Savdo - faoliyat doirasi va unda band bo‘lgan xodimlar soni jihatidan barcha mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi va bu tarmoqning iqtisodiyotdagi salmog‘i yuqoridir. Savdo korxonalarining faoliyati isteʼmolchilar talablarini qondirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani uchun kundalik hal etilishi lozim bo‘lgan tashkiliy - texnik, iqtisodiy va moliyaviy masalalar ushbu sohaning hal qiluvchi omillaridan hisoblanadi. Serqirra va nozik soha boʼlgan savdo faoliyatini boshqarish - murakkab jarayon bo‘lib, u savdo menejmentining turli usullari yordamida amalga oshiriladi.
Savdo menejmenti savdo korxonasi faoliyatini boshqarish jarayonining barcha asosiy jihatlarini o‘rganadi. U savdo korxonasining rivojlanish shartlari bilan bogʼliq masalalarni hal etish uchun boshqarishning oqilona tashkil etilishini shakllantirshga qaratilgandir.
Kompleks tarmoqlarning bir sohasi sifatida savdo menejmenti hozirgi paytda amalda yuzaga kelish pallasida turibdi. Savdo menejmentining asosiy qoida va tamoyillari hozircha chet el va mahalliy adabiyotlarda umummeʼyoriy aksini topmagan. Shularni hisobga olgan holda biz yangi ilmiy soha bo‘lgan, bozor iqtisodiyotininig shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan savdo menejmentining mohiyati va uning asosiy xususiyatlarini koʼrib chiqamiz.
Savdo menejmenti umumiy menejment nazariyalariga asoslangan holda turli menejment usullari va qoidalarini savdo faoliyatiga muvofiqlashtirish orqali o‘rganadi. Shu jumladan, savdo menejmenti, savdo korxonalari faoliyatiga aloqador ishlab chiqarish menejmenti, innovatsion menejment, personal menejment va moliyaviy menejmentning umumiy usullaridan foydalanadi.
Savdo menejmentining muhim tomoni shundaki, u savdo faoliyatining turli qirralariga aloqador barcha masalalarni kompleks tarzda boshqarilishini shakllantiradi. Ushbu boshqarish masalalari tor maʼnoda xo‘jalik faoliyatining oxirgi natijasiga bogʼliq bo‘lib, savdo korxonasining faoliyatini oxirgi natijalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki egri (bilvosita) taʼsir etadi. Korxonada savdo jarayonining takomillashtirilishiga qaratilgan alohida chora-tadbirlar, qarorlarning faqat innovatsion menejment nuqtayi nazari bilan qaralishi korxonaning iqtisodiy faoliyati, shart-sharoitlarini to‘la hisobga olgan holda amalga oshirishni taʼminlay olmaydi. Balki, boshqaruvga bir tomonlama yondashish korxonaning moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir etadi. Shularni nazarda tutgan holda savdo menejmenti savdo korxonasi xo‘jalik faoliyatining oxirgi natijalariga o‘z taʼsirini ko‘rsatuvchi har bir boshqaruv masalalarini umumlashtirgan holda, kompleks faoliyat tarzida ko‘rib chiqadi.