Tadqiqotning maqsadi tadbirkorlik subyektlarida risklarni baholash asosida uning ta’sir darajasini pasaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari:
iqtisodiy adabiyotlarni tahliliy o‘rganish orqali «risk» va «tavakkalchilik» tushunchalarining mohiyatiga aniqlik kiritish;
risklarning tarkibi, ularni vujudga keltiruvchi omillar va shart-sharoitlarini tizimlashtirish va tasniflash;
risklarni yuzaga kelishida omillarning ta’sirini, shuningdek, risklarning ta’sir darajasini aniqlashning ekspert-baholash usulini asoslab berish;
milliy iqtisodiyotimizda tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasining holatini tahlil qilish va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlash;
xizmat ko‘rsatish sohasida innovatsion tadbirkorlik holatini tahlil qilish va uni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
tadbirkorlik faoliyatida iqtisodiy risklarni baholash va risk darajasini pasaytirishni prognozlash usulini asoslash;
tadbirkorlikda investitsiya loyihalarini baholash va amalga oshirishda rejalashtirish jarayonini takomillashtirish.
Tadqiqotning obyekti O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan xizmat ko‘rsatish subyektlari hisoblanadi.
Tadqiqotning predmeti iqtisodiyotda tub tarkibiy o‘zgarishlar, modernizatsiya va diversifikatsiya ishlarini jadal davom ettirish sharoitida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga keladigan risklarni baholash hamda ularning ta’sir darajasini pasaytirish uslubiyatini takomillashtirish bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy munosabatlar hisoblanadi.
Tadqiqotning usullari. Tadqiqotda ilmiy abstraktsiya, ekonometrik modellashtirish, statistik ma’lumotlarni guruhlash, qiyosiy tahlil, tanlama kuzatuv, ekspert baholash, ijtimoiy so‘rovnoma, prognozlash usullaridan foydalanilgan.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
uslubiy yondashuvga ko‘ra, “risk” kategoriyasining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati uning raqobat sharoitida biznes jarayonlari ishtirokchilarining faoliyat natijalarini aniq prognozlash imkonini bermaydigan, ayni paytda biznesning rivojlanishini rag‘batlantiradigan hodisa hamda tavakkalchilik – riskli harakat ekanligi nuqtai nazaridan takomillashtirilgan;
xizmat ko‘rsatish korxonalari ishchi-xodimlarining fors-major sharoitlarida ish vaqtini yo‘qotish riski ta’sirida mehnat unumdorligi darajasi pasayishining me’yoriy chegaralari (0,2 ≤ Umu ≤ 0,5) diapazoni aniqlangan;
xizmat ko‘rsatish subyektlarining tadbirkorlik faoliyatida investitsion loyihalar riskini baholashda xizmat ko‘rsatish turlarining riskka moyillik darajalari (1-guruh: Rm= 0 – 30 %; 2-guruh: Rm= 31 % – 55 %; 3-guruh: Rm= 56 % – 100 %) guruhlarga ajratilgan;
Samarqand viloyatidagi xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatiga ta’sir etuvchi omillarni tizimli tahlil qilish orqali ulardagi iqtisodiy risklarni pasaytirishning 2025-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |