Yoshlarda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish
Kitob - inson umr yo‘llarini yorituvchi so‘nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, har qanday vaziyatda ham hamroh bo‘lguvchi sodiq do‘st. Insonning ruhiy-ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitobchalik kuchli qudratga esa vosita yo‘qdir. Shu boisdan, azal-azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o‘qishga, undan ilmu odob sirlarini o‘rganishga chorlab kelishgan. Tarbiyaning barcha mezon va unsurlari, avvalo, oilada shakllantirilganidek, kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashda ham oilaning o‘rni nihoyatda kattadir. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan naqlga tayansak, bu mohiyat yanada dolzarb bosqichga ko‘tariladi.
Oila boshlig‘i, ya’ni ota, bu borada yanada talabchan. U har kuni o‘qilishi lozim bo‘lgan sahifa miqdorini belgilab beradi, she’riy asarlarga alohida qiziqish bildirib, har bir farzandiga she’rlar yodlab borishni tayinlab turadi. Deyarli har kech ishdan qaytgach, ovqatlangandan so‘ng, farzandlarini birin-ketin chaqirib, bir pedagog kabi topshirilgan vazifa ijrosini qabul qilib oladi. Ya’niki, farzandlar o‘zlari yod olgan she’rlarni aytib berishadi; o‘qiyotgan asarlaridan belgilangan sahifalar va uning mazmunini gapirishadi; qahramonlar faoliyati, xarakter-xususiyatiga munosabat bildirishadi. Kitobni yakunlaganlar esa asardan olgan taassurotlarini ham o‘rtoqlashadi. Bu jarayonda farzandlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashish darajasi, kitobxonlik madaniyati ham oydinlashib, o‘ziga xos yondashuvlarga turki bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, farzandlar o‘ziga tegishli asarni o‘qib bo‘lgach, kitoblar almashtiriladi, biri-ikkinchisining kitobini ham o‘qib-o‘zlashtirib boraveradi. Shuningdek, oila davrasida ham kitob o‘qib berish yo‘lga qo‘yilgan. Onaning uy yumushlari ko‘p bo‘lgani boisidan, ko‘pincha dam olish kunlari ota farzandlarini atrofiga to‘plab, tarbiyaviy ahamiyati yuqori (“Tarixi Muhammadiya”, “Ijtimoiy odoblar”, “Xamsa” kabi) asarlarni mutolaa qilib, mazmunini tushuntirib beradi. Natijada, farzandlarning umumiy tarbiyasida ham ijobiy mohiyat aks etadi.
Bu kitobsevar oilada kitobxonlik bo‘yicha ota barchaga munosib o‘rnak. Kuni bilan davlatning muhim tashkilotida ishlab, oila tashvishlari bilan yelib-yugurayotgan bo‘lishiga qaramasdan, har kech kitob mutolaasi bilan shug‘ullanayotgan; biri qo‘yib, ikkinchisini olib o‘qiyotgan; ham she’riy, ham nasriy asarlarga birdek qiziqish bildiradigan, o‘qigan asarlari mazmun-mohiyati, adibning ijodiy salohiyati borasidagi fikrlarini oilasi bag‘rida muhokama qilayotgan otaning o‘ziga xos bu fazilati beixtiyor, tabiiy ravishda farzandlarga ham ko‘chib o‘tadi, ularning hech birini umuman befarq qoldirmaydi. Bundan ko‘rinadiki, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishda oila eng muhim va mustahkam tayanch bo‘lib qolaveradi.
Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar ko‘p miqdorda samarali ishlar amalga oshirilmoqda, tashviqot-targ‘ibotlar olib borilmoqda. Shunday bo‘lsa ham, oilaviy muhitda kitobxonlik madaniyati takomili qoniqarli darajada emas. Yuqorida ko‘rib o‘tganimiz kabi kitobsevar oilalar bilan bir qatorda, ularning aksi bo‘lgan oilaviy muhitni ham uchratishimiz achinarli. Ko‘pgina oilalar, ota-onalar na o‘zlari kitob o‘qishga qiziqishadi, na farzandlarini bu borada to‘g‘ri yo‘naltirishadi.
Shuningdek, oilaviy kitobxonlikda kitob tanlovi madaniyatiga hamma ham yetarlicha ahamiyat qaratilavermaydi. Badiiy asar tanlashda farzandining yosh va fiziologik xususiyatlari, ruhiy-ma’naviy dunyosi, qiziqish va intilishlar ko‘lamini nazarda tutmas ekan, har qanday kitobsevar ota-ona bu borada ijobiy yutuqlarga erisha olmaydi. Ko‘rinadiki, mutolaa madaniyatining ham o‘ziga xos me’yor va talablari mavjud. Shularni e’tiborga olgan holda, oilaviy kitobxonlik madaniyatiga ega bo‘lish uchun quyidagi tavsiyalarni e’tiborga olish nazarda tutiladi:
- kitob mutolaasida hamisha farzandlarga o‘rnak bo‘lish;
- kitob tanlash madaniyatiga ega bo‘lish;
- muayyan vaqtlarda oila davrasida navbatma-navbat kitob o‘qib berishni yo‘lga qo‘yish;
- xotirani kuchaytirish ahamiyatiga ega bo‘lgani boisidan farzandlarning she’r yodlashiga alohida ahamiyat qaratish, bir oyda kamida 2 ta she’r yodlatishga erishish;
- har bir farzandning yosh va xarakter xususiyatini, ruhiy-ma’naviy dunyosini nazarda tutgan holda kitob taqdim qilish;
- kichik yoshdagi bolalarga ko‘proq rang-barang suratlarga yo‘g‘rilgan, katta-katta harflarda yozilgan, uning beg‘ubor xayoloti sarhadlarini aks ettira olgan asarlarni tanlash;
- o‘rta yoshli kitobxon farzand uchun esa unga tengdosh qahramonlar taqdiri aks etgan, hayotiy, xayoliy-fantastik voqealar tasvirlangan, ko‘ngil kechinmalari jonlantirilgan asarlarni tavsiya qilish;
- katta yoshdagi mustaqil, oila qurgan farzandlar bilan ham tez-tez kitob mutolaasi xususida suhbat o‘tkazib, zaruriy tavsiyalar berib turish (bu oilaviy kitobxonlik an’anasini muqaddas qadriyat sifatida davom ettirishga zamin yaratadi);
- har bir kitob mutolaasi uchun har kunlik va haftalik miqdorlarni belgilash va muntazam nazorat qilib borish;
- o‘qilgan asar mazmun-mohiyati, qahramonlar xarakter-xususiyati, ijodkor yondashuvi, olingan taassurotlar bo‘yicha oilada davra suhbati tashkil qilib borish;
- o‘z vaqtida va talab darajasida mutolaa qilgan kitobxon farzandni alohida rag‘batlantirish;
- badiiy adabiyot o‘qishga yetarlicha qiziqish bildirmayotgan, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajara olmayotgan farzand bilan alohida shug‘ullanish, unda kitobxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishish;
- jamiyatning moddiy-ma’naviy taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shadigan yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli oila sifatida qadr topish.
Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinadiki, ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida oila muhim va mustahkam poydevor. Shu bois jamiyatda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda oila bilan hamohang, hamfikr ish yuritish ko‘zlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi.
Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rolini oshirish orqali fuqarolarimizning, ayniqsa, mamlakat yoshlarining ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi g‘oyasi orqali yuksak fuqarolik mas’uliyatini his qilish, anglash va jamiyatga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga muntazam da’vat etish barchamizning maqsadimizdir.
Davlatimizning yosh avlodni ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom va aqlan barkamol qilib voyaga yetkazishdek ustuvor siyosatini amalda ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor berish, ularni ma’naviy sog‘lom qilib tarbiyalash-har bir oilaning asosiy vazifasi sanaladi. Zero, farzand tarbiyasi ko‘p jihatdan oiladagi muhitga, mahalla, ta’lim muassasalari munosabatiga bog‘liqligi va jamiyat oldida mas’ul ekanligi davlatimizning qator qonun va qarorlarida qayd etilgan.
Yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ularning kelajagini belgilash borasidagi vazifalar mustaqilligimizning dastlabki davrlaridan davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilganligi va bu elning umumistiqboli, yurt manfaati, Vatan ravnaqi borasidagi g‘amxo‘rlikning ifodasi zamiriga yetuk va komil inson bo‘lib kamol topish kabi qator masalalarni amalga oshirishda qat’iyat va irodani namoyon etish kabi talablarini o‘rtaga qo‘yadi. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “...mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, bu yo‘lda bor bilim va salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘lgan, azmu shijoatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish-biz uchun eng muhim masaladir. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘zining amaliy faoliyati bilan barchamizning, birinchi navbatda, yoshlarimizning umidlarini albatta oqlaydi, deb ishonamiz”, - deya alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Zero, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad uyushmagan yoshlar, jinoyat ko‘chasiga adashib kirib qolgan oila farzandlari bilan qat’iy ishlash va ularning muammolarini o‘rganish, kerak bo‘lsa ilmiy tahlil qilib, ularni ham jamiyatimiz a’zolariga aylantirib, teng huquqliligining ta’minlashdan iborat. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “Ayni paytda bugun zamon shuni talab qilyaptiki, bu boradagi faoliyatimizni faoliyatimizni yanada kuchaytirmasak, uning samarasini oshirmasak, shuncha qilgan sa’y-harakatlarmiz bekor ketadi”, - deya bejiz ta’kidlamagan.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ongu tafakkurini, ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlanadi va bu borada chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
2017 yil 12 yanvardagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlar samaradorligini bosqichma-bosqich yuksaltirib bormoqda. O‘tkazilayotgan “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik tanlovlari nafaqat ta’lim muassasalarida, balki barcha mahallalar, oilalar qamrovida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga aylanishi lozim.
2017 yil 13 sentyabrida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori yoshlarda kitobxonlik va kitob mutolaasiga, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilmoqda.
Bugun yoshlar uchun ta’lim muassasalarida yaratib berilayotgan sharoitlar barkamol avlodlarni tarbiyalashga zamin yaratmoqda.
Kitob insonni ezgulikka undaydi. Yaxshi-yomonni ajratishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, ishonchli sirdosh bo‘ladi.
Shu o‘rinda istiqlol arafasida ayrim yurtdoshlarimizda kitobga, kitobxonlikka qiziqish bir qadar susaygan vaqtlar bo‘lganini eslaylik. Hozirgi paytda yurtimizda kitobxonlik, kitobsevarlik fazilati yana yuksalib bormoqda. “Kitob javoni – haqiqiy ziyolining eng ardoqli davlati”, degan an’ana qaytadan urf bo‘lmoqda.
Sohibqiron Amir Temur ta’biri bilan aytganda, “Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”. Shu ma’noda, shaklidan qat’iy nazar, barcha kitoblar milliy o‘zligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qilishi ayni muddao.
O‘z navbatida, el-yurtimizga azaliy xos bo‘lgan odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi oliyjanob qadriyatlar, insonparvarlik, xalqparvarlik va vatanparvarlik kabi yuksak tamoyillar zamondoshlarimiz qo‘liga yetib borayotgan kitoblarning ahamiyati hamda qadrini yo‘qotmaydigan bosh mavzulari bo‘lib qolaverishiga ishonchimiz komil.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar bir tomondan, azaldan kitobsevar xalqimiz, shu jumladan yoshlarimizning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan hozirgi zamon talablari darajasida juda keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yaqin vaqt oralig‘ida O‘zbekistonimizning tom ma’noda kitobxonlar yurtiga aylanishiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |