O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
07.03.2019 y. N PF-5687
XALQARO REYTING VA INDEKSLARDA O`ZBEKISTON RESPUBLIKASINING O`RNINI YaXShILAShGA OID ChORA-TADBIRLARNI TIZIMLAShTIRISh TO`G`RISIDA
Iqtisodiy va siyosiy-huquqiy xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash, bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz mavqeini yanada yuksaltirish, xorijiy reyting agentliklari bilan hamkorlikni tizimli ravishda amalga oshirish, mas’ul davlat organlari rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni o`z vaqtida va sifatli bajarilishida ularning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. Ustuvor xalqaro reyting va indekslarni kompleks ravishda ko`rib chiqish va yaxshilash borasida ijro samaradorligini oshirish hamda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan olib borilayotgan tegishli chora-tadbirlarni tizimli muvofiqlashtirish lozimligini inobatga olgan holda:
Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo`yicha komissiya (keyingi o`rinlarda - Komissiya) 1-ilovadagi tarkibga muvofiq tuzilsin;
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasiga xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo`yicha mas’ul bo`lgan O`zbekiston Respublikasi moliya vaziri o`rinbosari (keyingi o`rinlarda - moliya vaziri o`rinbosari) lavozimi kiritilsin;
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni qo`shimcha 10 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi (keyingi o`rinlarda - Boshqarma) tashkil etilsin va yuqori malakali kadrlar bilan to`ldirilishi ta’minlansin.
2. Belgilab quyilsinki:
a) Komissiya xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash bo`yicha ishlarni amalga oshirish doirasida:
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo`yicha respublika kengashining (keyingi o`rinlarda - Kengash) ishini tashkil etishga ko`maklashadi;
Kengash yig`ilishlari oralig`ida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan maqsadli ko`rsatkichlarga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib boradi;
tegishli qarorlar qabul qiladi va ularning ijrosini vazirlik hamda idoralar tomonidan sifatli va to`liq bajarilishini ta’minlaydi, shuningdek ularning oylik hisobotlarini eshitadi;
Kengash kotibiyatiga amalga oshirilgan ishlar yuzasidan davriy hisobot taqdim etadi;
b) moliya vaziri o`rinbosari adliya vazirining tegishli o`rinbosari bilan birgalikda:
xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash borasida mutasaddi vazirlik va idoralarningmuvofiqlashtirilgan o`zaro hamkorligini, ularga yuklatilgan vazifalarni samarali va sifatli bajarish uchun uslubiy va konsulьtativ yordam ko`rsatishni ta’minlaydi;
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yig`ilishlarida, shu jumladan, Rayosat majlislarida, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini tanqidiy ko`rib chiqish bo`yicha takliflar beradi;
v) Boshqarma va Adliya vazirligining Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi Komissiya ishchi organlari bo`lib, mutasaddi vazirlik va idoralarning xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash faoliyatini samarali tashkil etadi va zarur ma’lumotlarni umumlashtiradi, bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
mutasaddi vazirlik va idoralardan zarur bo`lgan ma’lumotlarni so`rab oladi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi yuzasidan axborot-tahliliy materiallar tayyorlaydi va Komissiyaga taqdim qiladi;
xalqaro reyting va indekslarni e’lon qiluvchi tashkilotlar, reyting agentliklari, mahalliy hamda xalqaro ekspert, konsulьtant va mutaxassislar bilan to`g`ridan-to`g`ri ishlaydi, shu jumladan, ularni respublikaga taklif qiladi va olib borilayotgan islohotlar ko`lami bilan yaqindan tanishtiradi, chet elda sohaga oid tadbirlarda mutaxassislar ishtirokini, davra suhbatlari, xalqaro forum va konferentsiyalarni tashkillashtirib boradi;
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Xalqaro reytinglar bilan ishlash va "Elektron hukumat" tizimini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish shu’basi bilan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash uchun kompleks chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan yaqindan hamkorlik qiladi;
tegishli takliflarni ishlab chiqadi hamda ularni ko`rib chiqish uchun Komissiyaga kiritadi;
g) xalqaro reyting va indekslarning ma’lumot bazalaridan foydalanish, zarur axborot materiallarini olish, ushbu reyting va indekslardagi O`zbekiston Respublikasining o`rnini yaxshilash bo`yicha xalqaro reyting agentliklari hamda xalqaro ekspert, konsulьtant va mutaxassislarni jalb qilish bilan bog`liq xarajatlarni qoplash O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Mutasaddi vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari:
tegishli xalqaro reyting va indekslar bo`yicha belgilangan maqsadli ko`rsatkichlarga erishishda shaxsan mas’ul etib belgilansin;
ikki hafta muddatda joriy yilning 1 sentyabriga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va Komissiyaning ishchi organiga taqdim etsin.
4. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o`zgartirishlar va qo`shimchalar kiritilsin.
5. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari J.A. Qo`chqorov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |