Gidrosferaning qismlari
|
Chuchuk suvning hajmi (km.kub)
|
Chuchuk suvning umumiy hajmiga nisbati, (%)
|
Muzlilar
|
24 000 000
|
85
|
Yr osti suvlari
|
4 000 000
|
14
|
Ko`llar va suv omborlari
|
155 000
|
0,6
|
Tuproqdagi namlik
|
83 000
|
0,3
|
Atmosferadagi suv bug`lari
|
14 000
|
0,05
|
Daryo suvlari
|
1200
|
0,04
|
Jami:
|
28 253 200
|
100,0
|
Jadvaldagi ma'lumotlardan ko`rinishcha chuchuk suvning katta zahirasi tabiiy muzliklarda to`plangan. Bu suv zahiralaridan ham amalda kam foydaniladi. Keyingi paytlarda suv tanqis bo`lgan hududlarga yirik muz bo`laklarini ko`chirib kelish fikrlari paydo bo`lmoqda. Masalan, kattaligi 1 x 0,5 km. bo`lgan muz bo`lagini Antarktidadan Yaqin Sharqning qurg`ochil sohillariga okean orqali sudrab kelish ko`zda tutilmoqda. Lekin bu hozircha faqat kelajak rejasi sifatida qolmoqda. Bu ish amalga oshgan taqdirda ham u bu yerlardagi suv tanqisligini uzil-kesil hal qilmaydi.
Yer osti suv zahiralari ham talaygina – 23,4 mln km.kub. Lekin ularning foydalanish mumkin bo`lgan qismi bor-yo`g`i 4 mln. km. kub bo`lib, ulardan ham amalda kam foydalaniladi.
Inson uchun kundalik hayotda bevosita foydalaniladigan chuchuk suv - bu daryo suvlari bo`lib, ularning zahirasi juda kam - bor-yo`g`i 1200 km.kub. yoki chuchuk suv zahirasining 0,04% ni tashkil qiladi. Buning ustiga mavjud daryolar qit'alar bo`ylab notekis joylashgan: dunyo aholisining 70% yashaydigan Yevropa va Osiyo qit'alarida jami daryo suvining 39% joylashgan, xolos.
Daryo suvlari miqdori Hamdo`stlik mamlakatlari hududlarida, shu jumladan alohida olingan bir mamlakat hududida ham turlicha joylashgan. Ulardagi jami suv 4350 km.kub bo`lib, bu dunyo miqyosidagi daryo suvlari miqdorining 14% ni tashkil qiladi. Bu suvning 82% jami aholining 20% joylashgan Shimoliy muz okeani va Tinch okeani havzalarida, qolgan 18% aholi nisbatan zich joylashgan Qora dengiz, Boltiq dengizi, Kaspiy va Orol dengizlari havzasida joylashgan. Markaziy Osiyo respublikalari, ayniqsa O`zbekiston, Turkmaniston va Qozog`iston hududlari ham kamsuv rayonlar qatoriga kiradi. O`zbekiston respublikasi hududida vujudga keladigan daryo suvlari atigi 10 km.kub bo`lib, bu Hamdo`stlik mamlakatlari jami daryo suvlarining 0,23%ni tashkil qiladi. Bu va bunga o`xshagan ma'lumotlar qurg`oqchil hududlarda suvni iflosmaslik, undan tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo qiladi.
Suvning ifloslanishi va uni ifloslovchi manbalar
Chuchuk suv tanqisligining asosiy sababi qishloq xo`jaligida, sanoat va turmushda suv sarfining o`sib borayotganligidagina emas, balkim shu bilan bir vaqtda ochiq suv havzalariga tashlanayotgan sanoat va turmush oqava suvlari miqdorining tobora ko`payib borayotganligidadir, ya'ni suvlarning tobora ko`p ifloslanayotganligidadir.
