- birinchidan, ijtimoiy ish ixtisoslashib, kasb sifatida o‘z imijini egallab bo‘lgan. Masalan, Fransiya va Germaniyada ijtimoiy ish – bolalar va ayollar bilan ishlash, voyaga yetmaganlar bilan ishlash, yoshlar bilan ishlash, nogironlar bilan ishlash, keksalar bilan ishlash, boquvchisini yo‘qotganlar bilan ishlash, tug‘ma nogironlar bilan ishlash, ishsizlar bilan ishlash, vaqtinchalik ishini yo‘qotganlar bilan ishlash, noto‘liq oilalar bilan ishlash, nizoli oilalar bilan ishlash singari yo‘nalishlarga ajratilgan. Shuningdek, Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasi 6-moddasining 3-bandida “Bolalar o‘z oilasidan ularning tarbiyasiga vakolatli bo‘lgan shaxslarning irodasiga qarshi faqat qonun asosida, agar tarbiyalashga vakolatli bo‘lgan shaxslar o‘z vazifalarini bajarmayotgan yoki bolalar boshqa sabablarga ko‘ra nazoratsiz qolish xavfi ostida bo‘lgan taqdirda, ajratilishi mumkin”ligi43 ko‘rsatilgan.
- ikkinchidan, ijtimoiy ish sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar yoshi, jinsi, kasbiy tayyorgarligi va ixtisosligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, Fransiya statistika vazirligi tomonidan ko‘rsatib o‘tilishicha, mamlakatda 37 xil mutaxassislikka ega bo‘lgan 800 000 dan ortiq ijtimoiy ish xodimi faoliyat yuritishadi. Sohada faoliyat ko‘rsatayotganlarning 97%dan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etishi qayd etilgan44.
Buning o‘ziga xos mental-boshqaruvchiligi shundaki, ijtimoiy ishning ko‘lami xotin-qizlar ishtirokini talab etishi bilan, undagi feminlik xizmat ko‘rsatish jarayonining mazmunli kechishini ta’minlaydi. Buni gender xususiyat sifatida ko‘rsatib o‘tish mumkin. Shu bilan birga, ijtimoiy ish sohasining yo‘nalishlarga taqsimlanishi ijtimoiy-madaniy omil bilan ham bog‘liq bo‘lib, iqtisodiy-siyosiy omil ta’sirini ham inobatga olish lozim.
Bu omil doirasida g‘arbona hayot tarzi va turmush kechirish mantig‘i o‘z aksini topganligini kuzatish mumkin. Negaki, G‘arbdagi individuallik madad ko‘rsatish, beg‘araz yordam berish, savob ishni har kim bajarishi kabi ijtimoiy ahamiyatlilik darajasi yuqori bo‘lgan ijtimoiy-falsafiy kategoriyalarning mavjud emasligi bilan ham bog‘lash mumkin. Shu sababli, G‘arb jamiyatlarida davlat ijtimoiy madad ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olgan. Bu holat sanoatning rivojlanishi natijasida xizmat olishga jamiyatda ehtiyoj oshib borganligi yoxud G‘arbda yaqinlar ko‘rsatadigan qon-qarindoshlik rishtalari doirasida bajariladigan vazifalarning avtonomlashganligi bilan ham bog‘liqdir. Ya’ni, jamiyat madaniylashgani sari huquqiy asoslarga ega bo‘lib, bajariladigan amallar qonunchilik bilan belgilangan. Masalan, bola va ota-ona huquqlari to‘g‘risida Germaniya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasining 6-moddasi 2-bandida: “Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni tarbiyalash ota-onalarning tabiiy huquqi va ularning ustuvor vazifasidir. Ularni amalga oshirishni davlat uyushmasi kuzatib boradi”45 – deb ko‘rsatilgan. Kuzatib borish, davlat uyushmalarining zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, bizningcha, standartlashtirilgan tarzda g‘amxo‘rlik qilish va tarbiyalashni baholash mezonlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Har bir kasbning vujudga kelishida o‘z shart-sharoitlari mavjud bo‘lib, aynan mana shu shart-sharoit kasbiy vazifalarni belgilab bergan. Masalan, o‘qituvchi yosh avlodni kamolotga erishishini ta’minlash, shifokor insonni turli xil kasalliklardan xalos etish uchun davolash vazifasini amalga oshirishi shular jumlasidandir.
Shuningdek, ijtimoiy ishning vujudga kelishi ham, bu – turli tabaqalarga mansub bo‘lgan aholining yoshi, jinsi, sog‘ligi, nogironlik darajasi va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan faoliyatidir46. Faoliyat mohiyatiga ko‘ra, inson xatti-harakatining yig‘indisi hisob-lanib, o‘yin, o‘qish, mehnat kabi turlarga ajratiladi. Shuningdek, faoliyat o‘ziga xosligi bo‘yicha, ijtimoiy xarakterdaligi, maqsadga yo‘nalganligi, rejaliligi va tizimliligi kabi turlarga bo‘linadi. Shu sababli ijtimoiy ish faoliyat sifatida, inson hayot-faoliyatini ta’minlashga ko‘maklashib, alohida individ va oilalar, ijtimoiy guruh va tashkilotlar hamda jamoalar faoliyatini tiklash, maishiy, madaniy, ma’naviy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoki mustahkamlash uchun amal qiladi.
Boshqacha qilib aytsak, insonning fundamental ehtiyojlarini qondirish orqali konkret ishlarda ularning iqtidori va ko‘nikmalarini kamol toptirishda yordam berishga mo‘ljallangan ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan dasturlarni yaratish, chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishni rejalashtirish, rivojlantirish va amalga tadbiq etish, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalashda qonunda belgilangan vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan mehnat turidir deb ko‘rsatish mumkin.
Ijtimoiy yordam ko‘rsatishni aniq tarixiy makonda, siyosiy vaqtni inobatga olgan holda insoniyatning hayotiy tajribasi bilan bog‘langan holda o‘rganish lozim. Mazkur tarzdagi o‘rganishni K.Lorensning ta’limoti bo‘yicha kulturologik yondashuv deb ko‘rsatish mumkin. Negaki, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bioijtimoiy hodisa hisoblanib, turli darajaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanishi mumikn. Shu bilan birgalikda “ijtimoiy yordam ko‘rsatish” tushunchasini M.Firsov va R.Samarovlarni madaniy-tarixiy yondashuv deb ko‘rsatgan ta’limoti bo‘yicha ham ko‘rib chiqish mumkin. Mazkur yondashuv, o‘zida milliy-madaniy hayot tarzini inobatga olishni taqozo etib, tadqiqotni retrospektiv jihatini ta’minlaydi. Bunda qadriyatlarning shakllanishi, takomillashuvi hamda an’analarning vujudga kelishi va amal qilishini nazarda tutish lozim bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarida:
Naf’ tegurmakka shior aylading,
O‘zungga ul naf’ni yor aylading.
Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu naf’ o‘zungga ko‘prak durur47,‒
deb, insonni boshqa bir insonga nafi ‒ foydasi tegishini targ‘ib etganligini kuzatish mumkin. Ya’ni, “Sen insonlarga foyda yetkazishni o‘zingga shior etding; shundan keladigan naf’ni o‘zingga yor aylading. Sening xalqqa ko‘rsatgan foydang shak-shubhasizdir; lekin bilib qo‘yki, bundan o‘zingga naf’ (qilgan yaxshi ishlaring uchun xalqdan duo olasan) ko‘proqdir”48 ‒ deya odamlarni yaxshilik qilishga, saxiy va oqibatli bo‘lishga, birovlarga qilingan madad va yordam hech qachon izsiz yo‘q bo‘lib ketmasligiga alohida urg‘u bergan.
Insonning aqliy salohiyati, idrok darajasi, tafakkur madaniyati, maishiy hayot tarzi, ijtimoiy faolligi oxir-oqibatda o‘zi yashab turgan jamiyat rivojini ta’minlash uchun amalga oshiradigan sa’y-harakatlari, alohida oila, millat, butun bir xalq tiynatini (mentalitetini) belgilaydi. Shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, voqealar, jarayonlar shaklan o‘zgarishi, yangi hodisalar va voqealarning vujudga kelishi natijasida, insonning hayot mazmuniga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bu esa bevosita har bir davr odamlari psixologiyasini, hayotga va atrofdagilarga bo‘lgan munosabati mazmuni, voqealarni idrok etish qobiliyati, turmush tarzi bilan belgilanishini ko‘rsatadi. Bunda ijtimoiy ish ijtimoiy rivojlantiruvchi funksiyalarni bajarishini inobatga olsak, ijtimoiy yo‘naltiruvchi, ijtimoiy shakllantiruvchi, jamiyat tarqqiyotini ta’minlashda, boshqa kasb sohasining vakillaridan farqli ravishda ijtimoiy ish xodimlari bog‘lovchilik vazifasini bajarishi bo‘yicha ajralib turadi.
Shuning uchun bo‘lsa kerakki, ijtimoiy ish ixtisosligiga kasb sifatida talab oshib bormoqda. Negaki, bu soha xodimlari faoliyat yuritadigan muassasa va idoralarda fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish ijobiyligi bilan ajrarlib turadi. Amaliy yordam tarzi huquqiy maslahat, ijtimoiy-tibbiy yordam, oilaviy yumushlarga ko‘maklashish tarzda ifodalanib kelinmoqda. Bu o‘z navbatida ijtimoiy ish xodimini jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, oila va uning a’zolariga ijtimoiy-tibbiy va psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish, aholining jismoniy, axloqiy va psixologik jihatdan sog‘ligini himoyalash, ish va o‘qish joylarida sanitariya va gigiyena normalarini joriy etish (nazorat qilish), qamoq jazosini o‘tab kelganlarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlashda, yoshlar orasida nikoh-oila masalalariga oid ma’rifiy ishlar olib borishda, shuningdek, turli birlashmalarga inson kamolotini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatlarida ko‘maklashadi. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy ish bilan shug‘ullanuvchi xodimning professiografiya va professiogrammasini tayyorlashni taqozo etadiki, bu esa ijtimoiy ishni funksiyaviyligini ta’minlab, kasb nufuzini shakllanishi uchun xizmat qiladi. Bu borada Yusuf Xos Hojib “Xizmat qiluvchi kishi og‘ishmay xizmat qilishi kerak. Xizmatlari singganidan so‘ng kishi tilakka yetadi”49 – deganda, insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, qiynalganlarga ko‘mak berishda xolis xizmat qilish va bu amalga oshirgan xizmatdan qoniqqach, mamnun bo‘lishini ko‘rsatib o‘tgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |