1. XVI asr oxiri va XVII asrda G‘arbiy yevropada falsafiy fikrning rivojlanishi.
XVI asr oxiri va XVII asrda G‘arb falsafasi sifat jihatidan bir biridan farq qiladigan ikkita davr: klassik (yangi davr falsafasi) va postklassik (hozirgi zamon falsafasi) farq qilinadigan bo‘ldi. Bu davrlar falsafiy ta'limotlari o‘zlarining kelib chiqishi bo‘yicha yagona asosga ega bo‘lgani va o‘zaro bog‘liq tarzda rivojlangani holda, maqsadi va ideallari, falsafiy tafakkur tarzi bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklarga ega. Klassik falsafaning xronologik chegaralari XVII – XIX asrning birinchi uchligidan iborat. U Bekondan boshlanib, Gegel bilan yakunlandi. Ushbu davr buyuk faylasuflaridan biri bu - F.Bekon (I56I-I626)dir. Yangi davr fani va falsafasining asoschisi. Uning dunyoqarashida Angliyada burjua revolyusiyasi arafasida vujudga kelgan vaziyat, xususan dastlabki kapital jamg‘arish bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar, shakllanib kelayotgan yangi ijtimoiy tabaqalarning intilishlari, ularning tabiatni ilmiy asosda bilishdan manfaatdorligi o‘z ifodasini topgan.U sxolastik falsafani chin bilim olish yo‘lidagi g‘ov deb hisoblab, uni keskin tinqid qiladi va fanni isloh qilish lozimligini asoslaydi. Aristotel “Organon”i (mantiqiy asarlar to‘plami) ga qarshi o‘z asarini “Yangi Organon” deb atab, unda yangi sharoitda fanning asosiy vazifalari va metodi masalasini muhokama qiladi. “Bilim-kuch” degan shiorni maydonga tashladi. Uning fikricha, ilmiy bilishning bosh vazifasi – tabiatda sodir bo‘layotgan hodisalarning sabablarini aniqlash va shu asosda kishilar hayotini yaxshilashdir.Bekonning fanni isloh qilish shartlari hahidagi fikrlariga alohida e'tibor berish lozim. Uningcha, fan tajribaga asoslanishi zarur. Bilish jarayoni konkret hodisalarni o‘rganishga, faktlarni to‘plashdan ularni umumlashtirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosishi kerak. Shuning uchun ham ilmiy bilishning asosiy mantiqiy usuli induksiya, induktiv metoddir. Shu tariqa Bekon o‘zining induktiv mantiq sistemasini yaratdi. Lekin, shuni ham ta'kidlash kerakki, ingliz faylasufi bilishda deduksiyaning rolini inkor qilgan emas. Xususan, u faktlarga urg‘u berib, ularni yig‘ish bilan ovora bo‘lgan sof empiriklarni kerakmi yoki keraksizmi ekanligini o‘ylab o‘tirmay, barcha narsalarni uyasiga tashiydigan chumolilarga o‘xshatadi. XVII asr fransuz falsafasi va fanining boshqa bir yorqin vakili – R.Dekart (I596-I650). Uning fikricha, falsafa barcha mavjud bilimlarni o‘zida mujassamlantirib, yaxlit sistema holida mavjud. Bu sistemani u daraxtga qiyos qilib, uning ildizini – metafizika, tanasini – fizika, shoxlarini esa – boshqa barcha fanlar (ular oxir-oqibatda meditsina, mexanika va etikaga borib taqaladi) tashkil qiladi, deydi. Dekart falsafasining asosiy belgisi – jon va tana dualizmidir. Olim fikricha, bir-biridai mustaqil holda 2 ta asos: moddiy (xajm, materiya) va moddiy bo‘lmagan (tafakkur) substansiyalar mavjud bo‘lib, ularning o‘zaro ta'siri inson tabiatini belgilaydi. Dekart fizikasining (tabiat haqidagi ta'limotining) Yangi davr falsafasining taraqqiy etishdagi rolini alohida qayd etish zarur. U fizika, kosmologiya, matematika, masalalarini faqat faylasuf sifatida emas, tabiyotshunos olim sifatida ham tadqiq qilgan.Materiya, Dekart fikricha, bir jinsli bo‘lib, o‘z chegarasiga ega emas; u bo‘shliqda mavjud emas, cheksiz bo‘liniishi mumkin. Harakatni u mexanistik tarzda tushungan, ya'ni jismlarning bir-biriga bergan turtkisi natijasida hosil bo‘ladi, deb hisoblagan. Harakatning oxirgi sababini xudodan qidirgan. Bilish nazariyasida Dekart ratsionalist bo‘lgan, ya'ni aqlni bilishning asosiy vositasi deb hisoblagan. Uning fikricha. Sezgilarimiz va fikr yuritishimizdagi ayrim xatolar mavjud bilimlarga shubha bilan qarashni taqoza qiladi. Bu fikri uchun Dekartni skeptitsizm yoki agnostitsizmda ayblash xato bo‘ladi, albatta. Dekart, Bekon singari, shubhalanishni aniq va chin bilim olishga xizmat qiladigan usul deb hisoblaydi. U quyidagicha mulohaza yuritadi: “Men shubhalanayapman, demak, men fikr yuritayapman”, “Men fikr yuritayotgan ekanman, demak, men mavjudman”. Dekart ilgari surgan bu tezislar, ayniqsa ikkinchisi, uning falsafiy pozitsiyasini tushunish uchun muhimdir. Uning fikricha, inson fikr yuritish orqali o‘zining borlig‘iga ishonadi. Dekart ratsional metodi bilish oldiga bir qancha talablarni qo‘yadi. O‘zining “Metod to‘grisidagi mulohazalar” asarida u quyidagilarni ko‘rsatib o‘tadi: 1) aniq va ravshan bo‘lgan bilimlarnigina chin bilim deb hisoblash; 2) har bir murakkab muammoni qismlarga bo‘lib o‘rganish; 3) ma'lum bo‘lgan va isbotlangan narsalardan noma'lum narsalarga qarab borish; 4) hech bir bo‘g‘inni qoldirmagan holda, muammoni izchil mantiqiy asosda o‘rganish.
Do'stlaringiz bilan baham: |