Elementli issiqlik almashinish apparatlari. Bu isitkichlar ketma-ket ulangan bir necha truba elementlarining sektsiyasidan iborat (20.7-rasm). Isitkichning bitta sektsiyasida trubalarning soni 4-140 ta bo’lishi mumkin.
20.7-rasm. Elementli issiqlik almashini apparati:
1-qobiq; 2-ikki qatorli trubkalar.
|
Elementlarning bir nechtasi birgalikda (ularda trubalarning soni kam bo’lganda) xuddi ko’p yo’lli kojux-trubali issiqlik almashinish apparatlariga o’xshab ishlaydi. Bu isitish apparatlari issiqlik tashuvchi agentlarning tezliklari bir xil kattalikda va ish muhitlarining bosimi yuqori bo’lganda ham samarali ishlaydi.
Elementli issiqlik almashinish qurilmalarida to’siqlar bo’lmagani uchun gidravlik qarshilik kam bo’ladi. Natijada truba oralarida ifloslangan qatlamning hosil bo’lishi ham kamayadi. Ammo ko’p yo’lli kojux-trubali isitish apparatlariga nisbatan bu isitish qurilmalarida elementlarning soni ortishi bilan flanets birikmalari, kompensator hamda truba to’rlarining soni ortadi, natijada apparatning qiymati ham ortib ketadi.
Elementli issiqlik almashinish apparatidagi bitta sektsiyaning issiqlik almashinish yuzasi 0,75... 30 m2 ga teng.
“Truba ichida truba” tipidagi issiqlik almashinish apparatlari. Bunday isitkichlar bir necha elementlardan tuzilgan. Har bir element katta diametrli tashqi truba va kontsentrik holda joylashgan ichki trubadan iborat (20.8-rasm). Ichki trubadan isitilayotgan muhit harakat qilsa, trubalararo bo’shliqdan esa sovitilayotgan agent harakat qiladi.
20.8-rasm. “Truba ichida truba” tipidagi issiqlik almashinish apparati:
1-II issiqlik tashuvchi agentlar; 1-ichkitruba; 2-tashqi truba; 3-kalach; 4-birlashtiruvchi patrubka.
Ichki trubaning va trubalararo bo’shliqning ko’ndalang kesimlari kichik bo’lganligi sababli kichik sarflarda ham issiqlik tashuvchi agentlarni katta tezliklar bilan o’tkazish mumkin.
|
SHuning uchun bu isitkichlarda yuqori ko’rsatkichli issiqlik o’tkazish koeffitsientiga erishish mumkin va apparatning massa birligiga to’g’ri keladigan issiqlik miqdori kojux-trubali isitkichlarga nisbatan yuqori bo’ladi. Bundan tashqari, issiqlik tashuvchi agentlarning tezligi katta bo’lgani uchun, trubalarning yuzasida har xil iflosliklar hosil bo’lmaydi.
Bu tipdagi isitkichlar yuqori bosimda va issiqlik tashuvchi agentlarning sarflanish miqdori kam bo’lganda ham ishlaydi. Ularning afzalligi: issiqlik tashuvchi agentlar katta tezlikka ega bo’lganligi uchun issiqlik o’tkazish koeffitsientining qiymati ham katta, apparatni tayyorlash oson.
Kamchiliklari o’lchamlari katta, issiqlik almashinishda qatnashmaydigan tashqi trubalarga ko’p metall sarflanganligi uchun apparatning qiymati katta, trubalar o’rtasidagi bo’shliqni tozalash qiyin.
Do'stlaringiz bilan baham: |