Ehtiyoj.Motiv va motivatsiya to’g’risidagi tushuncha
Reja Ehtiyojlar faollikning manbai sifatida Ehtiyojlar va motivlarning o’zoro bog’ligi
Shaxs motivasiyasi va motivlarning turlari
Motivlarning anglanganlik darajasi: sosial ustanovka va uni o’zgartirish muammosi.
1.1. Ehtiyojlar faollikning manbai sifatida
Shaxs o’zining faoliyati tufayli tevarak-atrofdagi olam bilan faol munosabatda bo’ladi. Shaxsning faolligi deganda odamning atrofdagi tashqi muhitga ko’rsatadigan ta'siri tushuniladi. Tashqi muhit bilan faqat odamlar emas, hayvonlar ham o’zaro munosabatda bo’ladilar. Lekin hayvonlar tashqi muhitga moslashib yashaydilar, odamlar esa tashqi muhitga moslashibgina qolmasdan, uni o’zgartirishga ham qodirlar. Shaxsning faolligi uning turli qiziqishlarida, ehtiyojlarida namoyon bo’ladi.
Insoniyatga xos bo’lgan ehtiyojlarning mazmuni, shakli va qondirilishi usuli ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot davrida rivojlanib, o’zgarib va takomillashib boradi. Hozirgi zamon kishisining ehtiyojlari va ularning qondirilishi ajdodlarnikidan ham, avlodlarnikidan ham tubdan farqlanadi, lekin etnopsixologik xususiyatlar ta’siri o’z ahamiyatini yetarli darajada yo’qotmaydi. Shaxsning ehtiyojlarini to’la-to’kis qondirish uni komil inson sifatida kamol toptirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblansa-da, lekin bu uning ustuvor ekanligini bildirmaydi, chunki boshqa ta’sirchan omillar ham mavjuddir. Kamolotga erishishning muhim shart-sharoiti hisoblanmish mehnat insonning ehtiyojiga aylanmasa, u o’z ehtiyojlarining yengil, oson yo’llar bilan qondirishga harakat qilsa, inqirozga uchraydi. Yengil yo’l bilan o’z ehtiyojlarini qondirish ijtimoiy qonun va qoidalarga zid xulq-atvor manbaiga aylanishiga, jinoiy xatti-harakat kelib chiqishiga, tekinxo’rlik illatining namoyon bo’lishiga zamin hozirlaydi.
Inson bir davrning o’zida ham individuallik, ham ijtimoiylikni aks ettirgan bo’lganligi sababli uning ehtiyojlari shaxsiy va ijtimoiy xususiyatga egadir. Boshqacha so’z bilan aytganda, undagi tor ma’noli shaxsiy xususiyatga ega bo’lganday tuyg’u uyg’otuvchi (tabiat in’omiga aloqador) ehtiyojlarni qondirish jarayoni ham ijtimoiy hamkorlik faoliyatining mahsuli (dehqonlar, ishchilar, xodimlar va boshqa kasbdagi) odamlarning sa’i-harakati, hamkorlikdagi mehnatining moddiy tarzdagi ifodalanishidan foydalanishida aks etadi.
Ushbu masalaga boshqacha tarzda yondashilsa, unda o’z extiyojlarini qondirish uchun ijtimoiy muhit negizida yaratilgan vositalar va usullardan foydalaniladi, natijada u yoki bu sharoitga nisbatan ehtiyoj his etadi. Masalan, yog’ochdan boltaga dasta yasash uchun unda xohish mavjudligining o’zi yetarli emas, balki bir qator shart-sharoitlar, dastgoh, duradgorlik asboblari bo’lishi lozim, uning sifatiga nisbatan ehtiyoj ham tug’iladi. Xuddi shu boisdan unda o’z xohish-istaklarini ro’yobga chiqaradigan talab bilan imkoniyatga qaratilgan ehtiyoj vujudga keladi. Insondagi tor ma’nodagi ehtiyojlar uning shaxsiy talablarini qondirish bilan cheklanib qolmasdan, balki hamkorlik faoliyatida yuzaga keluvchi jamoaviy ehtiyojlar yakkaholligiga oid xususiyat kasb etadi. Aytaylik, ma’ruza o’qishga taklif qilingan o’qituvchining mashg’ulotga puxta tayyorgarligi o’z predmetining o’ta fidoyisi ekanligi uchun emas, balki jamoa nufuziga dog’ tushirmaslik mas’uliyati, ijtimoiy burch hissiga nisbatan ehtiyoj sezganligi tufayli amalga oshadi. Shaxsiy ehtiyoj guruhiy, jamoaviy munosabatlar uyg’unlashib ketganligi sababli o’zaro qorishiq xususiyatga ega bo’ladi. Har qanday individual faoliyatga nisbatan ehtiyojning tug’ilishi ijtimoiy alomat, umumiylik, hamkorlik xususiyatini kasb etib, faoliyatga yondashuvda yaqqahollik umumiylikni, umumiylik esa alohidalikni uzluksiz ravishda beto’xtov aks ettirib turadi.
Psixologik manbalarga asoslanib, fikr yuritishimizda ehtiyoj - jonli mavjudotning tobe ekanligini ifoda etuvchi va mazkur shart-sharoitlarga nisbatan faolligini namoyon qiluvchi holat tariqasida ifodalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |