Gʻalla ekinlarida uchraydigan begona o‘tlar va ularga qarshi qo‘llaniladigan gerbisidlar
So‘nggi yillarda yurtimizning g‘alla maydonlarida bir yillik boshoqli va ikki pallali begona o‘tlar ko‘payib ketmoqda. Ekinga nisbatan tez rivojlanib, ular ekin oftob nurlarini o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiladi, g‘allaga berilgan ozuqa moddalarning 30-40% ni va sug‘orish suvlarini o‘zlashtiradi, don hosili va sifatini 20-50% gacha kamaytiradi. Begona o‘tlar g‘alla ekin maydonlariga sug‘orish suvlari, yaxshi chirimagan go‘ng, sharbat suvi orqali tarqaladi hamda dala chetlari, yo‘l yoqalari, ariq bo‘ylari, lotok atroflari va zovurlar atrofida o‘sadi.
Eng ashaddiy begona o‘tlardan biri – yovvoyi sulining urug‘lari tuproqda 5-7 yilgacha, quruq holda saqlanganida esa kamida 8 yil unuvchanligini yo‘qotmaydi. Urug‘i tuproq ostida 25-30 sm chuqurlikdan ham unib chiqishi mumkin, ammo tuproqning 10 sm yuza qatlamidan yaxshi unadi. Yovvoyi sulining hosildorlikni ko‘p miqdorda kamaytirishiga asosiy sabab, yerdan ko‘p miqdorda ozuqa o‘zlashtirish bilan birga bug‘doyga nisbatan bir yarim marta ko‘proq suv sarflashi natijasida tuproqni quritib yuborishidir.
Kurash choralari.
Sug‘oriladigan bug‘doyzorlardagi bir yillik boshoqli va ikki pallali begona o‘tlarga qarshi mexanik va agrotexnik tadbirlar bilan birgalikda ichdan ta’sir qiladigan yangi gerbisidlarni qo‘llash lozim. Erta bahorda bug‘doy tuplanishi fazasida, havo harorati 16-18oS, begona o‘tlarning 1 m2 dagi miqdori 7-10 tani tashkil qilib, bo‘yi 5-7 sm bo‘lganda gerbisidlarni purkash yaxshi samara beradi.
Bug‘doyzorlardagi bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga (sho‘ra, olabo‘ta, jag‘-jag‘, chaqamiq, qoqio‘t, ituzum, bo‘ritaroq, qushqo‘nmas, qo‘ytikon, yopishqoq o‘t, tugmacha o‘t, lolaqizg‘aldoq, yovvoyi sabzi, yovvoyi turp va b.) qarshi quyidagi gerbisidlarni gektariga ko‘rsatilgan sarf-me’yorlarida purkash tavsiya etiladi: Granstar (Biostar, Granlend, Gromstor, Dalstar, Moyerstar, Tayfun, Ekstrem, Entostar) 75% o.q.sus. – 15-20 g; Granstar plyus 50% s.e.g. – 30 g; Banvel 24% s.e. – 0,7-1,0 l; Dimet 50% s.e.g. – 0,08-0,1 l; Serto plyus 25% s.e.g. – 0,1-0,15 kg; Fenizan 38,2% s.e – 0,14-0,2 l; Derbi 17,5% sus.k. – 50-60 ml; Starane 20% em.k. - 0,75-1,0 l; Starane premium 33% em.k. – 0,5-0,6 l.
Granstar va uning analoglari qo‘llangan dalada begona o‘tlar yangidan unib chiqishi mumkin, bunda ularning soni 1 m2 da 7-10 tani tashkil qilsa, qaytadan gerbisid purkash zarur. Begona o‘tlarning bo‘yi 5-7 sm bo‘lganda gektariga 15-20 g hisobida granstar purkalsa yaxshi samara beradi. Sho‘ra, olabo‘ta, pechak kabi begona o‘tlar ko‘payadigan dalalarda fenizan gerbisidini bug‘doyning tuplanish fazasidan naychalash fazasida (2 ta bo‘g‘in paydo bo‘lgungacha) gektariga 0,14-0,2 l me’yorda qo‘llash tavsiya etiladi. Bu gerbisid bug‘doy tuplanish fazasida purkalganda unib chiqqan begona o‘tlarni quritib, yana 50-60 kun davomida yangi unib chiqqan begona o‘tlarni ham nobud qiladi. Bu paytda urug‘dan chiqayotgan qo‘ypechakning uzunligi 20 sm (5-6 barg) bo‘lgungacha yaxshi samara beradi, ammo ildizidan o‘sayotgan qo‘ypechakni to‘liq qurita olmaydi.
Bug‘doyzorlardagi bir yillik boshoqli (yovvoyi suli, kurmak, itqo‘noq, yovvoyi supurgi) begona o‘tlarga qarshi quyidagi gerbisidlarni gektariga ko‘rsatilgan sarf-me’yorlarida qo‘llash tavsiya etiladi: Topik (Terdok) 8% em.k. – 0,4 l; Puma super (Lastik, Stella, Entosuper) 7,5% s.m.e. – 0,8 l; Avena super 10% s.m.e. – 0,6-0,8 l; Avestar 10% em.k. – 0,6-0,7 l; Ovsyugen ekstra 17,5% em.k. – 0,4 l; Almaksan 28,4% em.k. – 2,0 l; Atlantis 3,6% s.e.g. – 0,25-0,3 kg + biopauer – 1 l. Atlantis yuqorida sanalgan begona o‘tlardan tashqari raygras va tulkiquyruqqa ham yaxshi samara beradi. Bir yillik boshoqli begona o‘tlarga ham gerbisidlarni bug‘doyning tuplanish fazasida, begona o‘tlarning bo‘yi 7-10 sm bo‘lganda qo‘llash yaxshi samara beradi. Kech muddatlarda (naychalash fazasining oxiri – boshoqlash fazasida) ishlatilgan gerbisidlar bug‘doy hosili kamayishiga sabab bo‘ladi.
Ayrim fermer xo‘jaliklaridagi bug‘doyzorlarda ko‘p yillik boshoqli begona o‘tlar ko‘payishi mumkin. Ularga qarshi don hosili yig‘ishtirib olingandan so‘ng, dala yengil sug‘orilib, begona o‘tlar unib chiqib, bo‘yi 15-17 sm bo‘lganda bir va ko‘p yillik ikki pallali va boshoqli, jumladan ajriq, g‘umay, qo‘ypechak kabi o‘tlarga qarshi quyidagi preparatlarning birortasi ko‘rsatilgan me’yorlarda yoppasiga purkaladi: Raundap (Dafosat, Glifogan, Glifos, Smerch, Terminator) 36% s.e. – 4-6 l; Uragan forte 50% s.e. – 3-4 l; Terminator 75% kuk. – 3-4 kg; Nokdaun maks 74,8% n.kuk. – 2-3 l. Preparat purkalgandan so‘ng yerni 20-25 kun davomida shudgor qilmaslik zarur. Tuproq namligini saqlash maqsadida qo‘shimcha sug‘orish preparatning samarasini oshiradi. Preparat sepilgandan keyin 25- 30 kun o‘tgach, chuqur shudgordan so‘ng takroriy ekinlar yoki kuzda bug‘doy ekish mumkin, ko‘rsatilgan gerbisidlar ularning unib chiqishi va o‘sishiga salbiy ta’sir etmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |