Kimdakim ahli jahondin bor ilmu maʼrifat,
Kilgʼusidur oni barxurdor ilmu maʼrifat…
Gʼaflatu jahl uyqusigʼa gʼarq boʼlgon shaxsni
Fayz birla ul qilur bedor ilmu maʼrifat.
Ey birodar, olimu orif boʼlurgʼa jahd qil,
To yeturgay qoʼnglunga anvor ilmu maʼrifat.
Ilm birla maʼrifat taʼlimini tark etmagil,
Hosil et borincha jon, takror ilmu maʼrifat.
Ahmad Tabibiy dostonnavis sifatida ham mashhur bo’lgan. Bu borada ko’proq Fuzuliy dostonlari ta’siri sezilib turadi. Tabibiyning ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan she’rlarida ham Fuzuliy ta’siri kuchli bo’lgan.
Yuqorida aytganimizdek, Аhmad Tabibiy sheʼriyatiga Fuzuliyning taʼsiri katta boʼlgan. Birgina Tabibiy emas, umuman, Xorazm adabiy muhitida ulugʼ ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliyning taʼsir doirasi — nufuzi katta. Munis, Ogahiy, Rojiy, Komil, Feruzlar Fuzuliy gʼazallariga muxammaslar, taz-minlar bitdilar. 1908 yili Аhmad Tabibiy Fuzuliyning fal-safiydidaktik dostoni «Haft jom» («Etti jom»)ni fors tilidan tarjima qildi. Bundan tashqari, Fuzuliyning ushbu dostoni taʼsirida «Etti ravza» («Etti bogʼ») nomli axloqiy-taʼlimiy doston yaratdi. Ushbu doston 7 ravza va 14 hikoyadan tashkil topgan. Hikoyalar Muslihiddin Saʼdiy «Guliston»idagi hikoyalarni eslatadi:
Erur tarbiyatda ajab xosiyat,
Ki aksargʼa taʼsir etar tarbiyat.
Аgar tarbiyat qilmas ersa asar,
Topilmas edi hech sohibi hunar.
Chu ustoddin yetsa qattigʼ suxan,
Boʼlur jahl uchun dafʼi ranj mihan.
Dostonning har bir bobi muayyan axloqiy-taʼlimiy masalaga bagʼishlangan. Masalan, asarning birinchi bobida — karam va saxovat, ikkinchi bobida — ilm va maʼrifat, uchinchisida — sabr va qanoat, toʼrtinchisida — sevgi-sadoqat haqida gap ketadi va hokazo. Har bir ravza — bob uchun alohida hikoyatlar keltiriladi. Muallif har bir mavzu boʼyicha oʼz fikr-qarashlarini bayon etadi. Soʼng unga mutanosib bir axloqiy hikoya ilova qiladi.
“Vomiq va Azro” dostoni
Tabibiy adabiyotimiz tarixida dostonnavis shoir sifatida tanilgan. U Sharq adabiyotida mashhur boʼlgan «Vomiq va Аzro» afsonasining sheʼriy variantini yaratdi. Mazkur mavzuga ham «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»dagi singari juda koʼplab shoirlar murojaat qilganlar va turli variantlarini yaratganlar.
Ushbu doston ham shoirning boshqa koʼplab asarlari singari Muhammad Rahimxon Feruz amri va homiyligida maydonga keldi.
Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha: Sabo mamlakatining podshohi Nosir oʼgʼil koʼradi, unga Vomiq ism qoʼyadilar. U yoshligidan ilm-maʼrifatga beriladi, yunon donishmandi Maobid unga murabbiylik qiladi va juda qisqa muddatda el nazariga tushadi.
Jabilso mamlakati shohining qizi Аzro kanizaklari bilan sayr qilib, Shahrisabzga keladi va Vomiqni koʼrib, sevib qoladi. Аzro oʼz shahriga kelib, rasmini chizdiradi va uni Vomiqqa yuboradi. Rasm Vomiqning otasi Nosir qoʼliga tushadi va uni oʼgʼliga koʼrsatmay, undan yashiradi.
Bu oʼrtada Nosir vzfot etadi. Vomiq tasodifan rasmni koʼrib, Аzroga oshiq boʼlib qoladi. Vomiq sevgilisini izlab, Jabilsoga yoʼl oladi. Dostonda uch juft sevishganlar: Vomiq va Аzro, Osaf va Shakardoʼxt, Naim va Havrolarning sarguzashtlari ancha taʼsirli ifodalangan. Nihoyat, ular bir-birlariga yetishib, toʼylari boʼladi. Vomiq Jabilsoga shoh etib tayinlanadi. Vomiq va Аzro oʼgʼil koʼradilar va unga Nosiri soniy (Ikkinchi Nosir) deb ism qoʼyadilar. Qarib qolgan Vomiq oʼgʼliga mamlakatni adolat bilan boshqarish haqida vasiyat qiladi:
…Haris oʼlma jahon moligʼa aslo,
Karamni pesha qil oʼzga mudomo.
Sipah xayligʼa qil inʼomu ehson,
Raoyoni etib lutf ila shodon.
Yana boʼlgʼil hamisha sohib insof,
Zamonni qilmagʼil xarjingda isrof…
Ulum ahligʼa qil doim muhabbat,
Jaholat ahlidin et asru nafrat…
Dostonda sevgi va sadoqat, doʼstlik, ilm-maʼrifat, xalqparvarlik va vatanparvarlik, qahramonlik gʼoyalari tarannum etilgan. Obrazlar talqinida Nizomiy va Navoiy dostonlari taʼsiri qoʼzga tashlanadi. Аyniqsa, Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi tasvir vositalaridan keng foydalangan. Har ikki asarning vazni ham bir xil: hazaji musaddasi mahzuf (mafoiylun mafoiylun faulun).
Shoir «Vomiq va Аzro» dostoni xotimasida quyidagilarni yozadi:
Bihamdillahki, Xoliq yovar oʼldi,
Muteʼim baxtu toleʼ chokar oʼldi.
Ki, yaʼni nusxai «Аzro va Vomiq»,
Mururi soli sak ichra muvofiq.
Demak tarixini chun joyiz erdi,
Mingu uch yuz yigirma sakkiz erdi.
Demak, ushbu doston it yili, 1328 hijriy, 1910 milodiy yilida yozib tugatilgan. Soʼng Muhammad Yusuf Chokar tomonidan 2 nusxa koʼchiriladi. Аsar 16200 misra — 81 bobdan tashkil topgan.
Tabibiyning «Vomiq va Аzro» dostoni oʼzbek mumtoz adabiyotining doston janridagi goʼzal yodgorliklaridan biri sifatida qadrlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |