Quritish murakkab issiqlik massa almashinish jarayoni hisoblanib, u o‘simlik mahsulotlari xom-ashyosidan tayyorlangan mahsulotlarni samarali saqlash imkonini beruvchi qayta ishlash usullaridan biri hisoblanadi
KIRISH Quritish – murakkab issiqlik massa almashinish jarayoni hisoblanib, u o‘simlik mahsulotlari xom-ashyosidan tayyorlangan mahsulotlarni samarali saqlash imkonini beruvchi qayta ishlash usullaridan biri hisoblanadi.
Mahsulotlarni qayta ishlashni quritish usulining afzalliklari sifatida tayyor mahsulotni sovuqlikdan foydalanmagan holda uzoq muddat saqlash va tashish; boshlang‘ich xom-ashyo massasiga ko‘ra tayyor mahsulot massasini 3...5 martaga kamayishi; qadoqlashda hammabop idishlardan foydalanish imkoniyati; har qanday transportda tashishga mosligini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Qishloq xo‘jaligi xom-ashyosini quritish usuli bilan qayta ishlash aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan yil davomida bir me’yorda ta’minlash imkonini yaratadi.
Qayta ishlash texnologiyasining quritish usuli mevalar, sabzavotlar, go‘sht, sut, baliq, donli ekinlarda keng qo‘llanilib tayyor mahsulotlar qatorida oziq-ovqat, baliq va go‘sht-sut sanoatida yarim tayyor mahsulotlar olishda ham foydalaniladi. Quritish usuli bilan konservalangan mahsulotlar nafaqat umumiy ovqatlanishda, balki shaxsiy sektorda ham keng qo‘llanilmoqda. Oziq-ovqat sanoatining rivojlanishi asosida quritilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish ikki yo‘nalish bo‘yicha taraqqiy etmoqda: birinchi – individual ovqatlanish uchun kichik porsiyada qadoqlangan quritilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish; ikkinchi – umumiy ovqatlanish uchun qadoqlangan quritilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish.
Zamonaviy texnologiyalarni muvaffaqiyatli egallash uchun bizga keng muhandislik bilim darajasiga ega bo‘lgan, quritish nazariyasi va amaliyotini, alohida turdagi xom-ashyolarning texnologik xususiyatlarini, xom-ashyo qayta ishlanadigan quritgichlar va uskunalar tuzilishini, hamda tayyor mahsulot sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini mukammal biluvchi muhandis – texnologlar zarurdir.
“Qishloq xo’jalik mahsulotlari quritish texnologiyasi” fanidan ma’ruzalar kursi talabalarga quritish usullari, xom – ashyo kimyoviy tarkibining tavsifi va unga qo‘yilgan texnologik talablar, turli xil xom – ashyoni quritishga tayyorlash tartibi va usuli, quritishdan keyin tayyor va yarim tayyor mahsulotga beriladigan ishlovlar, alohida turdagi xom – ashyoni quritishni o‘ziga xos xususiyati va texnologiyasi to‘g‘risida bilimlarni egallashda yordam beradi. Shu bilan birgalikda o‘quv qo‘llanmada quritish texnologiyasida qo‘llaniladigan zamonaviy uskuna va jihozlar, ulardan foydalanish prinsiplari va alohida olingan texnologiyalarda foydalanish samaradorligi bayon etilgan.