ASOSIY QISM
I bob. Teatr ta’limotida fanning о‘rni
1.1. XATTI-HARAKAT TAHLILI VA UNING TALQINLARI
K.S.Stanislavskiy tomonidan ixtiro qilingan aktyorning tabiiy ijod qilishi, ijodkorlik salohiyatini о‘stirish qonuniyatlari hamma zamonlar uchun yagonadir. Ammo har bir teatrning ijodiy jamoasi, shuningdek, teatr studiyalari о‘zlarining ijodiy yondoshuvidan kelib chiqib, turlicha atamalarni qо‘llashi mumkin.
Mazkur qо‘llanma, sahna asari ustida ishlash jarayonida xatti-harakat tahlilini professional darajada amalga oshirish, yuzaga keladigan turli yondoshuvlarni va atamalarni ma’lum bir tizimga keltirishga kо‘maklashishdan iboratdir. Shuni ham aytib о‘tish joizki, hatto о‘quv dargohlarida ham har bir ustoz, о‘zining shaxsiy tajribasi hamda bilim darajasidan kelib chiqib, xatti-harakat tahlilini о‘ziga ma’qul shaklda olib boradi. Biroq bunday yondoshuv ayrim hollarda asar kompozitsiyasining buzilishiga, spektaklda aytilishi kerak bо‘lgan fikrning mujmalligi, vaziyatlarni aniqlashdagi chalkashliklarga olib kelishi mumkin. Turli ustozlardan tahsil olgan talabalarning boshqa-boshqa yо‘nalishdagi teatrlarda biron-bir loyiha ustida ishlashi jarayonida bu kamchiliklar yaqqol namoyon bо‘ladi.
Mavzuga oydinlik kiritish uchun K.S.Stanislavskiy merosiga murojaat qilamiz. Eng avvalo har bir fan qonun-qoidalari о‘ylab topilmagan, tо‘qib chiqarilmagan. Ular kashf etilgan. Bu qonunlar-qoidalar azaldan mavjud bо‘lib, ularni insonlar biladimi yо‘qmi, odamga yoqadimi yо‘qmi, bundan qat’i nazar, ular azaldan mavjud bо‘lib borliqqa hamisha о‘z ta’sirini kо‘rsatib keladi.
Bu fikr Stanislavskiy sistemasiga ham taalluqlidir. Boshqa aniq fanlar kabi Stanislavskiy sistemasi ham ixtiro qilinmagan, о‘ylab topilmagan, tо‘qib chiqarilmagan. Bu sistema aktyorning amaliy ijodiy izlanishlari jarayonida kashf qilingan. Albatta, Stanislavskiy bu qonunlarni kashf qilguniga qadar ham bunday ijodiy jarayonlar amaliyotda bо‘lgan va qо‘llangan. Shuning uchun ham bu qonuniyatlar birov ularni biladimi yо‘qmi, yoki ularni qanchalik mukammal bilishdan qat’i nazar yashab kelgan va yashab kelmoqda. “Aktyorning tabiatida о‘ziga xos ijod qonunlari bor. Bu tabiat qonuni hamma zamonlar, hamma insonlar, xalqlar uchun birdir. Mazkur qonunlar mohiyatini biz anglab yetishimiz zarur. Barcha buyuk artistlar о‘zlari sezmagan holda, beixtiyoriy ravishda aynan shu yо‘l bilan ijod qilganlar.”5
Kо‘pchiligimiz K.S.Stanislavskiy sistemasini taxminan bilamiz. Bundan ham yomoni uni mutloq qotib qolgan ta’lim deya qabul qilamiz. U yaratgan ilmni kо‘proq yoxud kamroq bilishimiz mumkin. Lekin uni tо‘laligicha, oxirigacha bilish mumkin emas. Zero har qanday ilm, ayniqsa aktyor va rejissor faoliyatining ijodiy-psixologik jarayoni amaliyotga tadbiq etilar ekan, eng avvalo shaxsning imkoniyatlaridan kelib chiqib о‘zlashtiriladi. Obyektiv qonuniyatlarga bо‘ysungan sistema, ijodkorning о‘z amaliyoti talablari va bilim darajaga bо‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, shaxs ongida subyektiv tarzda о‘z aksini topadi. K.S.Stanislavskiy shunday degan edi: “Men Stanislavskiy sistemani bilaman, ammo uni amaliyotda qо‘llashni endigina о‘rganmoqdaman. О‘zim ishlab chiqqan sistemani mukammal egallashim uchun men ikkinchi marotaba tug‘ilishim, hamda 16 yoshga tо‘lib aktyorlik faoliyatimni boshqatdan boshlashim kerak” 6
Stanislavskiy sahna asarining xatti-harakat tahliliga qayta-qayta e’tibor qaratganligi ma’lum. U, sahna asarini harakatli hodisalarga, parcha va mayda kо‘rinishlarga ajratar, har bir qism zimmasidagi vazifani belgilar, keyinchalik ularni yiriklashtirishga harakat qilar edi.
“Ixtiyoriy va beixtiyoriy yashashlik о‘rtasida о‘tib bо‘lmas chegara mavjud emas. Ong kо‘pincha yо‘l kо‘rsatadi, ong osti faoliyat esa harakatni davom ettiradi, - deydi K.S.Stanislavskiy о‘zining “Aktyorning о‘z ustida ishlashi” kitobida, - Men ongli faoliyatim yordamida, ong usti (yuqori ong) faoliyatimni qо‘zg‘atmoqchi va ilhom bulog‘ini ochmoqchiman.”7
Stanislavskiy ta’limoti aktyor ijodidagi tabiiy ravishda namoyon bо‘ladigan jismoniy va ruhiy harakatlar qonuniyatiga asoslanadi. Teatr reformatori tomonidan rol va pyesa ustida olib boriladigan “xatti-harakat tahlili” hamda “jismoniy harakat uslubi” nafaqat aktyorlar uchun amaliy qо‘llanma bо‘libgina qolmay, rejissura sohasida Stanislavskiy ta’limotining chо‘qqisi ham hisoblanadi. Bu ikkala qism bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Shuni ham ta’kidlab о‘tish joizki, bu uslub о‘ttiz yillik izlanish jarayonida katta va kichik о‘zgarishlarni boshidan kechiradi. Stanislavskiy о‘z izlanish va kashfiyotlarini nashr ettirishdan avval, kо‘p bora sinchiklab amalda sinovdan о‘tkazgan va qayta-qayta tuzatishlar kiritgan edi.
Stanislavskiy arxivida uning minglab qо‘lyozmalari saqlanmoqda. Muallif о‘zi hayotligida faqat “Mening san’atdagi hayotim” nomli kitobini nashr ettirishga ulguradi. Aslida bu kitob uslubni о‘rganish uchun dastlabki bosqich, Ya’ni kirish qismi hisoblanadi. Stanislavskiyning ikkinchi kitobi «Aktyorning rol ustida ishlashi» deb atalib, u ikki qismdan iborat bо‘lishi nazarda tutilgan edi. Birinchi qismda “Kechinma san’at ijodiy jarayonida aktyorning rol ustida ishlashi”, ikkinchi qismda esa “Timsol qiyofasini yaratish ijodiy jarayonida aktyorning о‘z ustida ishlashi”- deb atalishi belgilangan edi. Bu kitob ustidagi ishlar afsuski nihoyasiga yetolmay qoladi. Stanislavskiy faqat birinchi qismning xomaki nusxasini о‘qishga ulgurgan xolos. Ikkinchi qism esa arxiv materiallari asosida tadqiqotchilar tomonidan chop etilgan. Stanislavskiyning tanlangan asarlari, о‘zi tomonidan yillar davomida tо‘plangan qо‘lyozmalari yig‘indisidan saralab olinib tadqiqotchilar tomonidan kitob holiga keltirilgan asardir. Lekin, Stanislavskiy tomonidan har tomonlama tahrir qilinib, bir qolipga solingan sistemaning yaxlit asar holatiga keltirilgan nusxasi mavjud emas. Tovstonogov “Hamkasblar bilan suhbat” kitobining kirish qismida K.L.Rudnitskiy quyidagi fikrlarni bayon etadi: “Sistema targ‘ibotchilari “sistema” tо‘g‘risida qanchalik kо‘p gapirmasin, unga murojaat qilmasin Stanislavskiy kitoblarida uning uslubi va g‘oyasi aniq va lо‘nda aks etmagan. Ayniqsa, pyesa va rolning hatti-harakat tahlili hamda jismoniy harakat uslubining tavsifi tо‘laligicha ochib berilmagan. Vaholanki, u hayotining sо‘ngi yillarida bu masalaga alohida e’tibor qaratib, sahnada inson ruhiyatini yaratish jarayonida bu asosiy masaladir, - degan edi”8
Stanislavskiy о‘zi sinovdan о‘tqazayotgan ijodiy izlanishlarini qotib qolgan aqidaga aylanib ketishidan havotirda edi va о‘zi amalga oshirayotgan ishdan kо‘ngli tо‘lmaganligi boisidan hamisha ikkilanar, ba’zida о‘z-о‘ziga qarshi chiqar edi. U “Aktyorning о‘z ustida ishlash” kitobining ikkinchi xulosaviy qismida shunday yozadi: “Sistema - yо‘l boshlovchi. Kitobni ochib о‘qing. Sistema - ma’lumotnoma, falsafa emas. Falsafa boshlanishi bilan sistema tugaydi. Sistema tо‘g‘risida uyda mulohaza qilish mumkin. Sahnada esa hamma narsani unutish kerak. “Sistemani” о‘ynash mumkin emas. U - tabiat. Mening hayotim mazmuni ana shu tabiatga - Ya’ni ijod tabiatiga mumkin qadar yaqinlashishdan iborat.”9 “Dramatik san’atning na darsligi va na grammatikasi bо‘lmasligi kerak”, - deb yozgan edi 1906-yilda Stanislavskiy “Dramatik aktyorning yon daftari” nomli kitobining kirish qismida.10 Biroq aynan о‘sha 1906-yilda Stanislavskiy ijodida yuz bergan inqiroz tufayli unda aktyor ijodini о‘rganish fikri uyg‘onadi. Uning aktyor mahoratini takomillashtirish yо‘lidagi izlanishlari, aktyor psixologiyasi asoslarini о‘rganish hamda aktyor va rejissor ijodini tahlil qilishga majbur qiladi. Izlanish, uzluksiz о‘z-о‘zini shakllantira borish Stanislavskiy ta’limotining yuragi hisoblanadi. 1933-yilda u MXAT aktrisasi N.V.Tixomirovaga quyidagi mazmunda xat yozgan, xatida shunday fikrlar bor:
«Kо‘p yashadim. Kо‘pni kо‘rdim. Boy bо‘ldim. Keyin kambag‘allashdim. Dunyoni kо‘rdim. Yaxshi oila, bolalarga ega bо‘ldim. Hayot hammani har tarafga tarqatib yubordi. Qaridim. Intiho damlari tobora yaqinlashmoqda.
Endi mendan, yer yuzidagi baxt nimadan iborat? - deb sо‘rang.
Tinimsiz о‘rganishda. San’atda ham, ishda ham uning sirlarini egallashda. О‘zingdagi san’at mohiyatini anglash orqali, tabiatni idrok etasan, dunyoni tushinasan, hayot mazmunini anglab, о‘z qalbingni - iste’dodingni tushinib yetasan.
Bundan ortiq baxt bо‘lmasa kerak.”11
Bu shior bо‘lajak har bir rejissorning hayoti va ijodi uchun dasturilamal bо‘lishi kerak.
Stanislavskiy K.S butun umri davomida ayrim masalalarni takror va takror tekshirib kо‘rar, ayrimlaridan voz kechar edi. Tinmay izlanishlar, yozilganlarni qayta-qayta tekshiruvdan о‘tkazish, buning uchun tajribalar olib borish Stanislavskiy ta’limotining qon-tomiri hisoblanadi.
Shuning uchun ham ustoz ta’limotining davomiyligi, uzil-kesil xulosa chiqarishdan hali uzoq ekanligi, unga bо‘lgan qiziqishni yana ham oshiradi, yangi davrda, tinimsiz rivojlanib borayotgan teatr san’atida, uni yana ham takomillashtirishga bо‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
M.O.Knebel, B.Zaxava, A.M.Polamishevlar о‘z kitoblarida dramatik asarni tahlil etish masalasiga alohida e’tibor berib о‘tadilar.12 Biz bu ustozlarning ijodiy izlanishlari tо‘g‘risida tо‘xtalib о‘tirmaymiz. Chunki u hammaga ma’lum. Faqat biz taklif etayotgan mazkur tahlil uslubidan farqlanuvchi tomonlarinigina kо‘rsatib о‘tmoqchimiz. Masalan, M.O. Knebel K.S.Stanislavskiy ta’limotiga asoslanib asosiy urg‘uni “Fizik harakat uslubiyati”ga qaratgan. B.Zaxava avval boshdan mavzu, g‘oya, voqealar uzluksizligi, berilgan shart-sharoitni saralash, asarning oliy maqsadini aniqlab olish zarurligini ta’kidlab о‘tadi. Biroq bu talablar shunchaki bayon shaklida bо‘lib, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri qilinishi kerak bо‘lgan ishlar sanab о‘tiladi, xolos. Voqelar tizimi esa aniq ifoda etilmagan. A.Polamishev esa, A.N.Ostrovskiyning “Sepsiz qiz” pyesasi misolida dramatik asardagi boshlang‘ich voqeaga asosiy e’tibor qaratib, “Bryaximovo shahridagi yakshanba” deb belgilaydi. Pyesaning boshidan oxirigacha bо‘lib о‘tadigan voqealar shu dalil - omil kesimida sodir bо‘ladi. Har bir voqea aniq sо‘z bilan belgilanishini e’tiborga oladigan bо‘lsak, bu sо‘z harakatni qо‘zg‘atuvchi, fe’ldan yasalgan ot bо‘lishi kerak. Misol uchun, “uchrashish” - fe’l, “uchrashuv” (voqea) - fe’ldan yasalgan ot. “Bryaximovo shahridagi yakshanba” - boshlang‘ich voqeadagi shart-sharoit bо‘lishi mumkin. Ammo, voqeani bunday nomlash, aktyorni xatti-harakatga chorlash vazifasini bajara olmaydi va noaniqligi tufayli (yakshanba) sodir bо‘layotgan voqeani belgilab bera olmaydi.
Har bir nazariyaning qiymati, о‘zak atamalarni aniq sо‘z bilan ifodalanishi bilan belgilanadi. Negaki zamonaviy psixologiya fanida “о‘z ifodasini topmagan, aniq nom, sо‘z bilan atalmagan narsani anglash qiyin”- deb ta’kidlanadi. Garchand, Polamishev «boshlang‘ich voqea» atamasini ishlatib, u asar boshlanishidanoq tо‘qnashuv keltirib chiqaruvchi omil deya hisoblasa-da, keyingi voqealarni aniq nomlanishini belgilamaydi va nazariy tomondan yoritib bermagan.
Bu borada I.B.Malochevskayaning ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlari asosida yozilgan “Tovstonogovning rejissorlik maktabi” kitobi alohida ahamiyatga molikdir. U ham, A.I.Katsman kabi Tovstonogov bilan rejissorlik kursida olib borilgan mashg‘ulotlardan tajriba ortiradi. I.B.Malochevskaya о‘z kitobida “Pedagogika bir vaqtning о‘zida ham san’at, ham ilmdir - deydi. Teatr san’ati ta’limotida kо‘p narsalar sodda, ibtidoiy usullarda, ilmiy metodlarga asoslanmagan tarzda olib boriladi. Diletantlar tomonidan texnikani inkor etishlik о‘z nuqtayi nazarini himoya qilishdan emas, dangasalik va beparvolik oqibatidir. Haqiqiy maktab esa tolibi ilmlarga ishonchli kompas - yо‘l kо‘rasatgichni beradi. Tokim ular shu kompas yordamida izlanishlar olib borsin, tajribalar о‘tkazsin, Albatta, u xatolardan, qoqilish va yiqilishlardan muhofaza etaolmaydi. Ammo, sabr - matonatli insonlar qо‘lida anglash va bilimlar qulfini ochish uchun kalit bо‘la oladi. Xuddi shunday, rejissorlik maktabining asosiy mohiyatini tashkil qiluvchi sahnaviy asarni xatti - harakat tahlili, rejissorlar uchun yо‘l kо‘rsatuvchi - kompas vazifasini bajaruvchi qurol hisoblanadi. Ammo har bir rejissor ijodda о‘z sо‘qmoqlardan borib, faqat о‘zigagina xos yangi yо‘llar topishi kerak. О‘zgalar g‘oyasini kо‘chirib, “maktab”ning quliga aylanib, turli rejissorlik texnika uslubiyatlardan kо‘r-kо‘rona foydalanmasdan ijodiy yondoshuvni qо‘llashi kerak. Undan о‘z kasbiga erkin nazar tashlab о‘z fikriga ega bо‘lish talab qilinadi. ”13
Tovstonogov, salohiyatli pedagoglar A.I.Katsman hamda M.L. Rexelslar bilan hamkorlikda ijodiy izlanishlar va amaliy mashg‘ulotlar о‘tqazish natijasida о‘z rejissorlik maktabini yaratadi. Tovstonogov tomonidan qо‘llanilgan atamalar boshqalarga nisbatan aniq va lо‘nda bо‘lib, tavsiya etilayotgan darslikda muallif, malaka oshirish davrida A.I.Katsman qо‘llagan atamalardan foydalangan. Bundan tashqari, I.B.Malochevskaya kitobida uchramaydigan, ammo bizning nazarimizda xatti-harakat tahlili uchun о‘ta zaruriy loyiha (sxema) tavsiya etiladi.
Shaxsiy tajriba, shuningdek, Stanislavskiy ta’limotining haqiqiy ixlosmandlari G.A.Tovstonogov, safdoshi professor A.O.Katsman qо‘lida malaka oshirish fakultetida egallangan bilimlar natijasi о‘laroq, mazkur kitobda juda qulay va eng tо‘g‘ri bо‘lmish, “sahna asarining xatti-harakat tahlili” uslubi tо‘g‘risidagi tushunchalarimizni bayon qilamiz. Ular K.S.Stanislavskiy ta’limotiga yangicha yondoshuv, yangicha tafakkur yuritmoq borasida va bu ta’limotni rivojlantirish yо‘lida katta ishlarni amalga oshirganlar. Xususan “pyesa va rolning xatti-harakat tahlili” hamda “jismoniy harakat usuli” tushunchalariga aniqlik kiritishda muhim yangiliklar tatbiq etilgan.
Biz tahsil olgan “aktyorlik” va “rejissorlik” maktabi о‘qituvchilari: T.Xо‘jayev, I.Radun, N.I.Timofeyeva, N.Aliyeva, V.Kojevnikov, T.Isroilov, O.Chernova, A.Ginzburg, M.A.Rubinshteynlar G.A.Tovstonogovning zamondoshlari bо‘lgan, ular ham bu yо‘ldagi izlanishlardan tolmagan. Aktyor ijodi psixologiyasi tinimsiz о‘rganishgan va tabiat qonuniga asoslangan ta’limotga tayanib talabalar bilan jо‘shqin ijod qilishganliklarining guvohimiz.
G.A.Tovstonogov “Hamkasblar bilan suhbat” kitobida “Xatti-harakat tahlili” jarayonida aniq va lо‘nda atamalarni qо‘llash zarurligini takror va takror ta’kidlab о‘tadi. A.O.Katsman о‘z ma’ruzalarida G.A.Tovstonogov bilan har besh yilda, ta’lim berish uslubini qayta kо‘rib chiqishlarini, olib borilgan mashg‘ulotlar natijasini tanqidiy muhokama qilgan holda, uni yana ham chuqurlashtirishga harakat qilganliklarini bir necha bor ta’kidlab о‘tgan edi. Ulug‘ ustozlar о‘z uslublari va “xatti - harakat tahlili” tо‘g‘risidagi ta’limotlarini qotib qolgan aqidaga aylanib qolishidan hamisha xavotirda bо‘lganlar. Shuning uchun G.A.Tovstonogov kitobi bilan taqqoslaganda “Yakuniy voqea” hamda “Bosh voqea” tushunchalari tо‘g‘risidagi ayrim yondoshuvlar turlicha bо‘lishi ham mumkin. О‘z uslubini takmillashtirish jarayonida G.A.Tovstonogov tomonidan “Bosh voqea” hamda “Yakuniy voqea” belgilashda ishlatilgan atamalarning farqi nimada? “Hamkasblar bilan suhbat” nomli kitobida sujetni yakunlovchi voqeani Tovstonogov “Bosh voqea”, pyesani yakunlovchi voqeani esa “Bosh voqea” deb atagan. Lekin, keyinchalik о‘z nuqtayi nazarini qayta kо‘rib chiqib, chuqurroq tahlil qilib kо‘rar ekan, boshqacharoq xulosaga keladi. Ya’ni, asosiy qahramonlar taqdiri hal bо‘ladigan, sujetni yakunlovchi voqeani (misol uchun Romeo va Julettaning о‘limi) “Yakuniy voqea” deb nomlab, “Bosh voqea” sifatida pyesaning sо‘nggi voqeasini ataydi. Aynan “Bosh voqea”da boshlang‘ich shart-sharoitning (asar negizidagi) taqdiri hal bо‘ladi. Bu shart-sharoit, Ya’ni avtorni bezovtalagan dardi, pyesaning boshidan belgilanib о‘z yechimini oxirgi voqea - “Bosh voqea”da topadi. (Misol uchun “Romeo va Juletta” tragediyasida ikki oila - Montekki va Kapulettilarning “yarashuvi”). Pyesaning “Bosh voqea”sidan asarning mavzusi, g‘oyasi, oliy maqsadi kelib chiqadi. Voqealarning bunday atalishi bizning nazarimizda tо‘g‘riroq va aniqroqdir. Chunki “Bosh” sо‘zi diqqatni bosh masalaga, Ya’ni oliy maqsad va spektakl rejissorlik yechimiga jalb qiladi.
Ushbu masalaning mazmun-mohiyati mazkur kitobning uchinchi bobida atroflicha kо‘rib chiqiladi. Shuningdek “Voqea” - (собитие) va “Fakt”-(dalil) - tushunchalari ham mazkur bobda о‘z in’ikosini topadi. Tovstonogov kitobida bu atamalar о‘rtasida deyarli farq yо‘q. Voqea ham, fakt ham pyesa va spektaklga yangi shart-sharoit olib kiradi. Biroq Katsmanning oxirgi xulosasiga kо‘ra “voqea”ning о‘zgarishi yetakchi berilgan shart-sharoit va xatti-harakat о‘zgarishi bilan bog‘liq. Shunchaki “fakt” esa personaj holati va hissiyotlariga ta’sir qilishi mumkin, ammo maqsad va xatti-harakatini о‘zgartirmaydi.
Mazkur kitobda keltirilgan tushuncha va atamalar eng sо‘ngilari bо‘lib, bizning nazarimizda eng tо‘g‘ri hamdir. Ijodda uslub va uslubiyat jonli jarayon ekanligini, doimo rivojlanish va takomillashuvdan tо‘xtamaganligini eslatib, A.O.Katsman hayotligi vaqtida bu jarayonlarga nuqta qо‘yib, kitob shaklida matbuotda e’lon qilmagan (xuddi Stanislavskiyga о‘xshab). Bu dramatik holat bizning ham vazifamizni yanada murakkablashtiradi. Pedagogika - jonli ijodiy jarayon, uni bir qolipga solib darslik yaratish о‘ta murakkab vazifa. Har bir san’atkor, xoh u rejissor, xoh aktyor bо‘lsin о‘z yо‘lini о‘zi egallagan ilm va bilimini ishga solib qidiradi.
Ustozlarning g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish shogirdlar zimmasidagi sharafli yukdir. Mazkur uslubiyat kitob muallifi tomonidan kо‘p yillik pedagogik hamda teatrdagi faoliyati davomida takror va takror sinovdan о‘tkazilgan bо‘lib, amaliy mashg‘ulotlar jarayonida о‘z ijobiy natijalarini kо‘rsatgan.
Tayanch iboralar: kompozitsion qurilma; harakat keltirib chiqaruvchi hodisalar; xatti- arakat tahlili; jismoniy harakatlar uslubi; aktyorning tabiiy ijod qilish qonuniyatlari; parcha va mayda hodisalar; vazifalar; jismoniy va ruhiy harakatlar; “xatti-harakat tahlili”; “jismoniy harakat uslubi”; kechinma san’at; voqealar tizimi; voqea va faktlarga munosabat; mavzu; g‘oya; berilgan shart-sharoitni saralash; asarning oliy maqsadi; loyiha - (sxema); boshlang‘ich voqea; yakuniy voqea; tо‘qnashuvga olib kelgan hodisa.
Savollar:
Xatti - harakat tahlili nima?
K.S.Stanislavskiy bо‘yicha tahlil.
Pyesa va rolning xatti-harakat tahlili tо‘g‘risida M.O.Knebel ta’limoti.
B.Zaxavaning “Aktyorlik mahorati va rejisssura” kitobida rejissorlik tahlilga qо‘yilgan talablar.
A.M.Polamishev xatti-harakat tahlilining о‘ziga xos jihatlari.
Xatti-harakat tahlilining G.A.Tovstonogov ta’limotidagi о‘ziga xosliklari.
A.O.Katsman va uning pedagogik faoliyati.
G.A.Tovstonogov va uning rejissorlik pedagogikasi xususidagi qarashlari tо‘g‘risida I.B.Malochevskayaning fikrlari.
О‘zbekistonda zamonaviy rejissuraning muammolari.
О‘zbekistonda kinorejissuraning bugungi muammolari.
1.2. San’atning jamiyatdagi о‘rni
San’atning о‘zi nima? Haqiqiy san’at, eng avvalo insonning-insoniylik qiyofasini shakllantiradi. Insonni tuban fikrlardan yiroqlashtirib, yuksaklikka kо‘taradi, hamdard bо‘lishga da’vat etadi. San’at inson ruhiyatini poklaydi. Uning tarbiyaviy ahamiyatini hech narsaga tenglashtirib bо‘lmaydi. Madaniyat va san’at insonni hayvondan ajratib turuvchi chegara. San’at - ma’naviy ijodiyotdir.
San’at - insondagi eng yuksak badiiy ehtiyojni hamda uning tug‘ma - hissiy, ma’naviy, estetik, mafkuraviy ehtiyojlarni qondiradi. Badiiy timsollar orqali omma ongiga ta’sir о‘tkazadi, inson dunyoqarashini shakllantiradi, ma’naviy qiyofasiga ta’sir etuvchi vosita bо‘lib xizmat qiladi. Ommaning ongiga badiiy timsollar orqali ta’sir о‘tkazish, shaxsni yuksak kamolot darajasida tarbiyalab uni shakllantirishga xizmat qiladi.
I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” kitobida san’atning millat madaniyati va ma’naviyatiga qо‘shayotgan ulushi, shaxsning kamolotga erishishida, uni har tomonlama rivojlanishi, mushtarak tarbiyasida о‘rni beqiyosligi haqida yozadilar.
Ammo shunday fiklar ham mavjud, unga kо‘ra san’at tо‘g‘ridan -tо‘g‘ri shaxs ruhiyatiga ta’sir kо‘rsatmaydi, ma’naviy dunyoqarashini shakllantirmaydi. Bizning fikrimizcha, haqiqiy san’at, agar inson unga talpinib yashasa, sekin-asta kishining dunyoqarashini о‘zgartiradi. Uning ongiga ta’sir kо‘rsatish orqali fikrlash darajasini, hissiyotini, turish-turmushini, hatto tashqi kо‘rinishini ham о‘zgartirishi mumkin. Bu fikr san’atning barcha sohalariga - musiqa, teatr, tasviriy san’at, haykaltaroshlik, arxitektura va sо‘zsiz adabiyotga ham taalluqlidir. San’atning insonni hayratga solib lol qoldiradigan kuchini, ta’sirini о‘z hayotimda bir necha bor о‘zimda sezganman. Fikrlar quruq sо‘z bо‘lib qolmasligi uchun hayotiy misollar keltiraman.
1965-yili Hamza nomli (hozirgi Milliy Akademik teatr) teatrda unutilmas voqea sodir bо‘lgan edi. Iste’dodli rejissor va mohir pedagog Toshxо‘ja Xо‘jayev yapon dramaturgi Marimoto Kaoruning “Bir ayolning hayoti” - (Жизнь женщины), nomli pyesasi asosida rejissor о‘z talqinidan kelib chiqib “О‘g‘irlangan umr” deb nomlangan spektaklni sahnalashtiradi. Mazkur spektakl, men uchun, rejissorlik va aktyorlik mahoratining badiiy g‘oyani ideal tarzda о‘zida mujassamlashtira olgan badiiy mukamallik namunasi edi. О‘z hayotim davomida meni hayajonga solgan о‘nlab spektallarni tomosha qilganman. Ular orasida Piter Shtayn, G.A.Tovstonogov, L. Dodin, M.Zaxarov, Y.Lubimov, A.Goncharov R.Sturua kabi rejissorlarning spektakllari bor edi. Bu spektakllar, san’atning boshqa turlari: musiqa, tasviriy san’at, kino san’ati qatorida mening dunyoqarashimga ta’sir etibgina qolmay, ma’naviy estetik jihatdan shakllanishimda katta о‘rin egalladi. Ammo “О‘g‘irlangan umr” spektakli о‘zining aktyorlik ijrosi, rejissorlik yechimi va topilmalari orqali tomoshabin qalbiga kuchli hissiy ta’sir о‘tkazishini, na unga qadar va na undan keyin ham, hech bir spektaklda kuzatgan emasman. Ehtimol hayotimda ilk bora jonli teatr bilan yuzma-yuz tо‘qnashganim uchun menda shunday taassurot paydo bо‘lgandir. Mana oradan qariyib ellik yil о‘tgan bо‘lishiga qaramay о‘sha kо‘rgan mizansahnalar, musiqiy ohanglar, ijrochilarning tovushlari, aktyorlarning beqiyos ijrolari tasavvurimda hamon yaqqol kо‘rinib turibdi.
Afsonaviy darajadagi mazkur buyuk spektaklning ta’sir kuchi nimada? Avvalo spektakldagi barcha unsurlarning badiiy yaxlitligidan, deb tushinaman. Va eng muhimi aktyorlarning kishi tug‘yonlarini junbushga keltiradigan darajadagi ijrosi. Balki buni “ijro” deb ham bо‘lmas, aksincha aktyorlarning sahnada timsol ruhiyati bilan yashashi, nafas olishi, harakat qilishidadir. Key obrazi, О‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva ijodiy biografiyasining gultoji desam mubolag‘a bо‘lmas. Shu rol orqali Yayra Abdullayeva О‘zbek teatri tarixida о‘chmas iz qoldirdi. О‘zbek aktyorlarining his-hayajon bilan tо‘lib toshgan ijrosi Ovrupo aktyorlarining tabiatidagi ratsional, mulohazali ijrosidan farq qiladi.
О‘zbek aktyorlari hayajonga beriluvchan, hissiyotlar bilan tо‘yingan bо‘lib, ehtiroslarning jо‘shqinligi, har bir fikrni yurakdan - yurakka о‘tqazadigan ta’sir kuchiga ega. Abror Hidoyatovning mumtoz ijrosi bunga yorqin misoldir. Biroq rejissorsiz, uning aniq kо‘rsatmalari va iste’dodisiz shakl va mazmunan yetuk obrazlar yaratish mumkin emas. Toshxо‘ja Xо‘jayevning “О‘g‘irlangan umr” spektaklida teatrning barcha ta’sirchan vositalari hamda unsurlarning uyg‘unlashuvi natijasida yuksak badiiylikka erishilgan, unitilmas poetik obrazlar yaratilgan. Spektakl chuqur falsafiy mazmun, gо‘zal va aniq shaklga bо‘ysundirilgan. О‘sha mashhur asar sababli men teatr san’ati naqadar kuchli ta’sir kuchiga ega ekanligi, kishini larzaga keltiradigan tuyg‘ularni uyg‘otishi mumkinligi, inson ongi va shuuriga hech bir о‘lchamga sig‘maydigan ta’sir kuchiga ega ekanligiga amin bо‘ldim. О‘rni kelganda shuni ham aytish joizki, Toshxо‘ja Xо‘jayev bilan G.Tovstonogov hamfikr bо‘lganlar va ularning spektakldagi badiiy yaxlitlikka erishish uslubiyatlari hamohang edi.
Afsuslar bо‘lsinki, hozirgi bozor iqtisodiyoti davrida teatr hamda kino san’ati, asosan keng ommaning ma’lum darajada maishiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. Bunday san’at sо‘zsiz yuksak ma’naviy ehtiyojlardan tobora uzoqlashib bormoqda. О‘z vaqtida Toshxо‘ja Xо‘jayev tor ma’nodagi maishiy mavzulardan teatr san’atini forig‘ qilishga, hamfikr ijodiy jamoa yaratish yо‘lida ozmuncha kuch sarflamagan edi. “U yaratgan har bir spektaklda insonning ma’naviy qiyofasi, uning jamiyat va о‘z oldidagi burchi, insoniyat oldidagi mas’uliyati haqida chuqur falsafiy fikrlar bilan yо‘g‘irilgan bо‘lib, bu fikr butun spektakl davomida qizil ip kesimida о‘tar edi.”14 Har bir ijodkor, xalqning kundalik maishiy doiradagi ehtiyojlarini qoniqtirishga xizmat qilishni maqsad qilib emas, uning kelajagi, ma’naviyati uchun asarlar yaratishni diqqat markazida tutishi kerak.
Iste’dod – sirli jozibadir. Ijodkor badiiy obrazlar orqali ijod qiladi, ular vositasida omma ongiga ta’sir kо‘rsatadi. Insoniyat esa mudom badiiy obrazlar sir-asrorini anglashga intilib keladi.
Badiiy obraz - estetikaning asosiy tushunchalaridan biri. U faqat badiiy san’atga xos yо‘llar bilan borliqni aks ettiradi va qayta shakllatira oladi. Shuningdek, muallif о‘z asarida ijodiy yondoshib qayta gavdlanantirgan biron-bir hodisa - obrazdir. Badiiy obraz nafaqat borliqni aks ettiradi, shu bilan birga eng avvalo borliqni umumlashtiradi, alohidalikda ham umumiylikni aks ettiradi. Badiiy obrazning о‘ziga xos tomonlari - faqat borliqni tafakkur qilibgina qolmay, о‘ylab chiqarilgan yangi dunyoni kashf qidadi. О‘z tasavvuri, uydirmasi mutaxayyalasi (fantaziya) orqali aniq voqelik va borliqni qaytadan barpo qiladi. Aniq sо‘zlar, ranglar, tovushlar yordamida ijodkor bus-butun asar yaratadi. Tо‘qima - umumlashtirma obrazning qiymatini oshiradi. Aristotelning “Poetika” asarida obraz - trop asl, tabiiy narsani aksi sifatida emas, о‘zgartirilgan - noaniq, bо‘rttirilgan, kichraytirilgan narsani ifodalash orqali namoyon bо‘ladi. Har qanday obraz - ong e’tiboriga tushgan ichki dunyodir. Mana shu obrazsiz na tabiiylikning aksi, na tasavvur, na anglashlik va na ijod bо‘lishi mumkin emas. Obraz hissiy yoki aql- idrokka asoslangan shaklga ega bо‘lishi mumkin. Obraz inson tomonidan tо‘qib chiqarilgan yoki faktlarga asoslangan ijod: - fotosurat (hujjatli film, rasm) shaklida bо‘lishi mumkin. Badiiy obraz yaxlit yoki uning qismlari shaklida taqdim etilishi mumkin. U inson ongi va hissiyotlariga kuchli ta’sir kо‘rsatishi mumkin. Badiiy obraz ijodkorni qiziqtirgan masalalariga javob bо‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi-yangi savollarni о‘rtaga tashlaydi. Lо‘nda javob yо‘qligi, uning mubhamligi obrazning tabiatiga kо‘ra botiniy - subyektiv sifatidir. U keng kо‘lamli mazmunni ifoda qilishi mumkin, sо‘ngi javob orqali sо‘ngsizlikni ifoda etishi mumkin. U garchand bir nechta unsurlardangina barpo qilingan bо‘lishiga qaramay, yaxlit bir buyum, fikr kо‘rinishiga ega bо‘ladi. Obraz ishoralar (eskiz) orqali, yoki yakunlangan holda ifodalanishi mumkin.
Badiiy obraz о‘ta murakkab tafakkur bо‘lib, о‘zigagina xos xususiyatni hamda umumiylikni aks ettirishi mumkin.
Badiiy obrazlarni bir - biriga taqqoslash orqali quyidagicha xulosa yasash mumkin:
1. Badiiy timsolning birinchi tarkibiy qismi. Badiiy asarning mohiyati oliy maqsaddir - badiiy asar yaratilishiga turtki bо‘lgan ijodkorning dardi, hissiy sezgisi. “Jim tura olmayman!” degan ichki kuch asarning tub ma’nosini anglatishga xizmat qiladi. Ijodkor his qilish orqali ta’sir о‘tkazadi, Ya’ni fikrni, asar ma’nosini о‘z hissiyotlari orqali ifoda etadi. Ijodkor jamiyatdagi og‘riq nuqtalarni sezishi, ularga befarq bo‘lmaganligi sababli boshqalardan ajralib turadi. Ijodkorga ta’sir etmaydigan hodisotlar tо‘g‘risida gapirishning hojati yо‘q. “Ehtirosli tо‘lqinida olg‘a surilgan timsoliy g‘oya xotirada uzoq saqlanib qoladi”,- degan edi P.Simonov.15
2. Tо‘qima - badiiy timsol yaratishning ikkinchi qonunidir. Ya’ni haqiqiy hayot va unga bо‘lgan munosabat orqali shu hayotni tо‘qimalar bilan boyitish, asliga nisbatan boshqacha shakl berish, xotiraga о‘rnashib qolgan voqea, hodisaning davomini о‘ylab topish hamda uni badiiy asarga aylantirishdan iborat. Hatto sevgi ham tasavvur orqali tо‘qilib boyitiladi. Ijodkor - eng avvalo tо‘qib chiqaruvchidir, qisman “yolg‘onchi, uydirmachi, avrovchi” hamdir. Ijodda tasavvur - buyuk kuchdir!
3. Tо‘qib chiqarilgan haqiqat mantiqiy bо‘lishi kerak. U turli-tuman: ijtimoiy, hayotiy, falsafiy, teatrlashgan va h.k. bо‘lishi mumkin. Lekin u badiiy haqiqat qonuniyatiga sо‘zsiz bо‘ysinishi shart.
Tо‘qima, vaziyatni keskinlashtiradi, fikrni, g‘oyani tiniqlashtiradi.
Demak: badiiy timsol hissiyotlar bilan yо‘g‘irilgan uchta tarkibiy qismiga bog‘liq. Ma’no - tо‘qima - haqiqat + hissiyot = timsol mohiyatini tashkil etadi. Ta’sirchanlik esa mazkur tarqibiy qismlarning uyg‘unlashuvi natijasidir.
Har bir ijodkorni tarbiyalashda asosiy e’tiborni oliy maqsadga va mahoratini oshirishiga qaratish kerak. San’atlarning о‘ziga xos xususiyatlari foydalanadigan vositalar orqali belgilanadi: sо‘z, nafis harakatlar, shakl, ranglar.
Tayanch iboralar: san’at - ma’naviy ijodiyotdir; insondagi tug‘ma extiyojlari; san’at turlari va ularga xos vositalar;badiiy timsol; oliy maqsad; badiiy tо‘qima; badiiy haqiqat; vaziyatni keskinlashtirish; ijodkorning oliy maqsadi; ijodkorning mahorati.
Savollar:
San’at nimadir? Uning vazifasi nimadan iborat?
San’at turlari.
San’at turlarining о‘ziga xos xususiyatlari.
Badiiy timsol nima?
Badiiy timsolning uch tarkibiy qismi.
Do'stlaringiz bilan baham: |