2&.Sogʻliqqa qarshi jinoyatlarning obyekti tomoni.
Fuqarolar sogʻligiga va jismoniy daxlsizligiga qarshi jinoiy tajovuz obyektiv jihatining elementlarini aniqlab olish ularni toʻgʻri kvalifikatsiya qilish va bu jinoyatlarning mohiyatini tushunish uchun hal qiluvchi
ahamiyatga ega.Ma’lumki, sogʻliqqa va jismoniy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar moddiy tarkibli boʻlib, ijtimoiy xavfli oqibatlar yuz bergan paytdan e’tiboran tamom boʻlgan jinoyat deb topiladi.Badanga shikast yetkazilganda, aybdorning gʻayriqonuniy harakati tufayli jabrlanuvchining sogʻligiga zarar yetkazish oqibat tariqasida namoyon boʻladi.Aksariyat hollarda badanga shikast faol harakatni sodir etish yoʻli bilan yetkaziladi, biroq nazariy jihatdan bunday shikastni harakatsizlik yoʻli bilan ham yetkazish mumkin. Jinoyat huquqi nazariyasida shaxsning sogʻligiga zarar yetkazishining oldini olishga qaratilgan biron-bir harakatni bajarishi shart boʻlgan va uni qilishi mumkin boʻlgan, ammo uni bajarmagan holdagina harakatsizlik yoʻli bilan sogʻliqqa zarar yetkazishi mumkin deb hisoblanadi. Bunday majburiyat qonun yoki qonun osti hujjatining biron-bir koʻrsatmasidan yoxud shaxsning xizmat yoki kasbiy majburiyatidan yoxud jabrlanuvchining sogʻligi uchun xavf tugʻdirgan shaxsning bundan oldingi xulq-atvoridan
yoki boshqa asoslardan kelib chiqadi. Biroq bunday qilmishni sodir etgan aybdor badanga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan emas, balki Oʻzbekiston Respublikasi JK ning boshqa normalari: JK 117-moddasiga binoan – xavf ostida qoldirganlik, 116-moddasi bilan – oʻz xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgar boʻladilar.
Badanga jinoiy shikast yetkazishning zaruriy alomatlaridan biri uning
gʻayriqonuniyligidir.Sogʻliqqa qasddan yoki ehtiyotsizlikdan shikast yetkazish mumkin. Shubhasiz, shaxs zaruriy mudofaa holatida uning chegarasidan chetga chiqmasdan yoxud oxirgi zarurat, kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik holatida sogʻliqqa har qanday darajada zarar yetkazsa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Negaki bunday harakat ijtimoiy xavfli va gʻayriqonuniy hisoblanmaydi.Jinoyat qonunida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib qasddan badanga ogʻir shikast yetkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi va zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib yengil yoki oʻrta- cha ogʻir shikast yetkazganlik uchun alohida normada javobgarlik nazarda tutilmaydi. Qonun chiqaruvchining bunday qarori, bizningcha, toʻgʻridir. Ijtimoiy xavfli tajovuzdan himoyalanish hujum qilayotgan shaxsga muayyan zarar yetkazishni taqozo etadi, aks holda biron-bir manfaatni himoya qilishning aslo iloji boʻlmaydi.Sogʻliqni saqlash huquqi insonning ana shu boylikdan foydalanishda muayyan huquqlarga ega ekanligini nazarda tutadi. Shu munosabat bilan inson tomonidan oʻzining sogʻlom boʻlishdek subyektiv huquqini amalga oshirish chegarasining jinoyat huquqi tomonidan muhofaza qilinishi masalasi qiziqarli ekanligi shubhasizdir.Shaxsning sogʻligiga uning roziligi bilan ijtimoiy foydali maqsadda zarar yetkazilgani jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi. Masalan, bemorning hayotini saqlab qolish uchun uning jarohatlangan a’zosini kesib tashlash yoki tibbiy aralashuv oqibatida kishi a’zosi shak- lan oʻzgaradi (oyoq, qoʻlning kaltalashib qolishi va hokazo). U yoki bu a’zoni yoki toʻqimalarning bir qismini muhtoj kishiga donorning roziligi bilan koʻchirib oʻtkazish uchun kesib olish hollari ham shular jumlasiga kiradi.
Bunday holda shifokorning harakati ijtimoiy foydali harakat hisoblanadi. Agar bunday harakat shaxsning roziligi bilan sodir etilsa, bu rozilik kasallik varaqasida tegishli yozuv bilan qayd etib qoʻyilishi kerak.
Ijtimoiy indeferent, ya’ni nuqsonni yoʻqotish (kosmetik operatsiya oʻtkazish va hokazo) maqsadida sogʻliqqa shikast yetkazish, agar u ehtimol tutilgan oqibat haqida xabardor qilingan shaxsning roziligi bilan oʻtkazilgan boʻlsa, jinoiy javobgarlikka sabab boʻlmaydi.Faqat ijtimoiy jihatdan xavfli maqsadda shaxsning roziligi bilan zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Bunga harbiy xizmatdan boʻyin tovlagan boshqa shaxsning sogʻligiga shikast yetkazish misol boʻla oladi.Shifokorlik faoliyatida sogʻliqqa muayyan shikast yetkazish ba’zi hollarda ancha yirik jarohat paydo boʻlishining yoki oʻlimning oldini olish uchun zaruriy shart hisoblanadi. Bunday holda Oʻzbekiston Respublikasi JK 41-moddasi (Kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik) inobatga olinishi lozim.Boks, kurash, futbol, xokkey, sharq Yakkama-Yakka olishuvi kabi turli sport tadbirlarini oʻtkazish chogʻida ham badanga shikast yetkazilishi mumkin. Yuridik adabiyotlarda bu masalaning yechimi bir xilda hal etilmagan.Shu munosabat bilan sport musobaqasini oʻtkazish jarayonida musobaqa qatnashchisiga shikast yetkazilishi mumkin boʻlgan toʻrtta vaziyatni koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir:
birinchi vaziyat – sport bellashuvi vaqtida oʻyin qoidalari buzilmagani holda sogʻliqqa shikast yetkazilishi. Garchi bunday harakat natijasida zararli oqibat yuz bersa ham, sportchi sport qoidasini buzish va shikast yetkazishga qasd qilmaydi. Shu bois uning harakatlari ijtimoiy xavfli va gʻayriqonuniy deb topilishi mumkin emas;ikkinchi vaziyat – sportchining ehtiyotsizlik orqasida oʻyin qoidalarini buzganligi natijasida sogʻliqqa shikast yetkazilishi. Bunday holda ham sportchining harakatida jinoyat tarkibi boʻlmaydi va unga nisbatan musobaqa qoidalarida nazarda tutilgan jazolargina qoʻllanilishi mumkin;
uchinchi vaziyat oʻyin qoidasini qasddan buzish natijasida sogʻliqqa shikast yetkazilishini qamrab oladi. Bunday holda masala yuz bergan oqibatga qarab hal etiladi. Agar badanga yengil shikast yetkazish tarzidagi oqibat yuz bergan boʻlsa, aybdor jinoiy javobgarlikka tortilmasligi lozim. Jabrlanuvchiga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilgan boʻlsa, aybdorning qilmishi Oʻzbekiston Respublikasi JK 111-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazganlik) bilan kvalifikatsiya qilinadi;
toʻrtinchi vaziyat – raqibning sogʻligiga sport bellashuviga bogʻliq boʻlmagan holda shikast yetkazilishidir. Bunday holda badanga u yoki bu ogʻirlikda qasddan shikast yetkazganlik uchun aybdor jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Badanga shikast yetkazadigan harakat juda xilma-xil boʻlib, ularni quyidagi guruhlarga boʻlish mumkin:
jismoniy (mexanik, termik, elektrik va hokazo) ta’sir koʻrsatib badanga yetkaziladigan shikast;
badanga kimyoviy yoki biologik vositalar bilan ta’sir koʻrsatish (turli kislotalar, zaharli moddalar, gazlar va hokazodan foydalanish) yoʻli bilan badanga yetkaziladigan shikast;
ruhiy ta’sir koʻrsatish yoʻli bilan badanga yetkaziladigan shikast.
Jismoniy ta’sir koʻrsatish yoʻli bilan badanga yetkaziladigan shikast odamning muskul kuchidan foydalangan holda yetkazilishi mumkin: urish, tepish, kalla qoʻyish. Aksariyat hollarda aybdor buning uchun turli asboblar, xoʻjalik-roʻzQor ashyolari, oʻqotar yoki sovuq qurollardan foydalanadi. Fuqarolarning sogʻligiga termik yoki elektrik ta’sir koʻrsatish (badanni dazmol, qizdirilgan ashyolar bilan kuydirish va hokazo) orqali shikast yetkazishlar ham hayotda tez-tez uchraydi.
Badanga shikast yetkazganlikni kvalifikatsiya qilish uchun na ularni yetkazish usuli, na u yoki bu asbobdan foydalanganlik ahamiyatga ega
emas. Biroq jazo tayinlash vaqtida sogʻliqqa shikast yetkazish usuli inobatga olinishi mumkin. Negaki, bu holat aybdor shaxsning va u sodir etgan jinoyatning u yoki bu darajada ijtimoiy xavfliligidan dalolat beradi. Odamning sogʻligi yoki jismoniy daxlsizligiga turli xildagi harakatlar, turlicha usullar orqali xilma-xil asboblar va jinoyat vositalari bilan zarar yetkazilishi mumkinligi sababli badanga shikast yetkazish turli darajada boʻlishi mumkin.
Bu oqibatlar qonunda:
hayot uchun xavfning mavjudligi yoki yoʻqligini;
umumiy mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasini hisobga olib tasniflanadi.
Jinoyat kodeksida yuz bergan oqibatga qarab badanga ogʻir (Oʻzbekiston Respublikasi JK 104-moddasi), oʻrtacha ogʻir (Oʻzbekiston Respublikasi JK 105-moddasi) va yengil (Oʻzbekiston Respublikasi JK 109-moddasi) shikast yetkazganlik uchun alohida- alohida javobgarlik nazarda tutilgan.Alohida normada doʻpposlaganlik (kaltaklaganlik) va qiynaganlik uchun (Oʻzbekiston Respublikasi JK 110-moddasi) javobgarlik nazarda tutilgan.
Qonunda koʻrsatilgan muayyan oqibatning yuz berishi (mehnat qobiliyatining yoʻqotilishi, inson organizmi a’zosi yoki ish faoliyatining yoʻqotilishi, homilaning tushishi va hokazo) badanga ogʻir, oʻrtacha ogʻir, yengil shikast yetkazishni tamom boʻlgan jinoyat deb topish uchun zaruriy belgi hisoblanadi. Bunda sodir etilgan ijtimoiy xavfli gʻayriqonuniy qilmish va yuz bergan oqibat oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish mavjud boʻlishi kerak. Bunday bogʻlanish boʻlmagan taqdirda, roʻy bergan oqibatda shaxsni aybdor deb topish mumkin emas.
Koʻpincha oqibat nafaqat sodir etilgan jinoiy harakatning, balki uchinchi shaxsning aybi bilan yoxud boshqa holatlar tufayli yuzaga kelgan oʻzga omillarning natijasi boʻladi.Shu munosabat bilan, agar shaxsning qasdi bilan roʻy bergan oqibat oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjud boʻlsa, yuz bergan oqibatlar«toʻgʻridan-toʻgʻri» yoki «tasodifiy» boʻlganligidan qat’i nazar, javob- gar boʻladi. Masalan, V. ning jinoyat ishini koʻrib chiqsak. U talabalar
yotoqxonasida boʻlganida O. ni jinsiy yaqinlik qilishga undagan. Rad javobini olgach, V. uning nomusiga tegishga uringan. O. deraza tokchasiga chiqib olib, agar V. unga yaqinlashsa, oʻzini derazadan tashqariga tashlab yuborishi haqida uni ogohlantirgan. V. tahdidga parvo qilmay unga yaqinlashgan, O. esa derazadan sakragan va uchinchi qavatdan yiqilib tushib, ogʻir shikastlangan. Bu holda, bizningcha, garchi O.ning sogʻligiga oʻzining harakati natijasida shikast yetkazilgan boʻlsa ham, V.ning harakati va yuz bergan oqibat oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish muqarrar (toʻgʻridan-toʻgʻri) emas, balki tasodifiy xususiyatga ega boʻlgan boʻlsa-da, yuz bergan oqibatda V. aybdor deb hisoblanishi kerak, chunki yetkazilgan shikast va V. qilmishi oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjud.Yuqorida aytilgan fikrlardan yuz bergan oqibatlar uchun javobgarlik ham muqarrar, ham tasodifiy sababiy bogʻlanish mavjud boʻlgani taqdirda, agar uning rivojlanishi aybdorning qasdi bilan qamrab olingan boʻlsa, yuzaga keladi, degan xulosa qilish mumkin.Sogʻliqqa qarshi jinoyatlarda ayb, motiv va maqsad. Sogʻliqqa va jismoniy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar ham qasddan, ham ehtiyotsizlik orqasida sodir etilishi mumkin. Sogʻliqqa qarshi jinoyatlar, xususan, badanga shikast yetkazishning aksariyati egri qasd bilan sodir etiladi.Fuqarolarning sogʻligi va jismoniy daxlsizligiga qarshi jinoyatlarni sodir etishda toʻgʻri qasd shunday xususiyatga ega boʻladiki, shikast yetkazgan shaxs oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglaydi, jabrlanuvchining sogʻligiga muayyan zarar yetkazilishi muqarrarligi yoki ehtimoli borligiga koʻzi yetadi va aynan shunday shikast yuz berishini xohlaydi. Masalan, Qodirovning jinoyat ishini oʻrganish quyidagilarni koʻrsatadi: u mast holda bundan oldinroq oʻzi haqorat qilgani uchun qaynonasinikiga ketib qolgan xotinini uyiga olib kelishga qaror qilgan. Xotini uyga qaytishni istamaganida, Qodirov uning homiladorligini bila turib, «Sen hozir tugʻasan» degan soʻzlar bilan uning qorniga bir necha marta tepadi. Zarbalar natijasida Qodirovaning homilasi tushgan. Ish materialidan koʻrinib turibdiki, Qodirov oʻz harakatining ijtimoiy xavflilik xususiyatini nafaqat tushungan, balki jabrlanuvchi homi- lasining tushishi ehtimoli borligiga koʻzi yetgan va unga shunday shikast yetkazishni xohlagan ham.Bularning hammasi Qodirov jinoyatni toʻgʻri qasd bilan sodir etganligidan dalolat beradi.
Egri qasdda esa yuz beradigan oqibatga garchi aybdorning koʻzi yetgan boʻlsa ham, u yetkaziladigan zararning haqiqiy koʻlamini tasavvur qilmaydi va jabrlanuvchining sogʻligiga har qanday shikast yetishiga yoʻl qoʻyadi.
Masalan, aybdor jabrlanuvchining boshiga ayamasdan urar ekan yoki unga tosh otar ekan, buning natijasida jabrlanuvchiga har qanday ogʻirlikdagi: ogʻir, oʻrtacha ogʻir yoki yengil shikast yetkazilishi mumkinligiga koʻzi yetadi va shunday oqibatlar yuz berishiga ongli ravishda yoʻl qoʻyadi.
Bunday hollarda javobgarlik amalda yetkazilgan shikastning darajasiga qarab belgilanadi, negaki aybdor ularning yuz berishini bir xil darajada anglagan boʻladi.Subyektiv tomondanqasddan shikast yetkazishga nisbatan ehtiyot- sizlik orqasida shikast yetkazishning ijtimoiy xavfliligi kamrogʻdir.
Sogʻliqqa qarshi jinoyatlar ehtiyotsizlikning jinoiy oʻz-oʻziga ishonish shakli bilan ham sodir etilishi mumkin. Bunda shaxs muayyan ijtimoiy xavfli oqibatlar kelib chiqishi mumkinligiga koʻzi yetadi va shunga qaramay, ongli ravishda ehtiyot choralariga rioya etmaydi, bunday oqibat kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qiladi.Qasddan jinoyat qilish va jinoiy oʻz-oʻziga ishonishdan farqli ravishda, jinoiy beparvolikda shaxs oʻz harakati yoki harakatsizligidan qanday ijtimoiy xavfli oqibat yuz berishi mumkinligiga koʻzi yetmaydi, lekin koʻzi yetishi mumkin va lozim boʻladi.Shaxsning u yoki bu oqibat yuz berishiga koʻzi yetishi lozim boʻlgani va muayyan vaziyatda unga koʻzi yetishi mumkin boʻlganligi aniqlangandagina uni ehtiyotsizlikdan badanga shikast yetkazishda ayblash toʻgʻri boʻladi.Sogʻliqqa qarshi jinoyatlarni toʻgʻri kvalifikatsiya qilish uchun jinoyat subyektida aybning qasdi yoki ehtiyotsizlik shakli mavjudligini aniqlashning oʻzi kifoya qilmaydi.Fuqarolarning sogʻligiga qasddan shikast yetkazilgan barcha hollarda jinoyatning motiv va maqsadini aniqlash zarurdir.
Aksariyat hollarda sogʻliqqa va jismoniy daxlsizlikka qarshi jinoyatlarni sodir etish motiv va maqsadi aybdor shaxsning javob- garligini ogʻirlashtiruvchi holatlar hisoblanadi (masalan, tamagirlik niyati, bezorilik tuygʻusi, diniy taassublar zamirida, transplantat maqsadida badanga shikast yetkazish va hokazo).
3&.Sogʻliqqa qarshi jinoyatlar subyektiv tomoni. JK 17- moddasida badanga shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgar boʻlishi mumkin boʻlgan shaxsning eng kichik yoshi belgilangan. Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazganlik uchun (JK 104-moddasi), qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazganlik uchun (JK 105-moddasi), kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazganlik uchun (JK 106-moddasi) jinoyatni sodir etgunga qadar oʻntoʻrtyoshga toʻlgan shaxslar javobgar boʻladilar.Sogʻliqqa va jismoniy daxlsizlikka qarshi boshqa jinoyatlarning subyekti oʻnoltiyoshga toʻlgan shaxslar hisoblanadi.Mazkur jinoyatning bevosita obyekti boshqa shaxsning sogʻligini himoya qilish borasidagi ijtimoiy munosabat hisoblanadi.
JKning104-moddasida nazarda tutilgan jinoyat obyektiv tomondan huquqqa xilof ravishda boshqa shaxs sogʻligiga ogʻir zarar yetkazishga sabab boʻlgan harakat yoki harakatsizlikda ifodalanadi.Bu jinoyat boʻyicha javobgarlik boshlanishining muqarrar sharti – sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish va boshlangan jinoiy oqibat oʻrtasidagi sababiy bogʻlanishni aniqlash. Ogʻir shikast yetkazishning shartli elementlari quyidagilardir: shikast yetkazilayotgan lahzada hayot uchun xavfli; koʻrish, nutq, eshitish qobiliyatini yoki a’zosini yoʻqotish yoki bajaradigan vazifasini butunlay bajara olmay qolishi; ruhiy kasallikka chalinish; 33% dan ziyod umumiy mehnat qobiliyatini butunlay yoʻqotish; badanni tuzatib boʻlmaydigan darajada xunuklashtirish.
Jinoyat huquqi va sud tibbiyoti fanlari tomonidan badanga yetkaziladigan shikastning ogʻirlik darajasini aniqlash mezonlari ishlab chiqilgan. Ular jumlasiga:
shikastning hayot uchun xavfliligi;
sogʻliqqa yetkaziladigan haqiqiy ziyon;
mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasi;
estetik mezonlar kiradi.
Bu mezonlar JK normalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan «Badanga yetkazilgan shikastlarning ogʻirlik darajasini sud-tibbiy yoʻl bilan aniqlash qoidalari»da oʻz ifodasini topgan.