Mariyam Sultonmurodova 1905-yilning 13-fevralida Xivada "Yosh
Xivaliklar" harakatining faol ishtirokchilaridan bo'lgan ma'rifatparvar
Mulla Jumaniyoz oilasida dunyoga kelgan. Mariyam Urganch va To'rtko'ldagi yangi usul tatar maktablarida o'qigan, keyinchalik, 1919yilda Toshkentdagi o'qituvchilar tayyorlovchi tatar Maorif institutida o'qiy boshlagan. 1920-1921-yillarda Orenburgga borib, tatar pedagogika institutida ham tahsil olgan. 1922-yilda Toshkentga qaytgan Mariyamni Turkiston Respublikasi rahbarlari bir guruh mahalliy yoshlar qatorida "Endi bizning oldimizda Yevropa fan va texnikasini o'zlashtirish hamda ulardan o'zib ketish vazifasi turibdi" degan aqida bilan Germaniyaga o'qishga yuboradilar. U Germaniyada 1922-yildan 1928-yilgacha: 1923yildan 1924-yilgacha Berlinda 6 oylik nemis tili kursida, 1924-yildan 1926yilgacha Darmshtadt shahridagi pedagogika maktabida o'qituvchilar seminariysida tahsil oladi va 1926-yildan 1928-yilgacha, ya'ni, Toshkentga qaytib kelguniga qadar Berlinda xizmat qildi. U SSSR ga qaytgach, Toshkentdagi Eski shahar kechki Kommunistik universitetining o'quv-bo'limi mudiri, so'ng 1935-yildan "Guliston" jurnalida Sobira Xoldorova, Tojixon Shodiyeva, Saodat Shamsiyev kabi o'sha davrning ilg'or xotin-qiz jurnalistlari bilan birga ishlaydi. Matbuot sahifalarida rus va nemis klassik adabiyotining buyuk siymolari A.S.Pushkin va I.V.Gyotelar haqida maqolalar e'lon qiladi. Mariyam Sultonmurodovani Toshkentga qaytgan paytlarida Englyand ismli professor orqali josuslik ishlari olib borganlikda (unga nisbatan soxta guvohlik bergan shaxs bilan yuzlashtirish iltimosi rad etilgan), Parijda bo'lgan vaqtlarida Mustafo Cho'qayev bilan aloqada bo'lganlikda, "Yangi turmush" jurnalida ishlab turib, aksilinqilobiy millatchilik yo'lini o'tkazganlikda, xullas, uyushgan jinoyatchilikda (bu faoliyatga doir biror-bir fakt ham keltirilmagan) aybladilar. Vaholanki, u Germaniyaga o'qishga ketgan vaqtida endigina 17 yoshga kirgan, O'rta Osiyodagi aksilinqilobiy faoliyat haqida hech qanday ma'lumotga ham ega emasdi. "Nohotki, men sayohat vaqtimdagi har bir tasodifiy uchrashgan odam uchun javob berishim kerak bo'lsa?!", - deb ta'kidalydi u. 1937-yillarda "Yorqin turmush" nomida chop etilgan oynomaning birinchi muharriri Tojixon Shodiyeva va undan keyingi muharrirlardan Sobira Xoldorova va adabiy xodima Mariyam Sultonmurodova "xalq dushmani" sifatida turli muddatlarga qamoq jazosiga mahkum etilib, Sibirning turli lagerlarida qamoq muddatini o'tab qaytdilar. Mariyam Sultonmurodova 1937-yil 15-sentabra xibsga olindi va Toshkent turmasiga qamaldi. Bu paytda u 32 yoshda bo'lib, ikki farzandi: 7 yoshli o'g'li Po'lat va Anor ismli emizikli qizi bo'lgan. U 1937yil sentabrdan to 1939-yilgacha avval Toshkent, Qozon va Suzdal qamoqxonalarida, so'ng uzoq Kolimanning qahraton sovuqlari ostidagi "Dalstroy"ga surgun qilinadi. Bu yerda 1947-yil 13-sentabrgacha ishlab, keyinchalik oqlansa-da, oradan ikki yil o'tar-o'tmas yana qamaladi va surgun qilinadi. Omon ismli o'g'li so'nggi yillarda turmada tug'ilib, o'sha yerda o'sgan. Qizi Anorxon 1954-yilda ToshMI tomonidan "Malik" sovxozida paxta terimida yurgan paytda, Maryam Sultonmurodova so'nggi surgundan oqlanib, qizini izlab paxta dalasiga keladi. O'sha paytda sanitariya-gigiyena bo'limi rahbarlari Anorxonni tuhmat bilan 1015 yil qamoqda bo'lib qaytgan onasi bilan birga bir-ikki kunga uyiga borib kelishiga ham ruxsat berishmaydi. Ertasi kuni Mariyam Sultonmurodova Urganchga yo'l oldi va umrining oxiriga qadar o'zi tug'ilgan Urganch shahar, Chandir qiyot qishlog'ida o'zi sevgan matbuotchilik sohasidan tamomila uzoq bo'lgan boshqa bir sohada ishlashga majbur bo'ldi. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining adliya polkovnigi Lixachev raisligidagi hay'ati 1957-yil 2-avgustdagi majlisida "Yorqin turmush" jurnalining sobiq adabiy xodimi Mariyam Sultonmurodova ishi qayta ko'rilib, uning oqlanganligini e'lon qiladi. Harbiy kollegiya qarorida shunday deyiladi: "SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining 1938-yil 9-oktabrda chiqargan hukmi va SSSR DAM Alohida Majlisining 1949-yil 3-avgustda Sultonmurodova Maryam masalasida chiqargan qarori yangi ochilgan tafsilotlar tufayli bekor qilinsin va bu haqdagi ish jinoyat tarkibi bo'lmagani uchun tegishli imzolar bilan ishlab chiqarishdan to'xtatilsin. Asliga to'g'ri: Harbiy Kollegiya zobiti Artishchenko 10.09.1957-yil."1 Umuman olganda, 1937-1939-yillarda O’zbekistonda to’qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo’yicha 41000 nafardan ortiq kishi xibsga olinib, ulardan
37000 nafardan ortig’i jazolangan, 6920 nafari esa otib tashlangan.1
Do'stlaringiz bilan baham: |