Qadimgi Misr tarixini o`rganish uchun qadimgi Misrning zamonamizgacha saqlanib kelgan ko`pgina yozma yodgorliklari katta ahamiyatga egadir. Yozma manbalardagi ma'lumotlar moddiy madaniyat yodgorliklarini ko`p jihatdan to`ldiradi, bu ma'lumotlar qadimgi zamondagi misrliklar hayotini, texnika, san'at va diniy e'tiqodning rivojlanishini oydinlashtirib beradi. Antik dunyo mualliflarining qadimgi Misr haqida yozgan yoki eslab o`tgan asarlaridan Misr tarixiga oid ko`p ma'lumot olish mumkin. Garchi yunon va rim yozuvchilari qadimgi Misr tarixi va madaniyati haqida ba'zan bir qator qimmatli ma'lumotlar qoldirgan bo`lsalar ham, lekin ularning ma'lumotlari tanqidiy ravishda jiddiy qarashni talab qiladi.
Qadimgi Misr tarixi ko`p xil manbalar orqali o`rganiladi. Bu manbalarni yetti turga bo`lish mumkin:
Yozma manbalar, tarixiy asarlar, badiiy adabiy, ilmiy, diniy matnlar, hujjat va yo`riqnomalar.
Moddiy madaniyat yodgorliklari: shahar, qal'a, ibodatxona, sog'ona, uylar, sopol idishlar, haykallar va h. k.
Xalq og'zaki ijodiyoti: qo`shiq, ertak, maqollar, afsona, axloqiy-etik asarlar.
Tilshunoslik ma'lumotlari.
Etnografiya ma'lumotlari
Antropologiya ma'lumotlari: mumiyo, skelet, freska, relyeflarda odamlarni jismoniy tuzilishini o`rganish mumkin bo`lgan tasvirlar.
Geografik muhit va landshaft, kanallar, yo`llar.
Y o z ma manbalar: Mashhur fransuz olimi Shampol`onning Misr iyerogliflarini o`qishi qadimgi
Misr yozuvini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etdi. Palermo toshi yozuvlarida V sulolagacha bo`lgan fir'avnlarining ro`yxati sanab o`tilgan va yirik harbiy yurishlar va Nil toshqinlari to`g'risida ma'lumot beradi. Aton va Ra ibodatxonalari (Fivadagi Karnak ibodatxonasi) devorlarida yozilgan «Tutmos III annallari» (XVII sulola) qimmatli yozma manbalardan biri hisoblanadi.
Kohin Manefonning (taxminan er. avv. VI-III asrda) yozilgan asarida misr tarixi eng qadimgi davrdan boshlab bayon qilingan. Manefon 30 sulola ro`yxatini tuzib, ularni uch dekada 10 sulolaga bo`ldi. Bu yangi davrda tadqiqotchilarning Misr tarixini eng muhim davrlarini aniqlashlari uchun jumladan, qadimgi Misr tarixini, qadimgi, o`rta, yangi va so`nggi podsholik davrlariga bo`lish imkoniyatini berdi. Misr arxivlari huquqiy, ish yuritish hujjatlaridan tashkil topgan. Eng qadimgi arxiv podsho Neferikara ibodatxonasida (V sulolasi er. avv. XXV-XXIV asr) topilgan. Eng boy arxivlardan biri Axetaton shahri (El-Amarna)ni qazishda topilgan bo`lib, bu arxivda 350 hujjat mavjud.
Qadimgi Misrdan boy abadiy meros yetib kelgan. Misr adabiyoti namunalaridan nasihatnoma va bashoratlar: «Axtoy nasihatnomasi», «Amenemope nasihatnomasi», «Ipuser so`zlari». Badiiy adabiyot namunalari: «Suzamol dehqon to`g'risidagi qissa», «Sinuxet hikoyalari» va hokazolarni aytish mumkin. Ertaklar: «Ikki aka-uka to`g'risida», «To`g'ri va egri» haqida «Kemada halokatga uchraganlar» ertagi, «Unu Amonning Biblga sayohati» (Er.avv.XI asr kabilar).
Diniy ruhdagi asarlar: V-VIII sulola fir'avnlari piramidalari ichki devorlarida iyerogliflar bilan tasvirlangan yodgorliklar bo`lib (er.avv.XXIV-XXII asrlar), ular «Piramida matnlari» deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |