5-fasl. Islom mintaqa madaniyati rivojida ajdodlarimiz yaratgan merosning o’rni.
Milliy ma’naviyatimizning islom mintaqa madaniyati doirasidagi takomiliga yakun yasash oldidan bir muhim masalani aniqlashtirib olishga ehtiyoj bor. Biz islom ma’naviyati takomili va uning bosqichlarini boshdan-oyoq mintaqa miqyosida qamrashga urindik. Ushbu yondoshuv qanchalik maqbul, axir, asl maqsad milliy ma’naviyatimiz taraqqiyoti emasmidi? Gap shundaki, VIII asr 2- yarmidan XVI asr boshlarigacha milliy ma’naviyatimiz yagona mintaqa madaniyati hududida rivojlandi va yaxlit islom mintaqa ma’naviyatining uzviy qismi sifatidagina taraqqiy etdi. Bunday tarixiy holat O’rta asrlarda nafaqat islom mintaqasi, balki Evropa, Uzoq Sharq, Janubiy Osiyo mintaqalari uchun ham xos edi.
Bu davr islom mintaqa ma’naviyatining shakllanishi va takomiliga bizning vatandoshlarimiz sezilarli hissa qo’shdilar. Sunna davridagi 6 buyuk muhaddisning
113
2 tasi bugungi O’zbekiston hududidan, VIII asr oxiri IX asr boshlarida mintaqa adab ilmining iqtidorli namoyandalaridan Adib Ahmadning ilk turkiy dostoni shu hudud bilan bog’lanadi, Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy kabi islom ma’rifatchiligining dunyoga nomi taralgan vakillari, mo’’tazila yo’nalishining so’nggi zabardast vakili, Qur’oni karimning eng mo’’tabar tafsirlaridan «Al-Kashshof»ning muallifi Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1144), Kalom ilmida alohida yo’nalishga asos solgan Al-Moturidiy, fiqh ilmining o’nlab zabardast allomalari, jumladan, butun islom dunyosi qozilarining asosiy kitobi bo’lmish fiqh ilmining qomuslaridan «Hidoya fil-furu’» ni yaratgan Burhonuddin Marg’inoniy (vafoti 1197 yil), tasavvufning uch buyuk tariqati - yassaviya, kubraviya, naqshbandiya-xojagon asoschilari - Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Abduholiq G’ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband va boshqa yuzlab tasavvuf shayxlari ushbu zamin farzandlaridir. Butun islom dunyosida IX - XIII asrlarda hukmronlik qilgan turkiy sulolalar ham ushbu zamindan chiqib borib, dunyoni zabt etganlar. Agar bugun biz Shimoliy Afrika va Ispaniya, Arabiston yarim oroli va Markaziy Osiyo hududlarida IX-XV asrlarda yashab o’tgan allomalar merosini bir-biridan alohida o’rgana boshlasak, tarixiy-ma’naviy voqelikni hech qachon to’g’ri ilg’ay olmaymiz va ko’p narsani chalkashtirib yuboramiz. Asli Mahmud Koshg’ariy turkiy adabiy til va uning shevalariga bag’ishlangan kitobini Bag’dodda yozgan bo’lsa, Mahmud Zamahshariyning asarlari Xorazm vohasida arab tilida ijod etilgan bo’lsa, hatto XV asrda hukmronlik qilgan Mirzo Ulug’bek o’zining asarlarini arab va fors tillarida yozgan bo’lsa, bu uch til (arab, fors, turk) da yozilgan yaxlit madaniy merosning yagona mohiyatini qanday qilib bir-biridan ajrata olamiz?
Xullas, 7 asrdan oshiq vaqt davomida katta bir mintaqada yagona madaniyat, yagona ma’naviy muhit shakllandi. Ushbu muhitda arab, fors, turkiy millatlarning o’ziga xos ma’naviy dunyosi bir-biri bilan nihoyatda yaqinlashib, o’zaro umumiy jihatlar kasb etdi. Shu bilan birga ularning islomdan oldingi taraqqiyoti muayyan darajada farqlangani bois va boshqa turli omillar tufayli umumiy rivojlanishning milliy talqinlarida farq bo’lishi ham tabiiydir. Turkiy millatning bosh bo’g’ini bo’lmish o’zbek xalqi milliy ma’naviyati taraqqiyotida Alisher Navoiyning ma’naviy olami avj nuqtani tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |