www.arxiv.uz
Otlarda egalik kategoriyasi
Reja:
Egalik kategoriyasi haqida ma'lumot
Otlarda egalik qo'shimchalari va uning fonetik variantlari
Egalik qo'shimchasini olgan otlarda yuz beradigan fonetik o'zgarishlar
Egalik kategoriyasi haqida ma'lumot
Otga xos morfologik xususiyatlardan yana biri egalik kategoriyasidir. Predmet (keng ma'noda)ning uch shaxsdan biriga taalluqli (oid, tegishli) ekanligini ko'rsatuvchi umumiy ma'nolar va ularni ifoda qiluvchi shakllar tizimiga egalik kategoriyasi deyiladi.
Masalan:
Birlik Ko'plik
I shaxs. Mening kitobim, bizning kitobimiz.
II shaxs. Sening kitobing, sizning kitobingiz
III shaxs. Uning kitobi ularning kitobi
Misoldan ko'rinadiki, predmet so'zlovchi (I shaxs) tinlovchi (II shaxs) o'zga (III shaxs) ga bir predmet yoki ko'p predmet taalluqli bo'lishi mumkin. Mana shu egalik, oid tegishlilik ma'nosini ifodalash uchun xizmat qiladigan shakllar ham mavjud.
O'zbek tilida egalik ma'nosi, asosan, morfologik usul bilan ifodalanadi.
Egalik, oidlik, tegishlilik ma'nosini ifodalash uchun xizmat qiladigan qo'shimchalar egalik qo'shimchalari deyiladi.
Maslan: daftarim, vazifam kabi so'zlar tarkibidagi -im, -m qo'shimchalari shu so'z orqali ifodalangan predmetlarning har biri yakka bir shaxsga (mening daftarim, mening vazifam) taalluqli ekanligini ko'rsatsa, daftarimiz, vazifamiz so'zlari tarkibidagi -imiz, -miz qo'shimchalari ularning har biri I shaxsga ko'p shaxsga (bizning daftarimiz, bizning vazifamiz) tegishli ekanligini ifodalaydi. Demak, egalik qo'shimchalari shaxs ma'nosi bilan birga (shaxsning sonning (Birlik yoki ko'pligini) ham ko'rsatadi.
Egalik qo'shimchalari negizning so'nggi tovushi unli yoki undosh tovush bilan tugaganiga ko'ra ikki xil shaklda qo'llanadi.
Bir shaxsga oid Ko'p shaxsga oid
Unlidan so'ng undoshdan so'ng Unlidan so'ng undoshdan so'ng
I shaxs -m -im -miz -imiz
(bog'cha-m) (gul-im) (bog'cha-miz) (gul-imiz)
II shaxs. -ng -ing -ngiz -ingiz
(bog'cha-ng) (gul-ing) (bog'cha-ngiz) (gul-imiz)
III shaxs -si -i -si -i
(bog'cha-si) (gul-i) (bog'cha-si) (gul-i)
Egalik qo'shimchasini olgan ot, odatda, qaratqich kelishigidagi boshqa ot, olmosh yoki otlashgan so'z bilan o'zaro bog'lanadi: daftarning varag'i, mening vazifam, yaxshining so'zi kabi. Egalik qo'shimchasi otning gapdagi sintaktik vazifasini ko'rsatmaydi.
3. Egalik qo'shimchasini olgan otlarda yuz beradigan fonetik o'zgarishlar
Egalik qo'shimcha ba'zi otlarga qo'shilganda quyidagi fonetik o'zgarishlar ro'y beradi.
1. k, q, undoshi bilan tugagan ko'p bo'g'inlik so'zlarga shuningdek, bek kabi ayrim bir bo'g'inlik so'zlarga egalik qo'shimachasi qo'shilganda, k undoshi g undoshiga, q undoshi, g' undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak-tilaging, yurak-yuraging, kubok-kubogi, bek -begi kabi. Lekin ko'p bo'g'inli o'zlashma so'zlarga bir bo'g'inli ko'pchilik so'zlarga egalik qo'shimchasi qo'shilganda k, q, undoshi asliga aytiladi va yoziladi: ishtirok-ishtiroki, ocherk-ocherki, erk-erki, huquq-huquqi, ravnaq-ravnaqi, yuq-yuqi kabi.
2.O'rin, qorin, burun, o'g'il, bo'yin, ko'ngil, singil kabi otlarga egalik qo'shimchasi qo'shilganda, ikkinchi bo'g'indagi i, u unlilari aytilmaydi va yozilmaydi: o'rin-o'rnim, qorin-qornim, burun-burning, o'g'il-o'g'lim, ko'ngil-ko'ngli, singil-singlim kabi
3.Parvo, obro', mavqe, mavzu, avzo so'zlariga I, II shaxs egalik qo'shimchalari qo'shilganda bir yo tovushi qo'shib aytiladi va shunday yoziladi: parvaoyim, parvoying, parvoyimiz, parvoyingiz, obro'yim, obro'ying, obro'yimiz, obro'yingiz kabi; III shaxs egalik qo'shimchasi parvo, obro', mavqe so'zlariga -yi shaklida, xudo, mavzu so'zlariga esa -si shaklida qo'shiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi y -undoshi bilan tugagan so'zga ham III shaxsda -si qo'shiladi: dohiysi kabi).
Adabiyotlar ro'yxati
I.A.Karimov. Barkamol avlod-O'zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, 1997 yil
U.Tursunov, N.Muxtorov, SH.Rahmatullayev. «Hozirgi o'zbek adabiy tili» 1992 yil
A.Abduazizov. «O'zbek tili fonologiyasi va morfologiyasi» Toshkent, 1992 yil
S.Rahimov, B.Umurqulov, «Hozirgi o'zbek-adabiy tili» Toshkent, 2001 y
S.Rahimov, B.Umurqulov, «Hozirgi o'zbek adabiy tili» Toshkent, 2003 y
SH. Shoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiyev. «Hozirgi o'zbek adabiy tili» II qism. Toshkent, «O'qituvchi» nashriyoti, 1980 yil
A.G'ulomov, A.N. Tixonov, R. Kungurov. «O'zbek tilimorfem lug'ati» Toshkent, 1977 yil
www.ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |