Farmoyish — boshqaruvga doir huquqiy hujjat; konstitutsiyaviy huquqda davlat boshligʻi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatlari doirasida chiqariladi. Ijro etuvchi hokimiyat organining tez hal qilinishi kerak boʻlgan va boshqa joriy masalalarga oid qarori farmoyish shaklida chiqariladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94moddasida koʻrsatilishicha, Prezident konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega boʻlgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. "Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fukarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi" (Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 98modda). Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi farmoyishlar chiqarishi Konstitutsiyada koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, muassasa rahbarining yakka o’zi tomonidan chiqariladigan huquqiy hujjatlar ham farmoyish hisoblanadi. Farmoyish mansabdor shaxslarning muayyan aniq doirasiga moʻljallanib, uning amal qilish va bajarilish muddati belgilangan boʻladi.
FARMON — 1) muayyan mamlakatlarda davlat boshligi (Prezident) chiqaradigan muhim huquqiy hujjat. Farmon bilan, odatda, shaxslar yuksak lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, favqulodda yoki harbiy holat tartibi joriy etiladi, orden va medallar bilan mukofotlash amalga oshiriladi, oliy harbiy va faxriy unvonlar beriladi, umumnormativ xususiyatga ega boʻlgan qarorlar rasmiylashtiriladi. Umumiy qoidaga koʻra, farmon mazkur davlat konstitutsiyasi va qonunlariga (OʻzRda — Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Krraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi va OʻzR qonunlariga) zid boʻlmasligi kerak. Oʻzbekiston Respublikasida Prezident farmonlari Oliy Majlis yoki Vazirlar Mahkamasi roziligisiz mustaqil tarzda Prezident tomonidan qabul qilinadi. Farmon — mazmun va mohiyatiga koʻra, konstitutsiyaviy normalarni ijtimoiy hayotga tatbiq qilishning vositasi sifatida namoyon boʻlib, yuridik kuchi nuqtai nazaridan konstitutsiya va qonun normalariga nisbatan ikkilamchi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining "Normativhuquqiy hujjatlar toʻgʻrisida"gi qonuni (2000-yil 14 dek.)ga koʻra, Prezident farmonlari belgilangan tartibda kuchga kiradi va ular eʼlon qilinishi shart. Gʻarb mamlakatlarida, farmonga oʻxshash hujjatlar koʻpincha dekret (AQShda ijro etuvchi direktivalar) deb ataladi; 2) Eron shohlari, Usmonli turk imperiyasi sultonlari, Old va Oʻrta Sharq mamlakatlarida qad. hukmdorlarning oliy buyrugʻi
Do'stlaringiz bilan baham: |