AQSH ning moliya tizimining tahlili. AQSH moliya tizimining xalqaro maydondagi o`rnini tahlil qilish maqsadida jahon savdo aloqalari tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, I Jahon urushiga qadar xalqaro savdoda oltin standartidan foydalanilgan. Bunga ko`ra har bir davlat valyutasi qat`iy belgilangan kurs bo`yicha oltinga konvertatsiya qilingan, ya`ni biror mamlakat valyutasi boshqa bir mamlakat valyutasiga oltinga solishtirilgan holda fiksirlab qo`yilgan, o`zgarmaydigan kurs bo`yicha almashtirilgan. Bu tizim davlatlarga pul massasini nazorat qilishga yo`l qo`ymas edi, chunki pul massasi oltin qazib olish hajmiga bog`liq bo`lgan. Iqtisodiy yuksalish va pul massasi o`sishi muvofiq nisbatda ushlab turilmaganligi uchun narxlar tusha boshlaydi, deflatsiya vujudga keldi. Buyuk Depressiyaning sodir bo`lishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yangicha tizimni kashf qilishga undadi. Natijada, 1944-yili AQSH da dunyoning yetakchi mamlakatlari o`rtasida Bretton-Vud bitimi imzolandi, Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) tashkil etildi. Xalqaro savdo aloqalarida oltin o`rniga AQSH dollari ishlatila boshlandi, 1 unsiya oltin 35 $ qiymatida fiksirlab qo`yildi. Bu munosabatlarda aynan AQSH dollari tanlanishiga sabab, o`sha davrlarda mamlakat butun jahon oltin hajmining deyarli yarmiga egalik qilar edi. Bundan tashqari, II Jahon urushidan keyin ko`pgina qiyin ahvolga tushib qolgan Yevropa mamlakatlariga AQSH hukumati katta miqdorda qarzlar bera boshladi hamda mamlakatlardan ushbu pullarni AQSH bilan bo`ladigan savdo aloqalarida ishlatishlarini talab qildi(Marshall rejasi). Natijada bir tomondan Bretton-Vud bitimi, ikkinchi tomondan Marshal rejasi AQSH dollarini jahon valyutasi darajasiga olib chiqdi. Biroq Bretton-Vud tizimi 1971-yilgacha amal qildi, AQSH dagi inflatsiya va savdo balansidagi defitsit dollar qiymatiga zarar yetkazdi. Shu sababli AQSH qolgan mamlakatlardan, xususan Germaniya va Yaponiyadan o`z valyuta qiymatlarini dollarga nisbatan oshirishlarini qat`iy talab qildi, lekin ichki valyutaning dollarga nisbatan oshishi mamlakatlar eksport salohiyatini kamaytirib yuborishi sababli, ular bunday talabni amalga oshirishmadi. Bunday o`zgarish fiksirlangan dollardan voz kechilishiga olib keldi, dollar boshqa valyutalarga nisbatan o`zgaruvchan kursga ega bo`ldi. Hozirgi davrda ham aynan shunday o`zgaruvchan kurs amalda bo`lib turibdi, lekin mamlakatlar valyuta intervensiyasi siyosati orqali buni nazorat qilib borishmoqda.
XVF ham AQSH va dunyo moliya tizimida yuqori o`ringa ega. XVF kapitalining katta qismi AQSH tomonidan ta`minlanadi. XVF qiyin iqtisodiy ahvolga tushib qolgan mamlakatlar uchun imtiyozli kreditlar, moliyaviy yordamlar taqdim etadi. Tashkilot tuzilgandan boshlab mamlakatlar savdo balansidagi defitsitlarni yopish, salbiy saldoni qoplash va yanada tezroq sur`atlarda rivojlanish uchun XVF yordamidan foydalana boshlaydilar. Lekin bu miqdorning me`yordan oshib ketishi 90-yillardan boshlab davlatlar tashqi qarzlarining o`sishiga sabab bo`la boshladi. Aynan hozirgi kunlarda ushbu muammo Yevropa davlatlarining haqiqiy bosh o`g`rig`iga aylangan: Gretsiya (142.8%), Italiya (119%), Irlandiya (96.2%), Portugaliya (93%) kabi davlatlarning tashqi qarzlari hajmi allaqachon YaIM hajmiga nisbatan katta miqdorda yiriklashgan.
XULOSA:
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, AQSH o`z iqtisodiyotini butun jahon iqtisodiyoti bilan chambarchas bog`lab qo`ygan. Bunda aynan ko`pgina xalqaro tashkilotlar foydalanayotgan richaglar, xususan moliyaviy richaglar muhim rol o`ynashini ko`rib o`tdik. Xalqaro savdoda dollarni ishlatilishi va ko`pgina davlatlarning oltin-valyuta rezervida katta miqdorda dollarning bo`lishi ular ham dollarning barqarorligi saqlanib qolishidan manfaatdor ekanliklarini ko`rsatadi. Agar AQSH FRS yordamida katta miqdorda pul bosib chiqarib muomalaga qo`yib yuborsa, dollar qadri tushishi evaziga dunyo iqtisodiyoti zarar ko`ra boshlaydi. Shuning uchun ham bunday bir qancha richaglar mavjudligi AQSH ning jahon arenalarida ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan ustunligini ta`minlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |