Liberal uslub. Odatda bu uslub pedagog va talaba munosabtlarining kelishuvchanlikka asoslanishini ta’minlaydigan uslub sifatida e’tirof etiladi. Bu uslubga ko‘ra ish yuritadigan pedagog talabalar tomonidan sodir etilayotgan salbiy holatlarga ham e’tibor bermaslikka intiladi. Talabalarni tartibga chaqirish, vaziyatdan kelib chiqqan holda ularning faoliyatini to‘g‘ri baholab, jazolash zarur bo‘lgan vaziyatlarda ham indamaslikni odat qilib oladi. Bu esa talabalarning odobsiz, yalqov, mas’uliyatsiz bo‘lishlariga olib keladi. Liberal uslubni ma’qul ko‘radigan pedagog talabalar hayoti bilan mutlaqo qiziqmaydi, ularning faoliyatlariga aralashmaydi, hal qiluvchi vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qiladi. Ayrim holatlarda bir-biriga zid bo‘lgan fikrlarni ham birdek ma’qullaydi. Bu tahlitda ish ko‘radigan pedagog obro‘ga ega bo‘lmaydi. Chunki unga ishonish mumkin emas.
Pedagogik faoliyatni tashkil etishda pedagogning nafaqat o‘zi, balki uning
ijobiy ta’siri asosida talabalar ham muloqot madaniyatini o‘zlashtirib borishlari lozim.
Ta’lim amaliyoti pedagogik muloqot jarayonida pedagoglar tomonidan quyidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishidan dalolat beradi: ehtiyotsizlik, shaxsiyatparastlik, suhbatdoshni ortiqcha majburlash; sustkashlik, o‘zini juda yuqori yoki past qo‘yish; haddan tashqari jonbozlik ko‘rsatish.
Pedagog talabalarga samarali kommunikativ ta’sir ko‘rsatish malakalarini o‘zlashtira olishi zarur.
Mahoratli pedagog faoliyatida pedagogik takt ham o‘ziga xos o‘rin tutadi:
Pedagogik takt pedagog faoliyatiga g‘oyaviy va amaliy jihatdan bir- biriga mos keladigan pedagogik axloqning bevosita tatbiq etishning shakli sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘z mohiyatiga ko‘ra pedagogik takt ijodiy izlanishni talab etadigan amaliy harakatdir.
Pedagogga xos bo‘lgan pedagog taktning asosiy tarkibiy elementlari sifatida quyidagilarni e’tirof etish mumkin:
shaxsga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
yuksak talabchanlik;
suhbatdoshni qiziqish bilan tinglay olish va unga nisbatan qayg‘urish malakasi;
ruhiy barqarorlik, dadillik va og‘ir vazminlik;
munosabatlar jarayonida ishonch bilan so‘zlay olish;
qat’iyatlilik (qaysarlik emas);
talabalarga nisbatan e’tiborli va xushyor bo‘lish
Talabalarga pedagogik mahorat asoslariga doir bilimlarni berishda ularda pedagogik taktning quyidagi elementlarini tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir:
- talaba shaxsini hurmat qilish va unga nisbatan talabchanlik;
turli faoliyat bo‘yicha talabalarda mustaqillikni rivojlantirish va ularning ishlariga oqilona pedagogik rahbarlik qilish;
talabaning ruhiy holatiga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, unga nisbatan yuksak idrok bilan izchil talablar qo‘yish;
talabalarga ishonish va ularning faoliyatini nazorat qilib borish;
ular bilan muloqotni tashkil etishda o‘zini oqlagan ishchan va hissiy xarakterga ega munosabatlarni qo‘shib olib borish
Pedagogning pedagogik taktga egaligi uning yurish-turishi, vazminligi, o‘zini tuta bilishida namoyon bo‘ladi. Ushbu sifat talabaga ishonch bilan qarashni nazarda tutadi. Talabaga ishonchsizlik bilan qarash pedagogning pedagogik taktga ega emasligini ifodalaydi. Har qanday pedagogik nizo yoki ziddiyatlarning asosida pedagogning pedagogik taktga ega emasligi yotadi. Har qanday qo‘pollik, kesatiq va koyishlar, talabalarni doimiy ravishda tanqid qilish, ularga ishonchsizlik bildirish pedagogik nizolarni keltirib chiqaradi. Pedagogik takt, shuningdek, pedagogning talaba javobini diqqat bilan tinglashida, javobning mazmuniga alohida e’tibor qaratishida, bordi-yu, talaba xatoga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, uni bosiqlik, vazminlik bilan to‘g‘rilashda, talaba faoliyatini haqqoniy, oqilona baholashda, qo‘yilgan bahoning mohiyatini izohlashda namoyon bo‘ladi. Bu jarayonda javob berayotgan talabaga jilmayish, turli imo-ishoralar bilan, boshni qimirlatish, yuz ifodalari, qo‘l harakatlari bilan uning javoblarini ma’qullab turish pedagogik faoliyat samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Mahoratli pedagog talabalar faoliyatini baholashda ehtiyotkor bo‘lishi lozim. Zero, noto‘g‘ri qo‘yilgan baho talaba shaxsiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qolmay, balki uning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndiradi. Bunda:
Talabaga amaliy yondashish (“Talaba bo‘lgandan keyin o‘qib kelish kerak-da” tarzida emas), balki unga shaxs sifatida munosabatda bo‘lish (“Talabam, eng avvalo, shaxs, bola, so‘ngra esa talaba. Men unga qo‘yadigan baho uning bilimi o‘lchovi emas, balki mening unga nisbatan insoniy
munosabatimdir” tarzida yondashish).
Har bir baho talabani kelajakka ishonch ruhida tarbiyalashi zarur; u talabaning mehnatini rag‘batlantirishi, biroq, uning dangasaligi va qobiliyatsizligi uchun jazo vositasi bo‘lmasligi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |