O’zbek tilida bilan o’zining asosiy ko’makchilik vazifasidan tashqari biriktiruvchi bog’lovchi vazifasida ham qo’llanilishi mumkin. Bu ko’makchi bog’lovchi vazifasida kelganda boshqa biriktiruvchi bog’lovchilar singari gapning uyushgan bo’laklarini bog’laydi. Shu bilan birga, u uyushgan bo’laklarning zich munosabatini va ayni vaqtda, birgalik munosabatini ham ifodaladi: Bu payt Sino bilan Abu Ubayd saroyning bog’ tomonidagi hovlidagi, bir mahallar havzi kavsar nomini olgan marmar hovuz bo’yida o’tirishar edi (O.Yoqubov). Yigit bilan qiz changli katta yo’lni kesib dalaga chiqishdi (Oybek).
Zidlov bog’lovchilar. Bunday bog’lovchilar sodda gaplar va bog’langan qo’shma gaplarda qo’llanib hodisa, ish-harakat yoki biror predmetni boshqasiga zid qo’yib, ularning orasidagi qarama-qarshi munosabatni bildiradi. O’zbek tilida zidlovchi bog’lovchilardan lekin, ammo, biroq, holbuki keng qo’llanadi.
Zidlov bog’lovchilar o’zbek tilida gapning uyushgan bo’laklarini bog’lash vazifasida juda kam qo’llanadi.
Lekin bog’lovchisi biror predmet, hodisa yoki ish-harakatning boshqasiga zid, qarama-qarshi qo’yilganligini ifodalaydi: Odamlar bir-biriga aytib yurgan bu uydirmalardan nafrati kelar, lekin ularga qarshi ochiq gapirolmay ezilardi (R.Qodirov). O’zi o’ta puldor odammas, lekin o’ta tadbirli (Shuhrat).
Bu bog’lovchi gapda fikrning almashinishini ifodalash uchun ham qo’llanishi mumkin. Bunday chog’da zidlash, qarama-qarshi qo’yish ma’nosi kuchsizlanadi: Gapingiz to’g’ri, lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Mehmonlar ko’prikdan o’tishdi, lekin qorovulning qistashiga qaramay, ichkariga kirishmadi. (A.Qahhor). Oyijon sizning bog’ringiz issiq, lekin unda men chindan ham bola bo’lib qolishim hech gap emas (A.Muxtor).
Lekin bog’lovchisi bajargan vazifalarni, uning sinonimlari ammo, biroq, holbuki bog’lovchilari ham bajarishi mumkin. Bu bog’lovchilar ham so’zlar va ayrim gaplarni bir-biriga bog’lab, ish-harakat, holat, sifat va shu kabilardan qarama-qarshilik, zidlik bor ekanini ifodalaydi: Maktab o’quvchilariga javob nutqini so’zlash unga topshirilganidanmi, yo notanish, ammo talaffuz qilsa bo’ladigan ajoyib davr (O.Umarbekov). – Siz mo’tabar onasiz. Ammo o’g’lingiz badkirdorlar to’dasiga qo’shilmishdir (P.Qodirov). Buxoroga yurish qilganida asir tushirib, olib ketdik, biroq o’zini ko’rmagan, ko’rishga hushi ham yo’q (O.Yoqubov). Sabhu qo’l-oyog’i chaqqon yigit, biroq Sadafbibi ostonani hatlab o’tgan hamon hamma narsa o’zgardi (O.Yoqubov).
Bu bog’lovchilar (ayniqsa ammo bog’lovchisi) ish-harakat, holat va hodisalarning o’xshash emasligi, farqi jihatdan qiyoslab, birini ikkinchisiga zid qo’yadi: Kumushbibi endi o’n yettini qo’yib, o’n sakkizga qadam bosganlikdan bo’yi ham onasiga yetayozgan, ammo jussasi onasiga ko’ra to’laroq edi (A.Qodiriy).
Zidlov bog’lovchilari ayrim gaplarning boshida ham kelib, o’zidan oldin kelgan gapni mazmunan keyingi gapga zid, qarama-qarshi ekanini ko’rsatadi: Fermaga ketdim. Lekin o’sha kuni Shohida Tepaqo’rg’ondan tushgani yo’q (O.Umarbekov). Odamboy qochdi. Biroq uzoq yashirinib yotolmadi (O.Umrbekov). Holbuki har bir tup g’o’za uchun jonimiz achishi kerak (Oybek)3.
Zidlov bog’lovchilaridan ammo, lekin bog’lovchilari qavat kelib ammo lekin tarzida qo’llanilishini ham ko’ramiz: -Ammo lekin Salomat opaning gazetasi har safar tanqidga uchraydi (A.Muxtor). Ammo, lekin hayotni ortiqcha rasmiylashtirib yuborayapmiz (A.Muxtor).
Balki bog’lovchisi predmet, shaxs yoki ish-harakat orasidagi zid munosabatni bildiradi: Bu sodiq qul, balki undan battar odam edi (Oybek). U ikki, balki uch yildan buyon o’z to’yini kutar edi (Oybek). Yolg’iz o’zi emas, balki butun kosib ahlining ahvoli pachava ekanini ochib tashladi (Oybek).
Balki gaplarni bog’laganda, birinchi (oldingi) gapda ifodalangan fikrni tasdiqlaydi yoki inkor qiladi: Lekin bu musiqa jim-jitlikni buzmas, balki uni quyultiradi (Oybek).
Balki ba’zan ehtimollik, gumon, ishonchsizlik ma’nolarini anglatadi: Siz balki mening tilimga tushunarsiz (A.Qahhor). Zaif yuragim balki chindan ham ko’tara olmasdi (A.Muxtor). Balki baxt ham shudir (A.Muxtor). Balki sheriklarim bir nima gapirishgan bo’lsa ham, men eshitmagandirman (A.Muxtor). Balki jarohatidan qon keta-keta o’zi ham o’lar edi, ammo polvon uni ilgariroq o’ldirdi (A.Qahhor).
Balki bog’lovchisi yuqoridagidek qarama-qarshi ma’noli gap bo’laklari orasida kelganda, tushirilib qoldirilishi, qo’llanmasligi ham mumkin. Lekin bunday chog’da gapning umumiy mazmuniga xalal yetmasa ham, ta’kid, ajratib ko’rsatish ma’nosi yo’qoladi: Bu qir Astraxan yoki Sol qirlari singari tep-tekis emas, past-baland qirlar edi kabi.
O’zbek adabiy tili uchun norma darajasiga ko’tarilmagan bo’lishiga qaramay, a bog’lovchisi og’zaki nutq va badiiy adabiyotda uchramoqda. Bu bog’lovchi sodda yoki qo’shma gaplarni bog’lov, ular orasidagi qiyos, zid munosabatlarini ifodalaydi: O’ktamjon, mening o’rtoqim juda epchil ayol…kotletni u pishirshida, a o’zimizning taomlarni – kabob va palovdan tortib, to halimgacha do’ndirib yuboradi (Oybek). Qovun tanlashda didim yo’q. A siz-chi? (Oybek).
Ayiruvchi bog’lovchilar. Bu bog’lovchilar sodda gaplar yoki bog’langan qo’shma gaplarda uyushgan bo’laklarni yoki qo’shma gap qismlarini bog’lash uchun ishlatiladi. Ular gap bo’laklari, qo’shma gap qismlarini bog’lash bilan birga voqea, hodisa va ish-harakat yoki holatning almashinib turishi yoki bir-birini taqozo qilashini ham ifodalaydilar.
Hozirgi zamon o’zbek adabiy tilida ko’p qo’llanadigan ayiruvchi bog’lovchilar: yo, yoki, yohud, yoyinki, goh-goh, dam-dam, bir-bir, ba’zan-ba’zan, xoh-xoh bog’lovchilaridir.
Bulardan yo, yoki, yoyinki bog’lovchilari uyushgan bo’laklarning birini ikkinchisidan, biror voqea, hodisa yoki ish-harakatni boshqasidan ayirib ko’rsatish uchun ishlatiladilar: Rais…otboqar yo aravakashlar bilan u-bu to’g’risida so’zlashib, kimni otalarcha koyib, kimni maqtab asta yura boshladi (Oybek). Grammafon degan buyumni ko’rganmisan yoki eshitganmisan? – kulib so’radi Yormat (Oybek). Ular bir-birlariga yohud xaloyyiqqa qarashdan qo’rqqanday indamasdan kelishardi (A.Fadeev). …hammasi olib boradimi yoyinki xohlagan borib, xohlamagan qolaveradimi? (A.Qahhor). Shunday qilib, issiqdan holdan ketgan bir gala qushday qizlar.. bog’dagi olma tagida uzoq-uzoq o’tirishadi, yoyinki soy bo’yidagi qalin daraxtlar ichiga kirib ketishadi (A.Fadeev).
Goh-goh, dam-dam, bir-bir, ba’zan-ba’zan bog’lovchilari esa, uyushgan bo’laklarning yoki ayrim sodda gaplarning oldida takrorlanib kelib, uyushiq bo’laklar yoki ayrim gaplarni ayiruv yo’li bilan bog’lab, galma-gallik, almashinib turish ma’nolarini anglatadilar: U qizga goh ko’kish, goh birdan chaqnovchi ko’zlari bilan boqar, bu ko’zlar esa uning ezini birdan mehribon va yoqimli qilib yuborar edi (A.Fadeev). Havo bulut, quyosh dam yalt etib bir ko’rinib qoladi, dam bulutlar ichiga bekinib oladi (Oybek). O’ktam tolga suyanib, dam cholga, dam tegirmonga qarab indamay turaverdi (Oybek).
Ergashtiruvchi bog’lovchilar. Ergashtiruvchi bog’lovchilar asosan qo’shma gaplar tarkibidagi gaplarni bosh gapga bog’lash uchun ishlatiladi. Hozirgi zamon o’zbek adabiy tilida ko’p ishlatiladigan ergashtiruvchi bog’lovchilar chunki, shuning uchun, agar, basharti, garchi, go’yo, go’yoki, ya’ni, -ki (-kim) lardir. Bu bog’lovchilar qo’shma gap tarkibidagi gaplar orasidagi turli munosabatlarni bildirishiga ko’ra quyidagi gruppalarga ajratiladi: aniqlovchi bog’lovchilari: ya’ni, -ki, -kim; 2) sabab bog’lovchilari: chunki, shuning uchun; 3) shart bog’lovchilari: agar, agarda, basharti, agarchi; 4) chag’ishtiruv bog’lovchilari: go’yo, go’yoki.
Aniqlov bog’lovchilari. Ya’ni, -ki (-kim) aniqlov bog’lovchilari ergash gaplarni bosh gapga bog’lash uchun ishlatilib, bosh gapda ifodalangan fikrni aniqlab, ko’rsatadi: …dalani bir aylangan kishi ravshan ko’radi-ki, ishimizda behad kamchiliklar bor (Oybek). Muhammad Aminxo’ja zuvala qilishgan kuni nonning bozori shunday ham chaqqon bo’ladi –ki, nafas o’tmay savat bo’shaydi (S.Abdulla). Hamidulla bu gaplarni shunday ohangda gapirar ediki, qizlar qotib-qotib kulishardi («Hikoya va ocherklar»). Senda esa, u yo’q. Ya’ni umuman senda emas, majlisdagi senda (A.Muxtor). Ba’zilar buni o’zi bilib qiladi, ba’zilar esa bilmaydi. Ya’ni bir qiyofada ikki kishi bo’lib yashashga o’rganib, shunday tarbiyalanib qolgan (A.Muxtor)
-ki aniqlov bog’lovchisi ko’chirma gapni o’zlashtirma gapga aylantirib berish uchun ham ishlatiladi: Kecha majlisda rais aytdiki, - bu yil paxta planini ortig’i bilan bajaramiz, - deb.
Ba’zan – ki ot turkumidagi so’zlar bilan kelib, ta’kidlash, uqtirish anglatadi. Bunday choqda u bog’lovchi emas, yuklama sanaladi: …shunday zamonadamizki, ilm, texnika yo’li hammaga ochiq (Oybek). Polvonlarday yigit ekan, ko’ksi to’la nuqul ordenki, bir-biridan chiroyli (Oybek).
Sabab bog’lovchilari. Sabab bog’lovchilari chunki, shuning uchun ergash gaplarni bosh gapga bog’lab, sabab natija ma’nolarini ifodalaydilar: Xo’jayinlardan hech nima so’ramadi, chunki Yormat bu kunlarda ularning bashrasiga qarashi istamas edi (Oybek). Ammo xalq bunday yolvorishlarga quloq solmadi, chunki ish o’tgan, g’isht qolipdan ko’chgan edi (A.Qodiriy). Atrofda bo’layotgan hodisalarni endi pisand qilmas edi, chunki uning qo’lidan endi hamma nansa kelardi (A.Fadeev). …qizga yoqqan narsa uning chehrasidagi tabiiy qizillik, shu bilan birga barq urib turgan ilhom edi, shuning uchun ham qiz yigitning yuzidan ko’zini uzmas edi (A.Fadeev). Qiz elektrpayvandchilik kasbini qunt bilan o’rganib, jon-dili bilan ishlardi, shuning uchun zavodda maqtovga sazovor edi (Sh.Rashidov). Kanizak Siddiqjonning xotini bilan qo’ydi-chiqdi bo’lganini eshitgan edi, shuning uchun bu xabarni eshitsa xursand bo’ladi degan xayol bilan chopqillaganicha Siddiqjonning oldiga bordi (A.Qahor).
Shart bog’lovchilari. Shart bog’lovchilari agar, agarda, basharti, mabodo, garchi shart va to’siqsiz ergash gaplarning bosh gapga bo’lgan munosabatidagi shartni, shu bilan birga to’siqsizlik ma’nolarini anglatadi: Safarov o’n qo’llab yopishgan aktivlarni yig’ib, agar ko’klam qo’ldan berilsa, buning oqibati nima bo’lishini aytdi (A.Qahhor). Jamolovning singlisini har ko’rganda garchi dardini yashirishga tirishsa ham, biron xushxabar umidida, o’smirchilab so’raydi (Oybek). Mendan ham sen yaxshiroq tushunib turibsanki, agarda bizning roziligimiz bo’lmas ekan, Otabek sira ham ikkinchi uylanmaydir (A.Qodiriy). Agarda uning yonida usta Olim bo’lmaganda edi, ehtimol u qay vaqtlargacha serrayib qolar edi (A.Qodiriy).
Shart bog’lovchilari o’rnida, shu bog’lovchilar bajargan vazifani bajarib, bordiyu so’zi ham kelmog’i mumkin: Bordi-yu hayotda uchratolmasam, o’ylab xayolimda yaratardim, kel! (A.Muxtor).
Chog’ishtiruv bog’lovchilari. Chog’ishtiruv bog’lovchilari go’yo, go’yoki bosh gapda ifodalangan fikrni ergash gapdagi fikr bilan qiyoslab ko’rsatadi. Shuningdek, ayrim voqea va hodisalarni, ayrim otlarni bir-birniga solishtirish, o’xshatish uchun ham ishlatiladi: Oppoqqina nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko’rindiki, go’yo u nurdan yaratilganday (Oybek). Otabek ko’zini to’ldirib binoga qaradi, go’yo bu qarashda u dunyo malagi bilan vidolashar edi (A.Qodiriy). Nay sadosining mayin to’lqinlari tip-tiniq havoda yoyilarkan, go’yo hammayoq jonlangan kabi tuyulardi (Oybek). Uyning ostiga to’shalgan qizil lola gullik gilam kishini go’yo chamanda his etdirar edi (A.Qodiriy). Tog’lardagi qip-qizil lola, bo’lib go’yo yoqut piyola (H.Olimjon). U go’yoki tug’ilib o’sgan qishlog’ining tomlarini ko’rmoqchiday boshini ko’tarib, hayajon va sog’inch bilan uzoqlarga tikildi (Oybek). U Otabekka yana kulib qarab turar edi-da, go’yoki shu kulish bilan o’z sehrining kuchi bilan faxrlanar edi (A.Qodiriy). …ma’noli she’rlardan boshini ko’tarmaydi-da, go’yoki aytarsiz kitobga mixlangan (A.Qodiriy).
Hozirgi zamon o’zbek tilida shu vaqtgacha ergashtiruvchi bog’lovchi sanalib kelgan ayrim so’zlar borki, ularni gapdagi vazifasiga ko’ra boshqa ergashtiruvchi bog’lovchilar qatoriga kiritish ancha qiyin. Bunday so’zlar gapda ko’pincha yuklama, ayrim vaqtda esa bog’lovchi bo’lib keladi. Shuning uchun ularni – shartlicha bog’lovchi – yuklamalar deb atashga to’g’ri keladi. Bog’lovchi – yuklamalarga «shart bog’lovchilari» deb nomlanib kelgan agar, bordi-yu, mabodo, basharti kabi yordamchilari; «to’siqsiz bog’lovchi» deb yuritilgan garchi, garchand yordamchilari va «o’xshatish bog’lovchisi» sanalgan go’yo so’zi, «maqsad bog’lovchisi» nomlagan deb so’zi, zidlov bog’lovchisi sanalgan balki so’zi, shuningdek «inkor bog’lovchisi» hisoblangan na-na kabi yordamchilar kiradi.4
«Shart bog’lovchisi» deb nomlagan yordamchilar shart gaplarning mazmunini kuchaytirib, bo’rttirib, ta’kidlab ko’rsatish uchun ishlatiladi.
Shart ergash gap bosh gapga agar, bordi-yu kabi so’zlar bilan emas, fe’lning shart formasi yoki unga sinonim bo’lib kelgan formalar orqali birikadi.
Ba’zan bu so’zlar bog’lovchi ham bo’lib keladi. Kesimi shart fe’li orqali ifodalangan ayrim gaplarni payt yoki shart ekanligini ayirib beradi: kesimi fe’lning shart formasida kelgan payt ergash gaplar oldida agar, bordi-yu kabi so’zlari qo’llab bo’lmaydi. Xuddi shuningdek kesimlari o’tgan zamon aniq fe’li bilan ifodalangan ba’zi gaplar tarkibida kelib, unda shart yoki faraz qilishlik mazmuni ifodalanganligini bildiradi: «Bordi-yu ko’nishmadi, unda nima qilamiz?».
Funksiyasiga ko’ra ham bog’lovchilik, ham yuklamalik vazifasini bajargan bunday yordamchilarni bog’lovchi – yuklama deyishga to’g’ri keladi.
Bog’lovchi-yuklama hisoblangan ayrim yordamchilarni qisqacha xarakterlab o’tamiz.
Agar so’zi shart ergash gaplarning oldida kelib, ayrim she’riy asarlarda gar shaklida; eski o’zbek tilida magar, magarkim formalarida, shuingdek agarda shaklida ishlatiladi.
Misollar: Gar muroding yetmas ersa yorg’a, G’ayri ko’yida gadolig’ aylama (Avaz O’tar o’g’li). Gar dilingda uylagan orzug’a yetmoq istasang, qimmat umring qilmag’il behudaga bekor, o’qi! (Hamza). Magarkim uy ichingiz rizo bo’lsa, magarkim shu ish sizga yoqsa, artel eshigi hamisha siz uchun ochiq (As.Muxtor).
Mobodo so’zi o’zbek tiliga xos bo’lmagan so’z bo’lib, shart ergash gaplar tarkibida agar yordamchisi kabi vazifani bajaradi.
Misollar: Mobodo xizmat qilmoqchi bo’lsangiz, ish beramiz (H.G’ulom).
Basharti so’zi o’zbekcha shart so’ziga ba tojikcha affiksning qo’shilishidan yasalgan bo’lib, yuqoridagi yordamchilarga sinonim sanaladi. Bu so’z ko’proq adabiy tilda ishlatiladi: Basharti bular katta bo’lsa, har biri dadasining o’rnini bosadi (H.G’ulom).
Bordi-yu so’zi fe’l +yuklama shaklida tashkil topgan bo’lsa ham, shart ergash gaplar tarkibida kelganda, tamoman harakat ma’nosidan cheklanib, yordamchi so’zga aylanib qolgan bo’ladi. Bu so’z jonli tilda ko’p ishlatiladi.
Misollar: Bordi-yu suv chiqmay qolsa, o’zini ham, meni ham sharmanda qiladi (Sh.Rashidov). Bordi-yu o’g’lingiz shahardan bosh olib chiqib ketsa, El-xalqdan bizga qattiq gap tegadi (Said Ahmad).
Ba’zan jonli tilda yuqoridagi so’zlar o’rnida «odamzod» so’zi ishlatilishi mumkin. Bu so’z ham yordamchi so’z vazifasida kelganda mustaqil so’zlik ma’nosidan cheklanadi: odamzod, mendan xabar kelmasa, telegramma yuboring.
Ba’zan sodda gaplar tarkibida kelgan mobodo va odamzod so’zlari ikkalanib, ishonchsizlik bilan yoki yumshoq ottenka bilan so’rash ma’nolarini bildiradi. Bunday gaplarning kesimlari fe’lning aniqlik mayli shaklida bo’ladmi:
Mobodo, yanglishmaganmikansiz? (yoki yanglishgan bo’lmang) Odamzod, yo’qotgan narsangiz uyda qolmaganmikan.
Kirish konstruksiyalarning kesimlari shart fe’li formasida kelib, ularning tarkibida agar, basharti kabi so’zlar ishtirok etadi: Agar yanglishmasam, siz Diloromning opasi bo’lmaysizmi? Bu xildagi kirish konstruksiyalarning kesimi inkor formada keladi.
To’siqsiz ergash gaplar bilan bosh gapdagi mazmunan zidlikni kuchaytirib ko’rsatish uchun garchi (garchand, harchand) so’zlari ishlatiladi. Bu so’z agar so’ziga -chi elementining qo’shilishidan yasalgadir.
Bu so’zlar ko’pincha adabiy tilga xos bo’lib, jonli tilda deyarli aytilmaydi.
Misollar: Harchand kampir haligacha azamat bolalaridan oltitasini o’stirgan bo’lsa ham, uning tarbiyasi biroz eskicha edi (A.Qahhor). Garchand qiz Sergeyning ko’p gaplariga tushunib yetmasa ham, uning so’zlari yoqar edi (S.Babayevskiy).
Bu so’z ergshash gapdagi shartni ta’kidlab ko’rsatish uchun agarchi holida ham ishlatiladi. Bu xildagi qo’llanish ko’proq eski adabiy tilga xos asarlarda uchraydi: Agarchi men bandi, sotilgan cho’ri qatori bo’lsam ham, xohlagan-xohlamaganni bari bir yonimga keltirmaslikka kuchim yetadi (Hamza).
Stilistik talabga ko’ra bu so’z ergash gap oldida emas, o’rtada-ko’proq kesim oldida qo’llana oladi: Saidiy Xotin-qizlarga yegilik borligini aytib harchand qistasa ham, qiz labini tishlab bosh chayqar edi (A.Qahhor).
Garchi so’zi o’rnida har qalay yordamchisi ham ishlatilishi mumkin: Boshqalar o’zini har qalay tutib olgan bo’lsa ham, Onaxon hamon tinchiyolmas edi (A.Muxtor). Ayrim holatlarda agar so’zi ham to’liqsiz ergash gapli qo’shma gaplar tarkibida kelib, ergash gapdagi zidlik mazmunini kuchaytirib berish uchun xizmat qiladi. Bunday konstruksiyalarda qisman payt-shart mazmuni ifodalanib, agar yordamchisi qo’shilishi bilan shart mazmunining ortiq ekanligini ko’rsatadi: Agar hachirnoma katta eshagi uning quloqlari ortida harngraganda ham, uyg’onmas edi, balki (Oybek).
Go’yo yordamchisi mazmunidan o’xshatish yoki chog’ishtirish ma’nolari anglashilgan sodda va qo’shma gaplar tarkibida ishtirok etadi. Sodda gaplardagi funksiyasiga ko’ra ko’proq yuklamalarga yaqin turadi.
Go’yo yordamchisi sodda gapda turli gap bo’laklari oldida kela oladi:
o’xshatish hollari oldida kelib,gapning kesimi orqali ifodalangshan harakatning bajarilishidagi taxminiy holatni ifodalaydi.
Misollar: Onaxon o’zining gapiga ilhaq bo’lib turgan xotinlarning ko’zlariga bir sidra qarab chiqdi-da, go’yo ulardan nimagadir rozilik olganday chekkada cho’nqayib o’tirgan Anziratgagina qarab gapirdi (A.Muxtor). U go’yo hech narsani bilmaganday, sezmaganday, daftariga nimalarnidir yozar edi (Sh.Rashidov).
Ba’zan go’yo yordamchisi ishtirok etgan birikmali holning «kesimi» ravishdosh formasida keladi: Onaxon Sobirjonning qora moyga botib yarqirab ketgan qo’lqopi bilan shimini go’yo rohat qilib yuvar edi (A.Muxtor). Bu ovoz go’yo sexdagi hamma shov-shuv va o’t-olov pishqirishlaridan ustun chiqib, baland sexning tepasida u boshidan-bu boshigacha yangradi (A.Muxtor).
2) Gapning kesimiga qarashli bo’ladi.
Misollar: Keskin ochilgan eshik shamoli bu dudni go’yo cho’chitib yubordi (P.Qodirov). Butun hayotining ma’nisi endi go’yo shu bo’lib qoldi. Tursunoy derazaga bor bo’yi bilan cho’zilib, qimir etmay quloq solar, yuzida baxtli, chiroyli bir jilmayish go’yo qotib qolgan edi (A.Muxtor).
gapning boshqa bo’laklari oldida keladi.
Misollar: Bu ayolga hamma gapni go’yo o’zi o’rgatgan (A.Qahhor). Lekin mo’ylovli odam go’yo ularning dardi bilan ishi yo’q edi (A.Muxtor). Tursunoy go’yo qalbi bilan ashulaga jo’r bo’lar edi (A.Muxtor). Kampirning yuzida go’yo kulgiga o’xshagan bir narsa aks etdi (A.Qahhor). Go’yo ular direktorga ta’na qilayotganday ko’rinardi. (Sh.Rashidov).
Do'stlaringiz bilan baham: |