O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
“AL-BUKHARY UNIVERSITY”
OLIY TA’LIM MUASSASASI
PEDAGOGIKA VA PSIXOLOGIYA
FAKULTETI TALABASI
KANAXATBOYEV ILHOM
Referat
Mavzu: Ta’lim metodlari tasnifi
Toshkent-2022
Mavzu: Ta’lim metodlari tasnifi
.
Режа:
Tayanch tushunchalar: metod, ta’lim metodi, ta’lim usuli, qoida, interfaol metod, metodika, texnologiya, didaktik vosita, ta’limning texnik vositalari.
Metod (yunoncha «metohodos» - yo‘l) maqsadga eltuvchi yo‘lni ifodalaydi.
Ta’lim metodi -ta’lim jarayonida shaxsni ta’limi, tarbiyasi, rivojlanishi vazifalarini hal qilishga yo‘naltirilgan, o‘zaro aloqador faoliyat yo‘lidir, deb ta’rif beradi V. А. Slastyonin.
R.G. Lembergning fikricha, ta’lim metodlari faoliyat singari ikki tomonlama xarakterga ega bo‘lib, pedagogik jarayonda subyekt-subyekt munosabatlarini o‘rnatadi.
M. M. Pistrakning ta’kidlashicha, «Ta’lim metodi—bu o‘qituvchi qo‘lidagi qurol, bu o‘qituvchi harakati yo‘lidir».
P. N. Shimbirevaning yozishicha, «ta’lim metodi —bu yo‘l, u yordamida o‘qituvchi o‘quvchilarni bilim o‘zlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi».
M. N. Skatkinning ta’kidlashicha, «ta’lim metodi bu—o‘quvchini bilimni o‘zlashtirishga yetaklovchi yo‘lidir».
Ya. Lerner «ta’lim metodi—bu o‘quvchilarni o‘quv-biluv faoliyatini tashkil etish yo‘li»dir deb ta’kidlaydi.
Yu.K.Babanskiy «ta’lim metodi» — bu ta’lim, tarbiya, rivojlanish vazifalarini hal etish bo‘yicha o‘qituvchi va o‘quvchining aloqador faoliyati yilidir» deb ta’kidlaydi.
Ta’lim metodi —bu o‘qituvchining o‘quvchilarni o‘quv materialini o‘zlashtirishga, turli didaktik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan, o‘quv-biluv faoliyatini tashkil etish yo‘lidir deb ta’kidlaydi I. F. Harlamov.
G.M.Kodjaspirovaning ta’kidlashicha, «ta’lim metodi — ta’lim mazmunini o‘zlashtirilishini, o‘quvchilarni aqliy qobiliyatlarni rivojlanishini ta’minlovchi, o‘qituvchi va o‘quvchining ketma-ket, o‘zaro aloqador harakatlari tizimidir.
Ta’lim metodini uch xil belgi xarakterlaydi. U ta’lim maqsadini, o‘zlashtirish yo‘llarini, ta’lim subyektlarini o‘zaro bog‘liqlik harakatlarini aniqlaydi.
Ta’lim metodi—bu ta’lim vazifasini hal qilishga yo‘naltirilgan, o‘qituvchi va o‘quvchini birgalikdagi faoliyatidir.
Shuni ta’kidlash kerakki, ta’lim metodlarining yagona ta’rifi yo‘q. Ular o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’limiy-tarbiyaviy vazifalarini hal qilishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyat usullarining tartibga solinishidir.
Umuman, ta’lim metodlarining majmuyi — atrofdagi voqelikni bilishning yo‘li, deya xulosa chiqarish mumkin. O‘quvchilar aqliy kamol topishining xarakterini belgilaydigan yo‘l bilimlarni o‘zlashtirish imkoniyatini yaratadi, shaxsning xususiyatlarini shakllantiradi. O‘qitishning maqsadi insoniyatning tajribasini o‘zlashtirishning o‘zidir. Ta’lim nazariyasi o‘qitish metodlarini insoniyat tajribasidan oladi va ularni o‘quv mashg‘ulotlariga moslashtiradi. Shuning uchun o‘qitish metodlari doimiy ravishda yangilanadi, takomillashadi, fan-texnikaning rivojlanishi va ijtimoiy rivojlanish asosida yangi metodlar vujudga keladi.
Metod strukturasiga o‘qitish usullari kiradi. Lekin metod mazkur usullar majmuyidan iborat emas. Usul o‘qituvchi yoki o‘quvchilar aqliy yoki amaliy ishining alohida xatti-harakatlari bo‘lib, ular mazkur metodda tavsiya etilgan materialni o‘zlashtirish shaklini to‘ldiradi. Masalan, o‘qituvchi eslab qolish usulini beradi. Usul metoddan ajraladi, o‘zining bilimlarini o‘zlashtirishdagi va ko‘nikmalar hamda malakalarni shakllantirishdagi ahamiyatini yo‘qotadi.
O‘qitish usullarini quyidagilarga bo‘lish mumkin:
tafakkur, xotira, diqqat va xayolning alohida operatsiyalarini tarkib toptiradigan va faollashtiradigan usullar;
fikrlash faoliyatida muammoli va izlanishli vaziyatlarni vujudga keltiradigan usullar;
o‘quvchilarning o‘quv materialini o‘zlashtirish bilan bog‘liq kechinmalari va hissiyotlarini faollashtiradigan usullar;
nazorat va o‘quvchilarning o‘zini-o‘zi nazorat qilish usullari;
o‘qitish jarayonida o‘quvchilarning jamoaviy va shaxsiy o‘zaro munosabatlarini boshqarish usullari.
O‘qitishning turli metodlariga bir xil usullarni kiritish mumkin. So‘nggi yillarda pedagogika fani va maktab amaliyotida o‘qitish metodlari muammosiga alohida e’tibor berilmoqda. Shu muammo bo‘yicha anchagina tadqiqotlar bajarilmoqda, ilg‘or pedagogik amaliyotda o‘qitishning samarador metodlarini va tizimlarini qo‘llashning talaygina yo‘llari topildi. Ammo umumiy ta’lim maktabiga qo‘yilayotgan yangi talablar o‘qitishning metodlari va usullarini yanada takomillashtirishni talab qilmoqda.
Ta’lim metodlari evolutsiyasi. Ta’lim metodlari — tarixiy kategoriya hisoblanadi. Fan-texnika taraqqiyoti, ishlab chiqarish munosabatlari xarakteri va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanganlik darajasi pedagogik jarayon maqsadi, mazmuni, vositalariga ta’sir qiladi. Ularning o‘zgarishi bilan ta’lim metodlari ham o‘zgaradi.
Kishilik jamiyatning dastlabki rivojlanish bosqichlarida ijtimoiy tajribani kelgusi avlodlarga o‘tkazish stixiyali tarzda amalga oshirilgan. Bolalar asosan mehnat ko‘nikmalarini kattalar tomonidan bajarilgan harakatlarni kuzatish va takrorlash yo‘li bilan o‘zlashtirganlar. Ta’lim metodlari asosan taqlidga asoslangan. Kattalarga taqlid qilib, bolalar usti-boshlarni tayyorlash, oziq-ovqat topish yo‘l va usullarni o‘zlashtirganlar. Bularning asosida ta’limning reproduktiv metodi («men kabi bajar»). Bu o‘qitishning eng qadimiy metodi bo‘lib, keyinchalik boshqa metodlar paydo bo‘ldi. Bilimlar ko‘lamining oshishi, madaniy tajribalarni o‘zlashtirish darajasini taqlid orqali o‘zlashtirilishi ta’minlay olmay qo‘ydi.
Maktablarning tashkil etilishi bilan o‘qitishning og‘zaki metodlari paydo bo‘la boshladi. O‘qituvchilar so‘z yordamida o‘quvchilar o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni uzata boshladilar.
Yozuvning, keyinchalik kitobning paydo bo‘lishi bilan belgi shaklda bilimlarni to‘plash, uzatish va ifodalashning imkoniyatlari tug‘ildi. So‘z ma’lumotlarni asosiy tashuvchisi hisoblanib, kitob bo‘yicha o‘qitish— o‘qituvchi va o‘quvchining aloqadorligi yo‘li paydo bo‘ldi.
Kitoblar turlicha qo‘llanilgan. O‘rta asr maktablarida o‘quvchilar matnlarni mexanik tarzda yod olganlar. Shunday qilib, dogmatik yoki o‘qitishning katexizik metodi paydo bo‘ldi.
Buyuk kashfiyotlar davriga kelib o‘qitishning og‘zaki metodlari qatorida o‘quvchilarning tashabbuskorlikka, onglilikka, faollikka yo‘naltiruvchi kuzatish, sinov, mashq metodlari paydo bo‘ldi. Bular ta’limning ko‘rgazmali metodlari nomi bilan qo‘llanila boshlandi. XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib, o‘quvchilarni mustaqilligini rivojlantiruvchi, bolaning qiziqishi va ehtiyojlarini hisobga oluvchi evristik metodlar paydo bo‘ldi. «Faoliyat orqali o‘qitish» konsepsiyasi vujudga kelishi bilan amaliy metodlardan foydalanila boshlandi. Bunda ta’lim jarayonida asosiy e’tibor amaliy mashg‘ulot turidagi o‘quvchilarni mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishni shakllantirishga qaratila boshlandi. Keyinchalik bular asosida qisman izlanuvchan, tadqiqotchilik metodlari paydo bo‘ldi.
Muammoli o‘qitishning vujudga kelishi bilan muammoli ta’lim metodlari qo‘llanila boshlandi. Muammoli ta’limda o‘quvchilar oldiga o‘zlashtirilishi zarur bo‘lgan materiallar muammo sifatida qo‘yilib, o‘quvchilar ushbu muammolarni mustaqil hal etish orqali tabiat va jamiyat to‘g‘risidagi bilimlarni o‘zlashtirishga erishishi bilan xarakterlanadi. Kishilik jamiyatida bolani nafaqat bilim, ko‘nikma, malakalarni o‘zlashtirishi, balki individual xususiyat va qobiliyatlarni rivojlantirish zarurligini anglagandan so‘ng rivojlantiruvchi metodlar qo‘llanila boshlandi. O‘quv jarayonida texnikani keng qo‘llanilishi, ta’limni kompyuterizatsiyalashishi ko‘plab yangi metodlarni vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Amerikalik pedagog K. Kerr «ta’lim metodlari sohasidagi tub burilishlarni» to‘rt bosqichga ajratadi. Kishilik jamiyatining dastlabki rivojlanish bosqichida bolalarni asosiy o‘qituvchilari ota-onalar hisoblangan. Birinchi tub burilish ularning o‘rniga professional o‘qituvchilarning kelishi davri. Ikkinchi tub burilish og‘zaki so‘zni, nutqni yozuv bilan almashinuvi bilan bog‘liq. Uchinchi tub burilish ta’limga bosma so‘zning kiritilishi davri. To‘rtinchisi ta’limni avtomati- zatsiyalashtirish va kompyuterizatsiyalashtirish bilan bog‘liq.
Barcha davrlarda metodlarni izlash orqali ta’lim jarayonini shakllantirishga erishib kelingan. Biroq biror bir metod o‘z-o‘zicha qo‘llanilmaydi hamda kerakli natijani ta’minlamaydi. Biror bir metod universal xarakterga ega emas. Ta’lim jarayonida turli-tuman metodlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Zamonaviy didaktikada ta’lim metodlari tasnifiga turlicha yondashuvlar.
Didaktik tadqiqotlar ko‘rsatadiki, ta’lim metodlari nomenklaturasi (nomlanishi) va tasnifi ulami ishlab chiqishda tanlangan yondashuvga bog'liq ho Ida juda xilma-xil ekanligi bilan xarakterli. Ulardan eng muhimlariga to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |