SINFDAN TASHQARI O`QISH JARAYONIDA PIRLS XALQARO BAHOLASH DASTURIGA TAYYORLASH YO`NALISHLARI
Atayeva Baxrinisa Abduvaxidovna
Sirdaryo viloyat XTXQTMOHM katta o`qituvchisi.
+99897245 68 06
Raxmonova Dinara Bakidjanovna
Oqoltin tumani 8-aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab boshlang`ich sinf o`qituvchisi
+99897327 85 25
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-son Farmoniga ko`ra “O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030- yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasi”da xalq ta’limi tizimida o`quvchilarning bilim darajasini baholashda ta’lim sifatini baholash bo`yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar)da O`zbekiston Respublikasining doimiy ishtiroki ta’minlanishi ta’kidlab o`tilgan.
Shunga ko`ra PIRLS tadqiqotlari doirasida turli ta'lim tizimiga ega bo`lgan davlatlarning 4-sinf bituvchilarining o`qish sifati va o`qilgan matnni tushunish darajasi o`rganiladi. Bu tadqiqotlarga 4-sinf o`quvchilarining tanlanishi shu bilan e'tiborliki, aynan o`qishning to`rtinchi yilida o`quvchilar o`qishning yuqori darajasiga ega bo`lishi, ularning keyingi ta'limda bilimni egallash qobiliyatini shakllantirish va shu orqali hozirgi zamonga muvaffaqiyatli moslashuviga yordam beradi. Bunga tayyorlash jarayonida sinfdan tashqari o`qish darslari muhim o`rin tutadi. Sinfdan tashqari o`qish o`quv dasturi bilan chambarchas bog`liq bo`lib, unda ko`zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi. Buning uchun o`quvchilarda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalash, ularni oddiy kitobxondan ijodkor kitobxon darajasiga ko`tarish talab etiladi. Bolalarda kitob ustida ishlash malakasini shakllantirish ularda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashning muhim omilidir.
Sinfdan tashqari o`qish mashg`ulotlari ikki haftada bir marta o`tkaziladi va o`qish uchun ajratilgan soatlardan foydalaniladi. Badiiy-adabiy asarlar mustaqil ravishda va izchil o`qib borilsa, o`quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga, shakllantirishga xizmat qiladi.
Sinfdan tashqari o`qish tanish bo`lmagan muallifning kitoblari, muqovasi, titul varag`i, kirish so`zi, mundarijasi va rasmlariga qarab asarning taqvimiy mazmunini aniqlash vazifasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bolalarga ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat uyg`otish, bog`lanishli nutqini o`stirish, adabiy-estetik tafakkurini yuksaltirish o`qish darslarining tub mohiyatini tashkil etadi.
Sinfdan tashqari o`qish bosqichlari, dastur talablari, tarbiyaviy vazifalari o`quvchilarning qiziqishlari bilan belgilanadi. Masalan, tayyorlov bosqichida kichik hajmdagi asarni o`qituvchi o`qib bersa, o`qilganlar yuzasidan suhbat, qayta hikoyalash o`tkazilsa, boshlang`ich bosqichda butun sinf o`quvchilari bir xil kitob bilan ta'minlanadi, barcha o`quvchilar bitta matn ustida ishlaydilar. Bunda bitta yozuvchi yoki bir mavzudagi asarlar ko`rgazmasi tashkil qilinadi. Asar ichda o`qishga topshirilishi, albomlar tayyorlanishi, kinofilm va diafilmlardan parchalar ko`rsatilishi, musiqiy daqiqalar o`tkazilish hamda asar mazmuni yuzasidan ijodiy rasmlar chizdirilishi ham mumkin. Bu jarayonda kitobni saqlash maqsadida uni yamash, o`rash o`rgatiladi, “Ertaklar bayrami”, “Ifodali o`qish tanlovi” o`tkaziladi. Asosiy bosqich yakunida kichik yoshdagi o`quvchilar faol kitobxon uchun zarur bo`lgan yaxshi o`qish ko`nikma va malakalarini egallashlari, eng muhimi, ularning kitob hamda mustaqil o`qishni yaxshi ko`rishlariga erishish juda muhimdir.
1. Kitobni targ`ib qilish. Sinfdan tashqari o`qishga tavsiya qilinadigan asarlar ro`yxati sinfga yoki maktabning maxsus joyiga osib qo`yiladi, ular vaqti-vaqti bilan yangilab turiladi, to`ldiriladi, ko`rgazmalar tashkil qilinadi. O`qituvchi maxsus suhbatlar uyushtiradi.
2. Yakka tartibdagi yordam va kundalik tekshiruv. O`quvchilarning o`qigan kitoblari yuzasidan suhbat uyushtiriladi, o`qilgan kitoblar hisobga olinadi. Shaxsiy fikrlar aniqlanadi, uy kutubxonalari bilan tanishiladi, ota-onalar bilan suhbat o`tkaziladi.
3. Sinfdan tashqari o`qish yuzasidan ommaviy ishlar. Adabiy ertaklar, viktorinalar, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, adabiy ekskursiyalar uyushtiriladi, ular uchun maxsus tayyorgarlik ko`riladi.
4. Kutubxonaga yozilish. 1-sinf o`quvchilari o`qituvchining tavsiyasi bilan kutubxonaga a'zo bo`ladi. Bu jarayonda o`qituvchi va kutubxonachi hamkorlikda ish olib borishi maqsadga muvofiq bo`ladi.
5. O`quvchilarning o`qiganlarini hisobga olish. Bunda ularning kitobxonlik kundaligidan foydalaniladi. 1-sinf o`quvchilari 2-yarim yillikdan boshlab kitobxonlik kundaligiga yozuvchining ismi, familiyasi va kitob nomini, 2-sinfda esa unga nashr etilgan joyi va yilini qo`shib yozadilar. 3-4-sinflarda o`qigan kitobining qisqacha mazmunini yozib, unga taqriz va o`z mulohazalarini ham qo`shishlari mumkin.
PIRLSga tayyorlash jarayonida matnni tushunishning har bir darajasida o`quvchilardan talab etilayotgan xususiyatlarni shakllantirishda sinfdan tashqari o`qish darslarida badiiy matnlarni o`qish jarayonida, o`quvchi:
Muallifning umumiy g`oyasini tushunish uchun matnning tafsilotlarini bog`lash;
Qahramonlarning his-tuyg`ularini, niyatlarini, maqsadlarini va xarakter xususiyatlarini tushunish uchun voqe'alar va harakatlarni sharhlay olish ko`nikmalari mavjud bo`ladi;
Matnni turli qismlarida yashiringan tafsilotlar mazmunini aniqlash;
Qahramonlarning harakatlarini aniq talqin qilish va oddiy tushuntirish bera olish;
Matndan aniq ta'riflangan tafsilotni topish;
Xulosa qilib shuna aytishimiz mumkinki, PIRLS xalqaro baholash dasturiga tayyorlashda sinfdan tashqari o`qish darslarida o`quvchilarning qiziqish va ularni yosh xususiyatiga mos asarlar ustida topshiriqlar tayyorlash maqsadga muofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |