Xayriniso Majidxonova 1905-yil Toshkentda, ma'rifatparvar oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Majidxon XX asr boshlarida Moskva, Peterburg kabi shaharlarda bo'lib qaytgan, o'z davrining ilg'or fikrlari bilan "changlangan"i uchun qizlariga zamonaviy ta'lim berishga, turli tillarni o'rganishiga harakat qilgan. Shuning uchun ham mutaassiblar bu shaxsga "Majid o'ris", "Majid kofir" deb laqab berganlar, qizlarining yuzlarini ochib, o'qib yurishlarini qoralaganlar. Xayriniso shunday bir vaziyatda yashab, mahallasidagi o'qimishli tatar, rus, nemis qizlari bilan dugona bo'lib o'sdi. U opasi bilan birga Munavvar Qori, Saodat Yenikyeva kabi o'z davrining ilg'or ziyolilaridan saboq oldi. 1922-yil oxirida bir guruh o'g'il-qizlar qatorida Turkistondan Germaniyaga o'qishga yuboriladi. U 1924-1926-yillarda Mariyam Sultonmurodova bilan birgalikda Darmshtadt shahrida o'qituvchilar seminariysida, tibbiyot kurslarida o'qib, nemis tili va adabiyotini o'rgana boshladi. 1927-yil yozda, ta'til vaqtida Xayriniso va Mariyam Parijga qilgan sayohatlari vaqtida tasodifan ushbu shaharda yashab turgan buxorolik Ahmad Naim va Turkiston muvaqqat hukumatining sobiq raisi Mustafo Cho'qayevlar bilan uchrashib qoladilar. Germaniyada 6 yil ta'lim olgan Xayriniso 1928-yilda O'zbekistonga qaytib keldi va 1937-yil 13-sentabrga qadar Kasaba uyushmalari Markaziy qo'mitasi xodimlari hamda jumhuriyat boshlang'ich va o'rta ta'lim o'qituvchilarining dam olish uyida shifokor bo'lib ishlaydi. Yevropa tibbiyoti yutuqlari bo'yicha egallagan bilimlari unga bu ishda qo'l keldi. Xayriniso 1937-yil 13-sentabrda qamoqqa olindi va unga "1922-1928-yillarda Germaniyadagi "Turkiston" aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a'zosi bo'lgan, 1928-yilda uning topshirig'i bilan SSSR ga josus bo'lib kelgan, SSSR dagi o'sha "Turkiston" tashkiloti a'zolari bilan aloqada bo'lgan", - degan aybalar qo'yilgan. O'sha kuni otasi yashaydigan xonadonda tintuv o'tkazilib, Xayrinisoning pasporti, Germaniyaning 100 markali tangasi, o'sha yerdan kelgan 112 ta maktub, 4 ta yozishma, 5 ta yon daftar va 3 ta kitob olib ketildi. 1937-yil 22dekabrda bo'lgan so'roqda "Siz o'z aybingizni bo'yningizga olasizmi?"- degan savolga javoban Xayriniso barcha ayblarning asossizligi va bularni mutlaqo tan olmasligini ta'kidlagan:
"Men o'z aybimni faqat quyidagilarda, deb bilaman:
1922-1928-yillarda Germaniyada o'qigan vaqtlarimda aksilinqilobchi
Mustafo Cho'qayev va Zakiy Validiylar aksilsho'roviy nutqlar so'zlagan
Turkiston talabalarining uchta yig'ilishida qatnashganman;
Germaniyada bo'lgan paytimizda 1927-yili dugonam Mariyam Sultonmurodova bilan birga Parijga borganmiz; aksilinqilobchi M.Cho'qayev va A.Naimlar bilan bir necha bor uchrashganmiz;
s) SSSR ga qaytganimdan keyin, 1931-1932-yillarda O'zbekiston O'rta Osiyo tibbiyot institutida ilmiy xodim sifatida ishlagan Germaniya fuqarosi professor Englyand bilan munosabatda bo'ldim. Uning xonasiga kirib turganimga sabab men unga o'zbek tilidan dars berar, o'zim esa undan nemis jonli so'zlashuv tilini o'rganar edim". Masala shunday ravshan bo'lganiga qaramasdan, tergov bir yildan ortiq davom etdi va SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining Alekseyev boshchiligidagi sayyor guruhi 1938-yil 9-oktabrda Xayriniso Majidxonovani O'zSSR Jinoyat Majmuasining 62, 64 va 67-moddalari bo'yicha aybdor deb hisoblab, oliy jazo - otuvga hukm qiladi va hukm shu kini ijro etiladi. Mustaqillik yillarida, aniqrog'i 1999-yil 7-oktabrda Xayriniso Majidxonova O'zbekiston Respublikasining Oliy Sudi tomonidan oqlandi.1
Do'stlaringiz bilan baham: |