Sezgi organlari
Tog’ayli baliqlar sezgi organlari to’garak og’izlilarnikiga nisbatan yaxshi rivojlangan va murakkab tuzulgan. Hidlov organlari bir juft bo’lib, yopiq hidlov xaltalari bilan tugaydi. Tashqi burin teshiklari og’iz teshiklarining oldiga ochiladi. Akulalar hidni 400-500 metrdan sezadi. Ko’zlari yirik, shox pardasi zich yassilangan, ko’z gavhari yumoloq, sharsimon shaklga ega. Ko’z qovog’i yo’q. Ko’z atrofi terisimon parda hosil qilgan, bu aslida harakatsiz ko’z qovog’i hisoblanadi. Uzoqdan ko’rmaydi,10-15 metrdan ko’radi, rangni ajrata olmaydi.
Eshitish organi ichki quloqdan iborat ya’ni parda labirintda 3 ta yarim doira kanal mavjud. Tam bilish hujayralari baliqlarning og’iz bo’shlig’ida, halqumida va tana yuzasida joylashgan. Baliqlar hayotida yon chiziqlar ahamiyati katta, u suv oqimi va unda jismlar yaqinlashayotgani aniqlashda yordam beradi.
Ayiruv organlari
Barcha tuban umurtqalilarnikiga o’xshash akulalarda ham mezonefroz buyrak bo’ladi. U ikkita uzunchoq tanacha mavjud bo’lib, umurtqa pog’onasining 2 yonida tana bo’shlig’ining deyarli ko’proq suzgichlari atrofidan to kloakasigacha cho’ziladi. Har qaysi buyrakdan bittadan ingichka siydik yo’li- Volf nayi chiqadi. Siydik yo’llari keyingi tomondan o’zaro qo’shiladi. Ular urg’ochilarda siydik so’rg’ichining va erkaklarda siydik jinsiy so’rg’ichining tepasidan o’tib umumiy teshik bilan kloakaga ochiladi.
Jinsiy sistemasi
Erkak akulalarning urug’donlari bir juft uzunchoq tana shaklida bo’lib, qizilo’ngach yon tomoni va jigar tagida joylashgan . Urug’donlardan oq ipga o’xshash ingichka urug’ chiqaruvchi yo’llari boshlanadi. Urug’ chiqarish yo’llari buyrakning yuqorigi, odatda urug’don ortig’i vazifasini bajaruvchi uchiga ochiladi. Buyrakning bu bo’limidagi kanalchalar birlashib, qorin yuzasining ichki qirg’oqlari bo’ylab o’tadigan urug’ yo’llariga aylanadi. Urug’ yo’llarining keyingi uchlari kengayib yupqa devorli urug’ pufakchalarini hosil qiladi. Urug’ yo’llari siydik yo’llari bilan birgalikda siydik tanosil so’rg’ichiga ochiladi. Erkaklik jinsiy xujayralari urug’donning kanallarida shakllanadi. Hali yetilmagan spermatozoid urug’ chiqaruv yo’li orqali buyrakning oldingi qismidagi urug’don ortig’iga tushadi va u yerda to’liq yetilgach urug’ pufagiga yig’iladi. Otalantirish vaqtida urug’ pufakchalarining devori qisqaradi spermatozoid kloakaga tushiradi. U yerdan kopulyativ organ orqali urg’ochining kloakasiga tushadi.
Urg’ochilarning juft tuxumdoni ham qizilo’ngach ikki yonboshida joylashgan juft tuxum yo’llari (Myullerov kanali) qorin qismida yotadi. Tuxum yo’llarining oldingi uchi jigar atrofidan o’tib, jigarning qorin tomonidagi markaziy pallacha joylashgan umumiy varonkaga qo’shiladi. Tuxum yo’llarining yuqori uchidan biroz pastroqda bir yumaloq bo’rtma bo’lim sekreti tuxum qobig’ini shakllantiradi. Tuxum yo’llarining kengaygan qismi bachadon deb ataladi. Yetilgan tuxumlar tuxumdon devorini yorib, tana bo’shlig’i orqali tuxum yo’li varonkasiga tushadi. Urg’ochi akula tuxum yo’llari tuxumdon bilan qo’shilmasdan to’g’ridan-to’g’ri tana bo’shlig’iga ochiladi. Tuxum yo’llarining devori qisqarib turishi tufayli ichidagi tuxumlar bachadon tomonga qarab xarakatlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |