Oyoq va tuyoqlarni parvarish kilish - hayvonlarning oyoq va tuyoqlari ko‘pincha mexanik lat eyish, har xil iflosliklar, ho‘llanishi va sovib ketishi tufayli kaeallanadi. Otlarning tuyoqlari vaqtida parvarish qilinmasa, iflos joylarda, notekis va qattiq yo‘llarda ishlatilsa ko‘pincha bo‘g‘in, paylari surunkali yallig‘lanishi mumkin.
Otlarda oyoq kasalliklari bo‘lmasligi uchun ulardan ishlatilayotganda to‘g‘ri foydalanish, bunda tuyoqlarini doimo tozalab yuvib va quritib turish zarur. Otlarning oyoqlari pastdan yuqoriga qarab massaj qilinadi. Massaj oyoqlarda qon aylanishini tezda tiklaydi, revmatik kasalliklar va shishlarni hosil bo‘lishidan saqlaydi. Miniladigan va chopiladigan otlarning oyoqlari shishmasligi uchun bint bilan o‘raladi. Uzoq va temir yo‘l vagonlariga ortilganda yoki uzoq vaqt bir joyda turib qolganda ham bint bilan o‘raladi.
Har kuni otlarni ishdan keyin tuyoklari yorilmaganligi, sinmaganligi, biron bir narsa sanchilmaganligi, taqasi tushmaganligi va boshqalar ko‘rib chiqiladi. Otlarning tuyog‘i yog‘och pichoq bilan tozalanib, iliq suv bilan yuviladi va quriq qilib artiladi. Bunday paytlarda tuyoqlarga qora moy, kerosin va boshqa surtmalar surtilmaydi, agar bular surtilsa tuyoq shoxi mo‘rt va sinadigan bo‘lib qoladi.
Ishchi va miniladigan otlarning tuyog‘iga taqa qoqish juda katta ahamiyatga egadir. Taqa otlar tez yurganlarida tuyoqlarini eyilishdan saqlab, ishchanligini orttiradi. Otlarning taqasi har 1,5 - 2 oyda almashtiriladi. Taqaning butunlay eyilib ketishini kutmaslik kerak.
Qoramol, qo‘y va cho‘chqalarning tuyoqlari doimo tozalanib, o‘sgani kesib turiladi. Hayvonlar bir joyda uzoq tursa, tashqariga ko‘p chiqarilmasa va vaqtida tozalanib borilmasa tuyoklar juda ham o‘sib ketadi.
Bunday vaqtlarda hayvonlarning butun og‘irligi tuyoqlarining yumshoq tovoniga tushadi. Hayvonlarning yurishi qiyinlashadi, to‘qishadi, toyadi va yiqiladi. Natijada paylari cho‘ziladi, cho‘loq bo‘ladi, oqsaydi va bo‘g‘oz mollar bola tashlaydi. Ko‘pincha o‘sib ketgan tuyoqlar sinadi, yoriladi va chuqur yoriqlar hosil bo‘ladi.
Tuyoq va oyoq kasalliklarini oldini olish uchun xo‘jaliklarda maxsus chuqurligi 10 - 12 sm, uzunligi 4 - 6 m bo‘lgan betonli vanna qurilib, 10 % li mis kuporosi va 5 % li formalin eritmasi bilan to‘ldiriladi. Hayvonlar kuniga 1 - 2 marta 3 - 4 kun davomida o‘tkaziladi.
Tuyoq shox qatlamini mustahkamlashda ayniqsa panjarasimon pollarda saqlanadigan hayvonlar 10% li kaliy permanganat eritmasi solingan vannadan o‘tkazilib turilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
SHoxni parvarish qilish - Qoramollarning shoxlarini parvarish qilishning asosiy maqsadi jarohatlanishlarning oldini olishdir. V.A.Alikaev o‘z ma’lumotlarida shox ta’sirida 8,5 % shikastlanishlar kelib chiqishini keltirgan. Agar hayvonlar bog‘lamay boqiladigan bo‘lsa ularni 60-70 kunligida shoxsizlantirish mumkin. Katta yoshdagi hayvonlarda shoxsizlantirishni o‘tkazish ancha og‘riqli bo‘lgani uchun tavsiya etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |