Tashqi bozorda faoliyat yuritish nuqtai-nazaridan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini 2 guruhga ajratish mumkin: 1) alohida milliy bozorlarga xizmat ko’rsatuvchi ko’p millatli tarmoqlar, bunda har bir tarmoq (oziq-ovqat sanoati, chakana savdo, sug’urta) qabul qiluvchi mamlakatga qarab o’z xususiyatiga ega bo’ladi. 2) butun jahon bozorini hisobga olgan iste’molchi-davlatlarda talab xususiyatlarini minimal aks ettiruvchi global tarmoqlar (fuqaro aviatsiyasi, televidenie, yarim o’tkazuvchilar ishlab chiqarish)ning mavjudligi.Iqtisodiyotning global tarmoqlariga ixtisoslashgan xorijiy filiallarni boshqarish uchun xalqaro kompaniyalar dunyo ko’lamida raqobatbardoshlik darajasini tutib turish maqsadida global strategiyani qo’llaydi. Bunday kompaniyalar xorijiy filiallarning butunjahon tarmog’iga ega, sayyoramizning turli qit’alarida resurslarga ega, eng past ishlab chiqarish xarajatlariga ega davlatlarda korxonalar tashkil qiladilar va masshtab samarasini keng qo’llaydilar. Ular o’z tadqiqot markazlarini bosh kompaniya joylashgan davlatlarda emas, balki ko’pincha yaxshi sotish bozorlari mavjud bo’lgan mamlakatlarda joylashtiradilar. Mahalliy va xorijiy raqobatchilar amal qilayotgan qabul qiluvchi mamlakatda shakllangan bozorda raqobatbardoshlik afzalliklariga ega bo’lish ancha qiyin, jiddiy tayyorgarliksiz esa – deyarli mumkin emas. Xalqaro kompaniyaning qabul qiluvchi mamlakatlarda eng samarali faoliyat sohasini aniqlash uchun TMK izlanuvchi-iqtisodchilari va marketologlari yangi xorijiy bozorga chiqish haqidagi qaror loyihasini tayyorlash jarayonida tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish va jahon bozoriga yetkazib berishda xalqaro kompaniya imkoniyatlarini tanqidiy baholaydilar va chet elda tadbirkorlik faoliyati sharoitlarini quyidagi bir necha aspektlarda ko’rib chiqadilar:
1. Raqobatchi korxonalar firma tuzilishi va strategiyasi aspekti. Bu aspektda birinchi navbatda tanlab olingan faoliyat sohasida milliy korxonalar va faoliyat ko’rsatayotgan xorijiy firmalarga nisbatan xalqaro kompaniyaning raqobatbardoshlik darajasini baholash zarur. Bundan tashqari qabul qiluvchi mamlakatda ishlab chiqarishni boshqarish va tashkil qilish uslubi TMK xorijiy filiali ega bo’lgan sharoitlarga javob berishini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.Bunda mahalliy raqobatchi-firmalar qanday strategiya tanlashini, raqobatli kurashda ulardan o’zish imkoniyati darajasini, xalqaro kompaniyaning mo’ljallanayotgan faoliyat sohasi qabul qiluvchi mamlakat millati psixologiyasiga javob berishini aniqlab olish zarur.
2. Xizmatlarni ishlab chiqarish va ko’rsatish sharoitlari aspekti. Bu yo’nalishdagi tahlil predmeti bo’lib quyidagi omillar xizmat qiladi: iqtisodiyotning qaysi tarmoqlarida qabul qiluvchi mamlakatning nisbiy afzalliklari yaqqolroq namoyon bo’ladi, xalqaro kompaniyani qiziqtiruvchi iqtisodiyot sohalarida ITTKI uchun asos mavjudligi va nihoyat, qabul qiluvchi mamlakat xalq xo’jaligidagi zaif tomonlarning (kapital yetishmasligi, ilmiy-texnik sohada orqada qolish va b.) xorijiy sarmoyadorlar faoliyati bilan to’ldirilishi mumkinligi.
3. Sotish sharoitlari. Ular milliy iste’molchilar tomonidan talablarning murakkablik darajasi va xususiyatlari, shuningdek qabul qiluvchi mamlakatda sotish kanallarining jahon bozorida qabul qilingan kanallardan farqlanishi bilan aniqlanadi. Ichki talabning rivojlanish tendentsiyalari TMK xorijiy filiali mahsulot assortimentini shakllantirish yo’nalishlarini belgilaydi.
4. Qardosh tarmoqlar va yetkazib beruvchilar. Bu holatda xalqaro kompaniyani qabul qiluvchi mamlakatda mahsulotini yirik iste’molchilarining mavjudligi haqidagi axborot qiziqtiradi. Ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish uchun u yerda loyihalashtirilayotgan korxonani xomashyo va materiallar bilan ta’minlovchi tarmoqlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. TMK xorijiy filiali faoliyat sohasini tanlashda keyingi muhim omil bo’lib mahalliy firmalar – potensial yetkazib beruvchilarning texnik darajasi (sifatli butlovchi detallarni yetkazib berish imkoniyatiga egaligi) hisoblanadi.