3-fasl. Badiiy tafakkur tariqlari - dunyoni idrok etish va uni ijodiy akslantirishning o’ziga xos yo’llari sifatida.
Bir narsani afsus bilan qayd etish lozimki, sovet davri o’zbek adabiyotshunosligi, ayniqsa, 30-yillardan boshlab asos e’tibori bilan noto’g’ri tamoyilga yo’naltirildi. Bu tamoyilning mohiyati - bir mintaqa adabiy merosini o’rganishda, ko’ra bila turib, butkul begona an’analar asosida shakllangan o’zga mintaqa adabiyot nazariyasiga tayanishdir. Ma’lumki, badiiy adabiyot amaliyoti bilan uning nazariyasi orasida uzviy bog’liqlik mavjud bo’ladi. Ammo adabiyot nazariyasi odatda bir millat adabiyoti tajribasiga emas, balki muayyan madaniy mintaqaning etakchi xalqlari badiiy ijodi tajribalariga suyanadi va shu zaminda yaratiladi. XIX asr o’rtalarigacha ham yaxlit jahon madaniyati emas, balki mintaqa madaniyatlari mavjud bo’lganini nazarda tutsak, Evropa mintaqasi xalqlari yaratgan buyuk badiiy meros Evropa adabiyotshunosligiga asos bo’lganligini, ammo qadim davrlardan Uzoq Sharq (Xitoy, Yaponiya, Koreya), Hindiston, Yaqin va O’rta Sharq mintaqalarining har birida alohida o’ziga xos mukammal rivojlangan adabiyot nazariyalari mavjudligi, bu nazariy tizimlar ushbu mintaqalardagi butun madaniy-ma’naviy muhit, jumladan, ushbu mintaqa xalqlari badiiy tafakkuri mevalarining bevosita ta’sirida shakllangan va o’z navbatida ushbu mintaqa adabiyoti namoyandalari ijodiga asrlar davomida sezilarli ta’sir ham ko’rsatib kelganligi bugungi kunda aniq-ravshan isbot etilgan tarixiy voqelikdir.
100
Bu haqda yaratilgan tadqiqotlar majmui ilgari ko’proq Uzoq Sharq va Janubiy Osiyo mintaqalariga oid bo’lgan bo’lsa, oxirgi yigirma yilda islom mintaqa adabiyotshunosligini o’rganish bo’yicha ham jahon ilmida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Ushbu ilmiy tahlil va kuzatishlar natijasini umumlashtirish, ularning takomil tarixini adabiy jarayon bilan bog’lab o’rganish hozirgi davr adabiyotshunosligining dolzarb masalalaridan bo’lmog’i, hatto diqqat markaziga qo’yilmog’i joiz.
Xullas, har bir mintaqa adabiyoti o’sha mintaqada yaratilgan adabiyot nazariyasi bilan mushtarak holda o’sha mintaqa ma’naviy qadriyatlari muhitidan ajratib olinmay o’rganilsa, natijalar ham asl voqelikka muvofiq bo’ladi. Jumladan, islom mintaqa adabiyotshunosligi haqida qisqacha gapirib o’tadigan bo’lsak, quyidagilarni qayd etish o’rinlidir.
VIII-IX asrlardanoq arab tilida islom mintaqa adabiyotshunosligining o’ziga xos maktabi vujudga kela boshladi. Xalil ibn Ahmad (718-786), Ibn Qutayba (828- 889), Ibn al-Mutazz (861-908) va boshqa iqtidorli nazariyotchilar qadim yunon poetikasidan mohiyatan farq qiluvchi islom she’riyat va badiiyat ilmini shakllantirishga kirishdilar. Ko’p o’tmay bu sohaga Movarounnahrdan etishib chiqqan qomusiy allomalar o’z hissalarini qo’shdilar. Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy kabi zabardast faylasuflar qadim yunon poetika ilmini mintaqa adabiy an’analari bilan qiyosiy o’rganib, she’riyat ilmiga oid maxsus nazariy risolalar yaratdilar. X-XV asrlarda bu yo’nalishda ijod etgan qator allomalarimizning qomusiy asarlari jahon ma’naviyat xazinasining boqiy mulkiga aylandi. Masalan, X asrda yashab arab tilida ijod qilgan vatandoshimiz Abu Abdulloh al- Xorazmiyning «Mafotih al-ulum»(«Ilmlarning kalitlari») asarida adabiyotshunoslikka oid ilmi ma’oniy va bayon, aruz va qofiya, badiiy san’atlarga alohida boblar ajratib, bu ilmlardagi har bir atamaga ta’rif va tavsif berilgan. XI asrda yashab ijod etgan o’rta osiyolik alloma Abu Xafs an-Nasafiy o’zining
«Majma’ ul-ulum matla’ un-nujum» («Ilmlarning jam bo’lishi - yulduzlarning chiqishi») qomusiy risolalar to’plamiga aruz ilmiga oid «Muxtasar al-aruz ala usul al-ma’ruz» asarini kiritgan. XI asrda vatandoshimiz Abul Hasan Nasr al- Marg’iloniy badiiyat ilmi bo’yicha arab tilida «Mahosin al-kalom» asarini ta’lif etdi. Shu asrda yashagan Abu Qohir al-Jurjoniy (vafoti 1078 yil) Qur’oni karim oyatlarining yuksak badiiy qudratini ilmiy tahlil asosida dalillab berishga bag’ishlangan «Daloyil ul-e’joz» va «Asror ul-balog’a» asarlarida mutlaqo o’ziga xos badiiy timsol nazariyasini kashf etdi. XI asr oxiri - XII asrdan boshlab fors tilida ham poetikaga oid maxsus asarlar yaratila boshlandi. Ularning birinchisi Roduyoniyning «Tarjumon ul-balog’a» asari bo’lsa, ikkinchisi xorazmlik ulug’ alloma Rashididdin Vatvotning qator asarlari, ayniqsa, mashhur «Hadoyiq as-sehr fi daqoyiq ash-she’r» («She’riyat teranliklarida sehr bog’lari») risolasidir. XII- XIII asrlarda «arab va ajam faxri» deb dong taratgan xorazmlik alloma Mahmud az-Zamaxshariy «Al-qustos fil aruz» nomli ilmiy risolasini yozdi. Uning kichik zamondoshi va yurtdoshi Yusuf as-Sakkokiy o’zining filologiyaga oid «Miftoh ul- ulum» kitobining katta bir bobini «She’r ilmi»ga bag’ishladi. Keyingi asrlarda mintaqada turkiy tilda ham adabiyot nazariyasiga oid asarlar yaratildi. Jumladan, Mirzo Ulug’bek zamonida yaratilgan Taroziyning ushbu mavzudagi ilgari fanga
101
noma’lum bo’lgan «Funun al-balog’a» risolasining qo’lyozmasi bir necha yil oldin AQShga ilmiy safar bilan borgan tilshunos olim E.Umarov tomonidan topilib, ilmiy iste’molga kiritildi. Shunday qilib, VIII-XV asrlarda mintaqamizda arab, fors va turkiy tillarda mukammal bir adabiyotshunoslik nazariy maktabi shakllangan edi. Allomalarimizning tilga olingan asarlari keyingi necha asrlar davomida islom mintaqasining turli davlatlarida qayta-qayta ko’chirilib, ilm ahli tomonidan chuqur o’rganildi, oliy madrasalarda uning asosida she’r ilmi alohida fan sifatida o’rgatildi. Ajdodlarimiz yaratgan bu ilm nafaqat Xorazm yoki Movarounnahr, balki butun islom mintaqasida keng o’rganildi va amalda qo’llanildi. Ushbu qimmatli nazariy merosni jiddiy tahlil etib, allomalarimizning xizmatlarini yuzaga chiqarish, mumtoz shoirlarimiz she’riyatiga uni tadbiq etish, badiiyat ilmining ko’z ilg’amas nozik tomonlarini hozirgi zamon shoirlariga ochib berish va ularni ham buyuklarimiz yaratib ketgan ulug’ merosdan bahramand etish bugungi kun adabiyotshunosligining kechiktirib bo’lmaydigan vazifalaridandir.
Badiiy tafakkurning o’z qonun-qoidalari bor. Asotir tafakkur, mantiqiy tafakkur, irfoniy tafakkur kabi bu ham borliqni idrok etishning o’ziga xos bir yo’li (tariqi, usuli)dir. XV asr oxirida Alisher Navoiy o’zigacha 8 asr davomida mintaqa miqyosida keng rivojlanib borgan badiiy tafakkur ilmini yanada yuksak nazariy umumlashmalar darajasiga ko’tarib, jahon ma’naviyati takomiliga o’zining mustaqil bosqich darajasidagi kashfiyotini olib kirdi.
Alisher Navoiy yaratgan nazariya badiiy tafakkur tariqi masalasiga oid bo’lib, Evropada bu ilmiy yo’nalish Sharqdan ancha keyin - XVIII asrdan shakllana boshladi va XX asrdagina yakuniy natijalarga erishdi. Evropa adabiyotida barokko, klassitsizm, romantizm, realizm nomlari bilan ataluvchi hodisalar Yangi davrda paydo bo’ldi. Rus tadqiqotchilari bunday hodisalarni
«literaturnoe napravlenie ili techenie» (adabiy yo’nalish va oqim) deb atadilar va keyinchalik shuning asosida ijodiy yoki badiiy metod (tvorcheskiy ili xudojestvenniy metod) nazariyasini shakllantirdilar. Afsus, 30-yillar mafkuraviy tazyiqi bilan bu nazariya asosan Stalin tomonidan «sotsialistik realizm» deb sun’iy nom ostida tiqishtirilgan proletar realizmi metodining totalitar hukmronligini ta’minlash maqsadlariga bo’ysundirilgani sababli, barchaning jig’iga tegib, asl muammo bir chetga surilib qolaboshladi. Vaholanki, adabiyot nazariyasining o’zak tomiri baribir badiiy tafakkur tariqi sifatida shakllanadigan dunyoni idrok etish va uni ijodiy akslantirishning o’ziga xos yo’llarini aniqlay bilish va uni har tomonlama sharhlab ko’rsatishdan iboratdir. Alisher Navoiy ushbu nazariy masalani XV asr oxirida birinchi marta ochiq-ravshan belgilab va sharhlab bergan edi.
Qadim yunon tilida «metodos» nima ma’noni bildirsa, IX- XV asrlar islom mintaqa madaniyatining ilmiy atamalar tili bo’lmish arab tilida «tariq» so’zi ham xuddi shu ma’noni, ya’ni «yo’l», «borliqni anglab etish va aks ettirishning o’ziga xos yo’li» ma’nosini anglatar edi. Alisher Navoiy ushbu atamadan foydalanib, islom mintaqa adabiyotida «haqiqat tariqi» va «majoz tariqi» deb atalmish ikki adabiy yo’nalishni ajratib ko’rsatdi va ularning har birini qisqacha ta’riflab berdi. Bu hodisa Evropa adabiyotshunosligi erishgan yutuqlardan 5 asr ilgari yuz bergan edi. Badiiy ijodga Borliq mohiyatini idrok etish va ijodiy akslantirishning alohida
102
bir yo’nalishi sifatida ongli yondoshuv islom mintaqasida Evropadan ancha ilgari, XII-XIII asrlarda boshlangan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |