Quduqlarni o‘zlashtirishga tayyorlash Burg‘ilash ishlari tugatilganidan keyin quduq qatlamdagi suyuqlik oqimini chiqarishga va sinashga tayyorlanadi. Buning uchun ekspluatatsion quvurlar birikmasining yuqori qismiga fontan armaturasi o‘rnatiladi. Keyin quduq yaqiniga bu armatura bilan birga suyuqliklarni yig‘ish uchun sig‘im (idish)lar, suyuqlik va gazsimon fazalarning debitlarini o‘lchash uchun separatorlar, fakel yasamasi, o‘lchagichlar, apparaturalar o‘rnatiladi. Quduqni yuvish va qatlam suyuqligini chaqirish uchun quduq og‘ziga vaqtincha nasos-kompressor agregatlari joylashtiriladi. Fontan armaturasini – quvurli kallak va fontan yolkasi kabi qismlarga ajratish mumkin. Quvurli kallak NKQni osishga, fontan yolkasi esa quduqdan chiqayotgan suyuqlikni yer osti sig‘imiga yo‘naltirishga va quduq og‘zini germetiklashga xizmat qiladi. Quvur kallagi va fontan yolkasi oraligida yuqori bosimli markaziy surilma (zadvijka) joylashgan. Quvurli kallak va fontan yolkasi yon tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ularning har qaysisi ikkita yuqori bosimli surilma (zadvijka)lar, manometrlar bilan yolka tarmoqlari ham termometr va shtutserli hujra (kamera)lar bilan jihozlangan. Ayrim hollarda quvurli kallakning yon tarmoqlariga kompressor va nasos agregatlari ulanadi. Fontan armaturasining ishchi bosimi quduq og‘zida sodir bo‘ladigan eng yuqori bosimidan kam bo‘lmasligi kerak. Armaturani quduqga o‘rnatishdan oldin pasportda ko‘rsatilgan sinash bosimi bilan tekshiriladi. Quduq og‘ziga armaturani yig‘gandan keyin quvur kallagining va fontan yolkasining germetikligi tekshiriladi. Quduqda sinash ishlarini boshlashdan oldin hamma sig‘im (idish)lar iflosliklardan tozlanadi va yuviladi. Quduqlarni sinash Quduqlarni sinashning asosiy maqsadi – o‘rganilayotgan ob’ektning kollektorlik xossalarini mahsuldorligini, ulardagi neft va gaz zahiralarini, ularning ekspluatatsiya qilish usullarini tanlashni, optimal rejimini baholash uchun aniq va to‘liq ma’lumot yig‘ishdan iborat. Odatda, quduqlar o‘zlashtirilgandan keyin darhol sinashga o‘tiladi. Razvedka qilinadigan har qaysi mahsuldor qatlam alohida-alohida sinaladi. Sinash pastki qatlamdan boshlab ketma-ket o‘tkaziladi. Keyingi ob’ektni sinashdan oldin yuqorida joylashgan ob’ektni sinalgan ob’ektdan germetik sement ko‘prigi yordamida chegaralanadi.