AQSH va uning xalqaro moliya munosabatlardagi o’rni. 2008-yilgi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi vujudga kelishida AQSH moliya tizimining hissasi ancha yuqori ekanligini aytib o`tish joizdir. Chunki 1933-yilda qabul qilingan Glas-Stigl aktiga ko`ra, AQSH banklari investitsion va tijorat banklariga ajratilgan edi. 1999-yilda bu aktning bekor qilinishi (amalda bu jarayon 80-yillardan boshlangan) yuqoridagi banklar faoliyatini aralashtirib yubordi: Uol-strit (Wall-Street) investitsion banklari tijorat banklari depozitlarini investitsiya qila boshladi. Natijada deyarli hamma mablag` muomalaga jalb qilindi. Ipoteka kreditlarida boshlangan inqiroz banklar depozitida mavjud pulning juda kamligi uchun tezda tarqalib, nafaqat AQSH, balki butun jahon iqtisodining katta yo`qotishlariga sabab bo`ldi.
Moliya tizmini tahlil qilish mobaynida, mamlakat valyutasi tizimini ham ko`rib chiqish maqsadga muvofiq bo`ladi. Mamlakat valyuta tizimi ahamiyati nafaqat AQSH ning o`zida, balki xalqaro maydonda ham beqiyos. Chunki AQSH valyutasi dollarning butun jahon savdo aloqalarida keng qo`llanilishi mamlakatning xalqaro munosabatlarda, xususan xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlardagi o`rnini nihoyatda katta darajaga olib chiqdi. Hozirgi kunda ko`pgina davlatlarning valyuta rezervalaridagi asosiy ulushni AQSH dollari tashkil qilmoqda. Birgina Xitoyning rezervlarida 2.9 trln. $ miqdoridagi mablag` mavjud.
AQSH moliya tizimining xalqaro maydondagi o`rnini tahlil qilish maqsadida jahon savdo aloqalari tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, I Jahon urushiga qadar xalqaro savdoda oltin standartidan foydalanilgan. Bunga ko`ra har bir davlat valyutasi qat`iy belgilangan kurs bo`yicha oltinga konvertatsiya qilingan, ya`ni biror mamlakat valyutasi boshqa bir mamlakat valyutasiga oltinga solishtirilgan holda fiksirlab qo`yilgan, o`zgarmaydigan kurs bo`yicha almashtirilgan. Bu tizim davlatlarga pul massasini nazorat qilishga yo`l qo`ymas edi, chunki pul massasi oltin qazib olish hajmiga bog`liq bo`lgan. Iqtisodiy yuksalish va pul massasi o`sishi muvofiq nisbatda ushlab turilmaganligi uchun narxlar tusha boshlaydi, deflatsiya vujudga keldi. Buyuk Depressiyaning sodir bo`lishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yangicha tizimni kashf qilishga undadi. Natijada, 1944-yili AQSH da dunyoning yetakchi mamlakatlari o`rtasida Bretton-Vud bitimi imzolandi, Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) tashkil etildi. Xalqaro savdo aloqalarida oltin o`rniga AQSH dollari ishlatila boshlandi, 1 unsiya oltin 35 $ qiymatida fiksirlab qo`yildi. Bu munosabatlarda aynan AQSH dollari tanlanishiga sabab, o`sha davrlarda mamlakat butun jahon oltin hajmining deyarli yarmiga egalik qilar edi. Bundan tashqari, II Jahon urushidan keyin ko`pgina qiyin ahvolga tushib qolgan Yevropa mamlakatlariga AQSH hukumati katta miqdorda qarzlar bera boshladi hamda mamlakatlardan ushbu pullarni AQSH bilan bo`ladigan savdo aloqalarida ishlatishlarini talab qildi(Marshall rejasi). Natijada bir tomondan Bretton-Vud bitimi, ikkinchi tomondan Marshal rejasi AQSH dollarini jahon valyutasi darajasiga olib chiqdi. Biroq Bretton-Vud tizimi 1971-yilgacha amal qildi, AQSH dagi inflatsiya va savdo balansidagi defitsit dollar qiymatiga zarar yetkazdi. Shu sababli AQSH qolgan mamlakatlardan, xususan Germaniya va Yaponiyadan o`z valyuta qiymatlarini dollarga nisbatan oshirishlarini qat`iy talab qildi, lekin ichki valyutaning dollarga nisbatan oshishi mamlakatlar eksport salohiyatini kamaytirib yuborishi sababli, ular bunday talabni amalga oshirishmadi. Bunday o`zgarish fiksirlangan dollardan voz kechilishiga olib keldi, dollar boshqa valyutalarga nisbatan o`zgaruvchan kursga ega bo`ldi. Hozirgi davrda ham aynan shunday o`zgaruvchan kurs amalda bo`lib turibdi, lekin mamlakatlar valyuta intervensiyasi siyosati orqali buni nazorat qilib borishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |