3-fasl. Yusuf Xos Hojib va Mahmud Qoshg’ariy. X-XI asrlarda turkiy xalq ma’naviyati
Ilmiy adabiyotda arab tili urf bo’lgani uchun turkiy adabiyot badiiy ijodga ijtimoiy va falsafiy qarashlarni olib kira boshladi. Ajdodlarimiz o’z asarlarida davlatning turli shakllarini tasvirlab, uning asosiy vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishda deb talqin etdilar. Bu jihatdan XI asr turkiy she’riyatning buyuk namoyandasi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” ijtimoiy-falsafiy dostoni (1069 yilda yozilgan) alohida e’tiborga loyiq. Unda davlatni boshqarish, turli ijtimoiy toifalarning o’zaro munosabatlari va jamiyatdagi mavqelari xususida mufassal tahlil va xulosalar yuksak badiiy shaklda ifodalab berilgan.
Yusuf Xos Hojib asarini Islom ma’rifatchiligi bosqichidagi turkiy xalqlar ma’naviyatini mukammal aks ettiruvchi badiiy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qomus deb bemalol ta’riflash mumkin. Firdavsiy “Shohnoma”da mintaqa xalqlarining o’tmish tarixini badiiy aks ettirgan bo’lsa, “Qutadg’u bilig” dostoni X-XI asrlar ijtimoiy voqeligining badiiy-falsafiy tahlil va talqinini o’zida mujassam etgan. Behuda emaski, shoirning o’zi kitobi haqida gapirib, uning “Adab ul-muluk” (Xukmdorlar odobi) va “Oyin ul-mamlakat” (Mamlakatni idora etish qoidalari) nomlari ostida ham shuhrat topganini ta’kidlaydi. Asarning asosiy qahramonlari o’sha davr jamiyati bosh timsollarining ramziy ifodasi bo’lib gavdalanadi. Ulardan birinchisi Adolat - u bosh hukmdor, ismi - Kuntug’di, u quyoshdek barchaga barobar nur taratadi. Ikkinchi timsol - Qut yoki Davlat bo’lib, bu tushuncha ichki mazmuniga ko’ra Boylik, Baraka, Omad, Baxt, Qudrat ma’nolarini o’zida jamlagan, uning ismi Oyto’ldi, u hukmdorning tayanchi, uning beliga quvvat, ko’ziga nur, mulkiga farovonlik baxsh etuvchi bosh maslahatchi va nozir. Ammo Oyto’ldining umri foniy. Davlat, Baxt, Omad kabi narsalar poydor emas. Osmondagi Oy yanglig’ goh to’lib balqiydi, goh Hilol singari noziklashib, quvvatdan ketadi, orada ko’rinmay qolishi ham mumkin. Darhaqiqat, Oyto’ldi asar davomida xastalanib vafot etadi. Uning o’rniga o’g’li O’gdulmish o’rinbosar, hukmdorning yaqin maslahatchisi bo’lib qoladi. O’gdulmish Aql va Bilim ramzi (O’g - qadim turkiyda “aql”, “bilim” ma’nolarini beradi). Agar Boylik, Omad, Baxt o’tkinchi bo’lsa, kishi qo’lida doimiy turmasa, Aql va Bilim ularning o’rnini bosa oladi. Kitobning asl nomi - “Qutadg’u bilig” (Baxt keltiruvchi bilim) - asarning bosh timsoli, eng asosiy qaxramoni O’gdulmish, ya’ni Aql va Bilim ekanligiga ishora qilib turadi. Asardagi to’rtinchi timsol - Qanoat. Agar insonda, jamiyatda qanoat bo’lmasa, uning barcha fazilatlari bir pul, oqibati ayanchli. Qanoatning ismi O’zg’urmish bo’lib, u Oyto’ldining, ya’ni Baxt va Davlatning, O’gdulmishning, ya’ni Aql va Bilimning qarindoshidir. Ammo Oyto’ldi qarindoshini eslamaydi, Baxt va Omad qanoatni xotirga keltirmaydi. Hukmdorga (shoir hukmdorni Elig deb ataydi), qarindoshi O’zg’urmish haqida O’gdulmish eslatadi, ya’ni Adolat Aql yordamida Qanoatdan xabar topadi va uning suhbatini istaydi. O’zg’urmish bilan bo’lgan suhbatlar ta’sirida O’gdulmishning ham ruhida o’zgarishlar yuz beradi. U ma’lum vaqt tavba-tazarruga berilib, moddiy dunyo tashvishlaridan o’zini olib qochishga intiladi. Ammo O’zg’urmish va Kunto’ldi uni bu niyatdan qaytaradilar, el-yurt tashvishi bilan yashashga undaydilar.
74
O’zg’urmish orqali Yusuf Xos Hojib tasavvuf ta’limotiga o’z munosabatini bildiradi. Tasavvuf, taqvo, zohidlik va faqr shoir nazdida Qanoatning timsoli. Adolat Qanoatsiz bo’lmaydi. Hukmdor so’fiyning, zohidning suhbatidan bahramand bo’lib turishi kerak. Sufiy hukmdorni qidirib kelmaydi, hukmdor uni o’zi qidirishi, suhbatiga intiq bo’lishi kerak. Kuntug’di O’gdulmishni maktub bilan O’zg’urmish oldiga uch marta jo’natadi. Shoir fikricha, agar hukmdor e’tibor ko’rsatsa va mayl bildirsa, so’fiy uning suhbatidan bosh tortishi yaxshi emas. Ammo O’zg’urmish saroy a’yoniga aylanmaydi, ma’lum vaqt Elig bilan fikr almashib, yana o’z kulbasiga qaytadi. Qanoat Oqibatni o’ylash bilan bo’ladi, u insonga Ofiyat (ruhiy osoyishtalik, qoniqish) keltiradi. Shoir ularni ma’nodosh tushunchalar sifatida talqin etadi. Shunday qilib, aytish mumkinki, Forobiyning arab tilida yaratgan falsafiy risolalarida ilmiy asoslashga uringan fozil jamiyat haqidagi orzulari turkiy tildagi bu dostonda o’z mukammal badiiy tajassumini topdi.
Yusuf Xos Hojib tasavvuf g’oyalariga, haqiqiy taqvo egalariga yuksak ehtirom bilan munosabatda bo’ladi, ammo jamiyat, xalq baxti uchun, Adolat tantanasi uchun o’z umrini bag’ishlaganlar uning eng suyukli qahramonlaridir. Asar oxirida O’zg’urmish ham bu foniy dunyoni tark etadi. Kuntug’di va O’gdulmish - Adolat va Aql shoir badiiy olamida boqiy qoladilar.
Turkiy bitiklarda o’z aksini topgan yagona turkiy adabiy til va “turk buduni” atalmish yagona turkiy xalq tushunchasi Yusuf Xos Hojibning zamondoshi va maslakdoshi Mahmud Qoshg’ariy ilmiy ijodida yana bir qayta o’ziga xos ifodasini topdi. Uning dunyo tarixida qiyosiy tilshunoslik va shevashunoslikning ilk va mukammal namunasi bo’lgan “Devoni lug’at it-turk” (Turkiy til devoni) asari (1070 yilda arab tilida yozilgan) yagona turkiy adabiy til va uning turli shevalari aro nisbatlar hamda og’zaki adabiyoti namunalari orqali islom mintaqasining boshqa xalqlariga turkiy xalq ma’naviy qiyofasi haqida to’laqonli tasavvur beruvchi qomusiy manba bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |