaydigan 1 - 2 o‘rinli kataklar uzunligi 2 - 2,4 m, kengligi 60 - 75 sm, balandligi 50 sm qilib yog‘ochdan yoki g‘ishtdan qilinib erdan 80 sm balandlikda o‘rnatiladi. Ichki tomondan metall to‘r bilan o‘rab chiqiladi. Katta yoshdagii pat olish uchun mo‘ljallangan quyonlar katakda 1 boshdan saqlanib, yosh quyonlar esa 3 - 4 boshdan yoki 14 - 15 boshdan poli sim to‘r bilan qoplangan yopiq xonalarda saqlanadi.
Quyonlarni pati bir yilda 4 - 6 marta maxsus taroq bilan taraladi yoki qirqib olinadi. Patni uzunligi 6 sm dan kam bo‘lsa quyonlar pati olinmaydi. Quyonlarni oziqlantirishda gigiyena talablari - Quyonlar ko‘k o‘t, ildizmevali ozuqalar va ularning poyalari, silos, shox, novda, poliz chiqindilari, daraxt tagiga tushgan mevalar, donli ozuqalar va boshqalar bilan oziqlantiriladi. Donli ozuqalardan suli, no‘xat, soya hamda suli, kungaboqar, kanop kunjaralari berilsa yaxshi foydali hisoblanadi. Quyonlar ratsioniga bug‘doy kepagi, suyak-go‘sht uni, baliq uni, omuxta em, yog‘i olingan sut, qarag‘ay, archa, lipa kabi daraxtlar shoxi ham qo‘shiladi. Bug‘oz va emizadigan quyonlarga beriladigan ozuqalar sifatli, mog‘orlamagan, chirimagan va achimagan bo‘lishi kerak. Ildizmevali ozuqalar tuprog‘i tozalanib, maydalab beriladi. Makkajo‘xori, arpa, no‘xat, kunjara va mineral moddalar eziladi. Agar ozuqa muzlagan bo‘lsa pishirib beriladi. Har bir yangi beriladigan ozuqa oz - ozdan 5 - 7 kun davomida o‘rgatib boriladi. Kunjara, shrot, hayvonot olamidan olinadigan ozuqalar, mineral moddalar, pishirilgan kartoshka, ivitilgan omuxta em yoki kepak bilan aralashtirilib beriladi.
Qishki va bahorgi ratsioniga vitaminlangan baliq yog‘lariga yosh quyonlarga 0,3-0,5 g, kattalariga 1-1,5 g, bug‘oziga 2-2,5 g va emizadigan ona quyonlarga 3-3,5 g kepakga qo‘shib berib boriladi. Kuniga osh tuzidan yoshlariga 0,5-1 g va kattalariga 1-1,5 g beriladi. Quyonlarning tug‘ishiga 20-30 kun qolganida qo‘shimcha protein va mineral moddalarga boy ozuqalar berish boshlanadi. Bug‘oz quyonning qishki ratsionida 60 g don, 15 g bug‘doy kepagi, 10 g kunjara, 100 g pishirilgan kartoshka, 200 g sabzi, 150-170 g pichan bo‘ladi, YOzgi ratsionida esa 50 g don, 15-20 g no‘xat va 700 grammgacha ko‘k o‘t beriladi.
Bug‘ozlikning birinchi yarmida quyonlarga ko‘proq dag‘al ozuqa va kamroq em ozuqalar, ikkinchi yarmida esa aksincha berilishi zarur. Emizish davrida suvli va em ozuqalar ko‘p beriladi. Ona quyon tuqqandan keyin 20 kungacha 110-120 g har xil emlar va 1 kg ko‘k o‘t, qish mavsumida esa 140 g don va 400-600 g silos va ildizmevali oziqalar hamda 150-200 g pichan beriladi.
Quyon bolalarini 20 - 45 kunligida har bir boshi hisobiga ratsionga qo‘shimcha 25 g dan em, 70-100 g ko‘k o‘t, qish mavsumida esa 30 g em, 30 g kartoshka yoki sabzi va 20 g pichan qo‘shiladi. Bug‘oz va emizadigan quyonlar hamda yosh quyonlar kuniga 3 marta, boshqalari 2 marta oziqlantiriladi. Ozuqa tarqatishdan oldin oxurlari tozalanadi va yangi suv qo‘yiladi. SHudring yoki yomg‘irda hullangan ozuqalar quritilib keyin beriladi.
Quyon bolalarini o‘stirish gigiyenasi - Quyonlar isitilmaydigan yopiq binolarda tug‘diriladi. Birinchi tug‘adigan quyonlarni pati yulinib, quyonchalar uchun qilingan uyalarga to‘shaladi. Katta yoshdagi ona quyonlar buni o‘zlari bajaradi. Quyonlar tuqqangacha va tuqqandan keyin doimo toza suv bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Agar suv etishmasa mineral moddalar va vitamin bilan oziqlanishi bo‘zilib, ular o‘z bolalarini eb qo‘yadilar. YAngi tug‘ilgan quyonchalar 40-90 g bo‘lib, 6 - kunida 2 baravar, 1 oyligida esa 10 baravarga ortadi. Bunga sabab ona quyon sutida foydali moddalardan 15 % gacha oqsil, 10-20 % yog‘, 2% shakar va 2,5 % mineral moddalarni borligi hisoblanadi. Mana shunday sutni quyonchalarni 20 kunligigacha hech qanday ozuqa bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Quyonchalar ko‘r tug‘ilib, ko‘zi 10 - 11 kunligida ochiladi va 16 - 20 kunligida inidan chiqib oziqlanishni boshlaydi. Qish paytlari 1 bosh quyonchaga 10-20 g dan o‘stirilgan don, antibiotiklardan biomitsin yoki terramitsindan 0,5 mg gacha beriladi. Antibiotiklar parchalanib ketmasligi uchun silosga yoki issiq oziqaga qo‘shib berilmaydi. Quyonchalar 30 kunligida, nochorlari 40-50 kunligida onasidan ajratiladi. Agar quyon bolalari soni ko‘p bo‘lsa yaxshi ona quyonga 8 - 9 bosh, yosh quyonlarga 5-6 bosh qoldirilib, qolganlari boshqa emizadigan quyonlarga o‘tkaziladi. Ugay ona qabul qiladigan quyonchalar shu ona quyon pati bilan artilib, keyin boquvchi ona quyon chiqindilari o‘rtasiga qo‘yiladi. Quyonchalar va ugay bolalari yoshi orasidagi farq 3 - 4 kundan oshmasin.
Quyon go‘shtini ko‘paytirish uchun quyonchilikda broyler usuli ham qullaniladi. Bu usulda saqlaganda quyonchalar 56-60 kunligida tirik vazni 2 kg ga etganda onasidan ajratiladi va jadal boqiladi. Ajratilagn quyonchalar 10 - 20 bosh, naslchilik xo‘jaligida 3 - 4 boshdan kataklarda har biriga 0,12 va 0,17 m2 hisobidan joy ajratilib saqlanadi. Erkak quyonlar bichilishi ham mumkin. Uch oyligida erkak quyonlar 1 boshdan, urg‘ochilari 2 boshdan katakda qoldiriladi. YOsh quyonlarni yaxshi o‘sishi uchun yoz paytlari har biriga 0,4 m2 hisobidan yayratish maydoni qilinadi.
Mo‘ynali hayvonlarni saqlash va boqish gigiyenasi - dunyoda 120 dan ortiq har xil mo‘ynali hayvonlar bo‘lib, shudan kumushrang qora tulki, zangori shimol tulkisi, sassiq ko‘zan (norka), suv kalamushi (ondatra), nutriya, qunduz va boshqalar madaniy yo‘llar bilan ko‘paytirilmoqda. Ular uchun eng asosiy bino ayvon (shed) lar hisoblanib, usti ikki tomondan suv oqadigan ariqcha qilinib, pasti taxta bilan o‘ralgan bo‘ladi. Ayvon tagiga kataklar 2, 4 va 6 qatorli qilib qurilib, ko‘pincha bir qavat joylashtiriladi. Kataklar oralig‘ida 120 sm kenglikda xizmatchilar uchun yurish yo‘li bo‘ladi. Ayvon hayvonlarni qor – yomg‘irdan, quyosh nuri issig‘idan va mo‘yna rangini o‘zgarishdan saqlaydi. Quyonxonada kataklarni tozalash, ozuqa tarqatishda mexanizatsiyani joriy qilish uchun qulay bo‘ladi. Mo‘ynali yirtqichlar uchun kataklar zanglamaydigan, mo‘ynani buzmaydigan, diametri 2,2 mm li metall sim to‘rdang qilinadi. Katak yonida ona yirtqichlar uchun uychalar qilinadi. Uychalar katak ichida yoki tashqarida ham qilinib, ularga maxsus teshik yoki egilgan yog‘och truba orqali yo‘l qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |