9.1-rasm. Gipsolit avtoklavi, ichki diametri 1.65m., ishchi xarorat 180-200o C, ishchi bosimi 1.0-1.6 MPa.
9.2.1. Silikat g'isht
Silikat g'isht kvars qumi (92-94%), ohak (6-8%, aktiv CaO hisobida) va suv (7-9%) bikr aralashmasini 15-20 MPa bosim ostida presslab, so'ngra avtoklavda ishlov berib tayyorlanadi. Silikat g'isht ikki turda ishlab chiqariladi: oddiy 250x120x65 mm va modulli 250x120x88 mm. Modulli g'isht kovakli tayyorlanadi va bitta g'ishtning massasi 4,3 kg gacha bo'ladi (9.2-rasm).
9.2-rasm. Kovakli silikat g`isht.
Siqilishdagi va egilishdagi mustahkamlik chegarasiga ko'ra silikat g'isht quyidagi markalarda bo'ladi (kgs/sm2): 100, 125, 150, 200 va 250. Uning o'rtacha zichligi 1800-1900 kg/m3, issiqlik o'tkazuvchanlik koeffitsiyenti 0,70-0,75 W/(m∙°C), suv shimuvchanligi (massa bo'yicha) 14-16%, sovuqqa chidamliligi F15, F25, F35 va F50. Silikat g'ishti och kul rangida va tarkibiga ishqorga bardoshli pigmentlar kiritilsa, istalgan rangda bo'lishi mumkin.
Silikat g'isht ishlab chiqarishda quritish va yuqori haroratda pishirish jarayonlari bo'lmagani sababli energiya sarfi kamayadi hamda g'ishtning tannarxi keramik g'ishtga nisbatan 30-40% arzonlashadi.
9.3-rasmda silikat g'isht ishlab chiqarish texnologik sxemasi berilgan.
Kesak holdagi ohak-kipelka chala pishgan va o'ta pishgan ohakdan tozalash maqsadida saralanadi, maydalanadi va kukunlanadi. Bu jarayonda o'ta kukunlangan zarrachalar separator vositasida ajratib olinadi. Me'yorida kukunlangan ohak bog'lovchisi yuqori aktivlikka ega bo'lgani uchun buyum tayyorlashda sarfi kamayadi.
9.3-rasm. Silikat g'isht ishlab chiqarish texnologik sxemasi.
Ohak qum bilan birga ikki xil usulda so'ndiriladi. Birinchi usulda 8-9 soat davomida siloslarda, ikkinchi usulda tez so'ndirish barabanlarida amalga oshiriladi. So'ndirish barabani metall silindrdan iborat bo'lib, ikki tomoni kesik konus shaklida bo'ladi va gorizontal o'qatrofida aylantiriladi. Me'yorlovchi moslamalarda olchangan qum (hajm bo'yicha), ohak (massa bo'yicha) zich yopiladigan luk orqali solinadi. Homashyo barabanda aylantiriladi, bug' yuboriladi va 0,3-0,5 MPa bosim ostida ohak so'ndiriladi. Ohak-qum aralashmasi kurakchali qorgich yoki begunlar yordamida qo'shimcha 7% gacha namlanadi va 15-20 MPa presslanadi.
Presslab zichlashtirilgan silikat g'ishtida ohak bog'lovchisi va kvars qumi o'rtasida kimyoviy reaksiya to'la kechadi. Press moslamalari quvvati 2200-3000 dona silikat g'ishtini 1 soat davomida tayyorlab beradi. Qoliplangan g'isht press stolidan ehtiyotkorlik bilan olinadi, vagonetkalarga yuklanadi va ishlov berish uchun avtoklavga joylashtiriladi.
Avtoklavda ishlov berishda SiO2 bilan kimyoviy reaksiyaga kirishmagan ohakdan havodagi CO2 bilan birikib, ohaktosh hosil qiladi:
Ca(OH)2+CO2=CaCO3+H2O
Silikat g'isht keramik g'isht ishlatiladigan joylarda ishlatiladi, lekin nam va suvli sharoitlarda poydevor va devorlar qurishda ishlatish tavsiya etilmaydi. Uning qurilish qorishmalari bilan yopishishi (adgeziyasi) yetarli bo'lmagani uchun seysmik aktiv zonalarda yuqori qavatli binolar qurishda konstruksion material sifatida ishlatilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |