11-modda. Etika ekspertizasi
Etika ekspertizasi farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazishning etika jihatidan asoslanganligi to‘g‘risida xulosa berish maqsadida o‘tkaziladi.
Etika ekspertizasi jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Etika qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladi, uning tarkibiga tibbiyot, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining, oliy ta’lim muassasalarining, ommaviy axborot vositalarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari kiritiladi.
Etika qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
12-modda. Dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi.
Quyidagilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak:
dori vositalari;
O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining yangi kombinatsiyalari;
ilgari O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, lekin boshqacha dori shakllarida, dozalarda yoki boshqa ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari;
tibbiy buyumlar;
tibbiy texnika.
Dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga kiritiladi.
Tarkibida turli dori moddalari bo‘lgan dori vositalarini bir xildagi savdo nomi ostida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.
Dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra amal qilish muddati besh yil bo‘lgan tegishli ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddati ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi egasining zarur hujjatlar ilova qilingan arizasiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza ushbu guvohnomaning amal qilish muddati tugashidan oldin uch oy ichida berilishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddati o‘tgach dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani realizatsiya qilishga hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llashga, agar ular ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilishi davrida ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ruxsat etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining egasi dori vositasining, tibbiy buyumning va tibbiy texnikaning xavfsizligiga, sifatiga hamda samaradorligiga taalluqli yangi ma’lumotlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |