Dar orzui ro’i tu budam hama umr,
Umram hama raftu orzui tu naraft.
Tarjimasi:
Bu banda dimog’idan ketmadi xushbo’y hiding,
Ko’z o’ngumdan esa ketmadi xushro’y yuzing,
Umrim bo’yi istagim go’zal yuzing edi,
Umrim tugamoqdayu tuganmas orzuyi yuzing.
Ruboiyda sadoqat, e’tiqodda mustahkam turish mazmuni ifodalangan.
Xojaning juda oz o’rganilgan asari «Maqsad ul-atvor» (So’fiylar maqsadi) dostonidir. Xoja haqidagi ilmiy adabiyotlarda, keyingi yillarda topilganligi uchun, bu asarga munosabat bildirilmagan. Doston Nizomiy Ganjaviiyning «Maxzan ul-asror», Amir Xusrav Dexlaviyning «Matla’ ul-anvor», Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror dostonlariga nazira tariqasida yaratilgan. Uning vazni xuddi shu dostonlar vaznidek sare’ bahri bo’lib, shoir o’z fikr-mulohazalarini muftailun muftailun foilun va muftailun muftailun foilon qoliplariga solib aytgan.
«Maqsad ul-atvor» odatdagidek hamdu na’tlar bilan boshlanadi. Keyin o’z mamduhi Jonibek Sulton ta’rifi, unga nasihatnomalar berilgan. Boshqa maqolalarda ham ma’viza tarzida Jonibekxonga murojaat uchrab turadi. Jonibek Sulton Xojag’um bin Abdulxayrxonning o’g’li bo’lib, Shayboniyxonning amakivachchasidir. U 1529 yili vafot etgan. Farg’ona, Karmanada hokimlik qilgan. Uni Jonibek Odil deb ham aytganlar. Xoja unga sen, ba’zan siz deb murojaat etadi.
Oting erur Jonibek, ey Shahriyor,
Xon ila Xoqonsanu ham Shahriyor…
Bor bu kun bandada bir arzi hol,
Arz qilay gar sanga bo’lmas malol…
Er yuzini tutdi zalolat bu dam,
Elga kerak bo’ldi adolat bu dam,
Zulm-u sitam tushti bu olam aro,
Oning uchun arz qilurman sango,
baytlarda shoir asarni yozishdan maqsadini bayon qilgan. Zamonada fisq-u fasod, zulm-u sitam avj olganini, shuning uchun:
Din tilabon uyu elimni yiqib,
Sanga yetishdim vatanimdin chiqib.
Ushbu tiriklikni g’animat tuting,
Yaxshi kishilar bila suhbat tuting, -
deb «necha vaqtdan beri» Shayboniylar orasidan bir «shahi sohibqiron» qidirib yurgani va oxir Jonibekni shunday hukmdor bilib, uning huzuriga kelganini bayon qiladi. Unga to’rt xislatga: adolat, bahodirlik, ilm, taqvo-yu tariqatga asoslanishni maslahat beradi. Bu esa Yusuf Xos Xojibning «Qutadg’u bilig» asaridagi Kuntug’di, Oyto’ldi, O‘zg’urmish va O’gdulmish sifatlariga o’xshab ketadi. Asar maqolalar, ma’vizalar, tamsillar, hikmatlar va tanbehlardan iborat qilib tuzilgan. Shoir «kitob nazmining sababi» bobida Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Hotifiy va Alisher Navoiylardan madad olgani, ularning himmati bilan shu asarni yozganini bayon qilib, yana Jonibekxon madhiga o’tadi.
Men ki maqolat ila tuzdim kalom,
Bu shahi din vasfida qildim tamom,
Berdim oning vasfida tartib oni.
Qildim oning otig’a taqrib oni.
«Maqsad ul-atvor» qo’yub otini,
Shuhrai shahr ettim aning zotini.
Xoja o’ziga to’xtalar ekan, turli ishu tashvishlar bilan doimo band ekanligini, ammo hech vaqt molu mulkka hirs qo’ymaganini alohida qayta-qayta ta’kidlaydi. Aftidan, bunda u o’zi mansub bo’lgan tariqatning ba’zi namoyandalarini nazarda tutgan.
Manda agar bor edi ashg’ol ko’b
Shukrki, yo’q erdi mango mol ko’b.
Dunyo ilan yo’q edi bir zarra zavq.
Mol ila ham yo’q edi hech zavqu shavq.
Dostonning «so’fiylar bobida kim, zohirlarin zarqu riyo birla tuzub, botinlarin nifoq birla buzub, … riyo luqmasidin qorinlarin to’q qilib, haqiqatdin xabarlari yo’q» deb sharhlangan o’ninchi tanbehida Alisher Navoiyning «Riyoyi xirqapo’shlar» haqidagi maqolotidan ta’sirlangan. Bunda «so’zi lofu, o’zi gazof», «qo’liga bir kambag’al tushsa, uni oyoq ostiga olib haqorat qiladigan», «harom bilan to’ldirish uchun engini keng qilib olgan» so’fiylar haqida gap boradi.
Kunki chiqar shayxsanu muqtado,
Do'stlaringiz bilan baham: |