7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
tegishli hududda davlat davolash-profilaktika muassasalarini va aholini dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlashda ishtirok etadi;
dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish hamda o‘tkazishda ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Dori vositalari. Tibbiy buyumlar. Tibbiy texnika
8-modda. Davlat farmakopeyasi
Davlat farmakopeyasi dori vositalariga va tibbiy buyumlarga doir talablarni, umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini, dori vositalarining va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilish usullarini o‘z ichiga olgan hujjatlar to‘plami bo‘lgan rasmiy nashrdir.
Umumiy farmakopeya maqolasi dori vositalarining, tibbiy buyumlarning sifatiga, dorivor o‘simlik xomashyosiga, ularning sifatini nazorat qilish usullariga, dori vositalarining sifatini nazorat qilishda foydalaniladigan standart namunalarga, reaktivlarga, dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan joylash-o‘rash materiallariga qo‘yiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
Farmakopeya maqolasi muayyan dori vositasining, tibbiy buyumning, dorivor o‘simlik xomashyosining, yordamchi moddaning sifatiga doir talablarni belgilaydi.
Umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish va ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish Farmakopeya qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Farmakopeya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ekspert organidir.
Davlat farmakopeyasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan besh yilda kamida bir marta chop etiladi. Davlat farmakopeyasining qayta nashrlari oralig‘idagi davrda Davlat farmakopeyasiga ilovalar chop etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |