42-modda. Ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishda ishtirok etadigan tashkilotlar uchun imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiqcha ish o‘rinlari tashkil etgan tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozlarga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan subsidiyalar olish huquqiga ega bo‘ladi.
(42-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tumanlar (shaharlar) hokimlari belgilangan sondan ortiqcha zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari tashkil etgan tashkilotlarga ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqa chora-tadbirlar uchun yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni birinchi navbatda ajratish orqali o‘z vakolatlari doirasida imtiyozlar belgilashi mumkin.
43-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati tizimidan va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralardan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim rezervga bo‘shatilganidan yoki iste’foga chiqarilganidan keyin, agar u ish beruvchiga ishga joylashish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi saflaridan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridan va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralardan bo‘shatilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan uch oy ichida murojaat qilgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga ega.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan xodim, agar u harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kundan e’tiboran ko‘pi bilan uch oy o‘tgan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytish huquqiga ega.
Tashkilot qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni uning huquqiy vorisi, tashkilot tugatilganda esa mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.
Shaxslarga ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda ish berish imkoni bo‘lmagan hollarda, mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirishni, zarur hollarda esa ularning bepul kasbga tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini yoki malakasi oshirilishini ta’minlaydi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan kafolatlar muqobil xizmatga chaqirilgan xodimlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |