Paradoks -umum tomonidan qabul qilingan fikrdan keskin farq qiladigan o„ziga xos fikrdir. Lug„atlarda “paradoks - (yunoncha paradoxos -kutilmagan, g„alati) - jamiyatda an’anaviy tarzda hukm surib kelayotgan aksariyat tomonidan qabul qilingan fikrga, ba’zan esa zohiran sog„lom mantiqqa zid gap” - deyiladi88. Yu.Borev esa paradoksni badiiy tafakkurning formasi, badiiy obrazlilik vositasi sifatida belgilaydi89. E.A’zam “Guli-guli”da boshqa qissalarida shu paytgacha ishlatmagan kinoyaviy badiiy shartlilik vositasi - paradoksni qo„llaydi.
Ye.A.Tretyakova “Badiiy matn strukturasida ironiya” nomli uslubiy qo„llanmasida paradoksni kinoyaviy badiiy vosita sifatida baholab, shunday deydi: “Ironiya PARADOKSlar bilan ish ko„radi, bir xil belgini mazmunli qayta kodlash turli tizimlaridagi kelishmovchiliklar va ziddiyatlarni fosh qilish imkonini beradi.
Ironiyali obraz aql bovr qiladigan makonning ma’noviy ko„p qirraliligi tuyg„usini shakllantiradi. Biz belgi ma’nosiga tobora chuqurroq kirib boramiz va labirintda yurgandek uning ma’nolari orasida kezamiz, ular bizning fikrlash yo„sinimizni o„zgartirib yuboradi. Labirint ichida fikran sayr qilishning istalgan nuqtasida ma’no ortiqchaligi ko„rinadi. Bu aqlga tasvir qilinayotgan narsaning ma’lum izohlari doirasi bilan cheklanish imkonini bermaydi, ya’ni g„oyalar ko„p o„lchamliligini tug„diradi”90.
Mantiqshunos, psixolog mutaxassislarning fikricha esa ironik tafakkur evristika bilan ham aloqador. Ironik obraz tabiati haqida olima shunday e’tirof etadi: “Bir vaqtda bo„lmagan fikrlar makoniga kirib borish o„ziga xosligi va osonligi ironik obraz qiymatini belgilaydi. Ironiya barqaror shakliy-uslubiy an’anani yuzaga keltirmaydi. Har bir ironiyachi - tasvirchi tengsiz qobiliyat bilan dunyoga keladi. Mavzu va usul bilan emas, balki taqlidchilar va ergashuvchilarga berilmaydigan o„ziga xos nuqtai nazar bilan keladi. Epigonlar shakl unsurlarini o„xshatishga qodir, ironiya esa konseptual nigoh, lisoniy sezim va zukkolikni talab etadi”91.
“Guli-guli” asarining yechimi kutilmagan tarzda yakunlanadi. Ya’ni Maymunga aylangan Mo„minvoy tobutning ichiga kirib, qopqog„ini yopib, o„zini -o„zi o„limga mahkum etadi. Nazarimizda, asarning bunday yechimida badiiy ramziy ishora kuzatiladi. Qizil imperiya o„zining soxta ideallari, noto„g„ri ijtimoiy islohatlari bilan o„ziga-o„zi choh qazidi. Ich-ichidan yemirilgan sotsialistik jamiyatning inqirozi, Mo„minvoyning tobutga kirib o„lim topishi kabi hodisalar yuqorida aytilgan ijtimoiy-falsafiy voqelikka ramziy ishora qilmoqda. “Guli-guli” qissasida adib jami o„ttizga yaqin obraz yaratadi. Muhimi, u obrazlarning har birini alohida xarakter, alohida qismat, alohida shaxs sifatida gavdalantira bilgan.
E.A’zamning 1981 yilda yaratilgan “Javob” qissasida ironiyaning boshqacha badiiy shartlilik usuliga duch kelamiz. “Ironiya”, “ironik obraz” deyilganida, faqatgina kulgili voqea, kulgili obraz, qandaydir g„alati xarakterli, g„alati tabiatli inson, satira elementlari ustuvor bo„lgan asar tushunilmasligi kerak. Muallif yoki qahramonning qarashlari bilan real voqelik o„rtasida ziddiyat paydo bo„lsa, ayni shu soniyada ironik munosabat, ironik tafakkur, ironik mulohazakorlik paydo bo„ladi. Binobarin, adibning “Javob” qissasi qahramoni Nuriddin Elchiev shunday kechinmani boshdan o„tkazadi. Qahramon hayotida sodir bo„lgan mudhish voqea uning botiniy olamini ag„dar-to„ntar qilib yuboradi, natijada esa muloyim, xushchaqchaq, hazilkash, kamsuqum Elchiev - boshqacha odamga aylanib qoladi. Qissa aynan shu o„zgarib qolgan insonning ruhiy holatiga doir chizgilar bilan boshlanadi: “Bu odam birdan o„zgarib qoldi. Hammaning ko„zi o„ngida o„zgardi, butunlay o„zgardi. Yurish-turishi ham, atrofdagilarga munosabati ham oldingidek emas. Go„yo avvalgi Nuriddin Elchiev qayoqqadir g„oyib bo„lgan-u, uning qiyofasida boshqa kimsa yuribdi: rangi-raftori o„sha-o„sha, lekin ichiga o„zga bir odam kirib olgan. Sirtdan qaraganda, tanish-bilishlari, xizmatdosh birodarlari uchun u hamon “O„rtoq Elchiev”, - “Nuriddin Elchievich” yoki yaqinlik tufayli, hazil aralash - “Elchievich”, oilasida - ota, er. Illo, yo„q, yo„q, ilgarigi Elchiev emas u, singan, portlagan, botinan portlagan”92.
Elchievning oilaviy va ishdagi hayoti bir maromda kechayotgan edi. Ammo ko„chadagi yosh yigitlar bilan to„qnashuv natijasida, butun boshli hayoti, kechmishini, farzandlari, ayoli, do„sti, ota-ona, akasi, xullas, jamiki yaqinlari va o„zi o„rtasidagi munosabat va aloqalarni birma-bir tahlil chig„irig„idan o„tkazadi. Qisqasi, qahramon o„z-o„zini taftish etishga tushadi. U oddiylik, kamsuqumlilik, sabr-qanoat, andeshani o„zining hayotiy tamoyillariga aylantiribdi-yu, jiddiy xatolikka yo„l qo„yibdi. To„g„rirog„i, o„z davri odamlaridan orqada qolib ketibdi. Institutda yaxshi baholarga o„qimagan do„sti Haydar Samadovich bugunga kelib, “noyob shaxs”ga aylangan. Elchievning tengdoshlari, hatto, undan ancha yoshlar ham katta mansablar, katta hovlilar, yangi rusumli mashinalar, shinam uylarga ega bo„libdi. Elchiev esa kichik orzular bilan o„ralashib, “kichkina odam”ligicha qolib ketibdi. Elchiev o„zining davri va davradoshlari safidan orqadan qolib ketganini fahmlaydi, biz buni muallif bayonidan bilib olamiz: “Yo„q, bu boshqa davr, boshqa odamlar ekan, Elchiev orqada qolib ketibdi, tushunmaydi, tushunolmaydi”93.
Qahramon o„zi va atrofdagilarning hayotini, unga munosabatini taftish etib ko„rar ekan, o„zining qo„rqoq, noshud, o„rtamiyona, qumursqa singari qornini to„ydirishdan boshqasini o„ylamagan mayda odam ekanligini tushunib yetadi. Bularning bariga esa faqatgina o„zi aybdor. Uning ikkilanishlari, hadiklari, qo„rqoqligi sabab yo„l qo„ygan xatolari oilasida o„g„li Kamolliddindan, uni o„lgudek kaltaklashgan ko„chabezorilardan, jonajon do„sti Haydar Samadovichdan javob bo„lib qaytadi. Bo„lib o„tgan ishlarda qahramon o„zini aybdor deb topib, hatto, o„z joniga suiqasd uyushtiradi. Ilmiy til bilan aytganda, qissa qahramoni absurd kayfiyatga tushadi. Uning butun hayoti, kamtarligi ko„ziga turgan-bitgani bema’nilik bo„lib ko„rinadi. Natijada esa qahramon shu tushkun kayfiyatdan chiqib keta olmay o„z joniga qasd qiladi.
Qissa uslubini monolog-iqror, monolog-xotira, monolog-muhokama, monolog- taftish kabi ichki monologning xilma-xil turlari tashkil etadi. Voqealar qahramonning suiqasdidan so„ng kasalxonada yotishi, uning oldiga hol-ahvol so„rab keluvchilar, palatadoshlar, eng muhimi, qahramonning ichki iqror, taftishlari singari turfa badiiy shartlilik vositalari asosiga qurilgan. Ironik asar muallifi rejissyor, aktyor singari katta mahoratga ega bo„lishi kerak. Chunki ironik asarda voqealar ironik o„yinlar asosiga quriladi. Voqealar qaytadan kodlashtiriladi. Shu bois olima shunday ta’rif beradi: “Ironik iste’dodli aktyor singari harakat qiladi, so„zlarni shunday tomondan ko„rsatadiki, har qanday tomoshabin ham ularning soxtaligini anglolmay qoladi. Ironik rejissyor ham bo„lishi kerak: kichik spektakl initsiatori tomoshabinlarni ham o„ynata oladi”94.
Muallif qissa qahramoni Elchiev qanday odamligini kinoyamuz ohangda shunday ta’riflaydi: “Elchievga o„xshagan odam hamma joydan, hamma idoradan topiladi. Ular majlisu mashvaratlarda hadeb ko„zga chalinavermaydi, hal qiluvchi ovozga ham ega emas, lozim paytdagina el qatori qo„l ko„tarib yoki chapak chalib qo„yadi, xolos. Lekin, barchani shularsiz tasavvur etib bo„lmaydi: ommaviy sahnalarga odam kerak-ku! Mushkul vaziyatlarda, ayniqsa, birovning boshiga tashvish tushganda o„sha zahoti ularni qidirib qolamiz: beg„araz, beminnat, ishonchli”95. Kuzatib turganimizdek, muallif o„rtamiyona, o„zining shaxsiy fikri, ovoziga ega bo„lmagan, qo„rqoq, noshud, o„ziga ishonchi yo„q odamlarni kinoya bilan bitta Nuriddin Elchiev hayoti va uning botiniy kurashlardan iborat iqrornomalari orqali mahorat bilan badiiy taftish etishda qahramonni qoralash yo„lidan ketmaydi. Aksincha, yozuvchi qahramonni tushunishga, uning yaxshi tomonlarini ham ochiq ko„rsatish, xolis pozitsiyada turib baholash yo„lidan boradi.
Qissa qahramoni o„zining xatolarini, hayotdagi yutqazishlarini kech anglab yetadi. Muallif Elchiev hayotini kinoyaviy nigoh bilan kuzatsa, ayni paytda qissa qahramoni ham o„z-o„zini va atrofidagilarni kinoya bilan kuzatadi. Demak, asarda kinoya ikki tomonlama rivojlanadi: muallif kinoyasi va qahramon kinoyasi shaklida.
Ye.Yu.Tretyakova mazkur vaziyatni shunday ta’riflaydi: “Ironiyalashtirishda sub’ektiv va ob’ektiv darajalarni bir-biridan ajratib bo„lmasa o„z-o„zini ironiyalash yuzaga keladi. O„zini yakkaxon ironiya qiluvchi bir vaqtning o„zida o„zini ironiya o„yini muallifi, qahramoni va tomoshabiniga aylantiradi.
Ironik muloqot nafaqat atrofdagilarning kamchiliklariga nisbatan, balki o„zining ichki muammolariga nisbatan ham estetik masofa saqlashga o„rgatadi”96. “Javob” qissasida ikki tomonlama ironiya voitasi kuzatilsa-da, biroq unda qahramonning o„z-o„zini kinoya qilishi yetakchi uslub darajasiga ko„tarilgan.
Qissa matnida kinoyaviy badiiy shartlilik vositalaridan biri -dialogizmdan unumli foydalanilgan. Biz asar kontekstida dialogizmni uchga ajratdik: Muallif dialogizmi (avtorning kitobxonga qarata aytgan monologi va muallif bayoni); qahramon dialogizmi (qahramonning o„z-o„zi bilan ichki monologi); asar qahramonlari o„rtasidagi dialoglar.
M.Sheralieva “Javob” qissasini rus yozuvchisi N.Gogolning “Shinel”i bilan qiyosiy aspektda tahlil etadi: “Shinel”dagi Akakiy Akakievichning o„zgarishidan umid qilmaymiz, yozuvchining o„zi bu haqda tayin bir xulosaga kelib bo„lgan. Lekin qahramonning turish-turmushi, xatti-harakatini kuzatar ekanmiz, bizda bunday hayotga nisbatan norozilik, ko„nikmaslik hissi kuchaya boradi. “Javob” qissasida esa bunday hissiyot, avvvalo, qahramonning o„zida paydo bo„ladi. Yozuvchi o„z asarini Elchiev hayotidagi uni “o„z-o„zidan harakatlanish”ga majbur qilgan hodisalar tasviridan boshlaydi. Shunga ko„ra, har ikki qissada kinoyaning kelib chiqishi sababi va oqibati vazifasi ham turlicha. Gogol o„zining hayotdagi o„rnini to„g„ri anglamagan qahramoniga, uni yaratgan ijtimoiy muhitga nisbatan kinoyaviy munosabatda bo„ladi, kinoya Gogol uchun satirik pafos yaratish vositasi bo„lib xizmat qiladi. E.A’zamov qissasida o„zligini anglay boshlagan, jamiyatdagi o„rnini qaytadan belgilashga majbur bo„lgan qahramonning o„ziga, atrofdagilarga munosabati kinoyaviy usulda ifodalanadi”97.
Mazkur qissa matnida “Aralashqo„rg„on” hikoyasining motivlari, kichik bo„lakchalari, lavhalari ham kuzatiladi. Jumladan, Elchievning qo„shnisi Tohirjon aka eski-tuskilarni topib kelib so„ri quradi. Bu haqda qissada shunday satrlar bor: “Keyin qayoqdandir temir-tersak topib kelib, yo„laklarning oldini ishkom qildirdi, chekkaroq bir joyda ulfati chorga mo„ljallab so„ri ham yasadi”98. Bu so„ri esa beixtiyor hikoyadagi absurdlik ramzi bo„lgan “SO„RI”ni yodga soladi.
E.A’zam nasrida “davr” va “zamon” bilan bog„liq odamlar obrazi talaygina. Jumladan, davri o„tgan odam obrazi - Elchiev (“Javob”), Bolta Mardon (“Suv yoqalab”); o„z davriga sig„magan odam obrazi - Janob janob (“Navoiyni o„qigan bolalar”); o„z davri bilan murosasiz odam obrazi -Asqar Shodiev (“Otoyining tug„ilgan yili. Shartakilik qissasi”); zamondan orqadan qolgan odam obrazi - Berdiboy (“Piyoda”).
Adibning 1977 yilda yozilgan “Otoyining tug„ilgan yili. Shartakilik qissasi” qahramoni Asqar Shodiev ham ironik obrazlardan biridir. Ironik, kinoyaviy-ramziy obraz yaratish adib ijodining dastlabki ijod bosqichida yaratilgan “Otoyining tug„ilgan yili” qissasida ham seziladi. Mazkur asar talaba Asqar Shodiev tilidan hikoya qilinadi. Unda Madhiddin, Savlatxonov domla, Yaltiroq Akbarova kabi ismlari kodlashtirilgan qahramonlar ham ishtirok etadi.
Bu obraz ham Berdiboy, Ramazon, Ko„kaldosh, Elchiev, Janob janob singari g„alati xarakterli kishilarning timsoli. Uning tabiatida Berdiboy xarakteriga xos o„jarlik, qaysarlik xislatlari bor.
E.A’zamning “Bayramdan boshqa kunlar” qissasida niqobdor obrazlar: Chinnibek, Safura, Misha tog„a (Muftillo), Ukkiboev, Barno, Bargida ishtirok etadi. Niqobdorlar uchun har kuni bayram. Ular har kuni tug„ilgan kunini nishonlashadi. Oddiy avtobus haydovchisi - Bakir, ularning davrasiga kirib qoladi. Chunki, san’atshunos Bargidani sevib qoladi, hatto, u tuzuk-quruq yaxshi bilmaydigan xonim bilan turmush quradi. Niqobdorlar davrasidagi haromzadolik, xo„jako„rsinga hayot kechirish, aldamchilik qalloblik, aysh-ishrat, zalolat botqog„iga botgan ayol-erkaklarni ko„rib, Bakir ularni kinoyaomuz kuzatadi. Ammo nachoraki, niqobdorlardan tili qisiqlik joyi bor. Qarzdor. Qarzini to„lamaguncha ulardan yuz o„girib keta olmaydi. Ayni paytda bu holat Bakirning vijdonli, halol inson ekanligini ko„rsatib turibdi. Uning ko„ngil qo„ygan ayoli - Bargida ham shu jamoaga mansub. Biroq Bakir Bargidani ba’zida tushunmay qoladi. Uning ismi ham antiqa, xalq orasida “Siz shoxida yursangiz, men bargida yuraman” iborasidagi “Bargida” singari yangraydi. Bakir niqobdorlar orasidan yolg„izgina Safurani o„ziga yaqin oladi. Aniqrog„i, Safura Bakirni Bargida masalasida ehtiyot bo„lishni qayta-qayta ta’kidlaydi. Hatto, Bargida uni tark etmasidan oldin o„zi uni tashlab ketishini maslahat beradi. Qizig„i shundaki, qiyofasi noma’lum, niqobdorlar jamoasidan bo„lgan Safura kunlardan bir kuni Bakirga o„zining haqiqiy basharasini ochib ko„rsatadi. Bakir uning butun boshli ayanchli qismatini tinglaydi. Safura aldangan ayol. U hayotning chin ma’nosini izlaydi, haqiqiy erkakni kutib yashaydi. O„zining yengiltak, harom doiraga tushib qolganidan hazar qiladi. Butun dunyoda “Safuralar” yo„q bo„lib ketishini istayotganligini ochiq aytadi. Safura asardagi tragik obrazlardan biri. Uning qora kechmishi singari qissa yakunida Safuraning taqdiri niqobdorlar hayotidan nom- nishonsiz g„oyib bo„ladi.
Barno, Bargida, Basira - opa-singillar, niqobdorlar oilasining a’zolari. Basira - tojikcha “ko„r” so„zidan olingan. Nazarimizda, qahramonga tanlangan mazkur ism ham bekorga emas. Chunki “Azroil” tufayli ilk qadamini noto„g„ri bosib, homilador bo„lib qolib, u o„z joniga qasd uyushtiradi. Bakir esa uni “eng tantiq qiz” deb o„ylar edi. Uning bu xatti-harakatidan keyin, uni oiladagi eng vijdonlisi ekan, degan xulosaga keladi.
Bakirning oilaviy hayoti ilk qadamidanoq yolg„ondan boshlanadi. Bakir niqobdorlar bilan kechayotgan jirkanch hayotiga nuqta qo„yishni istaydi. Ammo qarzdorlik hissi uni bu yo„ldan to„xtatib turadi. Qissada niqobdorlar to„dasi va Bakir o„zaro qarshilantiriladi. Bu go„yoki ezgulik va yovuzlik, olchoqlik va samimiylik, dabdabalik va soddalik, oddiylik o„rtasidagi uzluksiz kurashga o„xshaydi. Xulosa shuki, hozirgi o„zbek nasridagi kinoyaviy badiiy asarlar qurilmasida yangicha badiiy shartlilik vosita va usullarini istifoda etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |