Kechalari yotgani na qo 'shim bor,
Kunduzi ichgani na no 'shim bor.
Bir hovuch na uyimda g'allam bor,
Ki ikki gaz na boshimda sallam bor.
Boshimga gaz desam, ki sallam yo 'q,
Salla desam, uyimda g 'allam yo 'q.
Poytaxtda omadi yurishmagan shoir xon xizmatidan bo‘shab, ona qishlog'i Hapalakka ketadi va o‘sha yerda 1844-yilda vafot etadi.
Maxmur ham haqiqatning achchiq tili bilan o‘z davri voqealarini haqqoniy tasvirladi.Buni uning «Hapalak» she'ri misolida yaqqol ko‘rish mumkin.G'azal janrida yozilgan bu she'r orqali Qo‘qon xonligida aholi turmush tarzining niho-yatda og'irlashib ketganligi, turli-tuman soliqlar mehnatkash xalqni xonavayron qilganligi, qishloqlar xarobazorga aylanganligi aks ettirilgan.
She'r sarlavhasi tagida ta'kidlanganidek, shoir Hapalak qishlog'iga onasi orqali aloqador.Uning o‘zi ham umrining so‘nggi yillarini shu yerda o‘tkazgan.Bu qishloq hozirgi Farg'ona viloyatining Beshariq tumanidagi Qumqishloq hududidadir.She'r xon amaldorlarini Hapalakka «tilla puli» solig'ini undirish uchun kelishlari munosabati bilan yozilgan. ‘
G'azal balandparvoz, dabdabali so‘zlar bilan ko‘tarinki ruhda boshlanadi:
Ey jahondori zafar, kavkabayi davri falak,
Go 'sh qil qissayi qishloqi xarobi Hapalak.
Birinchi misrada xonni jahonga g'oliblik bilan egalik qiluvchi, falak doirasining quyoshi deb ulug'lab, ikkinchi misradayoq bunday hashamat va dabdabaga tamoman zid turuvchi xarob bo‘lgan Hapalak qishlog'i qissasidan so‘z ochadi. Bunday teskarilik orqali xon va amaldorlarning xalq g'amidan, uning ahvolini tushunishdan yiroqligi, ularning hashamatli hayoti qishloqlarni ayanchli darajaga yetkazish hisobiga ekanligi ta'kidlanadi. Go‘yo xudoning g'azabiga uchragan bu qishloq turmushi xonadonlardagi parandalardan ham ko‘rinib turadi:
i;'
don yo‘qligidan tovuqlari ignachidek, o‘rdak va g'ozlari kapalakdek oriqlab ketishgan. Uylariga e'tibor berilsa, qachonlardir ko‘p xonadonlardan iborat bu qishloq endilikda tovuq katagiday pastqam, dalada vaqtincha tikiladigan kapaday omonat, devorlari nurab, qirqyamoq chodirday olachuq, ba'zilari katalak singari, xullas, vayronalardan iborat. Ularning ichiga kirsangiz, har tomondan yuzga ko‘rshapalaklar uriladigan yerto‘ladan boshqa narsa emasligiga amin bo‘lasiz.
Bunday sharoitda yashayotgan odamlar «o‘lasa-yu qoqixarob», ochlik tinkalarini quritganligidan qomatlari kamalakday egik. Kundalik turmush tarzlari g'oyat achinarli:
Ajiriq tomirini o‘g'irida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otini derlar sumalak.
Gar tahorat qilsa qavmi suv topolmay nochor,
Betini qum bila yuvib ko 'ziga surgay guvalak.
Keyingi baytda shoir yana matla'dagidek ko‘tarinki uslubga qaytadi. Bundan maqsad bu qadar dabdaba va hasham ichida yashayotgan xonning shunchalik nochor va xorlikda yashayotgan qishloq ahlidan soliq undirishi adolatga, aqlga, mantiqqa qanchalik muvofiqligini ta'kidlashdir. Shuning uchun shoir maqta'da xondan marhamat qilib ularga solinayotgan soliqdan kechib yuborishni so‘raydi.
G'azal boshdan oyoq mubolag'a asosiga qurilgan.Bu tasvir vositasi fikrni ta'kidlash, holatlarga urg'u berish uchun shoirga qo‘l kelgan.
Maxmurning izchil izdoshlaridan bo‘lgan Mavlono Muqimiy uning satira va yumor borasidagi eng yaxshi an’analarini davom ettirdi, ta’sirli usul hamda badiiy voitalarni yanada rivojlantirdi. Shoirning iqtisodiy nochorlikda kun kechirishi, hukmron tabaqalarning nazaridan qolishi, iste’dodiga yarasha e’tibor topa olmasligi uning ruhiyatida isyonkorlik tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy edi.
Shoir bora-bora hayotni kengroq va chuqurroq idrok eta boshlaydi. Yon atrofida o‘ziga o‘xshash juda ko‘p baxtsiz kishilarni, ijtimoiy adolatsizliklarni ko‘ra boshladi. U aksariyat mehnatkash, hunarmand va ma’rifat sohiblarini g‘am-alamda, johil davlatmandlarni aysh-ishratda ko‘rdi. Zamona kulfatlaridan o‘zi singari aziyat chekayotgan kishilarga hamdardlik tuyg‘ularini ifoda eta boshladi. Oddiy xalq ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shoir “Sayohatnoma” asarida dunyoni dorga o‘xshatadi:
Bo‘lma halovatga kasal,
Olamda yo‘q benish asal,
Beshak mukofoti amal,
Dunyo qurulg‘on dor ekan.
Muqimiy yashagan muhitda hukmron doiralar biron narsaga qurbi yetmagan oddiy fuqaroga ham, mol dunyosi bo‘lmagan olim, fozil kishilarga ham past nazar bilan qarash hollari uchrar edi. Ularning andozasi nasl-nasab, mansab va mol dunyo edi. Shoir o‘z mol-dunyosini ko‘z-ko‘z qiluvchi, noinsoflik vositasida boylik orttiruvchi davlatmandlarni qoralab, ularning kibr-u havosidan kuladi, nafratlanadi.
Hayot voqeliklarini muntazam kuzatib borgan Muqimiy xalq boshiga tushayotgan azob-uqubatlarga befarq bo‘la olmas edi. Shuning uchun ham kundalik hayotda ro‘y berayotgan hodisalarga munosabatini bildirar ekan, uning ijodida mavzular ko‘lami tobora kengayib bordi. Shoir yaratgan asarlarda jamiyatdagi illatlarni fosh qilish bora-bora muayyan va aniq shaxslar timsolida amalga oshirila boshlandi. Chunki shoir el-yurtga kulfat keltirayotgan, odamlar nafratiga duchor bo‘layotgan kimsalarga qarshi adabiyotni, satirani qurol qilib oldi. Avvalgi faslda ham aytilganidek, Navoiy boshlab bergan “falon” turkumidagi an’analar xuddi Maxmur ijodida bo‘lganidek, Muqimiy she’rlarida ham izchil o‘rin ola boshladi. Ochiq tanqid, o‘tkir hajv shoir hayotiga xatar keltirishi mumkinligi uning ana shunday nisbatan pardali usullardan foydalanishga majbur qilar edi. Ammo shoirning zamondoshlari, hatto hajv qahramonining o‘zi ham “falon” atamasining ostida kim turganligini yaxshi bilganlari tabiiy. Bunday she’rlar qudratli satirik kuchga, yuksak badiiyatga egaligi bilan ham diqqatga sazovordir.
Mavlono Muqimiy lirik asarlari bilangina emas, satirik merosi bilan ham o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. Ijtimoiy voqelikni, hayotdagi illat va nuqsonlarni, zamondoshlari fe’l-atvoridagi qusur hamda kamchiliklarni badiiy tasvirlashda shoir satira va yumor elementlaridan mohirona foydalanadi. Muqimiyning satirik obraz va xarakter yaratish borasidagi usullari bugungi kunda ham tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Keltirilgan misollar shoir yashagan davr hokim sinf vakillari bo‘lgan amaldorlar, o‘z manfaatinigina o‘ylab, zolimlarga zulm pichog‘ini qayrab bergan ba’zi ruhoniylarni sharmanda qiluvchi o‘tkir satira namunalaridir. Muqimiy asarlarining shakli ham ifodalanayotgan mazmunga mos bo‘lib, xalq termalariga, masallariga hamohang uslubga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |