Tafakkur
Tafakkur (o‘ylash, fikrlash) - miya faoliyati bo‘lib, u tufayli inson, so‘zlar va obrazlar yordamida o‘z organizmining turli-tuman holatlarini hamda borliqda real mavjud va mavhum jismlar va hodisalarni ko‘z oldiga keltirishi va ifodalashi mumkin. Tafakkurning umumiy tasnifidan ko‘rinib turibdiki, odam miya faoliyatining ushbu bosh funksiyasida so‘zlar va obrazlar, ya’ni organizmning turli-tuman faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘z orqali ta’sirlanishning hamkorligi orqali shakllangan vaqtli aloqalar muhim rol o‘ynaydi. Bunda, vaqtli aloqalar tafakkurning fiziologik apparati, uning tahlilli-sintetik mexanizmi hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchilarni tahlil va sintez qilish hamda organizmni ularga nisbatan javob faoliyati natijasida vaqtli aloqalar xotirada yig‘ilibgina qolmasdan, balki undan qaytarib olinadi va ularning o‘zidan hamda doimiy hosil bo‘ladigan aloqalardan yangi aloqalarni vujudga keltirish uchun material bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu mexanizmlar o‘z-o‘zini boshqarish va doimiy faollik xususiyatlariga ega bo‘lib, oqibatda xotirada saqlanadigan vaqtli aloqalarni qaytarib olish, ulardan yangi va tizimli aloqalarni, ularni doimiy shakllanuvchi assotsiatsiyalar bilan majmuasini hosil qilish amalga oshiriladi. Zamonaviy fiziologiyada ushbu mexanizmlar reflektorli hisoblanadi, lekin bu, reflektorlik doirasida o‘z-o‘zini boshqarish asosida yotgan sirkulyatorli jarayonlar mavjudligini ham inkor etmaydi.
Odamda vaqtli aloqalar hosil bo‘lishining qonuniyatlari hayvonlarniki bilan umumiylikka ega bo‘lsa ham, ular sifat jihatdan o‘zaro farqlanishi to‘g‘risida aytgan edik. SHu tufayli, odam va hayvonlarning tafakkuri ham bir-biridan farq qiladi. I.P.Pavlov hayvonlarda, xususan itlarda «tushunish», «faraz qilish», «tafakkur» qobiliyatlari mavjudligini tan olgan. Uning fikricha, itning «tafakkuri», uning sezgi a’zolariga ta’sir ko‘rsatayotgan qo‘zg‘atgichlarni tahlil va sintez qilishning natijasi hisoblanadi. Insonga esa, yuksak tafakkur mansub bo‘lib, unda ikkinchi signal tizimi mavjudligi tufayli, bu tafakkur voqelikdan chetga chiqishga asoslangan. O‘rganish (tajriba), fikr, tafakkur, ma’no – vaqtli aloqalar hosil bo‘lish jarayoni bo‘lib, ulardan foydalanish esa - tushunishdir.
Xotira
Ma’lumki, xotira quyidagi bir-biri bilan uzviy bog‘liq jarayonlarga - eslab qolish, saqlash, qayta tiklash (xotiradan axborotni qaytarib olish) va tanishga asoslangan. Eslab qolish jarayonining aksi - esdan chiqarishdir. Demak, xotira tafakkur bilan uzviy bog‘liq.
Xotira markaziy asab tizimining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, uning mavjudligi tufayli organizm tashqi ta’sirotlarni qabul qilib, olingan axborotlarni o‘zida saqlaydi va kerak bo‘lganda uni qayta tiklaydi. Hayot davomida orttirilgan tajriba va bilimlarni xotirada saqlashni markaziy asab tizimida yuzaga chiqadigan tuzilma - faoliy o‘zgarishlar ta’minlaydi. O‘rganish davomida hayvonlarning miyasida RNK sintezlanishi kuchayadi, ayni paytda, miyada kichik peptidlarning miqdori oshadi va ular postsinaptik membrananing ion o‘tkazuvchanligiga ta’sir qiladi.
Xotira mexanizmlari miya neyronlarining o‘zaro bog‘lanishlarini takomillashuvi, ular o‘rtasidagi sinapslarning faoliyatini faollashuviga ham bog‘liq. O‘zgaruvchan sharoitda o‘stirilgan hayvonlarda, ya’ni shu sharoitga moslashishga majbur bo‘lgan hayvonlarda miya neyronlari o‘rtasidagi sinapslarning soni ko‘payadi, postsinaptik membrana qalinlashadi, sinaptik tugunchalar kattalashadi va boshqa o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.
Xotira qisqa va uzoq muddatli bo‘ladi. Hotiraning bir nechta tiplari mavjud: hissiy xotira - boshdan kechirilgan ilhomlanish, quvonish, qayg‘urish, qo‘rqish va boshqa shu kabi holatlar hissiyotlarini eslab qolish; harakat xotirasi - turli xildagi harakatlarni (obrazli, yoki ko‘rish, eshitish) eslab qolishda ifodalanadi; ta’m bilish va boshqa xotiralar - jismlar obrazlarini turli sezgi a’zolari orqali eslab qolish bilan xarakterlanadi; so‘z-mantiq xotira - so‘z orqali ifodalangan fikrni eslab qolish. har xil odamda u yoki bu tipdagi xotira ustun bo‘lishi mumkin, lekin har kimsada so‘z-mantiq xotira etakchi mavqega ega.
Ma’lumki, xotiradagi hodisalar vaqt o‘qi bo‘ylab ularni real muddatini aks ettirishi bilan joylashadi. Retseptor hujayraning tashqi ta’sirga elektrli javobidan so‘ng, real qo‘zg‘atuvchi bo‘lmagan paytda ham davom etadigan izli jarayonlar hosil bo‘ladi. Aynan shu jarayonlar sensorli xotiraning asosini tashkil qiladi. Sensorli xotirada izlarning saqlanish muddati 500 ms dan ortmaydi, uning o‘chirilishiga esa 150 ms vaqt kerak. Odamning sensorli xotirasi uning qudratiga bo‘ysinmaydi va uni ongli nazorat qilish imkoniyati yo‘q. Axborotni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan keyingi davr qisqa muddatli xotira deb nomlanadi. Ancha muxim axborot esa uzoq muddatli xotirada saqlanadi. Qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga o‘tish alohida tur bo‘lmish oraliq xotiraga mos keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |