tibbiy-profilaktika xizmatlaridan foydalanish va sog‘liqqa xavf soluvchi vositalardan, shu jumladan ilmiy tajribalar qo‘llanilishidan himoyalanish;
o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirish chog‘ida tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam va axborot olish;
yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish.
Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning o‘z reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bog‘liq axborotni sir saqlashi shart.
11-modda. Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash
Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
o‘zining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya to‘g‘risida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;
reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni ta’minlash;
reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.
Ayol bepushtlikdan davolanish, reproduktiv salomatligini homilador bo‘lguniga qadar, homiladorlik davrida, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda saqlash hamda davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega.
Homiladorlik davridagi tibbiy aralashuv er va xotinning yozma roziligi bilan, er bo‘lmagan taqdirda ayolning o‘z roziligi yoki ota-onasining roziligi yoxud u voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Tibbiy aralashuvni rad etish fakti ehtimoldagi oqibatlar ko‘rsatilgan holda tibbiy hujjatlarda qayd etiladi va homilador ayol tomonidan, buning imkoni bo‘lmagan taqdirda uning eri yoki qarindoshlari tomonidan yozma tarzda, tibbiy aralashuvni rad etish haqida yozma javob olishning imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, shifokorlar konsiliumining xulosasi bilan tasdiqlanadi.
Ayol homiladorlikka, uni sun’iy ravishda to‘xtatishga va kontratsepsiyaga majbur qilinishi mumkin emas.