a) hodisalarning ularga xos bo‘lgan ziddiyatlar vujudga kelishi, o‘zaro ta’sirga kirishishi va yechilishiga muvofiq rivojlanishidan iborat bo‘lgan ob’ektiv jarayon;
b) tabiat, jamiyat va tafakkurning harakat va rivojlanish universal qonunlari haqidagi falsafiy konsepsiya; dunyoni bilish va o‘zgartirish metodi. Uning tizimiga kiruvchi rivojlanishning umumiy qonunlarini bilish o‘tmishni anglab etish, hozirgi dunyoda yuz berayotgan jarayonlarni to‘g‘ri tushunish va kelajakni bashorat qilish imkonini beradi.
Noklassik dialektika. So‘nggi yillarda ayrim tadqiqotchilar Gegel dialektikasi va materialistik dialektikani klassik dialektika sifatida tavsiflab, dialektikaning to‘rtinchi, noklassik shaklini ham farqlamoqdalar. Hozirgi zamon G‘arb falsafasida dialektikaning ko‘rsatilgan shaklining eng muhim elementlari falsafiy mushohada yuritishning unga xos bo‘lgan germenevtik usulida namoyon bo‘lmoqda. Ammo bu yerda dialektik metod avvalo mazmunni talqin qilish vositasida aniqlash uchun (P.Riker), shuningdek anglab yetilayotgan ob’ektni situtativ tahlil qilish uchun qo‘llaniladi. Ammo XX asrda dialektikaning bir qancha noklassik konsepsiyalari vujudga keldi. Ularning qatoriga quyidagilar kiradi:
a) «fojeiy dialektika». Uning muallifi fransuz faylasufi Raymon Aron (1905-1983) hozirgi zamon dialektikasini tahlil qilib, hozirgi davr jamiyati taraqqiyotdan insoniyat manfaatlarida foydalanishga qodir emas, degan xulosaga keladi;
b) «dialektik teologiya» yoki «inqiroz teologiyasi». ( shveysariyalik protestant teologi va faylasufi Karl Bart (1886-1968) va nemis-amerika xristian teologi Maul Tillix (1886-1965)). Bu kreatsionistik ta’limot dunyoning rivojlanishi zamirida bu dunyoni qandaydir g‘ayritabiiy qurilish materiali – materiyadan yaratgan ilohiy substansiya yotadi, degan g‘oyaga asoslanadi. Shu sababli dunyo «Xudo kabi boqiy» emas, uning boshi va oxiri bor. Ammo bu yaratilgan dunyo Xudo bilan biron-bir umumiy jihatga ega emas, degan ma’noni anglatmaydi. Ularning o‘rtasida muayyan o‘xshashlik mavjud bo‘lib, u pirovard, yaratilgan narsalarning rivojlanish yo‘llarini tushunib etish imkonini beradi;
v) «salbiy dialektika». (Teodor Adorno1903-1969 va Jan Pol Sartr 1905-1980). T.Adorno – nemis faylasufi, sotsiologi, Frankfurt maktabining vakili, ko‘p sonli falsafiy asarlar, shu jumladan «Salbiy dialektika» (1966) kitobining muallifi. J.P.Sartr – fransuz faylasufi va yozuvchisi, ateistik ekzistensializm vakili. U falsafa muammolariga bag‘ishlangan bir qancha asarlar, shu jumladan «Dialektik aql tanqidi» (1960) kitobining muallifi. Uning talqinida dialektika ikki shaklda – «tanqidiy» va «dogmatik» shakllarda mavjud bo‘lishi mumkin. Birinchisi «salbiy dialektika»dir.
«Salbiy dialektika» bir yoqlama, sub’ektiv konsepsiya bo‘lib, u inkorni mutlaqlashtirishdan, butun borliqning umumiy buzilishidan, yalpi krititsizmdan, har qanday ijobiylikni rad etishdan, o‘zini o‘zi inkor qilishdan kelib chiqadi va shu bois metafizika chegarasidan chetga chiqmaydi. «Salbiy dialektika» - bu, mohiyat e’tibori bilan, aksildialektikadir.
Dialektikaning muqobillari. Odatda rivojlanishning dialektikaga zid bo‘lgan yoki unga o‘xshamaydigan konsepsiyalari, bilish metodlari, dunyoni ma’naviy o‘zlashtirish usullari, ya’ni dialektikadan farq qiluvchi dunyoqarashga doir va metodologik mo‘ljallar nazarda tutiladi. Dialektikaning shunday muqobillaridan biri metafizika, sofistika, eklektika, sinergetika metodlaridir (ular haqidagi ma’lumot “Metod va metodologiya: asosiy tushunchalar” mavzusida berilgan).
Umumiy o‘zaro aloqa va rivojlanishning dialektik tamoyillari. Har qanday konsepsiyaning mazmunini yoritishda uning tamoyillarini tahlil qilish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Dialektika ham bundan mustasno emas. Tamoyillar nima?
Do'stlaringiz bilan baham: |