Suvning ifloslanish darajasi ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda yuqori bo`lib, ba'zi joylarda suvlarni tozalash masalasi chinakam «milliy masala»ga aylanib bormoqda. Germaniyada oqava suvlarning yarmidan ko`pi, AQSH da esa uchdan bir qismi to`liq tozalanmay daryo va ko`llarga quyiladi. Yaponiya, Angliya, Gollandiya, Belgiya va Frantsiyaning ko`pgina rayonlarida, shuningdek Skandinaviya mamlakatlarida ham daryo va ko`llar suvi yuqori darajada ifloslangan. Eng iflos daryolardan biri Yevropaning yirik suv arteriyasi hisoblangan Reyn daryosidir. Bu daryo bo`yida joylashgan sanoat korxonalarining oqava suvlari to`g`ridan-to`g`ri daryoga tushadi. Bu suvlar miqdori yiliga taxminan 60 mln. m. kubni tashkil qiladi. Shuning uchun bu daryoda baliq ham yashayolmaydi, cho`milish esa qat'iyan taqiqlab qo`yilgan. Shunday fikrni Missisipi daryosi haqida ham aytish mumkin. Bir paytlar zilol suv oqqan bu daryo hozirgi vaqtda «Amerikaning oqava suvlari zovuri»ga aylanib qolgan. Suvi o`ta ifloslangan daryolarning umumiy uzunligi Angliyada 1,5 ming km, AQSH hududida esa 2 ming km.dan ziyod. Vashington yaqinidan oqib o`tadigan Potomak daryosi tubida yotgan iflos cho`kindilar qatlamining qalinligi 3 metrdan ortiq.
Hozirgi kunda okean va dengizlar suvining ifloslanishi ham oshib bormoqda. Chunki ularga daryo suvi bilan oqib kelib tushayotgan turli xildagi tuzlar, og`ir metallar va radioktiv moddalar mikdori ko`payib bormoqda. Bundan tashqari okean va dengizlarning bag`rida zaharli moddalarning ko`mib tashlanishi, suv tagida yadro qurollarining portlatilishi, suvga neft va neft mahsulotlari to`kilishi ham gidrosferani jiddiy ifloslamoqda. Masalan, bundan 60 yil ilgari Boltiq dengizi ostiga 7 ming tonna mishyak mustahkam konteynerlarga solinib ko`mib tashlangan edi. Holbuki miqdori uncha ko`p bo`lmagan bu mishyak butun dunyo aholisini zaharlashga yetadi. Hozirgi kunda konteynerlar devori zaiflashib, ichidagi zaharli moddaning suvga chiqish xavfi bor.
Okean va dengiz suvlarining neft mahsulotlari bilan ifloslanish ko`lami ham katta. Hisoblarga ko`ra 1 l. benzin 100 litr suvni, 2 litr neft 200 ming litr suvni ifloslaydi. Suvga to`kilgan 1 tonna neft 12 kmG`kv maydon suvining ustida plyonka hosil qiladi. Holbuki okeanlar suviga har yili o`rtacha 10 mln. tonna neft va neft mahsulotlari to`kiladi. Buning ko`p qismi turli sabablarga ko`ra halokatga uchragan tankerlarga to`g`ri keladi. 1968 yilda Angliya va Frantsiya oralig`ida halokatga uchragan birgina «Torri-kanon» tankeridan okean suviga 119 ming tonna neft quyildi. Buning oqibatida 500 kmG`kv maydon suvining usti 20 mm qalinlikdagi plyonka bilan qoplandi.
1969 yilda Kaliforniyaning Santa-Barbara shahri yaqinida dengiz tubida qazilayotgan skvajina avariyaga uchragan va undan ikki hafta davomida sutkasiga 100 ming litr neft otilib chiqib dengiz suviga qo`shilgan. Bu va bunga o`xshash holatlar dengiz va okeanlarda ba'zan sodir bo`lib turadi. Bu esa ularda yashovchi ko`pgina hayvonlarning yoppasiga zaharlanishiga va kirilib ketishga olib keladi. Ma'lumotlarga qaraganda dengiz va okeanlarning Angliyaga tutash qirg`oqlarida yilida 250 ming atrofida suv qushlari nobud bo`ladi, okean suvlarining ifloslanishi oqibatida xar yili Antarktida suvlarida minglab pingvinlar va tyulenlar halok bo`ladi.
Okeanlar suvining ayniqsa radioaktiv moddalar bilan ifloslanish yomon oqibatlarga olib keladi. 1954 yilda AQSH tomonidan Tinch okeanida sinab ko`rilgan vodorod bombasining portlatilishi 25,6 ming kmG`kv maydondagi suvni va undagi barcha tirik organizmlarni nurlantirdi. Eng yomoni nurlangan baliqlarning uzoq rayonlarga suzib ketishi va ovqatlanish zanjiri orqali bu kasallikning boshqa hayvonlar va inson organizmiga o`tishidir.
Ichki suv havzalarining ifloslanishiga, asosan, sanoatdan va aholining maishiy turmushidan chiqayotgan oqava suvlarning yetarlicha tozalanmasdan daryo va ko`llarga tashlanishi sabab bo`lmoqda. Keyingi 30 yil mobaynida kishilar tabiatdan insoniyat tarixi davomida olganidan ko`ra uch baravar ko`p boyliklarni olib o`zlashtirdi va shunga muvofiq chiqindilar miqdori ham keskin ko`payib ketdi. Dunyo miqyosida yiliga aholi jon boshiga 1 tonnadan ko`proq chiqindi to`g`ri keladi va bu chiqindining bir qismi suvga tushadi. Dunyo aholisining uchdan ikki qismi daryo va ko`llar yaqinida, qolgani esa dengizlar yaqinida yashamoqda. Tabiiy-ki, ular o`z turmushidan chiqqan oqava suvlarni qisman tozalab, yaqin masofadagi tabiiy suvlarga tashlaydilar.
Hozirgi kunda kishilar 8-9 mln. turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o`zlashtirganlar. Bular orasida tabiatda uzoq vaqt parchalanmaydigan kimyoviy zaharlar, radioaktiv moddalar va plastmassa mahsulotlari bor-ki, ular butun biosferani va shu jumladan gidrosferani ifloslovchi jiddiy manbalardan bo`lib qolmoqdalar. Kundalik turmushdan chiqadigan oqava suvlardagi chiqindilar tarkibi bir-biriga o`xshash bo`ladi va ularni tozalash birmuncha oson. Lekin sanoat oqavalarining chiqindilar tarkibi juda xilma-xil bo`lib, ularni tozalash ancha qimmatga tushadigan murakkab jarayondir. Sanoatdan chiqadigan oqava suvlar miqdori ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda ko`p. AQSH sanoati 50 km.kub, Germaniya sanoati esa 10 km.kub oqava suv chiqaradi. Bu miqdordagi oqavani tozalab ulgurish mushkul ish, shuning uchun ham, aytib o`tilganidek, AQShda jami oqava suvlarning uchdan bir qismi, Germaniyada esa yarmidan ko`pi ifloslangan holicha suv havzasiga tashlanadi.
Keyingi yillarda ko`llar suvida antropogen evtrofikatsiyasi hodisasi keng tarqalmoqda. Bu hodisaning mohiyati shundaki, bunda kundalik turmushdan chiqqan oqava suvlardagi biogen moddalar, ayniqsa azot va fosfor birikmalari kam harakat ko`l suvlariga tushib to`planadi va undagi gidrokimyoviy hamda gidrobiologik rejimni buzadi. Oqibatda suv tarkibida ko`k-yashil suv o`tlari ko`payib, kislorod kamayaboradi. Chunki kislorodning ko`p qismi bakteriyalar tomonidan organik qoldiqlarni parchalashga, ya'ni suv o`tlarining chirishiga sarflanadi. Suvda chirindining miqdori ko`payib, oksidlanish-tiklanish jarayoni buziladi va anaerob holat vujudga keladi. Bunda suvning rangi buzilib ko`karadi va ho`llansa hidga ega bo`ladi, chunki unda oltingugurt, ammiak, fenol, indol, skotol kabi zaharli moddalar to`planadi. Bunday suvlar foydalanishga yaroqsiz bo`lib, ularda hatto baliq ham yashayolmaydi.
Suvlarning termal ifloslanishi ham uni yaroqsiz holga keltiradi. Termal ifloslanishni elektr stantsiyalarida agregatlarni sovutishga ishlatilgan suvlar keltirib chiqaradi. Bunday suvlarda harorat sovutish uchun olingan suvnikidan 8-120 yuqori bo`ladi. Iliq suvlarining oqmas havzaga tashlanishi evtrofikatsiya jarayonini odatdagidan ko`ra tezlashtiradi. Shunga ko`ra suvlarning termal ifloslanishi ayniqsa energetika sohasi rivojlangan mamlakatlarda ko`proq uchraydi.
Kuzatuv natijalariga ko`ra suvlarning ifloslanishi oqibatida aholi o`rtasida kelib chiqayotgan yuqumli kasalliklar miqdor va sifat jihatidan tobora ko`payib bormoqda. Tibbiy statistika tasdiqlashicha odamlarda sodir bo`layotgan jami kasalliklarning 30% ichimlik suvining sifati yomonligidan kelib chikmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko`rsatkich 80% gachani tashkil qiladi. BMT va Jahon banki bergan ma'lumotlarga ko`ra sifatsiz suvni iste'mol qilish oqibatida Sayyoramizda yilida 50 mln. kishi suv iflosligidan kasallanadi va uning beshdan bir qismi hayotdan ko`z yumadi. Bunday noxush jarayonning oldini olish, uning rivojlanishga yo`l bermaslik maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2003 yilni jahonda «Chuchuk suv yili» deb e'lon qildi.
Suvni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish. Ifloslangan suvlarni tozalash usullari
Insoniyat oldida turgan ko`pdan-ko`p vazifalar orasida suv resurslarini toza saqlash va ulardan oqilona foydalanish alohida o`rin tutadi.
Suvning tabiatda aylanib turishi nafaqat suv miqdorining barqarorligini ta'minlaydi, balki uning sifatini ham tiklab turadi. Tekshirishlar ko`rsatishcha, tabiatda aylanish jarayonida atmosfera namligi 8-10 kun davomida to`liq yangilanadi ya'ni shu davr mobaynida u to`liq aylanadi. Bu jarayon daryo suvlarida 12-16 kunni, ko`l suvlarida 200-300 yilni, okean suvlarida esa 3000 yilni o`z ichiga oladi.
Xalq orasidagi «Suv yetti dumalasa halol bo`ladi» degan ibora bejiz aytilmagan. Darhaqiqat oqar suv o`z harakati davomida quyosh radiatsiyasi yordamida suv o`tlari, bakteriyalar va zamburug`lar ishtirokida kechadigan gidrobiokimyoviy jarayonlar natijasida o`z-o`zini ba'zi iflosliklardan tozalaydi. 1 sutkada u yarim tozalanadi, 4 sutka davomida esa to`liq tozalanadi. Lekin unga iflos suvlarning ko`p tashlanishi, tarkibi barqaror zaharlarning aralashishi tozalanish jarayonini susaytiradi va uni hatto to`xtatib qo`yadi. Shuning uchun ham iflos oqava suvlarni ochiq suv havzalariga iloji boricha tashlamaslik, hech bo`lmaganda tashlashdan oldin ularni maxsus inshootlarida tozalash zarur.
Suvni toza saqlash va undan oqilona foydalanishning bir necha usuli bor. Bular-texnikaviy usul, gidrologik-geografik usul, suvdan kompleks foydalanish usuli va tashkiliy chora-tadbirlarni bajarish usuli.
Do'stlaringiz bilan baham: |