Kafedra mudiri: prof.Mirzayev I.K.
«Matnning filologik tahlili» fanining ishchi-o‘quv dasturi filologiya fakulteti kengashida muhokama etilgan va foydalanishga tavsiya qilingan (2019-yil ___________ -bayonnoma).
Fakultet kengashi raisi: prof.Eltazarov J.D.
Fakultet o‘quv-uslubiy
kengashi raisi: prof. Abdiyev M.B.
Kelishildi:
Universitet o‘quv-uslubiy
boshqarmasi boshlig‘i: dots.Aliqulov B.
KIRISH
Amalda bo‘lgan o‘quv rejaga ko‘ra, adabiyotshunoslik va tilshunoslik alohida fanlar sifatida o‘qitilib kelinmoqda. Bu aslida to‘g‘ri. Undan ko‘zlangan maqsad til va adabiyotni o‘ziga xos sistemalar sifatida o‘rganish va tadqiq etish bo‘lgan. Biroq bu ulug‘ maqsad bir yoqda qolib, ko‘p hollarda mutaxassislar aytish joizki umumfilologik masalalar bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Holbuki, filologiya matn tahlili fani bilan shug‘ullanadi. Binobarin, bugungi kunning eng dolzarb vazifasi, bizningcha, ona tili va adabiyotni sistem-sturuktur nuqtai nazardan jiddiy o‘rganish va pirovard natijada ularning o‘ziga xos tub xususiyatlarini ochib berish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, matnning filologik tahlili masalasini yo‘lga qo‘yishdir. Qayd etilgan bu ikki muammo boshqa-boshqa tadqiqot ob'yektlari bo‘lib, ularni xos metod va usullar yordamida o‘rganish kerak.
«Matnning filologik tahlili» fani yangi zamonaviy tahlil metodlari bilan qurollangan hamda talabada mustaqil ijodiy izlanish ko‘nikmalarini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.
Shunday qilib, ushbu fan filolog kadrlar uchun zaruriy bilimlar silsilasini berishni, olgan bilimlarini yana-da mustahkamlash va matn ustida ishlashni nazarda tutadi va quyidagi masalalarni qamrab oladi:
- tahlil metodi va metodologiyasi haqida ma’lumot berish;
- amaliyot va laboratoriya mashg‘ulotlari uchun har uch turga tegishli matnlarni tanlab olish;
- tanlangan matnlar ko‘zda tutilgan maqsadga muvofiq bo‘lishiga e’tibor berish;
- lingvistik sohaga oid bilimlarini mustahkamlash uchun mashqlar ustida ishlash;
- adabiyotshunoslikka oid bilimlarini mustahkamlash, takrorlash uchun materiallarni tahlil qilish;
- yozma va og‘zaki nutqni o‘stirish mashqlarini bajartirish, ifodali o‘qishni yo‘lga qo‘yish;
- umumlashtirish singari qator masalalar ko‘zda tutildi.
Shu bilan bir qatorda talabaga beriladigan vazifa ham fanni o‘qitish maqsadi bilan chambarchas bog‘liq ekanligini nazarda tutib, quyidagi ishlar rejalashtirildi:
Talabalar bilimini mustahkamlash va mustaqil ishlash imkoniyatlarini yaratish maqsadida oldindan tayyorlangan tarqatma materiallar, har bir mavzuga oid alohida-alohida tuzilgan uslubiy tavsiyanomalar asosida nafaqat lingvistik, ayni paytda, qadimgi she’riy matnlarning poetik xususiyatlari bilan ham yaqindan tanishtiriladi.
Nasriy matnlar ustida ishlash. Talabalarning ifodali o‘qishi, qayta og‘zaki bayon qilish mashqlarini bajarishi, shu bilan birgalikda, keyinroq tahlilda foydalanish uchun hikoyani to‘liqroq o‘zlashtirib olishlariga asosiy e’tibor qaratildi. Natijada har bir obraz nomi, dunyoqarashi, kasb-kori, nutqi; detallar, ularning asar syujeti va yozuvchi maqsadi bilan bog‘liq tomonlari, qahramonlarning ma’naviy hamda jismoniy portretlari; mavzu va g‘oya, syujet va kompozitsiya (va h.k.)lari haqida talabada mustaqil fikrlashini shakllantirishga yo‘naltirib boriladi. Shunday qilib, talabalarning o‘zlari matnni turli aspektlar bo‘yicha tekshirishga harakat qilishadi.
Matn va uning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va shu asosda talabalarning badiiy matndagi lisoniy-poetik xususiyatlarni idrok etish malakalarini shakllantirish kabi vazifalarni bajarish maqsad qilindi. Zero, matnni to‘gri tahlil va talqin qila olish malakasi insonning umummadaniy saviyasi, ma’naviy-ma’rifiy balog‘ati, dunyoni anglash salohiyati, hissiy-estetik idrokining taraqqiyoti uchun muhim ekanligini isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q.
Matn tahlili kursida talabalar matndagi badiiy ma’no va badiiy mazmunni aniqlash asosida lingvopoetik butunlik sifatidagi matnni baholash malakasiga ega bo‘ladilar. Matn tahlili maxsus tamoyillar asosida amalga oshirilishi lozim. Badiiy matndagi poetik aktuallashuv fonografik, leksik, morfologik va sintaktik vositalarning har birida o‘ziga xos tarzda kechadi. Badiiy matnning lisoniy-estetik butunlik sifatidagi tabiati ham shakliy, ham semantik mohiyatga ega bo‘lgan integrativ munosabatlarning mavjudligiga ko‘ra yuzaga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |