Hisobga olinadigan qo’shilgan qiymat solig’i summasini aniqlashning tanlangan usuli kalendarg’ yil mobaynida o’zgartirilishi mumkin emas.
Mutanosib usul qo’llanilganda hisobga olinadigan QQS summasi soliq solinadigan oborotning umumiy oborot summasidagi ulushidan kelib chiqib aniqlanadi.
Alohida-alohida usul qo’llanilganda QQS to’lovchi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan oborot maqsadlarida foydalanish uchun olingan tovarlar yuzasidan xarajatlar hamda qo’shilgan qiymat solig’i summalari bo’yicha alohida-alohida hisob yuritadi. Bunda alohida-alohida hisobni yuritish imkoni bo’lmagan umumiy xarajatlar bo’yicha xarajatlarni taqsimlash mutanosib usulda amalga oshiriladi.
Hisobga olish mexanizmi qanday amalga oshiriladi?
Keling bu mexanizm amalda qo’llanilishini ishlab chiqarish tarmog’i misolida ko’raylik. Sir emas, bugungi kunda ishlab chiqarish bu murakkab jarayonlarni qamrab oluvchi soha hisoblanadi. Xom ashyo tayyor mahsulot ko’rinishiga kelgunga qadar bir necha qayta ishlovlardan o’tadi.
Masalan, yengilsanoat sohasida, paxta tolasi biz har zamon kiyadigan oddiy ko’ylak holatiga kelish uchun avval kalava ipga aylanadi, so’ng, kalava ipdan mato to’qiladi, so’ng mato bichilib, undan ko’ylak tikiladi.
Demak mazkur jarayonda paxtani qayta ishlash korxonasi paxta tolasini kalava ip ishlab chiqaradigan korxonaga sotadi, kalava ip ishlab chiqaradigan korxona o’z mahsulotini to’qimachi korxonaga sotadi, to’qimachi korxona esa ishlab chiqargan matosini mazkur zanjirdagi oxirgi bo’g’ini hisoblangan ko’ylak tikuvchi korxonaga sotadi.
Misol uchun, paxtani qayta ishlash korxonasi paxta tolasini (120 so’mga, shu jumladan 20 so’m QQS bilan) kalava ip ishlab chiqaradigan korxonaga sotadi.
Kalava ip ishlab chiqaradigan korxona paxta tolasidan kalava ipni ishlab chiqaradi va unga 50 so’mlik xarajatlari hamda ustamasini qo’shib 20% QQS hisoblagan holda to’qimachi korxonaga jami 180 so’mga (shundan QQS summasi 30 so’m) realizatsiya qiladi. Bunda, kalava ip ishlab chiqaradigan korxona paxtani qayta ishlash korxonasiga to’lab bergan 20 so’mlik QQS summasini kalava ip tannarxiga obormasdan hisobga oladi.
To’qimachi korxona kalava ipdan mato to’qiydi va unga 50 so’mlik xarajatlari hamda ustamani qo’shib 20 % QQS hisoblagan holda ko’ylak tikuvchi korxonaga jami 240 so’mga (shundan QQS summasi 40 so’m) realizatsiya qiladi. Bunda, kalava ip ishlab chiqaradigan korxonaga to’lab berilgan 30 so’m QQS summasi mato tannarxiga obormasdan hisobga oladi.
Ko’ylak tikuvchi korxona matodan ko’ylak tikadi va unga 50 so’mlik xarajatlari hamda ustamasini qo’shib 20 % QQS hisoblagan holda oxirgi istehmolchiga jami 300 so’mga (shundan QQS summasi 50 so’m) realizatsiya qiladi. Bunda, to’qimachi korxonaga to’lab berilgan 40 so’m QQS summasi ko’ylak tannarxiga obormasdan hisobga oladi.
Demak QQSni hisobga olish orqali byudjetga jami 50 so’m QQS to’lanadi, shundan paxtani qayta ishlash korxonasi – 20 so’m, kalava ip ishlab chiqaradigan korxona – 10 so’m (30 so’m – 20 so’m), to’qimachi korxona – 10 so’m (40 so’m – 30 so’m) va ko’ylak tikuvchi korxona – 10 so’m to’laydi (50 so’m – 40 so’m).
Endi esa, shu korxonalarning biri QQS to’lovchisi hisoblanmasa o’rtadagi zanjir uziladi va hisobga olinadigan QQS summasi “yo’qolib qoladi”. Natijada ohirgi mahsulotning, yahni ko’ylakning narxi oshib ketadi.
Misol uchun, biz ko’rib chiqqan zanjirda mato to’qiydigan korxona QQS to’lovchisi hisoblanmasin.
Bunda, to’qimachi korxona olgan kalava ip uchun to’lab berilgan 170 so’mni (QQS hisobga olingan holda) jami xarajatlariga qo’shadi va tashkil topgan qiymatga (170 so’m plyus 50 so’m boshqa xarajat va ustamasi, jami 220 so’m) 20 foiz QQS hisoblab, ko’ylak tikuvchi korxonaga jami 264 so’mga (shundan QQS summasi 44 so’m) realizatsiya qiladi.
Ko’ylak tikuvchi korxona matodan ko’ylak tikadi va unga 50 so’mlik xarajatlari hamda ustamasini qo’shib 20 foiz QQS hisoblagan holda oxirgi istehmolchiga jami 324 so’mga (shundan QQS summasi 54 so’m) realizatsiya qiladi. Bunda, to’qimachi korxonaga to’lab berilgan 44 so’m QQS summasi ko’ylak tannarxiga obormasdan hisobga oladi.
Bundan ko’rib turibdiki, yuqoridagi ishlab chiqarish zanjirida atigi bitta bo’g’ini uzilishi yakuniy tayyor mahsulot hisoblangan ko’ylakni oxirgi istehmolchiga sotish narxini 24 so’mga o’sishiga olib kelmoqda.
Aslida esa, ishlab chiqarish tarmog’ida bunday bo’g’inlar soni va bo’g’inlarning uzilishi holatlari biz ko’rib chiqqan misolga nisbatan ancha ko’proq uchrashi mumkin. Bu esa mahsulotning tannarxi oshishiga hamda korxonaning foydasi kamayishiga olib kelishi muqarrardir.
Qo’shilgan qiymat solig’ini to’lovchisiga aylanib, Siz respublika iqtisodiyotida kuchli kooperatsiya, oshkora tadbirkorlik faoliyati va davlat byudjeti barqarorligiga katta hissangizni qo’shgan bo’lasiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |