Маъруза матнлари.
1-MAVZU. Musiqa san’atining tarbiyaviy ahamiyati.
Reja: 1.O’zbek xalq musiqa pedagogikasida ta’lim-tarbiya uslubiyotlari.
2. Respublika umumta’lim maktablarida musiqa ta’lim-
tarbiyasi Kontseptsiyasining qabul qilinishi va ahamiyati.
3. Kontseptsiya tuzilishi, uning boblari xususida.
O’zbek musiqa madaniyati qadimiy va boy merosga ega. Uning mazmunida xalqimizning milliy ruxiyati, oliy insoniy fazilatlari, badiiy ma’naviyati, istiqlol va mustaqillik uchun kurashi hamda orzu-umidlari yorqin ifodasini topadi. Shuningdek o’zbek musiqasi ta’lim-tarbiyasi uslubiyotiga doir mukammal maktablar shakllangan. Milliy an’anaviy musiqa pedagogikasida quyidagi musiqa ta’lim-tarbiyasi uslubiyotlari mavjud:
1. Ommaviy xalq musiqa pedagogikasi. Bu xalqning kundalik hayotida, oilaviy marosim, mexnat jarayoni va boshqalarda o’z ifodasini topib, tabiiy ravishda va beixtiyor amalga oshirilib boriladi. To’y-hashamlarda, ta’ziyalarda musiqaning ommaviy janrlari yakka va jamoaviy tarzda ijro etiladi. Shu jarayonda yangi kuy hamda qo’shiqlar vujudga keladi. Bu esa xalqning badiiy musiqiy rivojida, musiqa merosimizni boyitishda, ayniqsa yosh avlodni axloqiy-badiiy tarbiyalashda bebaho omil hisoblanadi.
2. Kasbiy musiqa ta’limi uslubiyoti mukammal maktabga ega. Uning amaliyotida ta’limning ilmiyligi, davomiyligi va izchilligi mantiqan bog’langan. Ta’lim mazmuni kasb fazilati va nafosati hamda sharqona axloqiy tarbiya tufayli boydir. Bunda ustoz-shogird amaliyotida ustozni tajribada ega ekanligi ayniqsa, mohir ijrochiligi va ma’naviy boyligi muhim rol o’ynaydi. Yosh san’atkorlar yillar davomida musiqani nazariy va amaliy mukammal o’rgangandan so’nggina xalq xizmatiga bel bog’lashga, ustozlar oq fotihasini olganlar. Kasbiy musiqa ustozligida mohir ijrochilar- cholg’uchilar-xalfalar, dostonxonlar va maqomchilar uetishib chiqadi. Ayni holda ularning ko’pchiligi bastakorlik ilmidan ham saboq olib, musiqa merosimizni boyitib kelmoqdalar.
Xalq va kasbiy musiqa pedagogikasi amaliy o’zaro bog’liq bo’lib, bir-birini boyituvchidir.
3. Milliy musulmon maktablari va madrasalarida musiqa falsafa ilohiyot va adabiyot ta’limi bilan uygun tarzda bog’lanib o’qitiladi. Bu ko’proq savod chiqarish va Qur’oni Karim suralarini qiroat qilish jarayonida yakka, guruhli va jamoaviy talaffuz ifodaliligi va musiqiy ohangdorligi ( aniq-burroligi, mantiqiyligi, tovush hosil qilish va ovoz maromlari, nafas tartiblari v.b.) ustida muayyan usullarni qo’llab ish olib boriladi.
Adabiyot fanini o’qitilishi ham san’at sifatida azaldan musiqa bilan uzviy bog’langan. Bunda she’riyat va musiqa vaznlari aruz o’lchovlari asosida mushtarak o’rganilgan. Shu bois ko’pchilik adiblar va olimlar musiqa ilmining rivojiga salmoqli ulush qo’shganlar. Madrasalardagi o’ziga xos badiiy ta’lim musiqa merosimizning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan. Bu ko’proq so’fiylar ta’limoti ta’sirida maqomlar hamda darvishlar, zikrchilar va qalandarchilikning musiqiy-badiiy mazmunida falsafiy g’oyalarning rivojlanishi uchun muhim rol o’ynagan.
Sho’ro davrida O’zbekiston maktablarida musiqa san’ati fan sifatida o’qitilganligi, ijobiy hol bo’lgan, albatta. Bunda muayyan tajribalarga, maxsus kadrlar tayyorlashga erishildi. Ammo bu tadbirlar yosh avlodning musiqa madaniyatini tarkib toptirishiga uetarli darajada qodir bo’lolmadi. Bunda quyidagi muammolar sabab bo’ldi:
-
Musiqa o’qitish nazariyoti va amaliyoti mazmuni va uslubiyoti tor kommunistik g’oyaviylik qolipidagi Rusiya maktablari dasturlari va o’qitish uslubiyotiga asoslanganligi, milliy musiqa pedagogikasi bilan uzviy bog’lanmaganligi;
-
Musiqa predmetiga ikkinchi darajali fan sifatida qaralib, unga oz o’quv soati ajratilganligi, zaruriy shart-sharoitlar yaratilmaganligi hamda uslubiy va moddiy ta’minotning zaifligi;
-
Musiqadan iqtisodli va iqtisodiy cheklangan bolalarning bir qolip, bir sharoitda o’qitilishi, qobiliyatli bolalar va o’quvchilar iqtidorini rivojlantirish uchun bog’cha va maktablarda zaruriy shart-sharoitlar yaratilmaganligi, qobiliyatli bolalar uchun turli tipdagi maxsus musiqa va san’at maktablarining kamligi;
-
bolalar musiqa folklori deyarli tadqiq etilmaganligi, to’planmaganligi hamda nashr etilmaganligi, milliy bolalar cholg’u asboblari yaratilmaganligi;
-
kompozitor va bastakorlarimiz asosan bolalar qo’shiqlari yaratish bilan kifoyalanib, kichik va syujetli cholg’u hamda musiqa sahna asarlari esa deyarli yaratilmaganligi;
-
musiqadan kam va sifatsiz o’qituvchi kadrlar tayyorlanganligi, ularning umumiy hamda milliy musiqadan nazariy va amaliy bilim-malakalarining sayozligi kabilar sabab bo’ldi.
Yuqoridagilarning har biri bugungi kunda dolzarb muammoga aylandi. Bu inqirozli ahvoldan chiqishning yagona va to’g’ri yo’li musiqa ta’lim-tarbiyasini milliy-madaniy an’analar asosida qayta qurishdan, maktablarning moddiy uslubiy ta’minotini yaxshilashdan va ixtisosli kadrlar bilan ta’minlashdan iboratdir. Toki musiqa ta’lim-tarbiyasi «millatni oliy maqsadga chorlovchi, uning vakillari kelajakda ishonch tuyg’usini uyg’otuvchi, yaratuvchilik va bunyodkorlik faoliyatiga ko’maklashuvchi oliy maqsadi – ma’naviy madaniyatimizning yuksalishiga munosib hissa qo’sha olsin».
Musiqa ta’lim-tarbiyasining yangi Kontsepsiyasiga asosan musiqa ta’lim-tarbiyasi maqsadi – yosh avlodni milliy musiqa merosimizga vorislik qilib, umumbashariy musiqa boyligini idrok eta oladigan hamda qadrlaydigan madaniyatli inson darajasida voyaga etkazishdan iboratdir. Buning uchun har bir o’quvchining musiqiy iqtidorini rivojlantirib, musiqa san’atiga mehr va ishtiyoqini oshirish, musiqadan zaruriy bilim, amaliy malakalar doirasini tarkib toptirish, iqtidorli o’quvchilarning musiqiy rivojlanishlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish- maktab musiqa ta’lim-tarbiyasining asosiy vazifasidir.
Mazkur oliy maqsad va vazifani amalga oshirishda «Musiqa» faniga ijtimoiy rivojlantiruvchi omil sifatida qarash, muammolarni hal etishda keng o’qituvchilar ijodiga tayanish, musiqa o’qitish uslubiyotini har tomonlama ilmiy-metodik izlanish natijalari va ilg’or tajribalar asosida takomillashtirish asosiy vazifa hisoblanadi.
Musiqa ta’lim tarbiyasi Kontseptsiyasining 3-bobi «Musiqa ta’lim-tarbiyasida mazmuni, tuzilishi va tabaqalanishi» deb nomlanadi. Musiqa sabog’i tarbiyalovchi, shaxsning badiiy tafakkurini shakllantiruvchi ta’lim sifatida muhimdir. Uning vositasida nafosat hissiyotlarini tarbiyalash bilan birga yosh avlodda oliy insoniy fazilatlarini tarkib toptirish nazarda tutiladi. Bunda milliy va umumbashariy musiqa ta’limshunosligi hamda o’qitish uslubiyotiga tayanish lozim bo’ladi. Musiqa ta’lim va tarbiyasi mazmunida esa milliy musiqa merosimiz asosiy o’rin egallaydi. Milliy musiqamiz qonuniyatlariga qiyoslab qardosh xalqlar va umumbashariy musiqa madaniyati bilan tanishish, ya’ni «ta’limda umuminsoniy va milliy-madaniy qadriyatlarning ustivorligi»ga amal qilish musiqa o’qitishning muhim didaktik yo’nalishi hisoblanadi.
Ta’lim jarayoni ikki shaklda – dars va sinfdan (shuningdek, maktabdan) tashqari musiqiy mashg’ulotlar tarzida amalga oshiriladi. O’qitishning asosiy hamda barcha o’quvchilar uchun zaruriy shakli musiqa darslaridir. SHu bois dars tuzilishlari va o’qitish usullarining xilma-xil shakl turlarini qo’llash va tajriba jarayonida darsning yangi tuzilma, usullarini kashf etish dolzarb masala bo’lib turadi. Bunda milliy va Sharq musiqa ta’limshunosligini o’rganish, undan unumli foydalanish muhim omil hisoblanadi.
Musiqa ta’limi nazariyoti va amaliyoti ilg’or tajribalarga tayanadi, uning mazmuni musiqa san’atining umumiy qonuniyatlariga tayangan va musiqiy-mavzuviy tizim asosida ishlab chiqilgan dasturlar asosida amalga oshiriladi. Unda ta’lim-tarbiya uyg’unligiga amal qilinadi va maktab bitiruvchilarining barcha fanlar qatori musiqa san’ati sohasida ham ijobiy ko’nikmalarni shakllantirib, madaniy hayot uchun zarur bo’ladigan umumiy bilim malakalariga ega bo’lishlari ko’zda tutiladi.
Musiqa ta’lim-tarbiyasi mazmuni quyidagicha tarkib topadi:
Boshlang’ich maktab (I-IY-sinflar). Boshlang’ich maktabda o’quv musiqa madaniyatining asosiy poydevori shakllanadi. Ammo maktabgacha tarbiya inson shaxsi shakllanishining muhim, mas’uliyali davri sifatida mustaqil ahamiyat kasb etadi. Chunki u boshlang’ich ta’limning tayyorgarlik bosqichidir. Shu bois, bolalar bog’chalariga qatnamaydigan bolalar uchun davlat aralash (qisman pulli) hamda xususiy (pulli) shakldagi musiqiy-badiiy tayyorlov guruxlarini ochish (san’at, nutq, axloq, tabiatshunoslik, hisob o’qitish)ga e’tibor kuchaytiriladi.
Boshlang’ich maktab musiqa darslarida bolalarning aqliy rivojlanishlari me’yoriga mos oddiy musiqiy bilim, tushuncha va malakalar tarkib toptiriladi.
Musiqani tinglash, qo’shiq kuylash, oddiy cholg’ularda chalish orqali badiiy idrok etish, musiqadan olgan taassurotlari, bilganlari haqida gapirib berish, asarni badiiy baholash, musiqa ijodkorligi malaka-ko’nikmalarini rivojlantirish amaliyotlari vositasida o’quvchilarda musiqaga havas va badiiy ehtiyoj uygotiladi.
Musiqa darslari maktabda teng huquqli fan hisoblanib, haftada ikki soatdan o’qitiladi, maktab o’quv rejalari va dasturlariga yozma ishlar, reyting hamda muqarrar va ixtiyoriy imtihonlar joriy etiladi.
Iqtidorli va ishtiyoqmand o’quvchilar badiiy ehtiyojlariga qarab fakultativ darslar, musiqa to’garaklari va boshqa mashg’ulotlarda badiiy rivojlantiriladi. O’quvchilarni musiqiy rivojlantirish, badiiy ehtiyojini qondirish, iqtidorli o’quvchilarni ijobiy rivojlantirish yo’lida tabaqalashtirib o’qitish uchun zarur imkoniyatlar yaratiladi.
Kontseptsiyada tabaqalashtirib o’qitishning quyidagi shakllari to’g’risida ma’lumot beriladi.
Musiqani chuqur o’rganuvchi maktab (sinflar) ochiladi; iqtidorli bolalar uchun o’quvchilar uylarida turli musiqa to’garaklari va studiyalari hamda bolalar musiqa maktablari tarmoqlari kengaytiriladi; malakali mutaxassis va zaruriy shart-sharoitlar mavjud bo’lgan maktablarda cholg’uchilik, raqs, xonandalik va boshqalardan guruxli hamda yakka darslar, ota-onalar roziligi va maktab pedagogik kengashi qarori bilan yarim pullik yoki to’la pullik yakka hamda guruxli musiqa darslari tashkil etiladi.
Iqtidorli o’quvchilar badiiy ehtiyojlarini qondirish yo’lida izlanishlar olib boriladi, bunda rivojlangan mamlakatlar tajribalari o’rganiladi. Musiqani mufassal o’rganadigan kollejlar va litseylar ochiladi, xususiy san’at maktablari tarmoqlarini rivojlantirishga imkoniyatlar beriladi.
Musiqa o’qitishning barcha shakllariga doir dasturlar ilmiy asosda ishlab chiqiladi va yangi darsliklar, o’quv metodik ko’rgazmali qo’llanmalar yaratiladi. Eng yaxshi dasturlar va darsliklar uchun tanlov e’lon qilinadi.
Kontseptsiyaning 4-bobi «Hozirgi zamon musiqa o’qituvchisi» deb nomlanadi. Unda hozirgi zamon musiqa o’qituvchisi yuksak madaniyatli, o’z kasbiga cheksiz sadoqat, ilg’or pedagogik tafakkur egasi bo’lmog’i lozimligi ta’kidlanadi. U o’zini uzluksiz kasbiy va madaniy rivojlantirish qobiliyatiga ega bo’lishi shartligi, musiqa, nafosat (estetika), pedagogika va psixologiya-fiziologiya fanlaridan, xususan musiqani o’qitish uslubiyotidan kompleks tarzda chuqur bilim hamda malakalar egasi bo’lmog’i darkor. Ayniqsa, musiqa o’qituvchisi ixtisosida zarur me’yorda cholg’uchilik, xonandalik, xor dirijerligi va musiqa nazariyotchiligi sifatlariga ega bo’lmog’i lozimligi ham alohida o’qittiriladi. Zamonaviy musiqa o’qituvchisi milliy musiqa hamda o’zbek adabiy tilini mukammal bilmog’i, umumbashariy musiqa madaniyatidan, kundalik musiqaviy-madaniy hayotdan voqif bo’lishi shart. Musiqa o’qituvchisi pedagogik muloqot egasi bo’lishi, har qanday vaziyatda ham pedagogik ta’sir usullaridan unumli foydalanish qobiliyatiga ega bo’lmog’i lozimligi aytib o’tiladi.
Musiqa o’qituvchisi kasbiy sifatlariga ta’rif berilib, hozirgi musiqa o’qituvchisi ilmiy tafakkur egasi, ilg’or tajribalar shaydosi, izlanuvchan va ijodkor bo’lib, musiqa o’qitishning yangi shakl va usullarini kashf etishga intilmog’i lozimligi bayon etiladi. O’qituvchi musiqa ta’limi va tarbiyasi mazmunini boshqa fanlar mazmuni va kundalik hayot bilan bog’lab, boyitib olib borishi kerakligi haqida ham uqtirib o’tiladi.
Izlanuvchan va ijodkor o’qituvchining ilg’or tajribasi va kashf etgan yangi usullari maktabdagi musiqa ta’lim-tarbiyasini doimo takomillashtirib, rivojlantirishning asosiy tayanchi, ilhom manbai ekanligi, bilimdon va tajribali musiqa o’qituvchisi san’at ziyolisi sifatida maktabda musiqiy-ma’rifiy ishlarning sarkori bo’lishi lozimligi eslatib o’tiladi.
Kontseptsiyaning so’nggi 5-bobi «Musiqa ta’lim-tarbiyasining ilmiy-uslubiy ta’minlanishi»ga bag’ishlanadi.
Unda umumiy ta’lim maktablarida musiqa ta’limi va tarbiyasi mazmuni hamda uslubiyoti milliy musiqa boyligimiz madaniy an’analarimizga tayangan holda ishlab chiqiladi. Bunda qardosh va jahon xalqlarining bu sohadagi ilg’or tajribalari ham hisobga olinishi ta’kidlanadi. Shu asosda yangi o’quv dasturlarining xilma-xilligiga erishilishi aytib o’tiladi. Shuningdek, o’qituvchining ijodkorligi va izlanuvchanligiga keng imkoniyatlar berilishi, ularning tajribalariga tayanib, yangi darsliklar va o’quv qo’llanmalari yaratishlarida, bu ishga bilimdon olimlar, tajribali musiqa muallimlari keng jalb etiladi. Birinchi navbatda ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, bugungi ilmiy ishlaridagi sun’iylik, ilmiy sayozlik, ko’chirmachilik, amaliyotdan uzoqligiga barham berish choralarini ko’rilishi alohida uqtirib o’tiladi. Buning uchun ilmiy pedagogik tadqiqot ishlariga ko’proq tajribakor amaliyotchi o’qituvchilar jalb etilishi, keng sinov amaliyotlaridan hosil bo’lgan puxta nazariyot asosidagina metodik tavsiyalar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi haqida aytib o’tiladi.
Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarida musiqa ta’lim-tarbiyasi Kontseptsiyasining qabul qilinishi muhim madaniy-ma’rifiy ahamiyatga molik masalalardan biridir. Mazkur hujjatda Respublika xalq maorifi tizimida musiqa ta’lim-tarbiyasi ishining rivojlantirish istiqbollari, musiqa madaniyati fanini o’qitishni sifatli bosqichga ko’tarish, musiqa ta’limi maqsad vazifalari asosida ma’rifiy-musiqiy ishlarni tashkil etish, musiqa o’qituvchisi kasbiy tayyorgarligi ishlarini yanada takomillashtirish xususidagi istiqbol yo’nalishlar bayon etib berilgan. Bugungi kunda musiqa madaniyati fani o’qituvchilari, shu soha bo’yicha tayyorlanayotgan bo’lg’usi mutaxassislar albatta, Respublikada musiqa ta’lim-tarbiyasining yangi Kontseptsiyasini qunt bilan o’rganib, unda izohlangan boblarning mohiyatini chuqur tushunib, idrok etib o’zlarining pedagogik faoliyatlarida tadbiq etishlari lozim.
Savollar:
-
Musiqa ta’lim -tarbiya uslubiyotlari haqida ma’lumot.
-
Ommaviy xalq musiqa pedagogikasi .
-
Kasbiy musiqa ta’limi uslubiyoti.
-
Milliy musulmon maktablari va madrasalarida musiqaning falsafa, ilohiyot va adabiyot ta’limi bilan bog’liq holda o’itilishi xususida.
-
Sho’ro davrida musiqa ta’lim-tarbiyasidagi mazmuni haqida tushuncha.
-
Musiqa ta’lim-tarbiyasi Kontseptsiyasiga ta’rif.
-
Boshlang’ich sinflarda musiqa ta’lim-tarbiyasining mazmuni.
-
Musiqa ta’lim-tarbiyasi Kontseptsiyasi boblari xususida.
Mavzu yuzasidan tayanch so’zlar:
Xalqning milliy ruxiyati, kasbiy musiqa ta’limi, aruz o’lchovlari, sufiylar ta’limoti, ijtimoiy rivojlantiruvchi omil, nafosat hissiyotini tarbiyalash, badiiy tafakkur, musiqa san’atining umumiy qonuniyatlari, ta’lim-tarbiya uygunligi, tabaqalashtirib o’qitish, istiqbol yo’nalishlar, ma’rifiy- musiqiy ishlar.
Mavzu yuzasidan adadiyotlar ro’yxati:
-
Umumiy o’rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani bo’yicha sinf dasturi. (1-7 sinflar). – T., 1998.
-
Umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standarti va o’quv dasturi. Musiqa, tasviriy san’at, jismoniy tarbiya. - T., 1999.
-
O’zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarida musiqa ta’lim-tarbiyasi Kontseptsiyasi. «Ma’rifat» gazetasi, 1992, 25-noyabr.
Hasanov A.Sh. Musiqa va tarbiya. - T., 1993.
2-MAVZU. Musiqa o’qitish metodikasi pedagogik
fan sifatida.
Reja : 1. Musiqa o’qitish metodikasi fanining mazmuni va
maqsadi.
2. «Musiqiy ta’lim», «tarbiya metodikasi», «maktab»
tushunchalari ahamiyati.
3. Musiqa o’qitish metodikasining boshqa fanlar
bilan o’zaro bogliqligi.
Mustaqillikka erishilgach, Respublikamizda ma’naviyat va madaniyat masalalariga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Musiqa madaniyati darslarida san’atning bu turi bilan oshno bo’lish maktab o’quvchilarini milliy ruxda tarbiyalashda, ularning dunyoqarashi, ma’naviy ehtiyojlarini shakllantirishda katta imkoniyatlarga ega. Musiqaning keng tarbiyaviy imkoniyatlarini o’qituvchi amaliyotda tadbiq eta olsagina, u bolalarning musiqiy-ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, ularning san’at asarlarini to’gri tushunish va baholay olishga o’rgatishi mumkin. Jamiyat tomonidan maktab oldiga qo’yilayotgan vazifalarni amalga oshirish fan oldida katta mas’uliyatni qo’yadi. Muhim vazifalarni bajarish musiqa tarbiyasini hayot bilan bog’lash, bolalar badiiy qiziqishlarini rivojlantirishni, mashg’ulotlar tarbiyaviy ta’sirini oshirish- musiqa madaniyati fani o’qituvchisidan o’z fanini chuqur bilishni va o’quvchi shaxsiga doimiy e’tibor bilan qarashni taqozo etadi.
Maktabda musiqa o’qitish metodikasi – bo’lg’usi musiqa o’qituvchisi tayyorgarligida muhim ahamiyatga ega fandir. Predmet nomlanishining o’zi uning mazmunini yaqqol izohlab turadi. Ya’ni ushbu fan musiqa vositasida bolalarning tarbiyasini amalga oshirish masalalarini o’rganadi. Musiqa tarbiyasi metodikasini egallash uchun maktab dasturida musiqaning kiritilishi, musiqa san’atining tarbiyaviy imkoniyatlarini tarbiya ob’ekti sifatida zamonaviy o’quvchi shaxsini yaqqol tushunish talab etiladi. Tarbiyaning murakkab va ko’p qirrali vazifalarini hal etish uchun metodika fani o’quv rejalaridagi boshqa ko’pgina fanlardan foydalanadi. Tarixiy-nazariy turkum fanlar o’quvchilarga musiqa san’ati o’ziga xos xususiyatlarini tushunishga, musiqiy obrazlarda hayot voqealarining aks etilishini, musiqa ifoda vositalarini anglashga yordam beradi. Musiqa tarixini bilish, uni rivojlanishining asosiy yo’nalishlarini belgilay olish, bastakorlik ijodiyoti, musiqa merosi xususidagi tushuncha va malakalar- o’quvchilar musiqiy didlarini tarbiyalashga asos bo’lib xizmat qiladi, ularning dunyoqarashlarini kengaytiradi.
Psixologik-pedagogik, metodologik fanlar esa hozirgi davrda maktabga o’qituvchi-tarbiyachiga o’quv-tarbiyaviy jarayonning printsip va shakllari tuzilishini bilishga, turli yoshdagi o’quvchilarning yosh xususiyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo’lishda katta ahamiyat kasb etadi. Bularsiz maktabda musiqa tarbiyasi maqsad, mazmun va tuzilishini tasavvur etib bo’lmaydi. Musiqa o’qitish metodikasi fani yangi o’quv rejasiga asosan III-kursda 5-6 semestr davomida o’qitilib, u 80 soatlik ma’ruzani o’z ichiga oladi. Bu davrda olingan nazariy bilim, malaka va ko’nikmalar keyingi yilda bitiruvchi talabalarning Davlat pedagogik amaliyotida mustahkamlanadi.
Maktabda musiqa ta’lim-tarbiyasi inson ma’naviyatini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Zero, u eng avvalo musiqiy madaniyatlilik darajasini shakllantirishi bilan ahamiyatli. Madaniyat-ma’naviyat ko’rsatgichi sifatida keng qamrovli tushuncha bo’lib, bahs-munozaraga mavzu bo’ladigan muammolardan biridir. Musiqa madaniyatini to’gri yo’lga ko’yilishi tufayli insonda muayyan musiqiy bilim, tushuncha, malaka va ko’nikmalar shakllanib, ular o’z navbatida shaxsning musiqiy –ma’naviy dunyoqarashini tarkib toptiradi. Shaxsning musiqa madaniyati- qobiliyat, bilim, malaka, ko’nikma, musiqiy asarlarini baholay olish singari sifatlar majmuida namoyon bo’ladi, ma’naviy yuksalish omili bo’lib xizmat qiladi. Shu bois, tarbiyaning ushbu turini tarkib toptirishning eng avvalo oiladan boshlamoq maqsadga muvofiqdir. Keyinchalik bu jarayon o’rta maktab, o’quv-tarbiyaning o’rta maxsus va oliy bosqichlarida takomillashtirib boriladi.
Albatta, maktabda musiqani o’qitish metodikasi fani musiqiy madaniyatni tarkib toptirishda asos bo’lib xizmat qiladi. Mazkur kurs bolalar bilan musiqiy ishlar sohasida o’ziga xos tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ham bildiradi. Shu narsa aniqki, mustahkam ilmiy asosga ega, keng amaliyotga qo’llanib, sinab ko’rilgan va shu bilan birgalikda doimo takomillashib boradigan metodikagina samarali hisoblanadi. Demak, musiqani o’qitish metodikasi tor amaliy masalalarni yoritishga qaratilgan u yoki bu aniq o’quv vazifalarni ifodalash bo’yicha tavsiyalarni belgilash bilan chegaralanmaydi. Fanning xususiyatlari va vazifalari uning nomlanishida o’z ifodasini topgandir.
Maktabda musiqa tarbiyasi metodikasi. «Maktabda» atamasi asosida nafaqat yosh avlod haqida fikr borishi ta’kidlanadi, balki umumta’lim maktablarining 7 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan o’quvchilari tushuniladi. Musiqa o’qituvchisi har bir sinf o’quvchilarining o’ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini yaxshi bilmog’i lozim. Fan nomlanishidagi yana bir so’z «musiqa tarbiyasi», ya’ni musiqa vositasidagi tarbiya ham alohida ahamiyatga molik. Musiqachi- pedagogning butun bajariladigan ishi natijasi musiqa san’ati mohiyatini qanday tushunishi, uning xususiyati, mazmuni va tarbiyalovchi imkoniyatlarini anglashi, turli yoshdagi o’quvchilarni ongi hamda hissiyotiga ta’sirini his etishi bilan belgilanadi. Musiqa estetikasi sohasidagi asosiy yo’nalishlar o’qituvchining hamisha diqqat-e’tiborida bo’lishi kerak. Zero, musiqa o’ziga xos mazmun va ifodaga ega. Tasviriy san’at, she’riyat, raqs san’atlari ham hayotni aks ettirishi bilan izohlanadi.
Ma’lumki «metodika»- bu pedagogikaning shunday qismidirki, didaktik printsiplar asosida qanday metod, usul yordamida o’quv-tarbiyaviy jarayon maqsadga muvofiq tarzda amalga oshirilib uning umumiy hamda alohida vazifalari hal etiladi. Masalan, qanday usulda, qaysi yo’l bilan musiqaning tarbiyaviy ta’siriga erishmoq o’quvchilarning qiziqishini uyg’otish, kichik va o’rta sinf o’quvchilarida musiqa tinglashni tashkil etish, o’quvchilarni faol idrok etish malakasiga erishish masalalari hal etiladi. Shuning bilan birga metodika alohida masalalarni ham yoritadi. Masalan, turli o’quvchilar amaliyotida uchraydigan qo’shiq o’rgatish usullari, badiiy ifodali ijro malakalarini tarkib toptirish masalalari va h.k.
Musiqa o’qitish metodikasida tarbiya jarayoni har qanday ijtimoiy faoliyat singari tizimli va ilmiy boshqaruvni talab etishini alohida ta’kidlaydi.
Ta’kidlab o’tilganidek, musiqa o’qitish metodikasi pedagogik fanlar tizimiga kiradi va o’ziga nisbatan mustaqil o’ringa ega. U musiqa tarbiyasining mazmun va metodlarini takomillashtirish maqsadida uning qonuniyatlarini o’rganadi.
Musiqa o’qitish metodikasining mohiyati yosh avlodning tarbiyasida musiqa san’atining muhim roli va ahamiyatini anglatish bilan belgilanadi. Musiqa tarbiyasi metodik fan sifatida rivojlanishi jamiyatning madaniyat, musiqa san’ati, maktablar takomillashuvi bilan bog’liq ekanligini ko’rsatadi.
Musiqa o’qitish metodikasi boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqdir.
Metodika musiqashunoslik bilan bog’liq qaysikim, so’ngi paytlarda musiqa asarlarining tahlil etishni takomillashtirishga yana ham ko’proq e’tibor berilayotganligini ta’kidlash o’rinli. Musiqashunoslik nazariyasi musiqa tarbiyasining mazmun va metodlarining ishlanmalarida bevosita ta’sir ko’rsatadi.
O’zining muammolarini hal etishda metodika psixologiya faniga tayanadi. Masalan: o’quvchilar musiqa idroki rivojlanishini, ularning ijodiy, musiqiy qobiliyatlarini bola ruxiyati qonuniyatlarini bilmay turib anglab bo’lmaydi. Shuningdek metodika o’quvchilarga u yoki bu materialni, uning hajmi, metodlardan foydalanish samaralari masalalarini psixologiya bilan bog’liq holda hal etadi.
O’quvchilarning kuylash malakalarini ularning o’ziga xos ovoz apparati tuzilishi masalalarini o’rganishda metodika fiziologiya sohasidagi tadqiqotlarga tayanadi.
Musiqa o’qitish metodikasi pedagogikaga tayanib tarbiyani ko’pgina omillar bilan bog’liq jarayon, deb qaraydi. Kishining musiqa madaniyati nafaqat maktab ta’sirida shakllanadi, balki unda oila, ommaviy axborot, ijtimoiy munosabatlar tizimi katta rol o’ynaydi. Shu bilan birga tabiiyki, aynan maktab o’quvchilarining musiqiy qiziqish va qobiliyatlarining tarkib topishda, ularda musiqa madaniyati asoslarini shakllanishida maktab hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Musiqa o’qitish metodikasi pedagogikaga, uning metodlar aniqlashiga tayanadi. Metodlar ishlanmasi qo’yidagi muammolar bilan bogliq: ularning musiqa tarbiyasi mazmuni bilan o’zaro bogliqligi, o’quvchilar ijodiy va musiqiy qobiliyatlarining rivojlanishi, musiqiy hotira va ovoz, musiqa idrokining yosh va individual xususiyatlari, o’quvchilar rivojlanishidagi turli musiqiy faoliyatlarning imkoniyatlari va boshqalar. Metodika vazifasiga shuningdek, o’quv-tarbiyaviy jarayonning turli shakllarini takomillashtirish ham kiradi. Jumladan, musiqa darslari, musiqadan fakultativ mashgulotlar, sinfdan va maktabdan tashqari ishlar (to’garaklar, bayramlar, diskoteka va h.k.)
Musiqa o’qitish metodikasi pedagogikaga tayanib tarbiyani ko’pgina omillar bilan bog’liq jarayon deb qaraydi. Kishining musiqa madaniyati nafaqat maktab ta’sirida shakllanadi, balki unda oila, ommaviy axborot, ijtimoiy munosabatlar tizimi katta rol o’ynaydi. Shu bilan birga tabiiyki, aynan maktab o’quvchilarining musiqiy qiziqish va qobiliyatlarining tarkib topishida, ularda musiqa madaniyati asoslarini shakllanishida maktab hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Musiqa o’qitish metodikasi pedagogikaga, uning metodlariga tayanadi. Metodlar ishlanmasi quyidagi muammolar bilan bog’liq: ularning musiqa tarbiyasi mazmuni bilan o’zaro bog’liqligi, o’quvchilar ijodiy va musiqiy qobiliyatlarining rivojlanishi, musiqiy xotira va ovoz, musiqa idrokining yosh hamda individual xususiyatlari rivojlanishidagi turli musiqiy faoliyatlarning imkoniyatlari va boshqalar. Metodika vazifasiga shuningdek, o’quv-tarbiyaviy jarayonning turli shakllarini takomillashtirish ham kiradi. Jumladan, musiqa darslari, musiqadan fakultativ mashg’ulotlar, sinfdan va maktabdan tashqari ishlar (to’garaklar, bayramlar, diskoteka va h.k.)
Xullas, maktabda musiqani o’qitish metodikasi fani o’z mohiyati va mazmuni jihatidan bo’lg’usi musiqa o’qituvchilarini tayyorlash tizimida o’ziga xos o’ringa ega. Musiqa ta’limi yangilanish yo’liga kirayotgan ekan, bu fanning ahamiyati yanada oshib borishi tabiiydir.
Savollar:
-
Maktabda musiqa o’qitish metodikasining fan sifatidagi ahamiyati.
-
Musiqa san’atining o’ziga xos xususiyatlarini tushuntirishda tarixiy nazariy turkum fanlarining ahamiyati.
-
Inson ma’naviyatini shakllantirishda musiqa ta’lim-tarbiyasining roli.
-
Maktabda musiqa tarbiyasi atamasining ta’rifi.
-
Metodika tushunchasiga ta’rif.
-
Musiqa o’qitish metodikasining boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligi.
-
Musiqa o’qitish metodikasining pedagogik metodlariga tayanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |