O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Faxriy unvonlar egalariga to’lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”
2008 yil 3 yanvardagi № 2-son Qarori
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Faxriy unvonlar uchun to’lovlar miqdorini oshirish to’g’risida" 2007 yil 17 dekabrdagi PF-3942-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Faxriy unvonlar egalariga to’lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to’g’risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, xo’jalik yurituvchi sub’yektlar faxriy unvonlar uchun to’lovlar miqdorlari oshirilishi bilan bog’liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun qo’shimcha mablag’lar o’z vaqtida ajratilishini ta’minlasinlar.
3. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O’zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari, shuningdek xo’jalik hisobidagi xo’jalik yurituvchi sub’yektlar 2008 yil 1 yanvardan boshlab belgilangan tartibga muvofiq faxriy unvonlar egalariga to’lovlar amalga oshirilishi tashkil etilishini ta’minlasinlar.
4. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Faxriy unvonlar uchun gonorarlar va qo’shimcha haq miqdorlarini oshirish to’g’risida" 1993 yil 7 iyundagi 274-son qarori o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining
2008 yil 3 yanvardagi
2-son qaroriga
Ilova
Faxriy unvonlar egalariga to’lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to’g’risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Faxriy unvonlar uchun to’lovlar miqdorini oshirish to’g’risida" 2007 yil 17 dekabrdagi PF-3942-son Farmoniga muvofiq faxriy unvonlar egalariga to’lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. To’lovlar:
"Xalq" va "Xizmat ko’rsatgan arbob" faxriy unvonlari egalariga eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida;
"Xizmat ko’rsatgan artist" faxriy unvoni egalariga eng kam oylik ish haqining 1,8 baravari miqdorida;
"Xizmat ko’rsatgan" faxriy unvoni egalariga (qolgan kasblar bo’yicha) eng kam oylik ish haqining 1,6 baravari miqdorida amalga oshiriladi.
3. Ilgari amalda bo’lgan qonun hujjatlari asosida berilgan faxriy unvonlar egalariga to’lovlar ushbu Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
4. O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va chet el fuqarolari faxriy unvonlar uchun to’lovlarni olish huquqiga egadir.
5. Faxriy unvonlar uchun har oylik to’lovlar:
byudjet tashkilotlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga - tegishli byudjetlar hisobidan;
xo’jalik hisobidagi xo’jalik yurituvchi sub’yektlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga - xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning o’z mablag’lari hisobidan;
ishlamayotgan pensionerlarga - O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’lari hisobidan yashash joyidagi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi bo’limlari orqali to’lanadi.
6. Ishlayotgan shaxslarga faxriy unvonlar uchun to’lovlar asosiy ish joyida ish haqi bilan birgalikda to’lanadi.
Faxriy unvonga ega bo’lgan xodim boshqa ishga o’tganda to’lov bo’shagan oydagi ishlab berilgan kunlar sonidan qat’i nazar, oldingi ish joyida to’liq hajmda to’lanadi.
Faxriy unvonlar uchun yangi ish joyida to’lovlar to’lov amalga oshirilgan oxirgi oy to’g’risida oldingi ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etilgandan keyin to’lanadi.
7. Bir necha faxriy unvonlarga ega bo’lgan shaxslarga to’lov to’lovning eng ko’p miqdori nazarda tutilgan faqat bitta faxriy unvon uchun to’lanadi.
II. Faxriy unvonlar egalariga to’lovlarni tayinlash va amalga oshirish
8. Faxriy unvon uchun to’lovni tayinlash quyidagi hujjatlar:
faxriy unvon berish to’g’risidagi guvohnoma, shuningdek uning nusxasi;
faxriy unvon uchun to’lovni amalga oshirishga berilgan ariza;
ariza beruvchining pasporti (yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat - harbiy xizmatchilar uchun), shuningdek uning nusxasi taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Faxriy unvon berish to’g’risidagi guvohnoma va ariza beruvchining pasporti (yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat) taqdim etilgan hujjatlar tyekshirilgandan so’ng egasiga qaytariladi.
9. Faxriy unvonlar uchun ish haqiga yoki pensiyaga qo’shib beriladigan to’lovlar ushbu Nizomning 8-bandida ko’rsatilgan hujjatlar taqdim etilgan oydan keyingi oyning 1-kunidan boshlab amalga oshiriladi.
10. Byudjet tashkilotlarida moliya yilidan boshlab ishlayotgan shaxslarga faxriy unvonlar uchun to’lovlar bilan bog’liq xarajatlar yillik xarajatlar smyetasida nazarda tutiladi.
Yil mobaynida faxriy unvon berilgan taqdirda byudjet tashkilotlari ushbu Nizomning 8-bandida ko’rsatilgan barcha hujjatlar olingandan keyin xarajatlar smyetasiga o’zgartirishlar kiritish uchun moliya mablag’lariga bo’lgan ehtiyojning hisob-kitobini va faxriy unvon berish to’g’risidagi guvohnomaning nusxasini tegishli moliya organiga yuboradilar.
11. Xo’jalik hisobidagi xo’jalik yurituvchi sub’yektlar taqdim etilgan hujjatlar asosida faxriy unvon berilgan shaxsga to’lovni ish haqi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
12. Faxriy unvonlar uchun to’lovlar mehnatga haq to’lash fondiga kiritiladi va unga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinadi, undan davlat ijtimoiy sug’urtasiga mablag’ ajratiladi.
13. Ishlamayotgan pensionerlarga faxriy unvonlar uchun to’lovlar olinadigan pensiyaning turidan qat’i nazar, belgilangan tartibda amalga oshiriladi. To’lov faxriy unvonga ega bo’lgan shaxs vafot etganligi munosabati bilan tayinlangan boquvchisini yo’qotganlik pensiyasiga qo’shilmaydi.
III. Yakunlovchi qoidalar
14. Faxriy unvonlar uchun to’lov oladigan shaxslar hisobini yuritish va ularga to’lov to’g’ri to’lanishini nazorat qilish tegishli byudjet tashkilotlariga, shuningdek xo’jalik hisobidagi xo’jalik yurituvchi sub’yektlarga yuklanadi.
15. Faxriy unvon uchun to’lov faxriy unvon egasi vafot etgan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faxriy unvondan mahrum etilgan hollarda yoxud faxriy unvonga ega bo’lgan shaxsning arizasi bo’yicha, to’lovni amalga oshirish to’xtatilgandan keyingi oydan boshlab to’xtatiladi.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |